Asosiy mavzular
24 dekabr 2021

Andrey Kubatinning yetarli miqdorda tovon puli olmaganidan norozi yaqinlari apellyatsiya shikoyati yozdi

O‘zbekistonlik sharqshunos olim, marhum Andrey Kubatinning opasi Klara Saxarova 16 dekabr kuni Toshkent shahri Uchtepa sudiga apellyatsiya shikoyati topshirdi. Bu haqda u “Eltuz”ga 20 dekabr kuni ma'lum qildi.

26 noyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudi sudyasi N.Murodovning hal qiluv qarori bilan Klara Saxarova va uning onasi Alevtina Kubatinaning sudlanuvchi – poytaxt hokimligi moliya bosh boshqarmasiga nisbatan fuqarolik da'vosi ko‘rib chiqilib, qisman qanoatlantirilgandi. 

Sud marhum olimning opasi va onasiga yetkazilgan ma'naviy-moddiy zarar miqdorini 50 million so‘m (qariyb 4700 AQSh dollari) etib belgiladi. Holbuki, ular 1 milliard 750 million so‘m (164 300 dollardan ortiq) tovon puli so‘ragandi, deb yozdi asiaterra.info nashri.

Bundan oldin ham Klara Saxarova va yaqinlari mazkur masalada ko‘p bora sudlashgan. Bu sudlar qarorlarini esa marhum olimning xotirasiga behurmatlik va uning yaqinlari ustidan kulish, deb bemalol baholash mumkin.

Xususan, 2020 yilda Harbiy sud 2,5 yil davomida nohaq qamoqda o‘tirgan Andrey Kubatinga yetkazilgan moddiy zararni 462 ming (45 dollar) so‘m baholagandi. Bu summaning ham 446 ming so‘mi davlat boji, 16 ming so‘mi pochta xarajatlari uchun to‘lanishi belgilangandi. 

Uchtepa sudining 26 noyabrdagi qarorini ham Klara Saxarova inson qadrini toptash sifatida qabul qildi.

“Ukam nohaq qamalgani sababli bizga ma'naviy va moddiy zarar yetdi. Andreyning nohaq qamalishi ortidan onam saraton kasaliga chalingani (unda boshqa surunkali kasalliklar “to‘plami” ham bor) butun oilamizni holdan toydirdi. 

Menda bosh miya kistasi aniqlandi. Ahvolimni yaxshilashga qaratilgan har qanday amaliyot bizning qurbimiz yetmaydigan juda katta xarajatlarni talab qiladi”, deydi Klara Saxarova. 

U taslim bo‘lmoqchi emas va bu masalada oxirigacha bormoqchi.

“Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Qaramog‘imda bolalarim va kasal erimdan tashqari keksa, kasalmand onam bor. U boquvchisi-o‘g‘lini yo‘qotgani va turli operatsiyalar qilingani oqibatida mustaqil harakat qila olmaydigan bo‘lib qolgan, nogiron.

“Ukamni o‘ldirishdi, hech bo‘lmasa, baxtimga onam ko‘proq yashasin. Uni doimiy davolab turish va reabilitatsiya qilishga qancha pul ketishini aniqlashtirish shart bo‘lmasa kerak”, deydi marhum olimning opasi.

16 dekabr kuni Klara Saxarova Uchtepa sudiga apellyatsiya shikoyati berish uchun kelganida, yuqorida tilga olingan sudya Murodov undan hayron bo‘lib so‘ragan: “Nima, sizga mana shu 50 million ham ko‘plik qilyaptimi?”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 50 million so‘m saratonga chalingan bemorning sog‘lig‘ini bir yil saqlashga ham yetmasligi, onasiga munosib mablag‘ kerakligi haqida e'tiroz bildirmoqchi bo‘lganida, Murodov: “Topshiring, topshiring, o‘sha yerdamisiz. (Apellyatsiya komissiyasi avvalgi sud qarorini ham) bekor qiladi, siz hatto bir so‘m ham olmaysiz”, degan.

O‘zbekistonlik sharqshunos olim Andrey Kubatin 2017 yil dekabrda Jinoyat kodeksining 157-moddasi (“davlatga xiyonat”) bo‘yicha aybdor topilib, 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Tergov uni maxfiy materiallar nusxalarini Turk hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) rahbari Sulaymon Qiziltuproqqa ming dollar evaziga o‘tkazganlikda ayblagan. 

2018 yilning may oyida jamoatchilik, xalqaro huquq himoyachilari va akademik dunyo bosimi, jumladan, o‘zbekistonlik hamkasblari ko‘magi ostida Andrey Kubatinning qamoq muddati 5 yilga qisqartirilgan edi.

Fan va inson huquqlari hamjamiyatining uzoq va qat'iy talablaridan so‘ng 2019 yil 26 sentabr kuni u jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi tomonidan oqlandi va ozodlikka chiqdi. 

Andrey Kubatin o‘limidan biroz oldin to‘liq reabilitatsiya qilingan (u 2 yil 6 qamoqda saqlangan). U o‘tgan yil 29 oktyabrda koronavirus asoratlari oqibatida (aslida noqonuniy ta'qib va qamoqxonalarda olgan jarohatlari tufayli tana zaiflashuvi sabab ekani aytiladi) 36 yoshida Toshkentda vafot etgan edi. 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudida 17 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan apellyatsiya mahkamasida (raislik qiluvchi – sudya Ziganshina) olimning bevasi Feruza Jumaniyozova va uning otasiz qolgan 10 yoshli o‘g‘li Elbarsga avvalgi sud qarori bilan belgilangan tovon puli miqdorini oshirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

Tovon puli miqdori avvalgi 30 million so‘mdan 150 million so‘mgacha (qariyb 15 ming AQSh dollari) ko‘tarildi.

Tag‘in o‘qing
31 oktyabr 2018
O‘zbekiston Markaziy banki mamlakat aholisi va korxonalarining inflyatsiya kuchayib borayotganidan xavotiri oshayotgani haqida ma'lum qildi. MBning joriy yilning 3-choragi ...
1 noyabr 2015
Shuhrat Bobojon Eltuz.com Sichqon kabi mitti jonivor ulkan filni o‘ldirishi mumkin, degan gapni birinchi sinf o‘qituvchim Zevarjon opa ilk ...
12 may 2023
Bundan ikki yilcha oldin o‘zbek kinosi rahbarlaridan biri bilan gaplashganimda u mulozim «Stalinni – ulug‘ shaxs» deb aytgan edi. ...
25 yanvar 2021
O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bog‘cha bolalariga har kuni maqom va milliy kuylar eshittirish taklifi bilan chiqdi. Endilikda maktabgacha ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...