Asosiy mavzular
6 oktyabr 2024

Cho‘loq o‘rdak maqomidagi Bosh vazir faoliyatiga nazar

Siyosiy terminologiyada cho‘loq o‘rdak (Lame duck) degan tushuncha bor. Bu lavozimdagi muddati oxiriga yetayotgan va qayta bu lavozimda qolishi gumon bo‘lgan yuqori martabali mulozimlarga nisbatan ishlatiladi. 

Huquqiy jihatdan Bosh vazir vakolati yana 20 kundan keyin tugaydi. Kimning bosh vazir bo‘lishini 27 oktyabr kuni o‘tadigan Qonunchilik palatasi va kengashlar deputatlari saylovi hal qiladi. 

O‘zbekiston prezidenti bu saylovning raqobat muhitida, xalqaro saylov standartlariga mos ravishda o‘tishiga ishonch bildirdi.

 “Ilk bor rivojlangan mamlakatlardagi kabi» majoritar-proportsional (aralash) tizim asosida, yangilangan Konstitutsiyada belgilangan ijtimoiy-siyosiy muhitda» o‘tkaziladi. Ishonamanki, bo‘lg‘usi saylovlar xalqaro saylov standartlari va milliy saylov qonunchiligiga to‘la muvofiq holda, kuchli raqobat muhitida bo‘lib o‘tadi», — dedi Shavkat Mirziyoev.

Saylovga oz qolar ekan Bosh vazir Abdulla Aripovning faoliyatini elakdan o‘tkazish ham dunyo siyosatida qo‘llaniladigan tutum.

Abdulla Aripovga nisbatan “Karimov ishdan olgan va joriy prezident ishga qo‘ygan” bosh vazir izofasi qo‘llaniladi.

Shu bois Aripov faoliyatini Qodiriy aytmoqchi yaqin tarixning “eng kirli” davri Karimov davridan boshlash joiz.

Shu kunlarda 63 nchi kuzni qarshilagan Abdulla Aripov 2002 yilning may oyidan to 2009 yil oktyabrigacha O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining rahbari bo‘lib, 2009 yildan 2012 yilgacha esa O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Gulnora sharpasi

O‘zbekiston marhum prezidentining to‘ng‘ich qizi  shu kunlarda Zangiota xotinlar turmasida jazo o‘tayotgan Gulnora Karimovaning chet el shirkatlaridan O‘zbekiston telekommunikatsion bozoriga kirish uchun pora olgani bilan bog‘liq janjal ham o‘sha paytda kommunikatsiya sohasini nazorat qilgan mulozim Aripov ismi bilan bog‘lanadi.

Shvetsiya prokuraturasi apellyatsiya sudiga taqdim qilgan TeliaSonera mas'ul xodimlarining o‘zaro yozishmalarida shirkat mas'ullari O‘zbekistonda biznes boshlashdan avval Gulnora Karimova bilan kontakt o‘rnatishga uringaniga ishora qiladi.

TeliaSonera sobiq rahbariga qo‘yilayotgan ayblovlar mazkur shirkatning O‘zbekistonda biznes qilish imkoniyati evaziga bu mamlakat prezidentining qizi Gulnora Karimovaga yuzlab million dollar pora berganiga doir tergov bilan bog‘liqdir.

Bu ishni tergov qilayotgan Shvetsiya prokuraturasi Korruptsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Gunnar Stetlerning aytishicha,

«TeliaSonera bo‘yicha tergov bilan bog‘liq jarayon Abdulla Aripov rahbar bo‘lgan davrni qamraydi. Aripovning imzosini ayni ishga oid ko‘p hujjatlarda ko‘rish mumkin».

Bu ishga oid Xalqaro matbuot nazariga tushgan tafsilotlar ortidan 2012 yilda Aripov ishdan olinib, ustidan jinoyat ishi ochildi.

2012 yilgi sud hujjatlariga ko‘ra, Abdulla Aripovga “O‘zdunrobita” shirkatiga qo‘shimcha retranslyatorlar o‘rnatish uchun noqonuniy ruxsatnomalar berganlik aybi qo‘yilgan.

2013 yilga kelib Abdulla Aripov ustidan jinoiy ish to‘xtatildi va sobiq mulozim Toshkent aloqa kollejida oddiy o‘qituvchi sifatida yana Bosh vazir o‘rinbosari qilib tayinlangan 2016 yilning 13 sentyabrgacha ishlab yurdi.

Sulaymon o‘lib devlar qutulgan zamon

Karimov o‘lgani ortidan iqtidorga kelib O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi  lavozimida bo‘lgan Shavkat Mirziyov 2016 yilning 13 sentyabrida imzolagan farmon bilan Abdulla Nig‘matovich Aripov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalari masalalari kompleksi rahbari lavozimiga tasdiqlandi.

Bosh vazirning yangi o‘rinbosari 2012 yili aynan shu lavozimdan, telekommunikatsiya sohasidagi koruptsiya janjali ortidan, ishdan olingan edi.

Tahlilchi Alisher Ilxomov o‘sha paytda bu tayinlov haqida, “poraxo‘rlik janjali figurantining hukumatga qaytarilishi yomon signaldir” deya yozgan edi. 

2016 yili Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari markazining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi bo‘lib ishlagan  Alisher Ilhomov hukumatga qaytarilgan sobiq mulozim o‘z vaqtida bir imzo bilan mamlakat hazinasini yillik byudjetning 7 foizi miqdoridagi puldan maxrum qilganligini yozgandi:

“Nega o‘ris mulozim Mishustin O‘zbekistonga kelganda Bosh vazir Aripov uni  Samarqandga olib bordi? Nega ular Toshkentning o‘zida  muzokara olib bormadi? Prezident adminstratsiyasidan yashirincha u bilan biror narsa  haqida shivir-shivir qilish uchunmi? Hukumatdagi rossiyaparast kuchlar Moskvaga butunlay sodiq odamni O‘zbekiston boshiga qo‘yish uchun to‘ntarish tayyorlayaptimi? Va bu Rossiya rasmiylarining Toshkentga qo‘pol reydlari fonida sodir bo‘layotgani tashvishli.  Dastlab Volodin O‘zbekiston kim bilan do‘st bo‘lishi kerakligini uqtirib boshladi, keyin Mishustin yana atom elektr stantsiyasini qurish uchun boshlangan loyiha haqida aljib boshladi. Va bundan oldin Vovanning o‘zi Toshkent bilan  «uch karra  ittifoq» o‘rnatishga harakat qildi. 

O‘ylaymanki, bunkerga  qamalgan Putinning O‘zbekistonga qaragan ishtaxasini pasaytirish  uchun mamlakat mustaqilligining kafolati sifatida NATO harbiy bazasini O‘zbekistonda joylashtirish haqida o‘ylash vaqti keldi.”

Tarixiy nomlarni yo‘q qilgan mulozim

O‘zbekistonda joy nomlari o‘zining «estetik didi»ga yoqmaganini Bosh vazir Abdulla Aripov aytgan va o‘nlab tarixiy  turkiy joy nomlarini chuchmal, balanparvoz nomlarga almashtirishga buyruq bergan edi. 

Poraxo‘rlik, ta'magirlik, davlat byudjetini oila kissasi deb bilish degan abadiy xislati bor bu mulozim endi elning tarix elchisi bo‘lgan joy nomlariga ham qirg‘in keltirdi. Eltuz bundan oldin geografik nomlarni o‘zgartirayotgan manqurt it mulozimlar haqida «tepalarimzni qaytarib bering» deya juma va'zi ham qilgan edi.

Aynan Bosh vazir  Aripov tashabbusi bilan O‘zbekistonda 400dan ziyod qishloq va shaharlarning tarixiy nomlari yo‘q qilingan. 

2010 yilning 9 mart kuni Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida aholi punktlarini nomlash muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi. 

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Aripov «Cho‘rindi» yoki «Chivintepa» degan qishloqlar nomi xunukligi bois o‘zgartirilishi kerakligini ta'kidlagan.

«Hurmatli hokimlar, endi shu joylarda yashaydigan odamlar, masalan, yoshlar o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring. Sizdan qishlog‘ingiz yoki ko‘changiz haqida so‘rab qolsa, qanday javob bergan bo‘lardingiz? Tilimizda bir-biridan chiroyli, ma'nolari keng so‘zlar ko‘pku?! Qolaversa, har bir mahallaning tarixi, iqlimini aks ettiradigan nom qo‘yish mumkin edi-ku?! Og‘izga kelgan gapni vaysagandek, bo‘lar-bo‘lmas nomlar qo‘ygandan ko‘ra.”

Bosh Vazirning bu gapidan so‘ng 400 ga yaqin joy nomlari o‘zgartirildi. 

Bundan oldin  Bosh vazir Aripov xarxashasi bilan “xunuk”ligi bois To‘ytepa shahri nomi “Nurafshon”ga, Bo‘z tumani esa “Bo‘ston”ga o‘zgartirilgan edi.

Bosh vazirning tarixiy joy nomlarini «sayqallashtirish» urinishlariga munosabat bildirgan taniqli tilshunos olim Baxtiyor Isabekov “joy nomlarini o‘zgartirish tarix bilan zamon o‘rtasidagi uzviylikni yo‘q qilishga qaratilgan jinoyat” degan fikrni bildirgan edi. 

O‘zbekiston hukumati Buxoroning tarixiy hududida buzish va qurish ishlarini olib bormaslik yuzasidan YuNYeSKOga bergan va'dasini buzib shaxarni vayron qilib yotibdi. Tarixiy markazda feyk bino qurishga de yure Bosh vazir Abdulla Aripov izn bergan va buning ortidan Buxoro YuNYeSKO madaniy obidalari ro‘yxatidan o‘chish xatari bilan yuzma yuz qoldi.

Saylov yaqinlashgani uchun cho‘loq o‘rdak maqomiga tushgan Bosh vazir faoliyatiga nazar soldik. Qozonda bori cho‘michga ilindi. Yaxshisini yashirmadik, yomonini oshirmadik. Bu odamning lavozimda yana qolish yoki qolmasligini  xalq saylaydigan deputatlar xal qiladi.

Saylov shunisi bilan muxim. Xalq o‘z irodasi bilan siyosatga ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan instrument ham shu.

Biz esa ayni siyosiy jarayonlarni kuzatishda davom etamiz.

Tag‘in o‘qing
23 iyul 2016
O‘tgan hafta Eltuz.com nashri Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlari paxta dalalarini qurt bosgani va uni qo‘lda terib olishga odatdagidek, Xalq ...
22 avgust 2017
Mug‘anniy (G‘anijon Holmatov) 1949 yil O‘sh shahrida tug‘ilgan. Toshkent Teatr va rassomchilik institutini tamomlagan. Shoir 2014 yilning 9 iyunida ...
25 iyul 2017
To‘ytepa shahri Toshkent viloyati markaziga aylantirilarkan, uni smart – «aqlli» shaharga aylantirish uchun 2 milliard dollar sarflanadi. Prezident Mirziyoevning ...
14 avgust 2017
2015 yilning 25 sentyabrida Xorazmga majburiy mehnat monitoringi uchun borgan mustaqil jurnalist Maloxat Eshonqulova va huquq himoyachisi Yelena Urlaevalar ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...