Asosiy mavzular
1 iyun 2024

Human Rights Watch: O‘zbekiston prezidentini tanqid qilganlarni qamashni bas qiling!

Bir narsadan bir narsani olsang, undan baribir qandaydir iz qoladi¸ lekin so‘z erkinligidan nimanidir olsang, uni cheklasang, undan hech narsa qolmaydi. Erkinlik yo bo‘ladi, yo umuman bo‘lmaydi. Butun dunyodagi matbuot erkinligi darajasini kuzatuvchi “Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) tashkiloti reytingida O‘zbekiston ketma-ket ikkinchi yil cho‘kishda davom etmoqda. 

Bu yilgi reytingda O‘zbekiston 180 ta davlat ichida 148-o‘rinni egallagan. Bu esa mamlakatning 2023 yil reytingidagi o‘rnidan 11 pog‘onaga pastlaganini anglatadi.

Bu cho‘kish fonida esa Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondiga Jaxongir Azimov boshliq qilib tayinlandi.

Azimovning kim ekanligi va OAV sohasida nima karomat ko‘rsatganligidan xabarim ham yo‘q, eshitmaganman ham. Ushbu tashkilotning ma'naviy otasi va xozirda prezident administratsiyasi mulozimi Komil Allamjonov bu tayinlov munosabati bilan yoyinlagan bitigida Azimovni olqishlab, “OAVni erkin qilish borasida katta rejalarimiz bor!” deya undovli gap qildi.

Bi Bi Si muxbiri esa o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida “Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi o‘zi nima ish qiladi” degan savol qo‘yib, aksariyat kuzatuvchilardan “hech narsa qilmaydi” qabilidagi javobni oldi.

Ayni paytda matbuotga aloqasi bo‘lmagan O‘zbekistondagi kuch ishlatar tashkilotlar so‘z erkinligini bo‘g‘ib o‘ldirib, so‘ng yerga ko‘mish, Karimov davridagi go‘riston sukunatini qayta joriy qilish uchun 1937 yillarning uslub va ritorikasida jadal ish olib bormoqda. “Pogromchi obonchi” blogerlarni yollab, faol va mustaqil jurnalistlar ustiga “vus kish” deb yubormoqda. 

Xorazm viloyati, Qo‘shko‘pir tumani rahbarlari 1937 yil uslubida “osoyishtalik dushmanlari”ning qora ro‘yxatini tuzishga ham ulguribdi. 

Kuni kecha Putin Toshkentga kelganida “havo sovib ketdi” deya yozgan blogerlarni ham birma-bir ichki ishlar bo‘limlariga chaqirib, so‘roq-savolga tutishdi.

Umuman olganda, keyingi paytlarda “prezidentni haqorat qildi” deya o‘nlab yoshlar uzoq muddatlarga qamaldi. “Prezidentni haqorat qilish” degan modda Germaniya jazo qonunida ham bor. Ammo Germaniyaga 17 yil rahbarlik qilgan Angela Merkel biror marta bu moddadan foydalanib, birorta vatandoshga qarshi jinoyat ishi ochmadi. Xolbuki, haqorat va ochiq kamsitishdan iborat o‘nlab media kontentlar bor edi. Ammo kantsler xonim bu haqoratlardan yuqori turib, o‘z mamlakatini siyosiy va iqtisodiy jihatdan qudratli qilishning uddasidan chiqdi. 

Xo‘sh, endi O‘zbekistonga qaytsak. 

2024 yilning 30 mayida xalqaro “Human Rights Watch” tashkilotining Berlindagi qarorgohi O‘zbekistonda “prezidentni internet orqali haqorat qilgani” uchun jinoiy javobgarlikka tortilayotgan va qamoqqa tashlangan odamlar soni ortib borayotgani ortidan havotirlar bildirilgan bayonotni yoyinladi.

“O‘zbekiston: “Prezidentni onlayn haqorat qilgani” uchun qamaldi. Ayblovlar so‘z erkinligini, erkinlik huquqini buzadi” deya sarlavhalangan bu bayonotda ta'kidlanishicha, O‘zbekistonda “prezidentni internet orqali haqorat qilgani” uchun jinoiy javobgarlikka tortilayotgan va qamoqqa tashlangan odamlar soni ortib bormoqda. Jinoiy javobgarlik besh yil muddatgacha qamoq jazosini o‘z ichiga olib, u xalqaro inson huquqlari normalarini buzadi.

“Human Rights Watch”ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Xyu Uilyamson o‘z bayonotida “O‘zbekistonda odamlar prezident va boshqa hokimiyat organlarini ochiq-oshkora, qatag‘ondan qo‘rqmasdan tanqid qila olishi kerak. Hukumat zudlik bilan “prezidentni onlayn haqorat qilish” javobgarligini bekor qilishi va ushbu ayblov bilan qamalgan har qanday shaxsni ozod qilish uchun tezkor choralar ko‘rishi kerak” degan qat'iy talabni o‘rtaga tashladi.

30 may kuni yoyinlangan bayonotda ham “O‘zbekiston hukumati prezident Shavkat Mirziyoev va uning oilasini tanqid qilgan fuqarolarni jinoiy javobgarlikka tortishni to‘xtatib, buni jinoyat deb hisoblaydigan qonunni bekor qilishi kerak” degan talab qizil chiziq bo‘lib o‘tadi. 

“Human Rights Watch” tashkiloti “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini ommaviy haqorat qilish yoki tuhmat qilish” moddasi bo‘yicha bitta ayblov xulosasi va beshta hukmni tahlil qilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismiga binoan va O‘zbekiston hukumati fuqarolarni so‘z erkinligi huquqini zo‘ravonliksiz amalga oshirganliklari uchun nohaq ta'qib qilayotganini aniqladi. Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu ayblov bo‘yicha jinoiy ta'qiblar soni bundan ham ko‘proq.

Faktlarga diqqat qaratsak. 

27 yoshli O‘tkirbek Sobirov 2023 yil yanvar oyida Qo‘qon shahrida gaz va elektr ta'minotidagi uzilishlar tufayli ijtimoiy tarmoqlarda o‘z noroziligini bildirdi. 2023 yil 16 mayda Farg‘ona sudi Sobirovni 158-moddaning 1-qismi bilan “prezidentni internet orqali haqorat qilish”, “O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darishga urinish” va “ommaviy tartibsizliklar”da ayblab, uni ikki yil-u uch oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi.  U 159, 1-qism va Jinoyat kodeksining 244-moddasi 2b-qismi bilan aybdor deb topildi. 

Sud hukmida aytilishicha, qish oylarida gaz va elektr energiyasining uzilishidan hafsalasi pir bo‘lganini tan olgan Sobirov Telegram guruhida bir necha bor xabarlar yo‘llab, davlat siyosatini tanqid qilgan va prezidentni iste'foga chaqirgan. Shuningdek, u Qo‘qonda gaz va elektr taqchilligiga qarshi miting o‘tkazishga chaqirgan.

Davlat buyurtmasi bo‘yicha olib borilgan lingvistik tahlil Sobirov tarqatgan xabarlarda hokimiyatning qonuniy vakillarini ag‘darishga qaratilgan chaqiriq va g‘oyalar, shuningdek, jamoat tinchligiga tahdid soluvchi tartibsizliklarga da'vat belgilari borligi haqidagi xulosaga keldi.

2023 yil 26 oktabr kuni Kattaqo‘rg‘on tuman sudi 19 yoshli Dilshod Iskandarovni “onlayn rejimda prezidentni haqorat qilish”da aybdor deb topib, uni ikki yarim yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi.

Davlat buyurtmasi bo‘yicha ekspertlar tahlili xulosasiga ko‘ra, Iskandarov Instagram tarmog‘ida prezidentning oilasi aks etgan video ostida qoldirgan davlat rahbarining oilasini la'natlagan yagona izohi “haqorat va obro‘sizlantirish” hisoblanadi. Sud hukmi matnida qayd etilishicha, u sharh yozganidan keyin biroz vaqt o‘tgach, uni o‘chirib tashlagan. Ammo keyinroq unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini bilgach, Rossiyadan o‘z ixtiyori bilan O‘zbekistonga qaytgan.

2024 yil 28 mart kuni Namangan shahar sudi 27 yoshli D.Tursunovni “Internetda prezidentni haqorat qilgani” uchun besh yilga ozodlikdan mahrum qildi. Sud hukmiga ko‘ra, Tursunov Facebook’dagi “Muhammad Sanjar” profilidan foydalanib, O‘zbekiston prezidentining Moskvadagi G‘alaba bayramiga bag‘ishlangan paradda qatnashayotgani haqida shunday fikr bildirgan: “Xoin valiyne'matiga cho‘qinib, umrbod hukmronlik uchun oq fotiha olgani (Rossiyaga) ketdi”.

Ayblovchi tomon Tursunov o‘zining “Eshak ikki marta emas, yuz marta ka'bani tavof qilsa ham, eshakligicha qolaveradi” degan navbatdagi posti bilan prezidentni qayta haqorat qilganini iddao qildi. Qo‘shimcha tarzda Tursunov 2016 yil sentyabrida O‘zbekistonni tark etar chog‘ida mamlakatdan chiqish vizasiga ega bo‘lmagani uchun chegarani noqonuniy kesib o‘tishda aybdor deb topilgan. OAV xabarlariga ko‘ra, Tursunov 2023 yil dekabrida O‘zbekistonga qaytib kelishi bilanoq hibsga olingan. Bu ayblovning absurdligi shundaki, O‘zbekiston 2019 yildan boshlab xorijga ketayotgan fuqarolardan mamlakatdan chiqish vizasi talab qilishni to‘xtatgan. 

24 yoshli Sitora Bazarova 2024 yil boshida Termiz sudi tomonidan bir qancha jinoiy ayblovlar, jumladan “prezidentni internet orqali haqorat qilish” ayblovi bilan besh yil-u ikki oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Ayblov xulosasiga ko‘ra, 2022 yilning may oyida Bazarova o‘zining Facebook’dagi sahifasida olov ichidagi ikki surat videosini joylashtirgan: birinchisi, prezident Mirziyoev rasmi ustiga “dayus, oilang yonib ketsin” deb yozilgan, ikkinchisi esa Saidaning surati. Prezidentning birinchi yordamchisi bo‘lib ishlayotgan qizi Mirziyoeva ustiga “fohisha” so‘zi yozilgan.

Samarqand viloyati sudi 2023 yil 19 oktabr kuni 39 yoshli Bunyodjon Boboniyozov ustidan hukm chiqarib, uning konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga urinish mazmunidagi va Facebook ijtimoiy tarmog‘ida yozgan haqoratomuz izohlari davlat buyurtmasi asosida lingvistik tahlil qilinib, besh yil-u bir oyga ozodlikdan mahrum qilingan. 

Samarqand viloyatida yashovchi 28 yoshli Sobir Normamatov 2024 yil 8 aprel kuni Instagram’da Prezident Mirziyoevning uchta va Saida Mirziyoevaning bitta videosi ostida yozgan izohlari, jumladan, odobsizliklari uchun ikki yil-u olti oy muddatga axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan edi. Sharhlarda Normamatov prezident Mirziyoevni “masxaraboz” va “ikkiyuzlamachi” deya tilga olgan.

“Human Rights Watch” tashkiloti 2022 yil fevralida “prezidentni internet orqali haqorat qilish” ayblovi bilan to‘rt yil-u olti oyga qamalgan qashqadaryolik 40 yoshli erkak ishi bo‘yicha apellyatsiya sudining qarorini ham tahlil qildi. Qarorda erkakka nisbatan bunday hukm chiqarishga qanday harakat asos bo‘lganligi aniqlashtirilmagan. Shuningdek, 2022 yil fevralida bloger Sobirjon Babaniyozov Telegramda prezidentni haqorat qilgan video va audio xabarlari uchun Jinoyat kodeksining 158-moddasi bilan uch yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

XALQARO HUQUQQA ZID

Jamoat arboblarini tanqid qilganlik uchun jazolovchi qonunlar xalqaro huquq normalariga ziddir va ba'zi ifoda shakllari haqoratomuz deb hisoblanishi qamoq u yoqda tursin, jinoiy ta'qib qilishni ham oqlash uchun yetarli emas, deydi “Human Rights Watch”. Prezident yoki boshqa mansabdor shaxslarga nisbatan “haqorat” jinoyati shunchaki jinoiy adliya tizimini hukumatning uni ranjitgan yoki kamsitgan har qanday shaxsdan qasos olish quroliga aylantiradi.

Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga (ICCPR) rioya etilishini nazorat qiluvchi mustaqil ekspert organi hisoblangan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi so‘z erkinligi haqidagi umumiy sharhida “qamoq hech qachon tuhmat uchun munosib jazo emas” va “barcha jamoat arboblari… qonuniy ravishda tanqid ostiga olinadi” deb ta'kidlaydi.

 2020 yilda prezident Mirziyoev tuhmatni jinoiy javobgarlikka tortishni  tizimini tugatishga  va'da bergan, biroq hali buni amalga oshirmagan.

Buning o‘rniga, 2021-yilning mart oyida O‘zbekistonda prezidentni internet orqali haqorat qilish – tuhmatdan ham kengroq jinoyat – jinoiy javobgarlikka tortuvchi yangi modda kiritildi.

2020 yilda prezident Mirziyoev tuhmatni jinoiy javobgarlik tizimidan chiqarishga va'da bergan bo‘lsa-da, biroq hanuzgacha va'dasining ustidan chiqqani yo‘q. Buning o‘rniga, 2021 yil mart oyida tuhmat qilishdan ham jiddiyroq jinoyat sifatida qaralgan O‘zbekistonda prezidentni internet orqali haqorat qilishni jinoiy javobgarlikka tortuvchi yangi modda qo‘shildi.

Bu modda bo‘yicha birinchilardan ayblangan bloger va hukumat tanqidchisi Valijon Kalonov bo‘lib, u 2021 yilgi prezidentlik saylovi arafasida prezidentni tanqid qilib, saylovlarni boykot qilishga chaqirgan edi. 2021 yil dekabrida Jizzax sudi Kalonovni jinoiy javobgarlikka tortish mumkin emasligi to‘g‘risida qaror chiqardi va uni majburiy psixiatrik davolanishga yubordi.

Oxirgi ikki yarim yil davomida Kalonov ruhiy kasalliklar hibsxonasida majburan ushlab turilib, hukumat uni ozodlikka chiqarishni rad etgan. Uning erkinlik va xavfsizlik, sog‘ligi, jismoniy daxlsizligi hamda g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomala yoki jazodan ozod bo‘lish huquqlari jiddiy buzilgan. Hukumat uni zudlik bilan ozod qilishi kerak, deydi “Human Rights Watch”.

“Bu “prezidentni haqorat qilish” holatlari Prezident Mirziyoevning islohot va'dalarini karikaturaga aylantirib, buning o‘rniga o‘zining kuchli qurolli salafi Islom Karimov tomonidan norozi fikrlarni bostirish va tanqidiy ovozlarni o‘chirish uchun qo‘llangan taktikadan foydalanishga tayyorligini ko‘rsatadi”, dedi Uilyamson.

“Inson huquqlarini hurmat qiladigan mamlakatda haqoratni jinoyatga yo‘yish orqali qamoqqa tashlash amaliyotiga mutlaqo o‘rin yo‘q” – deyiladi 30 mayda xalqaro “Human Rights Watch” tashkilotining Berlindagi qarorgohi tomonidan yoyinlangan bayonotda.

2024 yil xalqaro “Freedom House” tashkiloti O‘zbekistonga 100 ballik baholash tizimidan atigi 12 ballni qo‘yib, mamlakatni “erkin bo‘lmagan” davlatlar ro‘yxatida qoldirdi. Tashkilot erkinlik darajasini ikki omil –  siyosiy huquqlar va fuqarolik erkinliklari bilan o‘lchaydi. Yuqorida aytilganidek, “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining oxirgi indeksida esa O‘zbekiston 180 davlat ichidan 137 o‘rinni egalladi. 

Bu o‘rinda aytish joizki, o‘zbek mulozimlari boshqa davlatlar qonunchiligi ham prezident sharafini himoya qiladi degan etirozni bildirib, o‘zlarini oqlashga odatlangan. Yuqorida bu boradagi Germaniya tajribasini misol keltirdim. Germaniyaga qo‘shni davlat Polshada ham mulozimlarni haqorat qilish degan modda deyarli ishlatilmaydi. 

Polsha Oliy sudi Prezident Dudaga qarshi haqorat arizasini qondirmadi. 2023 yili Polsha Oliy Sudi ijtimoiy tarmoqlarda Prezident Anjey Dudani “esi past” deya haqoratlagan shaxs ustidan ochilgan ishda jinoyat alomati yo‘qligi to‘g‘risida hukm chiqardi. Oliy Sudga ko‘ra, Bosh prokuraturaning yozuvchi Yakub Julchik ustidan kiritgan shikoyati “o‘ta asossiz” bo‘lgan.

Yevropaning boshqa davlatlarida ham davlat rahbarlarini haqoratlash jinoyat hisoblanadi, ammo qonunlar deyarli ishlatilmaydi. Frantsiyada prezidentni haqoratlashga qarshi amalda bo‘lgan qonun 2013 yilda bekor qilingan.

Dunyoning turli qit'alarida, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari tarixida so‘z erkinligini cheklash amaliyoti doim ko‘llanib kelinadi. Hukmdor  nazarida fikri noto‘g‘ri bo‘lgan Nasimiyning terisi shilingan, Mashrab osilgan, Avaz O‘tar esa jinni deya zanjirband qilingan. Sovet davrining eng qatag‘on yillarida Leninni “Yelin” degani uchun urganchlik talaba shoir Egam Raxim Magadandagi sovuq qamoqxonaga badarg‘a qilingan. “Mushtum” jurnali asoschisi Qodiriy ham otilishga hukm qilinishidan oldin rahbarlarni haqorat qilishda gumonlanib tergovga chaqirilgan. Karimov davrida esa o‘nlab jurnalistlar prezidentni haqorat qilganlikda ayblanib qamoqqa tashlangan edi. So‘z erkinligiga tahdidlar doimo bo‘lgan va uning badali turlicha bo‘lgan. XVI asrda Yevropa mamlakatlarida podshoni haqorat qilganlar gulxanda yoqilgan.

Tag‘in o‘qing
16 iyun 2022
Telefon qo‘ng‘iroqlari, tuhmat kampaniyalari va shaxsiy tashriflar: Davlat xavfsizlik xizmati o‘zbekistonlik jurnalistlarni qanday qo‘rqitmoqda? Bu O‘zbekiston jurnalistlariga nisbatan DXX ...
30 noyabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih suhbatning 15-qismida yoshligida yozgan she'rlarini o‘qib beradi. @eltuz
15 yanvar 2019
Samarqandga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev yangi soliq siyosati doirasida joriy yil yakuni bo‘yicha respublikada 5,5 trln so‘m ...
26 aprel 2022
Jahon banki loyihalarida ishtirok etish huquqidan kamida to‘rt yil muddatga mahrum etilgan bu shaxs O‘zbekistondagi keng doiralarda unchalik mashhur ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...