Asosiy mavzular
21 aprel 2022

Prezident kuyovining ukasiga taalluqli investitsiya jamg‘armasi ishchilari kamsitilmoqda

“Eltuz”ga Toshkentdagi o‘nlab korxonani birlashtirgan “O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi” jamg‘armasi ishchi-xizmatchilari bosh direktor, o‘monlik Muhammad al-Lavatiy (Mohamed Al Lawati ) tarafidan surunkali kamsitilayotgani haqidagi shikoyat kelib tushdi.

Shikoyatda aytilishicha, “jamg‘arma rahbariyati xodimlarning huquqini poymol qilgan, ishchilar belgilanganidan ko‘proq soat band qilinadi va dam olish hamda bayram kunlari ham ishlatilgan”.

Shikoyatchilar iddaosicha, “O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi” O‘zbekiston yuqori rahbariyatidagi “akaxon”lari yaratgan “daxlsizlik shamsiyasi”dan foydalanib, barcha qonun-qoidalarni bemalol oshkora va pinhona toptayotir.

“Eltuz” tasarrufidagi hujjatlarga ko‘ra, 2022 yil boshigacha “O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi”ning uchta muassisidan biri O‘zbekiston prezidenti kuyovi Otabek Umarovning ukasi Oybek Umarov bo‘lgan. «Eltuz» tasarrufidagi moliyaviy hujjatga ko‘ra 2022 yil boshida Oybek Umarovning “O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi”tizimiga kiruvchi SP OOO «BEKTEMIR METALL KONSTRUKSIYALARI» nizomiy jamg‘armasidagi  hissasi 14¸58 foizni tashkil qilgan. Bu 7 million AQSh dollar deb belgilangan. Shuningdek ayni tizimga kiruvchi «EMPIRE INDUSTRIAL SERVICES L.P.»nizomiy jamg‘armasida ham Umarovga oid  539687 AQSh dollarlik hissasi mavjud bo‘lgan.

Hozirgi paytda Umarov o‘z hissasini biznes doiralarda hech kim tanimaydigan Abdullaev Farrux G‘ulomjonovich nomiga rasmiylashtirgan.

“Eltuz” suhbatlashgan tahlilchiga ko‘ra, Farrux Abdullevdan  “katta ehtimol bilan nominal, ya'ni qo‘g‘irchoq sifatida foydalanilmoqda va jamg‘arma benefitsiari Umarov bo‘lib qolmoqda”.

Ayni paytda bu iddaoning rasmiy tasdig‘i mavjud emas.

“Eltuz” bilan yozishgan ishchilardan biriga ko‘ra, “jamg‘armada nosog‘lom muhit vujudga kelgan, tahdid va ishchilarni tahqirlash, chaqimchilik¸ xodimlarning shaxsini haqorat qilish me'yorga aylangan”.

Ishchining ta'kidicha, bosh direktor Muhammad al-Lavatiy xodimlarni ataylab kamsitadi va ularga bajarib bo‘lmaydigan vazifalar berib, o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shab ketishini talab qiladi.

“Eltuz” ixtiyorida Muhammad al-Lavatiy tomonidan kamsitilib, qonunga zid tarzda ishdan haydalgan xodim huquqlarining sud qarori bilan tiklangani va “O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi”ning sud qaroriga binoan xodimga kompensatsiya to‘laganiga oid hujjatlar bor.

2021 yil oxirida Shayxontohur tumanlararo sudi chiqargan ajrimda  “O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi”da ishchilar huquqi buzilgani¸ o‘zboshimcha ishdan bo‘shatilgani qayd qilinadi. Ajrimga ko‘ra, jamg‘arma o‘zi bo‘shatgan ishchiga qirq besh million so‘m kompensatsiya va sud xarajatlarini to‘lab bergan.

“Eltuz”ga yozgan ishchilardan birining aytishicha, jamg‘arma rahbariyati sud ajrimidan to‘g‘ri xulosa qilmay, xodimlarni kamsitishda davom etmoqda.

“Jamg‘arma xodimlarining aksari mehnat qonunchiligi jiddiy buzilishiga oid muammolar bilan yuzlashgan. Asosiy  ish beruvchi va ishchi munosabatlarini tartibga soluvchi jamoa shartnomasi mavjud emas.

“Stafar” MChJ tomonidan kadrlar tekshiruvi xulosasi mavjud. Xodimlar  ish hajmi va shtatlarni qisqartirish niqobi ostida vaqti-vaqti bilan ishdan bo‘shatiladi (Mehnat kodeksining 100-moddasiga zid tarzda).

Aslida jamg‘arma o‘ziga sodiq yangi xodimlarni ishga oladi. Jamg‘arma va uning sho‘'ba korxonalarida mehnat jamoasi manfaatlarini himoya qiluvchi vakillik organi (kasaba uyushmasi) yo‘q. Ish haqi indeksatsiyalanmaydi, va'da qilingan bonuslar shu paytgacha to‘lanmadi”, deydi xodim.

“Eltuz” bu maqolani yozish asnosida “O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi” ishchilar huquqini kamsitish bilan birgalikda O‘zbekiston qonunlarida iqtisodiy jinoyatlar deya tasniflanadigan qilmishlar sodir etayotgani, xususan, soliqdan qochayotgani haqidagi iddaolar bilan ham tanishdi.

Jamg‘arma faoliyatidagi iqtisodiy sxemalar haqidagi iddao “Eltuz” tasarrufidagi hujjatlar bilan qisman dalillangan:

“Aktivlarni (savdo markazlari, biznes markazlar va boshqalarni) sotib olish bo‘yicha operatsiyalar kompaniyalarning (MChJ) ustav kapitalidagi ulushlarini almashtirish niqobi ostida amalga oshiriladi. Bundan maqsad ko‘chmas mulkni sotib olayotganda QQS (15 %) to‘lamaslikdir.

MChJ to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, kompaniya yil davomida chiqayotgan ishtirokchining ulushini sof foydadan sotib olish huquqiga ega. “Samarqand darvoza” savdo markazida (“SD Mall” MChJ) ishtirokchi Abbosxo‘jaevning 18 % ulushi kompaniyaning o‘zi tomonidan ta'sischi Uzomandan qarz mablag‘lari olish yo‘li bilan sotib olingan.

To‘lov  o‘ta tez, ya'ni 2 kun ichida amalga oshirilgan. Maqsad soliq to‘lamaslik oqibatlaridan qochishdir.

MChJ to‘g‘risidagi qonunning 43-moddasini buzgan holda, jamg‘arma soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash maqsadida har ikki kompaniyaning yuqori organlari ruxsatini olmay,      sho‘'ba korxonalariga foizli kreditlar berib keladi.

Pudratchi “Four Front” MChJ bilan barcha ob'ektlar bo‘yicha shartnomalar loyihasiz, xarajatlar smetasisiz, tender savdolarsiz, smetachi bahosisiz tuzilgan. Shartnomalar miqdori boshqa takliflarga nisbatan oshirib ko‘rsatilgan.

Jamg‘armaning O‘zbekistonda yashovchi xorijlik xodimlari uy-joy ijarasi uchun 2 ta shartnoma tuzadilar – biri Davlat soliq qo‘mitasida ro‘yxatdan o‘tish uchun eng kam miqdorga, ikkinchisi naqd pulga. Boshda aytganimizdek, maqsad soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash”.

“Eltuz” keltirilgan ushbu iddaolar yuzasidan “O‘zbek-O‘mon investitsiya kompaniyasi”dan rasman javob kutadi.

Tag‘in o‘qing
6 dekabr 2019
Bugun atrofga qarab va'z uchun belgilaganim barcha mavzularning boshi s bilan kelar ekan. Sovuq. Saylov. Safsata.  Ham yana bir ...
10 iyul 2019
O‘quv yili tugashi bilan ijtimoiy tarmoqda kollej va litsey bitiruvchilarining o‘z diplomlarini namoyishkorona «oyoqosti» qilishayotgani aks etgan fotosuratlar tarqaldi. ...
13 sentyabr 2022
Bugungi shikoyatlar Andijonning qo‘rqinchli ko‘chasi, mablag‘ga muhtoj tadbirkor, ko‘prik ta'miri bois sarson bo‘layotgan marg‘ilonliklar. Dastlabki videomurojaatda serqatnov ko‘cha aks ...
23 may 2024
Buxorolik ishsiz, bo‘ydoq rijol Jasur Sultonov Telegram ijtimoiy tarmog‘ida «Qizlik olish detski», «1000% ishonchli», «Hijobli homilador», «Aylana videolar» nomli ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...