Asosiy mavzular
22 mart 2019

22 mart – Movarounnahr hukmdori va astronom Mirzo Ulug‘bek tug‘ilgan kun

Matematikaga oid “Risolai Ulug‘bek” va astronomiya ilmida voqea bo‘lgan “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asarlarini yozgan olim va davlat arbobi Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bek hozirgi Eronning Sultoniya shahrida 1394 yilning 22 martida dunyoga keladi.

Astronom, matematik va davlat arbobi sifatida iz qoldirgan Ulug‘bek Shohruhning o‘g‘li, Amir Temurning nabirasidir.

Sohibqironning “besh yillik yurish”ida (1392-96) Iroqdagi Mordin qal'asini qamal qilish chog‘ida tug‘ilgani aytiladi.

Ulug‘bekning hayotligida chizilgan yagona portreti.  Bu rasm keyin yaratilgan va o‘ylab topilgan rasmlardan mutlaqo farq qiladi. Bunda u o‘g‘illari Abdullatif, Abdulaziz, ochiq libos kiygan xotinlari va amirlari bilan birga o‘tiribdi. 1425-1450. "Frir" galereyasi,   (Freer Gallery of Art) Vashington
Ulug‘bekning hayotligida chizilgan yagona portreti. Bu rasm keyin yaratilgan va o‘ylab topilgan rasmlardan mutlaqo farq qiladi. Bunda u o‘g‘illari Abdullatif, Abdulaziz, ochiq libos kiygan xotinlari va amirlari bilan birga o‘tiribdi. 1425-1450. «Frir» galereyasi, (Freer Gallery of Art) Vashington

Davlat arbobi va hukmdor

Sharafuddin Ali Yazdiy o‘zining “Zafarnoma” asarida yozishicha, Amir Temur huzuriga chopar kelib Ulug‘bekning tug‘ilgani va munajjimlar bu nevara kelajakda ham olim, ham hukmdor bo‘lishini bashorat qilganlari xushxabarini yetkazadi.

Sohibqiron xursandligidan Mordin qal'asi qamalini to‘xtatib, uning xalqiga yuklangan to‘lovni bekor qiladi.

Uning o‘z nabirasiga Muhammad Tarag‘ay va Ulug‘bek deb ism qo‘yganini ham munajjimlarning yuqoridagi bashorati bilan bog‘lash mumkin.

Amir Temur Ulug‘bek tarbiyasiga alohida e'tibor bergan va uni davlat ahamiyatiga molik tadbirlarda qatnashtirgan.

Klavixoning qayd etishicha, Ulug‘bek bobosining xorijiy elchilarni qabul qilish marosimlarida ishtirok etgan.

1404 yil Konigilda o‘tkazilgan tantanalarda Amir Temur oltita nabirasining (jumladan, Ulug‘bekning) nikoh to‘yini o‘tkazgan. To‘yda sohibqiron Ulug‘bekka Toshkent, Sayram, Yangi (hozirgi Taroz), Ashpara va Mo‘g‘ulistonni to Xitoy hududigacha suyurg‘ol qilib bergan.

Amir Temur O‘trorda vafot etgan chog‘da Ulug‘bek ham o‘sha yerda bo‘lgan. Temur vasiyatiga ko‘ra, Ulug‘bek Turkiston hukmdori bo‘ladi va davlatni Samarqanddan turib idora qiladi.

Maorif va fan ravnaqi

Ulug‘bek davriga kelib madrasalarda diniy fanlar bilan birga dunyoviy fanlar ham o‘qitildi, ko‘proq aniq fanlarga ahamiyat berildi. Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi, Shohizinda va Registon majmualari qurilishlari poyoniga yetkazildi.

Zamondoshlarga ko‘ra, Ulug‘bek qilgan eng buyuk ish Samarqand ilmiy maktabini – o‘sha davr akademiyasini barpo etganligi bo‘ldi. Bu ilmiy maktabda 200 dan ortiq olim faoliyat yuritgan.

Ular orasida eng yiriklari Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy edi. Ulug‘bekning ilmiy maktabi o‘z faoliyatida o‘rta osiyolik mashhur olimlar Muhammad Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abul Abbos al-Javhariy, Ibn Turk al-Xuttaliy, Xolid al-Marvarrudiy, Ahmad al-Marvaziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy boshlab bergan ilmiy an'anaga asoslanar edi.

Ulug‘bek Samarqand yaqinida rasadxona barpo qildi. Samarqandda 2 ta madrasa: biri Registon, ikkinchisi Go‘ri Amir ansambli tarkibida barpo qilgan.

Boshqa yirik olimlar qatorida Ulug‘bekning o‘zi ham bu madrasalarning har birida haftada bir marotaba ma'ruza o‘qigan.

Boshqa vaqtini ko‘proq astronomik kuzatishlarga, “Zij” ustida ishlashga va davlat ishlariga bag‘ishlagan. Ulug‘bekning yana bir matematik asari “Risolai Ulug‘bek” deb ataladi va uning 1-nusxasi Hindistonda Aligarx universiteti kutubxonasida saqlanadi, hali o‘rganilmagan.

Ulug‘bekning ilmiy merosi uning “Zij”idir. Bu asar sayyoralar, Quyosh va Oy harakatini talqin qilish, yulduzlar katalogi va unda qo‘llanilgan matematik usullari bo‘yicha o‘rta asrlardagi astronomik asarlarning eng mukammali bo‘lgan.

Ulug‘bek haqidagi asarlar

“Zij”ga ilk sharhni Ulug‘bekning shogirdi Ali Qushchi “Charxi Ziji Ulug‘bek” nomi bilan yozgan.

Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonida «Ulug‘bek madhiyasi» degan maxsus bob mavjud. Unda Ulug‘bek zaminda osmon yaratgan olim, deb ta'riflanadi:

Rasadkim bog‘lamish zebi jahondir,
Jahon ichra yana bir osmondir.
Bilib bu nav' ilmi osmoniy,
Ki andin yozdi «Ziji Ko‘ragoniy».
Qiyomatga degancha ahli ayyom,
Yozarlar aning ahkomidin ahkom.

1690 yil Gdanskda polyak astronomi Yan Geveliy chop ettirgan “Yulduzlar osmonining atlasi”dagi ikkita gravyurada o‘sha davrning mashhur astronomlari orasidan Ulug‘bekka faxrli o‘rin bergan, unda Ulug‘bekning yulduzlar jadvalini Ptolemey, Tixo Brage, Richchioli, Vilgelm Iv va o‘zining jadvallari bilan solishtirgan.

1711 yil Oksfordda Ulug‘bekning geografik jadvali 3-marta nashr etilgan.

1807 yil o‘sha yerda bu jadval yangi grek tilida ham nashr etilgan.

1725 yil ingliz astronomi D.Flemetid (1646-1719) Ulug‘bekning yulduzlar jadvalini Ptolemey, Tixo Brage, Vilgelm Iv, Yan Geveliy va o‘zining jadvallari bilan birga nashr etgan.

1908-09 yillar V.L.Vyatkin Ulug‘bek rasadxonasining xarobalarini va uning asosiy asbobi – kvadrantini kavlab topgandan so‘ng Samarqand olimlarining faoliyatiga qiziqish yangidan boshlanadi.

Natijada 1918 yilda V.V.Bartoldning “Ulug‘bek va uning davri” asari nashr etilgan.

1611-1687 yillarda yashab ijod qilgan taniqli astronom Yoxannes Xeveliusning Ulug‘bekka bo‘lgan munosabati ilm ahliga ma'lum.

Taniqli astronom Laplas Ulug‘bekka «eng ulug‘ kuzatuvchi», deb baho bergandi. Buyuk frantsuz dahosi, tadqiqotchi olim Valter (Mark Fransua Arue, 1694-1778) Ulug‘bek haqida: «Ulug‘bekning buyukligi uning qilgan ishlari bilan belgilanadi.

Ulug‘bek Samarqandda birinchi Fanlar akademiyasini yaratdi, yer kurrasini o‘rgandi, koinot va yulduzlarni kashf etib, mashhur jadval tuzdi», deb ta'kidlagan edi.

Ulug‘bek aks etgan suratlar

Bugunga kelib Ulug‘bekning ikki nodir surati saqlanyapti. Bir rangli surat fors miniatyura san'ati maktabi namoyandasi bo‘lgan rassom tomonidan 17-asrda yaratilgan bo‘lib, unda Ulug‘bekdan tashqari olimning 25 ta shogirdi, saroy ahli tasvir etilgan.

Ulug‘bek shogirdlari davrasida suhbat ustida tasvirlangan. Eng taniqli shogirdi Ali Qushchi Ulug‘bekning chap yonida ko‘rsatilib, u buyuk olim bilan suhbatlashayotgan holda tasvirlangan.

Bu nodir surat haqida dastlab 1970 yili Angliyada chiqadigan «Nistoru Today» («Bugungi tarix») jurnali sahifalarida taniqli ingliz olimasi va yozuvchisi, «Jahongir Temur» romanining muallifi Xilda Xukxem maqola e'lon qilgandi [«Nistory today», London, 1970, No.Z, p.209]. Keyinchalik bu rasm Henri Vienchekning «Osiyo ustida bo‘ron» (Henry Wiencek, Storm across Asia, New Yogk, NVJ Pgess, 1980, Printed in Italy, r.84) kitobiga ilova qilindi.

Ulug‘bekning ikkinchi surati taxminan 1440 yilda Samarqandda o‘z yurtimiz rassomi tomonidan chizilgan bo‘lib, Ulug‘bekning shu kunlargacha topilgan eng nodir surati hisoblanadi.

Bu suratning asl nusxasi Nizomiy «Xamsa»si sahifasiga chizilgan va u hozir Turkiyadagi muzeyda saqlanadi.

Ulug‘bekning bu o‘ta nodir surati haqida ilk bor asli o‘rta osiyolik tarixchi Abdulhay Habibiy o‘zining «Temuriylar davri san'ati va san'atga oid asarlar» nomli kitobida ma'lumot bergan hamda bu suratni «Az Sulton ul-A'zam Ulug‘beki Go‘ragon» («Buyuk sulton Ulug‘bek Ko‘ragon») deb atagan.

Ulug‘bekning Istanbul muzeyidan topilgan suratida buyuk olim yerga chordona qurib o‘tirib osmonga boqqan holda yakka o‘zi tasvirlangan.

Xevelius Ulug‘bek asarini nashrga tayyorlash bilan birga, Ulug‘bekning ovro‘polik rassomlar chizgan ikki suratini ham asariga ilova qilgan.

Ulug‘bek asarlari

Jahondagi mashhur kutubxona, muzeylarda hozirgi kunlargacha Ulug‘bek asarining 25 ta qo‘lyozmasi saqlanib kelinyapti: oltitasi Angliyaning Britaniya muzeyida, uchtasi Parij milliy kutubxonasida, yettitasi Angliyaning Bodlean kutubxonasida, ikkitasi Sent Jounz kolleji kutubxonasida, bittadan Buyuk Britaniya Qirollik astronomiya jamiyati va Krovford kitobliklarida hamda beshtasi Hind idorasi nomi bilan tanilgan tashkilot kutubxonasida.

Qo‘lyozmalarning 22 tasi fors tilida va faqat uchtasi arab tilida yozilgan, Ulug‘bek «Zij»ini Buyuk Britaniyada birinchi bo‘lib Jon Grivs tadqiq etgan.

1648-1658 yillar o‘rtasida J.Grivs Ulug‘bek asarini uch marta nashr ettirgan. Boshqa bir ingliz olimi Tomas Xayd 1665 yili Ulug‘bek asarini ingliz tiliga tarjima qilib, 1018 ta yulduz jadvali bilan birga chiqargan.

Tomas Xaydning Ulug‘bek «Zij»iga bag‘ishlangan bu tadqiqoti 1767 va 1843 yillari qayta nashr bo‘lgan.

Padarkush buyrug‘i bilan

Bugungi zamon ilm faniga Ulug‘bekdan ulug‘ meros qoldi. Biroq buyuk astronom va hukmdor hayoti uning mutaassib o‘g‘li farmoyishi bilan fojiali yakun topdi.

Ulug‘bek 1449 yilning 27 oktyabrida Samarqand yaqinida padarkush Abdullatif buyrug‘i bilan qatl etildi. Uning jasadi Go‘ri Amir maqbarasiga dafn etilgan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 may 2017
Karimov davrida shahar chekkasiga chiqarib tashlangan Shomahmudovlar haykali yana markazga qaytarilmoqda. “San'at asari o‘laroq men bu haykal majmuasini hech ...
27 sentyabr 2017
Farg‘ona viloyatida huqumatning o‘qituvchi va shifokorlarni paxtadan qaytarish buyrug‘iga qaramay, ular hamon dalada qolib paxta terishmoqda. Ma'lum bo‘lishicha, shifokorlar ...
24 fevral 2022
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi AQSh elchixonasini O‘zbekiston hududida josuslik faoliyatini amalga oshirayotganlikda aybladi. @eltuz olib borgan surishtiruv AQSh elchixonasini ayblash ...
1 fevral 2016
Samarqand viloyatida chaqaloqlar nogironligi ko‘payib borayotganiga oid surishtiruvimizga bir necha ayollarning bu haqdagi shikoyatlari sabab bo‘ldi. Oqdaryo tuman Ravot ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...