Asosiy mavzular
27 sentyabr 2021

“Zeromax”ning auditori sudga tortilmoqda

Dunyodagi eng yirik “Ernst & Young“ (EY) auditorlik kompaniyasi Shveytsariya tarixidagi ikkinchi yirik bankrotlikdan keyin jiddiy tekshirilmoqda. 

EY auditorlari millionlab dollarlik zargarlik buyumlari xaridlari borasida tegishli tartibda xabar bermagan va Shveytsariyadagi eng yirik korporatsiyalardan birining inqirozi oldidan shaffof bo‘lmagan offshor kompaniyalarga katta to‘lovlarni tasdiqlagan.

Shveytsariyaning Tsug kantonida ro‘yxatdan o‘tgan “Zeromax” konglomerati O‘zbekistonda to‘qimachilik sohasidan tortib tabiiy gaz qazib olishgacha bo‘lgan biznes imperiyasiga egalik qilgan va qiymati yalpi ichki mahsulotning 10 foizigacha to‘g‘ri keladigan eng yirik kompaniyaga aylangan edi.

U 2010 yilda Toshkentda hokimiyat uchun siyosiy kurash asnosida inqirozga yuz tutdi. Yaqinda ma'lum bo‘lishicha, uning 5,6 milliard shveytsariya frankidan (6,1 milliard dollar) ortiq miqdorda qarzdorligi mavjud. Bu 2001 yildagi “Swissair”dan keyin Shveytsariyadagi ikkinchi yirik bankrotlik edi. Kreditorlarning so‘zlariga ko‘ra, uning kamida 2,5 milliard shveytsariya frank miqdoridagi aktivlari yo‘qolgan.

Shveytsariyaning noaniq huquqiy tizimi va korporativ ma'lumotlarni oshkor qilish rejimi tufayli guruhning murakkab tuzilishi va offshor xolding kompaniyalarining murakkab tarmog‘i tafsilotlari umidsizlikka tushgan kreditorlar yo‘qolgan aktivlarni qaytarib olish uchun kurashayotgan bir paytda paydo bo‘la boshladi.

“Financial Times” tomonidan ko‘rib chiqilgan o‘nlab hujjatlar, shu jumladan, politsiya hisobotlari, korporativ bank hujjatlari, ichki elektron pochta xabarlari va kvitantsiyalar hamda davom etayotgan sud jarayonlarida ko‘tarilgan da'volar “Zeromax” kompaniyasiga 2005, 2006 va 2007 yillar uchun moliyaviy hisobotni toza saqlash imkonini bergan EY faoliyati haqida alohida savollar tug‘diradi. 

Kompaniya inqirozga yuz tutguniga qadar firma yana uch yil “Zeromax” auditori sifatida ishlashni davom ettirdi, lekin yillik hisob-kitoblar bo‘yicha qo‘shimcha auditorlik hisobotlarini e'lon qilmadi.

EY hozir Tsugda AQShning “Lion Point Capital” xej jamg‘armasi tomonidan 1 milliard dollar miqdorida yetkazilgan zarar uchun sudga tortilmoqda. 2019 yilda “Lion Point” bankrotlik mulkidan “Zeromax” to‘lamagan qarzning bir qismini sotib oldi, deya xabar beradi advokatlar Financial Timesga. “Lion Point” izoh berishdan bosh tortdi. 

Ayni paytda “Zeromax”ning Yevropadagi yuzlab kreditorlardan, shu jumladan, Germaniya va Markaziy Yevropadagi ko‘plab korxonalardan hali ham milliardlab qarzdorligi mavjud.

EY o‘zining “Zeromax” hisoblarini tekshirishdagi roli haqidagi “Financial Times”ning savollariga javob berishdan bosh tortdi.

“2010 yilda O‘zbekistonda sud qarorlari qabul qilinishi “Zeromax” aktivlarining haqiqiy ekspropriatsiya qilinishiga va uning bankrotligiga olib keldi. Bu masala davom etayotgan sud muhokamasi mavzusidir va EY munozarali da'volar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini qat'iy himoya qiladi. Boshqa izoh bera olmaymiz”, dedi EY. Vakillari.

Seyfdagi zargarlik buyumlari

Bir vaqtlar “Zeromax” O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova bilan yaqin aloqada bo‘lgan. O‘sha paytlar “O‘zbekiston malikasi” deya nom chiqargan yuqori martabali amaldor bo‘lgan Karimova kompaniya bilan aloqalari borligini rad etmoqda. U yangi o‘zbek rejimi bilan kelisha olmagach, 2015 yildan buyon Toshkentda qamoqda saqlanmoqda.

“Zeromax” 1999 yilda Delaver shtatida tashkil etilib, 2005 yilda investitsiyalarni O‘zbekiston sanoatining turli sohalariga yo‘naltirish maqsadida Shveytsariyaga ko‘chirilgan. 

Investorlar Shveytsariyada joylashgan kompaniyaning ko‘magidan foydalangan va u dunyodagi eng yirik buxgalteriya firmalaridan biri tomonidan tekshirilgan. 

Biroq hisobotlar ko‘rsatadiki, uning inqirozidan to‘rt yil oldin kompaniya orqali o‘tgan mablag‘larning ko‘pi shaffof bo‘lmagan offshor tuzilmalar tarmog‘iga yo‘naltirilgan. Bu pullarning katta qismi O‘zbekistonga jo‘natilgan, lekin yana ko‘p qismi esa yo‘q.

Ba'zi operatsiyalarni biznes xarajatlari sifatida tushuntirish juda qiyin.

Masalan, 2006 va 2007 yillarda “Zeromax” hashamatli zargarlik buyumlariga 13 million dollardan ziyod, jumladan, Jenevadagi “Christian Dior” do‘konida 2 million dollar mablag‘ sarflagan. Keyingi ikki yil ichida u zargarlik buyumlariga yana 25 million dollar, jumladan, Britaniyaning “Graff Diamonds” zargarlik kompaniyasiga 6 million dollar to‘lagan.

Sotib olingan zargarlik buyumlarining kamida bir qismini Karimova ishlatgan. 2016 yilda Shveytsariya federal politsiyasi Jenevadagi “Lombard Odier” kompaniyasidan ijaraga olingan seyflarni qidirish uchun ruxsatnoma oldi. Ichkaridan ular hashamatli zargarlik buyumlarini, jumladan, puli “Zeromax” tomonidan to‘langan 2,5 million dollarlik olmos uzukni topdi. “Financial Times” tomonidan oshkor qilingan hujjatlarga ko‘ra, Jenevadagi zargarlik do‘koni egasi politsiyaga Karimova zargarlik buyumlarini shaxsan sotib olgani va pul “Zeromax” nazoratidagi bank hisob raqamidan kompaniya hisobiga o‘tkazilganini aytgan.

EY, shuningdek, pul shaffof bo‘lmagan offshor kompaniyalarga o‘tkazilganda ba'zida yuzaki ko‘rinadigan tijorat bahonalari bilan, masalan, “konsalting xizmatlari” uchun umumiy shartnomalar tuzilgan bo‘lsa-da, tegishli organlarga bu haqda xabar bermagan. 2004-2007 yillar mobaynida kompaniya offshor kompaniyalarga kamida 288 million dollar miqdorida pul o‘tkazgan. 

Eng kamida bitta holat millionlab pullarni jo‘natish bilan bog‘liq bo‘lib, ular jinoiy faoliyatda gumon qilingan tashkilotga yuborilgan. 2006-2007 yil o‘rtalarida “Zeromax” 180 million dollarni Britaniyaning Virjiniya orollarida joylashgan “Galat Enterprises” kompaniyasining to‘liq egaligidagi sho‘ba korxonasiga o‘tkazdi.

“Galat”, o‘z navbatida, Karimova nazoratida bo‘lgan, Gibraltarda joylashgan “Takilant” kompaniyasiga kamida 5 million dollar o‘tkazgan. AQSh va Shvetsiyadagi jinoiy ishlar bo‘yicha sud qarorlarida telekommunikatsiya kompaniyalari O‘zbekiston hukumatining foydali shartnomalari evaziga Karimovaga pora berishda foydalanilgan katta korruptsiya sxemasining markaziy korporativ kanali “Takilant” ekani asoslangan.

“Zeromax”, shuningdek, “Mercony” va “Belphil Capital” offshor kompaniyalariga kamida 2 million dollar o‘tkazgan, ular orasida “Takilant”ga 33 million dollar yuborganligi Shvetsiya sudi hujjatlarida qayd etiladi. 

Kamida bitta holatda bo‘lsa-da, EY “Zeromax” offshor o‘tkazmalarining noqoquniyligi to‘g‘risida xabardor bo‘lgan.

EYning yuqori lavozimli amaldori tomonidan 2008 yilda “Zeromax” rahbariyatiga yuborilgan elektron pochta xabarida “Zeromax” tomonidan “Ystral” nomli kompaniyaga yuborilgan 5,5 million dollarlik hujjatlarning yo‘qligi qayd etilgan. Elektron pochtada Shveytsariya soliq organlarida shubha uyg‘otmaslik maqsadida pul o‘tkazmasi uchun “biznes sababi” zarurligi ta'kidlangan.

“Bilamizki, ayrim savollarimiz nozik masalalarga borib taqaladi. Agar siz biz bilan (shaxsan yoki telefon orqali) yuqoridagi muammolarni muhokama qilmoqchi bo‘lsangiz, xabar bering, biz uchrashuv/qo‘ng‘iroq tashkillashtiramiz”, deb yozgan EY ijrochi direktori.

“Zeromax” rahbariyati biznes sababini “o‘z-o‘zidan tushunarli”, deb javob berdi.

Futbol uchun pul sarflash

Agar EY boshqa tartibsiz operatsiyalarni shubha ostiga qo‘ygan va natijada ularni bekor qilgan bo‘lsa, ular kompaniyaning faoliyati yoki rahbarlarining ishonchliligi haqida kengroq savollarga sabab bo‘lmagan.

2007 yilda bosh direktorning rafiqasi Montryodagi “Clinique La Prairie” ultra-eksklyuziv sanatoriysida 250 ming dollar sarflagani ma'lum bo‘lgach, bosh direktor “Zeromax”ga pulni qaytarib berishni va'da qilganidan keyin EY bu ish bo‘yicha boshqa surishtiruv o‘tkazmadi.

2008 yilda hanuz “Zeromax”ning auditori bo‘lishiga qaramay, EY uning auditorlik hisobotini bermagach, moliyaviy qonunbuzarliklar ko‘paygan.

Masalan, kompaniya Gonkongda ofis maydoni sifatida ishlatilgan pentxausga 29 million dollar sarflagan. To‘rt oy o‘tgach, u mulkni Karimovaning o‘sha paytdagi sevgilisi Rustam Madumarovga 14 million dollarga sotdi.

Shuningdek, 2008 va 2009 yillarda futbolga 27 million dollar sarflab, O‘zbekistonning “Bunyodkor” klubiga mashhur futbolchi va murabbiylarni olib kelgan. Xususan, Luis Felipe Skolari bilan tuzilgan 18 oyga 15 million dollarlik shartnoma tuzilgan va natijada u dunyoning eng ko‘p maosh oladigan murabbiysiga aylangan. Shuningdek, “Zeromax” braziliyalik futbolchi Rivaldo uchun 12 million dollar to‘lagan.

Uning inqirozi oqibatida kreditorlar aktivlarni qaytarish va “Zeromax” tuzilmasini tushunish juda qiyin kechdi. Karimovaning og‘ir moliyaviy va siyosiy ahvoli jiddiy to‘siq bo‘ldi.

Karimovaning Jenevadagi advokati Greguar Manja “Financial Times”ga uning mijozi “har doim “Zeromax” bilan aloqasi borligini qat'iy rad etib kelgani”ni aytdi va Shveytsariya prokuraturasi 2017 yilda Karimovani ular bilan bog‘lashga uringan ishni rad etganini ta'kidladi.

AQShning hech bo‘lmaganda bitta rasmiysi boshqacha fikrda turibdi. “WikiLeaks” maqolasi doirasida ommaga oshkor qilingan yozishmalarga ko‘ra, Davlat departamenti diplomatlari Karimovani “qaroqchi baron” deb hisoblashgan. AQShning Toshkentdagi elchisi Richard Norlandning 2010 yil yanvar oyida, “Zeromax” inqirozidan bir necha oy oldin Vashingtonga yuborgan telegrammasida kompaniya Karimovaning “shaxsiy tashkiloti” sifatida tasvirlangan.

“Elchixona “Zeromax” yoki uning filiallari bilan biznes aloqalari o‘rnatishni taklif qilganlar bilan bog‘lanmoqda, – deb yozadi u, – puxta tekshiruv o‘tkazish kerak”.

Manba:  THE FINANCIAL TIMES 

Tag‘in o‘qing
6 mart 2022
O‘zbekistonlik jurnalist Marina Kozlova o‘z saytida Ukrainaning Toshkentdagi elchisi Mikola Doroshenko bilan intervyu chop etishi ortidan Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari ...
20 fevral 2017
Tug‘ruqxona hamshiralari poraxo‘r deya tamg‘alanayotgan bir paytda,2016 yili avtosanoatdagi 200 million dollarni o‘zlashtirganlikda ayblanib, bir muddat hibsda saqlangan O‘zavtosanoat ...
14 aprel 2017
14 aprel kuni toshkentlik jurnalist Aleksey Volosevich, Buxoroning Romitan tumanida, Gazli shahar militsiyasi xodimlari tomonidan ushlandi. Alekseyning so‘zlariga ko‘ra, ...
9 may 2020
Mana, hafta o‘tib yana ko‘zimiz ko‘zimizga tushdi. Men aytayotgan gaplarga quloq solyapsiz. Ko‘rsatuvni ko‘zdan emas, yurakdan kechirayotganingizni bilaman va ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...