Asosiy mavzular
15 sentyabr 2022

Metallolom mashmashasi.Fermerlarning temir-tersak topshirishi ixtiyoriymi yoki majburiy?

Bugun mahallalarda temir-tersak yig‘ib yurganlar shu yo‘l bilan tirikchilik o‘tkazayotganlar emas, balki metallolom topshirish majburiyati hali zimasidan soqit bo‘lmagan fermerning odamlari ham bo‘lishi mumkin.

Afsuski, marhum prezident Islom Karimov davrida avj olgan bu muammo amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoevning “yangi O‘zbekiston” zamonida ham yechim topmagan ko‘rinadi.

Xususan, oltinko‘llik fermer T.R. “Eltuz” bilan suhbatda tumandagi har bir fermerga yeriga qarab metallolom topshirish rejasi belgilanganini ma'lum qildi.

“Bizda ortiqcha temir parchasi bo‘lsa ekan. Qaerdan topardik? Borini ham lo‘lilar uyma-uy, ko‘chama-ko‘cha kezib, yig‘ishtirib ketishadi. Biz metallomni pulga bichib, pul o‘tkazib beramiz.

Masalan, men gektariga 500 ming so‘mdan pul beraman. Talashib-tortishib tushirganman. Ha, savdolashsangiz bo‘ladi, xuddi bozorda mol olayotgan kabi. 2 mln, ba'zan 3 mlngacha topshirgan kunlarim bo‘lgan”, deydi Oltinko‘l tumanilik fermer.

Uning bu so‘zlarini marhamatlik fermer Odinaxon Mamatqulova ham tasdiqladi.

– Fermer xo‘jaligimiz 2006 yilda tashkil etilgan, – dedi u. – O‘sha paytlarda erim temir-tersak yig‘ib topshirib yurardi, lekin hozir o‘rniga pul beramiz. “Agroprom”dan kelishadi, “Opa, metallolomdan qarzingiz bor ekan, o‘tkazib qo‘yinglar”, deyishadi, o‘tkazib beramiz. Avvallari shartnoma qilinardi, ammo bu yil berishgani yo‘q.

“Eltuz” bilan suhbatlashgan marhamatlik boshqa fermerlar esa metallolom uchun pul ularning hisob raqamidan avtomatik tarzda yechib olinishini bildirdi.

Ismi sir qolishini istagan paxtaobodlik fermer R.A.ning aytishicha, xo‘jaligining 28 ga yeri bor. Har gektar yer uchun 21 kgdan metallolom topshirish majburiyati yuklangan.

Demak, fermer har yili 2 tonnadan oshiq metallolom topshirib keladi. Shu kungacha topshirgan metallolomining bir tonnasi uchun unga shartnoma bo‘yicha 700-800 ming so‘mdan pul to‘langan.

“Bu yil bir kilo temir-tersak 1000 so‘mdan bo‘ldi, ya'ni bir tonnasi 1 mln so‘m. Fermerlar eski, ishlatilishga yaroqsiz texnika, ehtiyot qismlarni metall chiqindisi sifatida topshiradi. O‘rniga texnikadan yordam, imtiyoz bor. Ammo har yili ham falon pulga olingan texnikani chiqindiga uloqtiravermaysiz-ku. Shunaqa paytlar metallolom izlashga to‘g‘ri keladi”, deydi paxtaobodlik fermer.

Uning ta'kidlashicha, metallolom rejasi yuklangan fermerlarning 90 foizi faqat pul topshiradi. Ammo bu pul qaerga, nima uchun yig‘iladi va nimalarga sarflanadi, bu haqda ma'lumotga ega emas.

– Andijonda temir-tersak bilan shug‘ullanadigan “Ikkilamchiqorametall” filiali bor, – deydi fermer. – Bizni ana shu filial bilan shartnoma qilishga majburlashadi. Har yili yangi shartnoma tuziladi, reja belgilanadi. Menimcha, yig‘ilgan mablag‘ metallolom uchun shu filialga o‘tkazilsa kerak.

“O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ mamlakatdagi yetakchi qora metallurgiya korxonasidir. Kombinatning “Ikkilamchiqorametall” filiali uning metall parchalarini qabul qilish uchun mas'ul tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi. Metall qabul qilish filiallari har bir viloyatda mavjud. Fermer aytgan “Ikkilamchiqorametall” aynan shu bo‘ladi.

Filialning o‘z ismi oshkor etilishini istamagan xodimi “O‘zmetkombinat” fermerlarga metallolom topshirish bo‘yicha hech qanday majburiyat yuklamasligini ma'lum qildi.

“Biz metall chiqindilarini olib kelgan jismoniy va yuridik shaxslar bilan shartnoma asosida qonuniy ishlaymiz. Ammo fermer yoki tadbirkorga metallolom topshirish majburiyatini yuklash vakolatimiz yo‘q.

Mana, uch yildirki, birorta davlat tashkilotlari majburiy ravishda metallolom yig‘ayotgani haqida eshitmaysiz. To‘g‘ri, maktablar ham metallolom topshiradi.

Lekin ulardan ham rekonstruktsiyaga tushgan maktablardagi ortiqcha metall chiqindilarini olib kelib topshirish so‘raladi. Shundayam, faqat shartnoma bilan. Ilgarigi davrlardagidek tekinga metallolom yig‘dirish yo‘q”, dedi “Ikkilamchiqorametall” xodimi.

U metall parchalarining bir tonnasi uchun kombinat tomonidan 1 mln 740 ming so‘m, QQS bilan esa 2 mln 1 ming so‘m to‘lanishini aytdi.

2018 yil 1 yanvardan tibbiyot va ta'lim muassasalariga qora metall chiqindilari hamda lom tayyorlash va topshirish bo‘yicha vazifalar belgilash taqiqlangan.

Mazkur norma O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 18 dekabrda imzolangan “2018 yilda metallolom tayyorlash, qora metall prokatini ishlab chiqish va iste'mol qilish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.

Metallolom topshirish rejasi aks etgan jadval

Ammo bu hujjat fermerlarning majburiy ravishda metallolom topshirish muammosini hal etmagan ko‘rinadi.

Birgina Paxtaobod tumanida 651 ta fermer xo‘jaligi bor. Ulardan paxta va g‘allaga ixtisoslashgan 273 tasi metallolom topshiradi.

Buni tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘rinbosari Ravshanbek Ortiqov ham tasdiqladi. Ammo u temir-tersak o‘rniga pul yig‘ilishidan mutlaqo bexabarligini bildirdi.

Paxtaobod tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutaxassisi G.Ergashevaning ma'lumot berishicha, metallolom rejasi “Ikkilamchiqorametall” tomonidan fermerlarning yer maydoniga asosan belgilanadi.

Topshiriladigan muddat yaqinlashganda bo‘lim mutaxassislari fermerlar bilan bog‘lanib, metallolom topshirish kerakligi haqida eslatishadi va shartnomaning bajarilishini nazorat qilishadi.

Fermer R.M.ning so‘zlariga ko‘ra, metallolom masalasi hammaga birdek taalluqli emas.

– Masalan, mendan so‘rashmaydi, so‘rashsa ham bermayman, – deydi u. – Sababi, Prezident qarori bilan tadbirkorlardan metallolom topshirish majburiyati olib tashlangan. Men bu qarorni saqlab qo‘yganman, boshqa fermerlarga ham berganman. Ammo bizda ayrim fermerlarning yeri olib qo‘yilaverib, ular bezillab qolishgan. Shu bois, tinchgina aytgan pulini berib qo‘ya qolishadi.

Xullas, fermerlar uchun metallolom topshirish ixtiyoriy–majburiy. Bu xuddi bir paytlar paxta terimiga “o‘z ixtiyorim bilan chiqyapman!” deb tilxat yozdirib olingani kabi.  

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
15 oktyabr 2023
Isroil tashqi ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, Isroildagi qurolli to‘qnashuvlarda O‘zbekistonning uch nafar fuqarosi halok bo‘lgan, yana to‘rt nafari bedarak ...
7 sentyabr 2023
Buyuk chex imprescionisti asarini chex elchisi Urganchda taqdim qildi Urganch zamonaviy san'at muzeyida Germaniyadagi “Yuzuk” tashkiloti tarafidan 20-asrdagi buyuk ...
11 sentyabr 2019
Toshkentda 10 sentyabr kuni o‘tgan matbuot anjumanida respublika fermerlar kengashi raisi Aktam Hayitov mamlakatda go‘sht qimmatlayotgani sababini go‘shtning ko‘p ...
1 iyun 2018
Shved sudi 31 may kuni terror hujumi tayyorlashda gumon qilingan yana bir o‘zbekni hibsga olish haqida qaror chiqardi. Stokgolmning ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...