Asosiy mavzular
22 aprel 2022

Haykalga halaqit bermasligi uchun bino boshidan judo qilindi

“Smart Houses” MChJ tomonidan Toshkent shahrining Olmazor tumanida qurilayotgan uy-joylarning ulushdorlari mazkur binolarda qurilish ishlari yakuniga yetkazilmayotgani, ko‘plar firibgarlik qurboniga aylanganidan shikoyat qilmoqda. 

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu korxona tumandagi G‘alaba bog‘i yonida 8 qavatli, 7 ta blokda 200 dan ziyod xonadondan iborat “Olmazor” turar joy majmuasini ulush kiritish sharti bilan qurishni 2018 yilda boshlagan. 

Ulushdorlar bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, “Smart Houses” 2020 yil 31 dekabr kuniga qadar uylarni qurib bitkazishi belgilangan bo‘lsa-da, ishlar nihoyasiga yetkazilmagan. 

Ulushdorlarning Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboeva nomiga jo‘natilgan shikoyat arizasida aytilishicha, MChJ rahbari Rasuljon Fayzievdan bu haqda izoh so‘ralganida, u asoslanmagan turli bahona va vajlari keltirib, ulushdorlar bilan aloqaga chiqishdan bosh tortib kelmoqda. 

“Natijada yuzdan ortiq oila o‘z xonadoniga ega bo‘la olmay jabr chekmoqda. Yangi uyli bo‘lish niyatida to‘lov qilgan aksariyat oilalar turar joyini sotib, ijaraga kvartira olib yashashga majbur bo‘lib kelmoqda. Hatto ba'zi oila vakillari shu muammoli vaziyat tufayli kasallikka chalinib, uyi bitishini ko‘rolmay vafot etib ketdi”, deyiladi arizada. 

Nusxasi “Eltuz”da mavjud mazkur arizadan ma'lum bo‘lishicha, korxona rahbari 8 qavatga mo‘ljallangan qurilish ob'ekti shu yaqinda joylashgan G‘alaba bog‘idagi monument balandligidan yuqori bo‘lib qolayotgani sababli tepa qavatlarni qurishga davlat tashkilotlari tomonidan ruxsat berilmaganini aytgan. 

Oldindan 100 foiz to‘lov qilib qo‘ygan yuqori (6, 7, 8) qavatlardagi xonadon egalari bundan ogohlantirilmagan va ulushiga mos ravishda boshqa qavatga o‘tkazilmagan.

Ulushdorlarning bildirishicha, muammoli vaziyatni hal qilish maqsadida bir necha oy oldin Olmazor tumani hokimligi va tuman prokuraturasi iqtisodiy jinoyatlar departamentiga murojaat bilan chiqilgan bo‘lsa-da, vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmagan. 

Aholi vakillari O‘zbekiston Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri, Bosh prokuror, DXX raisi, ichki ishlar va qurilish vazirlari nomiga ham jamoaviy ariza yo‘llagan. Shundan so‘nggina 2022 yil yanvar oyida murojaatni ko‘rib chiqish va qonuniy chora ko‘rish uchun ish tuman IIBga yuklatilgan. 

Arizadan ma'lum qilinishicha, bir necha oy oldin Rasuljon Fayziev MChJ rahbarligi va ta'sischilikni boshqa shaxsga o‘tkazib bergan va o‘zi g‘oyib bo‘lgan (chet elga chiqib ketgan deb gumon qilinmoqda). Uning xatti-harakatlarida jinoyat (firibgarlik) alomatlari aniqlangani sababli ish tuman prokuraturasiga o‘tkazilgan. 

“Bu davr mobaynida MChJga tayinlangan yangi rahbar yuqori qavatlarni qurishga ruxsat olish harakatlarini boshlagan. Ammo joriy yil 2 aprelga kelib tuman hokimining og‘zaki buyrug‘i asosida (sud qarorisiz) chala bo‘lsa ham qurilgan 6 va 7-qavatlar to‘liq buzib tashlandi. 

Bu esa, o‘z navbatida, aholining o‘z noroziligini bildirish uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali hukumatga videomurojaat bilan chiqishiga va mamlakat rahbaridan yordam so‘rab murojaat qilishiga sabab bo‘ldi. 

3 aprel kuni aholi vakillari Toshkent shahri hokimi qabuliga borganida esa tuman mutasaddilari tomonidan uchrashuv o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmadi”, deyiladi shikoyatda. 

Ulushdorlarning so‘zlariga ko‘ra, hozir tergov sabab MChJ faoliyati to‘xtatildi va surishtiruv-tergov ishlari olib borilmoqda. Ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan sobiq rahbar Rasuljon Fayziev 1 ta kvartirani 2 ta odamga sotganlikda ham gumon qilinmoqda. 

Hozirgi vaqtda yuqori (6,7,8) qavatlardagi buzib tashlangan va qurishga ruxsat etilmayotgan xonadonlarning 20 dan ortiq ulushdori vaziyatdan eng ko‘p aziyat chekmoqda. Ularning aksariyati viloyatlik bo‘lib, begona davlatlarda halol mehnati bilan bir necha yillab yiqqan mablag‘ini uyga tikkan. Endi ular na tikkan pulini, na yangi uyini ololmayotgani hech kimni qiziqtirmayapti. 

“MChJga tayinlangan yangi rahbar esa imkon berishsa qurib beramiz, ammo shuncha insonning pulini qoplab berishga hozir sharoitimiz yo‘q, deb javob beryapti. Tergov va sud, qolaversa, undirish jarayoni uzoq vaqt talab qilishi sabab pastki qavatlar bitkazilib, egalariga topshirilishi ham kechikishi tayin. 

Bu esa, o‘z navbatida, shu (1-5) qavatlardan uy olgan fuqarolar noroziligiga va kelishmovchiliklarga ham sabab bo‘lmoqda”, deyiladi ulushdorlarning Senat raisiga jo‘natilgan shikoyat arizasida. 

Ular Tanzila Norboevadan muammoli vaziyatni yechimini topishda amaliy yordam so‘rab, “odil yechim” sifatida o‘z taklifini ham bildirgan. 

“Qurilishi tugallanmagan bino yonida ushbu MChJga qarashli yaqinda bitgan va egalariga qisman topshirilgan uy-joy majmuasidan bo‘sh (yoxud noqonuniy rasmiylashtirilgan) xonadonlarni;

Qurilishi tugallanmagan pastki qavatlardagi bo‘sh (yoxud noqonuniy rasmiylashtirilgan) xonadonlarni undirib berish;

Qurilishga tutash hududdan qo‘shimcha joy ajratib, qurilishiga ruxsat etilmayotgan 3 ta qavatdagi xonadonlar ulushdorlariga uy qurib berish mas'uliyatini MChJning yangi rahbariyatiga yuklash masalasini shaxsan nazoratingizga olishingizni iltimos qilamiz”, deyiladi arizada. 

Tag‘in o‘qing
13 dekabr 2017
O‘zbekistondagi maktab o‘quvchilariga darsxonalarni isitish uchun o‘tin solig‘i solinmoqda. Jumladan, «Eltuz»ning Andijondan olgan xabariga ko‘ra, shahardagi 29-maktab o‘quvchilariga ko‘mir ...
5 avgust 2020
O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan diniy soha vakillariga 150 milliard so‘m pul ajratildi. Farmonda aytilishicha, bundan maqsad «diniy sohada xizmat ...
1 fevral 2021
Davlat xavfsizlik xizmatining 7-bo‘linmasi sobiq tezkor xodimi Sherzod Haitov dekabr oyining birinchi yarmida DXX xodimlari tomonidan hibsga olindi. Bu ...
10 sentyabr 2021
Mana, hafta aylanib yana siz bilan hamsuhbatman. Qizim senga aytaman, kelinim sen ham eshit, degan format bor. Men suhbatni ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...