Asosiy mavzular
24 fevral 2022

DXX generali AQSh elchixonasini josuslikda ayblamoqda

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi AQSh elchixonasini O‘zbekiston hududida josuslik faoliyatini amalga oshirayotganlikda aybladi.

@eltuz olib borgan surishtiruv AQSh elchixonasini ayblash iddaosi ortida sobiq MXX generali Husan Turdialiev turganini ko‘rsatdi.

MXX (hozirgi DXX) xavfsizlik xizmatining iste'fodagi generali o‘tgan uch oy davomida O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan shaxmatga oid ko‘plab janjalar markazida turdi.

Eltuzga ma'lum bo‘lishicha, so‘nggi 23 yil davomida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining birinchi o‘rinbosari bo‘lib kelgan general Turdialiev shaxmat federatsiyasining homiylik mablag‘lari va a'zolik badallarini noto‘g‘ri ishlatish bilan bog‘liq korruptsiya mojarosiga aloqadordir.

Ichki xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, general Turdialiev, jumladan, «Markaziy Shaxmat Klubi» MChJ deb nomlangan va u direktorligidagi xususiy tuzilma hisob raqamlariga salkam 185 ming AQSh dollari (1,86 milliard so‘m) miqdoridagi yirik moliyaviy aktivlarni olib qo‘yganlikda ayblanmoqda.

Shaxmat federatsiyasi qoshidagi «Markaziy Shaxmat Klubi»dan Rustam Qosimjonov, Nodirbek Abdusattorov va boshqa ko‘plab o‘zbek shaxmat ustalari yetishib chiqqan.

Shaxmatchilar va ularning ota-onalari iddaolariga ko‘ra, Husan Turdialievning federatsiyaga diktatorlarcha boshchilik qilayotgani tufayli o‘zbekistonlik shaxmatchilarga xalqaro musobaqalarda birlamchi yordam ko‘rsatilmayotir.

Ayni masala yuzasidan ota-onalar va shaxmatchilardan ko‘plab shikoyatlar kelib tushgani aytiladi.

Mahalliy ommaviy axborot vositalarida shov-shuvga sabab bo‘lgan «oltin baliq» haqidagi voqea bunga misol bo‘la oladi.

Xullas, o‘tgan yil boshida o‘zbekistonlik 16 yoshli xalqaro grossmeyster Javohir Sindarovning otasi va Husan Turdialiev o‘rtasidagi mojaro ortidan Shaxmat federatsiyasi, ataylab, Javohir Sindarovga har qanday yordam berishdan bosh tortadi va yosh shaxmatchi uni tark etishga majbur bo‘ladi.

Bunga javoban Federatsiya Bosh kotibi S. Bazarboev 2021-yil 12-yanvar kuni ommaviy axborot vositalari orqali “federatsiya oltin baliq emas, jamoat tashkiloti” deb ta'kidladi.

Shu kuni Federatsiya hisob raqamlaridan “Markaziy shaxmat klubi” MChJga 1,76 milliard so‘m (taxminan 175 ming AQSh dollari) miqdoridagi birinchi transh, keyingisida yana 100 million so‘m (9,5 ming AQSh dollari) o‘tkazildi.

Mahalliy saytlar va telegram kanallarida e'lon qilingan ma'lumotlarga ko‘ra, Toshkentning qoq markazida joylashgan va ko‘plab o‘zbekistonlik xalqaro grossmeyster va jahon chempionlari tahsil olib voyaga yetgan Shaxmat federatsiyasi qoshidagi «Markaziy Shaxmat Klubi» xususiylashtirilgani ma'lum bo‘ldi.

Tanqidchilariga ko‘ra, uch nafar shaxs davlat tartib-qoidalariga xilof ravishda bor-yo‘g‘i 7 million so‘mga (taxminan 650 AQSh dollari),  «Markaziy shaxmat klubi»ni sotib olgan.

Bu shaxslar O‘zbekiston shaxmat olamiga notanish, ammo general Husan Turdialievning yaqin odamlari bo‘lgani aytiladi.

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari ayni MChJning shaxmat federatsiyasiga tegishli bo‘lgan «Malibu» rusumli avtomobilni 5 ming AQSh dollariga (53 million so‘m) arzonlashtirilgan (bozor qiymatining yarmidan ham kamroq) narxda sotib olayotgani haqidagi ma'lumotni qizg‘in muhokama qildi.

Xalqaro hakam bo‘lgan general Husan Turdialiev O‘zbekistondagi mahalliy va ham xorijiy musobaqalar natijalarini manipulyatsiya qilishda, shaxmatchilar, ularning murabbiylari va ota-onalariga bosim o‘tkazish va ularni tizimli ravishda qo‘rqitish, bir qator shaxmatchilarni O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi a'zoligidan nohaq va xo‘rlovchi tarzda chiqarib yuborishda ayblanmoqda.

Tanqidchilarga ko‘ra, aynan general Turdialiev o‘zbekistonlik yetakchi grossmeysterlar, murabbiylar va xalqaro arbitrlarning O‘zbekistonni majburan tark etishlariga sabab bo‘lgan.

Masalan, shaxmat federatsiyasi bilan ziddiyatdan so‘ng AQSh terma jamoasida o‘ynay boshlagan iste'dodli shaxmatchi, xalqaro grossmeyster Gulruhbegim Tohirjonova O‘zbekiston shaxmat terma jamoasidan ketishiga janob Turdialievni aybdor deb biladi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Saydali Yo‘ldoshev ham Husan Turdialievning murabbiylik faoliyatiga aralashuvi va “diktaturasi” tufayli, tubdan kelishmovchiliklar yuzaga kelganidan so‘ng, federatsiyani tark etib, Yaqin Sharq davlatlaridan biriga jo‘nab ketgan.

ShAXMAT QIROLI KARPOV O‘ZBYeK  GYeNYeRALINI NYeGA TANQID QILDI?

MXX generalining «o‘ziga xos tutumi» dan norozi bo‘lganlar orasida shaxmat dunyosining afsonasi bo‘lgan Anatoliy Karpov ham bor.

Karpov «shaxmat dunyosiga sizgan generalning» «chidab bo‘lmas» faoliyatini o‘z YouTube portalidagi videochiqishida tanqid qilgan edi.

Bundan oldin taniqli angliyalik grossmeyster, FIDE vitse-prezidenti Nayjel Short kabi jahon shaxmat olamining taniqli arbobi ham «shaxmatchi general» haqida gapirib, uni firibgarlik, intrigalar va noqonuniy ravishda xalqaro hakamlik guvohnomasini olishda ayblagan edi.

Nayjel Short maqolasidan iqtibos:

«Ushbu ustunda men ikki hakam ko‘z oldida sodir bo‘lgan «uch marta takrorlash» qoidasini tan olmagan holatga ishora qildim. Bu Shodi Paridarni 2007 yilda Makaodagi oltin medalidan mahrum qilgan edi. Bu «yovuzlik» xujjatlashganiga e'tibor qaratsam. Yozma dalillarga ko‘ra, ana shunday «yovuz»lardan biri – FIDE delegati va o‘tmishi ziddiyatli istihborotga borib taqaladigan Husan Turdialiev O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bosh kotibi A.Yunusovni 2001 yilda chempionlik unvonini olish uchun ariza berishga majburlagan. Tegishli tartib-qoidalar va zarur hujjatlarga rioya qilinmagan bu o‘zboshimchalik barcha quyushqonlarga ziddir. Hujjatlarda imzolarning yo‘qligi Gretsiyalik Panagiotis Nikolopulos raisligidagi Arbitrlar kengashini arizani ma'qullashdan to‘xtata olmadi. FIDE xujjatlari bir vaqtning o‘zida bir nechta boshqa arizalar to‘liq bo‘lmagan ma'lumot uchun rad etilganligini ko‘rsatadi.»

Matbuot va ijtimoiy tarmoq platformalarida xalqaro hakam, grossmeyster Dmitriy Qayumovning rafiqasi Irina Qayumova xonimning O‘zbekiston chempioni Nodirbek Abdusattorovning murabbiyi, shaxmatchi Qayumovlar oilasiga qarshi «shaxmatchi general» uyushtirganligi aytilgan ta'qib tazyiqlar haqidagi bayonotlari mavjud. «Shaxmatga sizgan MXX generali» janob Turdialievning xalqaro arbitrlikka loyiq emasligi haqidagi iddaoni xalqaro hakam Irina Qayumova ham bildirdi. Irina Qayumova Husan Turdialievni xalqaro hakamlik maqomini olishda qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yganlikda aybladi. Shu sababli Turdialiev xalqaro hakamlik maqomini olgan paytdagi qoidalarga rioya qilish bo‘yicha FIDEga rasmiy so‘rov yuborgan.

“Ishonchim komilki, uning xalqaro hakamlik unvoni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan. Bu meni shaxmat bilan shug‘ullanishdan chetlashtirishiga sabablardan biridir. Ammo Turdialievning turnir hujjatlari yo‘qotilmagani va ular mavjudligidan xabari yo‘q shekilli. U olgan unvon masalasi ochiqligicha qolmoqda”, – deydi Irina Qayumova.

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasidagi manbalarga ko‘ra, iste'fodagi generalning federatsiyaning avvalgi raisi, o‘tgan yillardagi NAPU nomi bilan mashhur bo‘lgan kuchli tuzilma direktori Dmitriy Liga ham, vitse-prezident Aziz Abduhakimovga ham umuan aloqasi bo‘lmagan.

O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, 2021-yil yanvar oyi oxirida Federatsiya raisligiga saylangan.

Biroq, mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, u o‘tgan hafta sport vaziri portfelidan ayrilganidan keyin bu lavozimda uzoq qolmaydi.

MXX genaralini maqtaganga 700 dollar!

Joriy yilning 15-16 fevral kunlariga belgilangan Federatsiya konferentsiyasi Bosh vazir o‘rinbosaridan ko‘ra Turdialievga qulayroq bo‘lgan kechroq muddatga ko‘chirildi.

Kechiktirilgan Konferentsiya delegatlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, ma'ruzachilarga Turdialievni madh etuvchi oldindan tayyorlangan matnlar berilgan. Tayyorlangan matnni Konferentsiyada yodlab aytib berishga rozilik berganliklari uchun gonorar sifatida 700 AQSh dollari to‘langan.

Bu ayblovlarning matbuotda e'lon qilinishi va ko‘plab shaxmatchilarning Husan Turdialievni iste'foga chiqishni talab qilishlariga javoban joriy yilning 16 va 17 fevral kunlari MXX genarali tarafdorlari o‘ziga xos yurish qildi.

O‘zini shaxmat sporti faxriysi deb atagan bir guruh shaxslar O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining rasmiy manbalarida (telegram kanali va Facebook ijtimoiy tarmog‘ida) chiqish qilib, MXX generaliga «shak keltirgan» shakkoklarni qoralashdi, ularning ayblovlariga raddiya bildirishdi.

Eltuz muxbiri o‘qigan bu kollektiv maktubda shaxmat boshqaruvidagi joriy tutumga turli maqtovlardan tashqari Turdialievning shaxmat federatsiyasidagi 23 yillik faoliyati madh etilgan.

Bayonotda O‘zbekiston shaxmatchilarining barcha yutuqlari shaxmatchilarning o‘zlari, murabbiylar va ota-onalarning emas, faqat bir shaxs – MXX generalining xizmatlari deb ataladi.

Sovetcha josus josus paranoyasi

O‘zlarini «taniqli shaxmatchi» deb atagan guruh nomidan tashkillashtirilgan bayonotda AQSh elchixonasi O‘zbekiston hududida noqonuniy josuslik faoliyatini amalga oshirishda ayblanadi.

Bayonotda shaxmat yulduzi bo‘lgan Tohirjonovaning grant olishi ham shubha ostiga olingan.

«Yana bir qiziq fakt shuki, mamlakatimizning boshqa fuqarolari AQShga borish uchun muntazam viza olishda muammolarga duch kelayotgan bir paytda Gulruhbegim Tohirjonova AQSh elchixonasi ko‘magida 150 ming dollar miqdorida grant oldi. Axir, xalqimizda shamol bo‘lmasa, terakning uchi qimirlamaydi, degan hikmatli naql bor-ku!»

Bayonot mualliflari «josus»ning ismini ham keltirganlar:

«Federatsiyamizga tushgan ma'lumotlarga ko‘ra, Gulruhbegimning turli musobaqalarda AQSh bayrog‘i ostida ishtirok etishi ortida AQSh maxsus xizmatlarining Aleks Klipper ismli vakili turibdi. Ofitser 2017-2018 yillarda AQSh elchixonasida bo‘lgan vaqtida Tohirjonovlar tomonidan asos solingan Sky Chess klubining doimiy mehmoni bo‘lgan ”, deyiladi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining rasmiy manbalarida e'lon qilingan bayonotda.

Vaziyatni Federatsiya ichidan yaxshi biladigan odamlarga ko‘ra, mazkur bayonotni Turdialievning o‘zi tayyorlagan va imzo qo‘yganlar shaxmatchilar jamoasining vakillari emas, shunchaki, uning itoatkor yaqin doira mansublari xolos.

Aksariyat grossmeysterlar, yetakchi shaxmatchilar va murabbiylar u taklif qilgan bayonotga imzo chekishdan bosh tortganini Eltuzga aytishdi.

Bayonot matni ikki  tilda – o‘zbek va rus tillarida chop etilgan.

E'tiborlisi, bayonotning asl matnida josuslik haqidagi matnning bir qismi bir shaxs nomidan yozilgan. Matnning qolgan qismida esa ko‘plik qo‘llangan.

Bu janob Turdialiev o‘zining maxsus xizmatlardagi manbalaridan maxfiy ma'lumotlarni ehtiyotsizlik bilan sizib chiqargan degan versiyani bilvosita tasdiqlaydi.

Bayonot hozirgi kunda tarmoqdan o‘chirib tashlangan.

Ammo Eltuzda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining rasmiy manbalarida e'lon qilingan bayonotning faqat kesh versiyasi mavjud.

Tahririyat bayonot matnini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqdi va shu munosabat bilan bir qator jiddiy savollar tug‘iladi:

1.  Bu demarsh AKSh va O‘zbekiston o‘rtasida ikki tomonlama diplomatik aloqalar o‘rnatilganining yubiley yilida ikki davlatning siyosiy munosabatlariga salbiy ta'sir qilmaydimi?

2.  AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bayonotida AQSh razvedka xizmatlarining ehtimoliy vakili janob Aleks Klipperning uy egasi hududida noqonuniy josuslik faoliyatini amalga oshirishdagi faoliyati haqidagi ma'lumotni tasdiqlaydimi yoki rad etadimi?

3.  Rasmiy Toshkent AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi niqobi ostida o‘z hududidagi josuslik faoliyatiiddaolarga qanday qaraydi?

4.  O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (Milliy xavfsizlik xizmatining vorisi) xorijiy davlat maxsus xizmatining sobiq xodimlaridan biri tomonidan O‘zbekiston hududida rezidentligi to‘g‘risidagi ma'lumotlarning sizib chiqib ketishi ehtimoli bo‘yicha rasmiy munosabat bildiradimi?

Eltuz O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmatiga, shuningdek, AQShning O‘zbekistondagi elchisi janob Rozemblumga tegishli so‘rovlar yo‘llagan va yaqin kunlarda batafsil javob olishga umid qilmoqda.

Eltuz sobiq MXX zobitlarining O‘zbekiston yangi siyosati g‘ildiragiga xoda tiqayotgani epizodlarini o‘rganishda davom etadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 iyun 2019
“Hamidning ko‘zlariga yosh qalqdi. Boshini chayqab: “Chiqarmikanmiz? Ishonish qiyin, aka”, dedi va og‘ir xo‘rsinib, baland ovozda: – Eh, Guantanamo, ...
10 aprel 2017
«XXI asr» gazetasi (06.04) o‘z muassisi bo‘lmish partiya – O‘zLiDePning «avvalgilardan farqli tadbirlari endi ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otayotgani»ni bildirdi. ...
9 oktyabr 2020
3 oktyabr kuni Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumani Namozgoh mahallasida istiqomat qiluvchi 41 yoshli eri Ikrom Qayumovdan kaltak yegan 32 yoshli Nigora ...
17 mart 2017
16 mart kuni ertalab, immigratsiya qoidalarini buzganlik aybi bilan ushlangan Rossiyaning «Novaya gazeta» muxbiri 30 yashar o‘zbekistonlik Xudoberdi Nurmatov ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...