Asosiy mavzular
22 avgust 2022

Faollar: O‘zbekistondan o‘g‘irlangan pullar Gulnoraga qaytarilmasin

Bir guruh o‘zbek faollari AQSh adliya vazirligiga murojaat qilib amerika mulozimlaridan  Gulnora Karimova o‘g‘irlagan pullarni Gulnoraga  qaytarmaslikni talab qildi. Quyida   murojaatning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.

Biz AQSh Adliya departamentini Shveytsariya sudiga O‘zbekiston sobiq diktatori Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga uning aktivlarini qaytarishga imkon bermaslikka chaqiramiz. Bu aktivlar O‘zbekistonda telekommunikatsiya kompaniyalari o‘z biznesini yuritishi uchun unga pora tarzida berilgan.

Masala mohiyati:

O‘zbekistonning sobiq prezidenti, diktatorlik boshqaruvi bilan tanilgan Islom Karimovning katta qizi Gulnara Karimova O‘zbekistonda biznes yuritish uchun litsenziya va chastotalar olishga yordam berish maqsadida MTS, “Vimpelkom” (hozirgi Veon) va “Teliasonera” (hozirgi “Telia”) mobil aloqa operatorlaridan tamagirlik yo‘li bilan umumiy miqdori bir milliard dollardan ortiq pora olgan. Gulnora Karimova porani o‘zining nazoratida bo‘lgan ofshor kompaniyalar, asosan, Takilant va Swisdorn vositasida qo‘lga kiritgan. Poraning 800 million dollarlik asosiy qismi Shveytsariya banklariga joylashtirilgan bo‘lib, 2012 yilda bu bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shveytsariya sudi bu aktivlarning 131 million dollarlik qismini musodara qilish to‘g‘risida qaror chiqarib bo‘lgan. Ayni paytda uni O‘zbekistonga qaytarish jarayoni ketmoqda.

Aktivlarning 293 million dollar baholanayotgan ikkinchi qismini musodara qilish bo‘yicha ham 2021 yil dekabrda sud qarori qabul qilindi. Ammo ushbu sud “Takilant”ga qariyb 70 million dollarni qaytarishga ham qaror qildi. Gulnora Karimovaning advokatlari 350 million dollar miqdoridagi barcha mablag‘ Gulnora Karimovaga qaytarilishi talabi bilan sud qaroriga apellyatsiya berdi.

Afsuski, Karimovaning advokatlari apellyatsiya sudida g‘olib chiqdi. Federal jinoyat sudi 2022 yil 18 iyuldagi qarorida himoyachilarning mablag‘ olinayotgan paytda Gulnora Karimovani rasmiy shaxs sifatida ko‘rish mumkin emasligi to‘g‘risidagi dalilini ma'qulladi. Sud fikricha, uni faqat biznesmen, aktivlarini esa telekommunikatsiya biznesidan olingan qonuniy daromad sifatida ko‘rish mumkin.

Ammo ta'kidlash kerakki, o‘n yildan ortiq davomida Gulnora Karimova, jumladan, tashqi ishlar vaziri masahatchisi, keyin esa o‘rinbosari, undan so‘ng O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili kabi turli davlat lavozimlarida ishlagan rasmiy shaxs bo‘lgan.

Eng asosiysi, Gulnora Karimova prezident Karimov bilan qarindoshlik rishtalaridan foydalangan holda ko‘plab davlat idoralari faoliyatiga, jumladan, telekommunikatsiya sohasiga amaliy ta'sir ko‘rsatgan va norasmiy hukm o‘tkazgan. Ochiq manbalarda Karimova davlat rahbarining qizi ekanidan foydalanib juda ko‘p vakolatlarga ega bo‘lgani haqida u bilan ishlagan menejerlarning guvohlik ko‘rsatmalari mavjud.

Umuman olganda, Islom Karimovning avtoritar tuzumi davrida oliy darajadagi korruptsiya gullab yashnadi, prezident va atrofidagilarning hokimiyatni tizimli suiiste'mol qilishi o‘zining yuksak cho‘qqisiga chiqdi. Bu suiiste'molliklar ham mahalliy, ham xorijiy biznesdan pora tamagirligida yaqqol namoyon bo‘ldi.

Mamlakatda mustaqil sud tizimi va qonun ustuvorligi yo‘q edi (va hali ham yo‘q). Sudning Karimovaning telekommunikatsiya sektoridagi rasmiy shaxs sifatidagi haqiqiy roli yoki u o‘z qudratidan mazkur sektorda hukumat qarori qabul qilinishiga ta'sir ko‘rsatishda foydalanganini isbotlovchi dalillar yetishmasligi to‘g‘risidagi xulosasi odil sudlov me'yorlari qo‘pol ravishda buzilganidan darak beradi va Shveytsariya hukumati bu borada tekshiruv o‘tkazishini talab etadi. Chunki sudning ushbu qarori uning kasbiy halolligi, qonunchilik ruhiga xizmat qilishini shubha ostiga qo‘yadi. 

Biz sudning 2021 yil dekabrdagi – “Takilant”ga 70 million dollarni va joriy yil iyul oyidagi – Gulnora Karimovaga 293 million dollar, ya'ni jami 350 million dollarni qaytarish to‘g‘risidagi qarorlari Shveytsariya qonunchiligiga zid, deb hisoblaymiz.

Jumladan, bu qarorlar siyosiy muhim shaxslar (politically exposed persons) tavsifi keltirilgan “Pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi federal qonunga ziddir. Mazkur qonunga ko‘ra, bunday shaxslar “xorijiy davlat muhim davlat funktsiyalarini bajarish vakolatini berganlar”, shuningdek, “bu siyosiy muhim shaxslar”ning hokimiyat vakolatlariga ega oila a'zolari va yaqinlaridir.

Shveytsariya sudining korruptsionerga 350 million dollarni qaytarish qarori, nazarimizda, o‘ta g‘azablantiradigan va adolatsiz bo‘lib, global ko‘lamda, jumladan, O‘zbekistonda ham korruptsiyaga qarshi kurashish ildiziga bolta uradi. Bu qaror tufayli tepasida diktator Karimov va uning qizi Gulnora Karimova turgan jinoiy guruh va yuqori darajadagi korruptsiyaning asosiy qurboni bo‘lgan o‘zbek xalqi manfaatlariga ulkan zarba berildi. Bu orqali korruptsiyaning asosiy omillaridan biri – yuksak martabali amaldorlar o‘zlari sodir etgan jinoyat uchun jazosiz qolishi mustahkamlandi.

Bundan tashqari, mazkur sud qarorlari global miqyosda korruptsiyaga qarshi kurashish ilg‘orlaridan biri bo‘lishi kutilgan Shveytsariyaning xalqaro obro‘siga putur yetkazadi. Mamlakat nafaqat jinoiy aktivlar to‘planadigan joyga aylandi, uning odil sudlov tizimi amalda xalqaro jinoyatchilik, transmilliy korruptsiya va pul yuvish vositachisi bo‘lib qoldi.

Biz Gulnora Karimovaning telekommunikatsiya kompaniyalaridan olgan porasi ortidan orttirgan aktivlarini musodara qilish yuzasidan 2015 va 2016 yillarda AQSh Adliya departamenti tomonidan ikkita fuqarolik da'vosi, 2019 yilda esa pul yuvish bo‘yicha uning o‘ziga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan xabarimiz bor.

Biz Adliya departamentini ushbu da'volarni qo‘llab, zarur bo‘lganda esa yangi ish qo‘zg‘ab, Shveytsariya sudi Gulnora Karimovaga qaytarish to‘g‘risida qaror chiqargan summaga band qo‘yish, shu orqali O‘zbekiston xalqidan o‘g‘irlangan mablag‘ uni o‘g‘irlaganlarga berilishining oldini olishga chaqiramiz.

Imzolangan:

Umida Niyozova, O‘zbekiston inson huquqlari forumi direktori

Dilmira Matyoqubova, Olster universiteti fan nomzodi

Alisher Ilhomov, Markaziy Osiyo bo‘yicha Diligence direktori

Farida Sharifulina, fuqarolik jamiyati faoli

Azimboy Otaniyazov, fuqarolik jamiyati faoli

Alisher To‘qsanov, siyosatshunos

Timur Karpov, jurnalist

Shohida To‘laganova, jurnalist

Ulug‘bek Ashur, jurnalist

Qudrat Bobojonov, jurnalist

Tag‘in o‘qing
12 mart 2024
Andijon viloyati Oltinko‘l tumani   9-maktab yonidagi binoda 12 mart kuni soat ertalabki o‘nga yaqin yong‘in xodisasi sodir bo‘ldi. Rasmiy ...
13 fevral 2018
Prezident Mirziyoev 13 fevral kuni Davlat bojxona qo‘mitasi raisi general Muidjon Tohiriyni ishdan olib, o‘rniga Murodjon Azimovni tayinladi. O‘zbekiston ...
18 may 2021
Samarqandda «Damas» avtomobili haydovchisi IIB xodimining o‘tish yo‘lini to‘sib to‘xtagan, davlat raqami 828 VSS bo‘lgan mashinasiga signal bergani uchun ...
18 yanvar 2019
Turk yozuvchisi Aziz Nesin va rus yozuvchisi Anton Chexovga taqlidan va bo‘lgan voqeaga asoslanib yozilgan «hikoya» Bu hikoya yana ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...