• Suratda: Ravshan Zokirov, Quyun MChJ raxbarlaridan biri
Asosiy mavzular
1 fevral 2022

Gipsokarton uylardagi nosoz dudbo‘ronlar hozircha besh kishini o‘ldirdi

Toshkent shahrining turli hududlarida aka-uka Zokirovlarga qarashli “Quyun” MChJ tomonidan barpo etilgan uylarda qurilish va xavfsizlik talablari qo‘pol ravishda buzilgani oqibatida shu kungacha besh fuqaro halok bo‘lgani ortidan ushbu MChJ rahbari hibsga olindi. 

Aslida “Quyun” MChJga oid jinoyat ishlari tarixi amaldorlarning qurilish sohasidagi muammolarga befarqligi, keng ko‘lamdagi korruptsiya holatlari mavjudligidan darak beradi. 

“Eltuz”da mavjud sud materiallari ma'lumotlaridan ma'lum bo‘lishicha, mazkur MChJ Yunusobod tumani Xushnavo ko‘chasida qurgan ikki qavatli 6-uydagi xonadonlardan birida 2018 yil 1 noyabrda uch fuqaro is gazidan zaharlanish oqibatida o‘lgan. 

Yollanma ishchi sifatida turli qurilish-pardozlash yumushlarini bajarib kelgan R.Mamajonov, A.Yoqubjonov va R.Karimovning o‘limiga xonadondagi gaz isitish uskunalari nosozligi oqibatida gaz sizib chiqishi sabab bo‘lgan. 

Tergov surishtiruvlari davomida 6-uyda o‘rnatilgan gaz isitish uskunalari xorijda avval foydalanishda bo‘lgani, dudbo‘roni esa plastmassa quvurdan yasalgani aniqlangan. Natijada foydalanish vaqtida dudbo‘ron erib, nosozlik yuzaga kelgan. 

Sud materiallarini o‘qir ekansiz, yanada ayanchli faktlarga duch kelasiz: uy poydevorsiz qurilgan, ichki devorlar esa gipsokartondan qilingan!

Sudda jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatma bergan Valentina Brosalinaning aytishicha, dastlab yaxshi holatda bo‘lgan uyda ko‘chib kelganidan yarim yil o‘tganidan so‘ng muammolar yuzaga chiqa boshlagan. Ilk zilziladayoq devorlarda yoriqlar paydo bo‘lgan, ventilyatsiya yaxshi ishlamagan.

Boshqa jabrlanuvchilar ham sudda bergan ko‘rsatmalarida shu kabi muammolar qatorida gaz hidi chiqishi ham kuzatilganini bildirgan. 

Jumladan, jabrlanuvchi Feruza Mustoqova xonadon hojatxonasidan suv toshgani, plintuslar tagidan o‘t o‘sib chiqqani, deraza romlari erib ketgani kabi kamchiliklar haqida sudda ko‘rsatma bergan. 

Uch yigitning o‘limi ortidan sudga tortilgan quruvchi tashkilot va nosoz gaz isitish uskunalari yetkazib bergan firma rahbari esa suddan deyarli quruq chiqib ketdi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudining 2019 yil 22 avgustdagi hukmi bilan “Quyun” MChJ direktori Aziz Zokirov bir yil muddatga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etilib, uch yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi bilan qutuldi. 

Nosoz gaz isitish uskunalari yetkazib bergan “Kilovatt plyus” MChJ rahbari Akbarxo‘ja Qo‘chqorov bir yil muddatga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etilib, ikki yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi. 

Ishga ayblanuvchi sifatida jalb etilgan, faoliyati xonadonlardagi dudbo‘ron va shamollatish yo‘llarini ko‘rikdan o‘tkazishdan iborat bo‘lgan “UCHQUN TA’MIR SERVIS” MChJ (aynan shu firma 6-uydagi dudbo‘ronlar sozligi haqida dalolatnoma bergan) rahbari Hasan Yo‘ldoshev esa 10 million so‘mdan ko‘proq jarima bilan “siylandi”.

Albatta, sudyaning bunday “insonparvar”ligi jabrlanuvchilarni qoniqtirmadi. Biroq keyinroq apellyatsiya instantsiyasi ham dastlabki sud hukmini o‘z kuchida qoldirib, sudyalar “birdamligi”ni namoyish etdi.

Dastlabki sud “Quyun” MChJ tomonidan qurilgan, yashash uchun xavfli bo‘lgan xonadonlar egalarining moddiy va ma'naviy zararlarni undirish to‘g‘risidagi so‘rovlarini hal etmay, ularga bu masalada fuqarolik ishlari sudiga murojaat etishni tavsiya etish bilan cheklandi. 

Sud instantsiyalarining bunday hotamtoyligi yana ikki fuqaro uchun qimmatga tushdi. “Quyun” MChJ qurgan uylarda 2020 yilning 8 fevral kuni Shuhrat Xo‘jamqulov, o‘sha yili 10 oktyabrda Muqaddas Berkinova ism-sharifli shaxslar is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etdi. 

Mazkur o‘limlar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida faqat 2021 yil 19 dekabrga kelibgina sud “Quyun” MChJ direktori Aziz Zokirovni ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish to‘g‘risida ajrim chiqardi.

“Eltuz”ga murojaat etgan jabrlanuvchilar qurilish va xavfsizlik talablari qo‘pol ravishda buzilgan holda uylar qurilishida asosiy ishtirokchilardan biri bo‘lgan Ravshan Zokirov hamon ozodlikda qolayotgani, unga nisbatan hech qanday jazo choralari qo‘llanilmayotganidan shikoyat qildi.

Ularning bildirishicha, uylarni sotishga Ravshan Zokirov bosh-qosh bo‘lgan. Nosoz gaz uskunalari o‘rnatilishi, uylarning mavjud qurilish talablariga zid ravishda bunyod etilishida uning ishtirok juda katta. 

“Agar korruptsiya bo‘lmaganda, bunday qurbonliklar bo‘lmasdi. Bilmayman, amaldorlar zudlik bilan chora ko‘rishi uchun yana necha kishi halok bo‘lishi kerak”, deydi murojaatchilardan biri “Eltuz”ga yo‘llagan maktubida.

Murojaatchilarning amaldorlardan yozg‘irishiga sabab bor, albatta. Chunki ular o‘zlari yashayotgan xonadonlardagi muammolar to‘g‘risida hokimliklarga, prezidentning xalq qabulxonasiga, Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ham yillar davomida shikoyat yozib kelgan. Ammo hunuzgacha birorta tayinli chora ko‘rilgani yo‘q.

Qizig‘i shundaki, “Quyun” MChJ qurgan sifatsiz uylar mavzusi mahalliy matbuot tomonidan ham yoritilgan. Xususan, 2019 yilning 13 dekabrida Xalqaro press klubning “O‘zbekiston – 24” telekanali orqali namoyish etilgan ochiq muloqotida Mirzo Ulug‘bek tumani Rishton torko‘chasida joylashgan, avariya holatidagi 110-uy masalasi tilga olingan. Bu uy ham “Quyun” MChJning “ijodi”.

Ayni uy mavzusi “O‘zbekiston ovozi” gazetasida 2020 yil fevralda e'lon qilingan “Qog‘ozdan qurilgan uylar kimning ixtirosi?” sarlavhali maqolada ham ko‘tarilgan. 

“Ikkinchi qavat binosi devorlari gipsokartondan ekani shundoqqina ko‘rinib turibdi, birinchi qavatga nisbatan bir metrlar chamasi tashqariga chiqarilgan”, deb yozadi maqola muallifi. 

Ko‘rinib turibdiki, hatto mahalliy matbuotning bong urishi ham amaldorlarga kor qilmagan.

Umuman, O‘zbekistonda qurilish sohasida korruptsiya chuqur ildiz otgani mamlakat prezidenti tomonidan ham ko‘p bora tanqid qilingan. Hatto qishloq joylarda uning tashabbusi bilan qurilayotgan namunali uylar sifatsiz ekani to‘g‘risida kunda-kunora xabarlar chiqib turadi.

2021 yil 10 yanvar kuni Jizzax shahrida yangi qurilayotgan olti qavatli uyning bir qismi qulab tushgan edi.  

Tag‘in o‘qing
15 sentyabr 2016
Toshkentdan olingan xabar va fotolarga ko‘ra Chorsudagi Til o‘rgatish markazining uch qavatli binosi buzilgan. Bu haqda Eltuz.comga toshkentdan maktub ...
13 oktyabr 2015
Bugun internet sahifalarida nik ostiga yashirinib vohay o‘ldim deb zorlanayotganlar o‘zgarish yo‘lida bir qadam tashlashga qo‘rqadilar. «Bundan ham yomon ...
16 avgust 2018
2016 yil fevralida ovqatlanish madaniyatini sog‘lom turmush tarzining muhim tarkibiy qismi sifatida shakllantirishga qaratilgan «To‘g‘ri ovqatlanish darslari» dasturi doirasida ...
30 mart 2019
Toshkent aeroporti bojxonasida kitoblari va telefoni olib qo‘yilgan o‘zbekistonlik shoir, xorazmlik 56 yoshli Mahmud Rajab 30 mart kuni unga ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...