Asosiy mavzular
22 mart 2016

Panadagi ishlar: O‘zbekistonning “oq oltini”ni oqartirish

O‘zbekistonda 2015 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida to‘plangan ma'lumotlar hukumat majburiy mehnatdan tizimli ravishda foydalanishga chek qo‘yish uchun zarur islohotlar o‘tkazmayotganini ko‘rsatmoqda.

Shunga qaramay, O‘zbekistonda 2015 yilgi paxta terimi mavsumi avvalgi yillardagidan sezilarli farq qildi. Hukumat bu vaqtda milliondan ortiq odamni paxta terimida ishtirok etish, fermerlarni esa jarima tahdidi ostida paxta yetishtirishga majburlash bilan bir qatorda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bilan go‘yoki hamkorlik qilayotganini namoyish etish, shuningdek, mehnat qonunchiligiga rioya qilish borasida Jahon banki oldida o‘z zimmasiga olgan majburiyatini bajarayotganini ko‘rsatish uchun sezilarli sa'y-harakatlar qildi.

O‘zbekiston hukumati ko‘p narsasini qartaga tikkandi. Jahon banki O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sektoriga 500 million AQSh dollaridan ortiq sarmoya yo‘naltirdi. O‘zbekiston fuqarolik jamiyati tomonidan bildirilgan shikoyatlardan so‘ng bank kredit to‘g‘risidagi bitimga kredit ajratilayotgan hududlarda majburiy mehnat yoki bolalar mehnati aniqlangan taqdirda kredit ajratishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bandni kiritdi.

Shartnomaga ko‘ra, 2015 yilgi paxta yig‘im-terimi davrida XMT kuzatuvchilari mehnat monitoringini amalga oshirdi.

O‘zbekiston hukumati paxta sektorini isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli sa'y-harakatlar o‘rniga majburlashni yanada kuchaytirishga qaror qildi. Bosh vazirning fermer xo‘jaliklari yer maydonini qisqartirishni ko‘zda tutuvchi «maqbullashtirish»ga oid yangi qarori istisnosiz barcha fermerlarga 2015 yil 1 dekabrga qadar yerni davlatga qaytarish majburiyatini yukladi.

Fermerlarga nisbatan uyushtirilgan, «Oybolta» nomini olgan yana bir kampaniyaga muvofiq, bosh vazir sud ijrochilari va militsiyaga paxta va g‘alla topshirish bo‘yicha davlat rejasini bajarmagan fermerlarning mol-mulkini tortib olish to‘g‘risida buyruq berdi. Shunday qilib, mulkni tegishli baholash amalga oshirilmay turib fermerlarning chorva mollari, traktorlari, hatto televizorlari musodara qilindi.

Xuddi avvalgi yillardagi kabi hukumat fermerlarga paxta bo‘yicha reja yukladi va uni yetishtirishning barcha bosqichlarini nazorat qildi. Hukumat belgilagan paxta xarid narxi ishlab chiqarish xarajatlaridan ham past bo‘lgan bir paytda davlat nazoratidagi qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun mahsulotlar ishlab chiqaruvchi monopol kompaniyalar fermerlarni doimo qarzdorlikda ushlab turishga qaratilgan tizim yaratgan.

2015 yil hosilini yig‘ib olish uchun amaldorlar yana bir bor milliondan ortiq odamni, jumladan, talabalar, o‘qituvchilar, shifokorlar, hamshiralar va davlat muassasalari xodimlari va xususiy biznes vakillarini, ularning ixtiyoriga zid ravishda, ishdan bo‘shatish va boshqa tahdidlar ostida paxta dalalariga chiqishga majburladi. Hukumat o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarini dala ishlariga jalb qilmaslik majburiyatini olgan bo‘lsa-da, ularni majburiy tarzda ommaviy ravishda dalaga olib chiqdi. Kishilar 15-40 kunlik smenalarga bo‘lingan holda og‘ir vaziyatlarda, ya'ni to‘s-to‘polonda,
toza ichimlik suv yetishmasligi va tahqirli sanitariya-gigiena sharoitlarida kuniga juda ko‘p soatlab paxta terdi.

Puli borlar o‘zining o‘rniga mardikor yollab va o‘z boshliqlariga pora berib dalada ishlash mashaqqatidan qutulib qolish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Amaldorlar va tadbirkorlar milliy rejani qo‘llab-quvvatlash majburiyati ostida qoldilar va tegishli yozma buyruqlar chiqargan holda o‘z ishchilarining o‘rtacha 40 foizini paxta yig‘im-terimiga chiqarishga ko‘rsatma berdilar.

O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi bir necha ana shunday buyruqlar namunalarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Ular “Majburiy mehnatni tashkil etish sxemasi” onlayn jadvalida keltirilgan. Bu esa O‘zbekistonda majburiy mehnatga oid keng ko‘lamni davlat siyosati yuritilayotganini ko‘rsatib turibdi.

O‘zbekiston fuqarolari paxta sanoatini o‘zlarining shaxsiy cho‘ntaklaridan subsidiyalaydi. Biz joylarda 2015 yil bahor va kuz mavsumlarida o‘tkazilgan keng ko‘lamli tadqiqotlar vositasida aholining aksariyat qismi paxta dalalarida ishlashni qo‘shimcha daromad olish imkoniyati deb bilmasligini aniqladik. Aslida paxta yetishtirishdagi majburiy mehnat tizimi ko‘plab xodimlarga sezilarli iqtisodiy zarar yetkazadi. Ular o‘z xarajatlarini qoplash hamda oilasidan majburiy ravishda uzoqda bo‘lish va asosiy ishidan uzilishlar o‘rnini to‘ldirish uchun juda kam pul topadi yoki yetarlicha mablag‘ topa olmaydi.

O‘zbekicton hukumati butun mamlakatdagi juda ko‘p sonli o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarini paxta terimi uchun uzoq muddatli smenalarga safarbar etish, demakki maktablar va tibbiyot muassasalarini yetarlicha xodimlarsiz qoldirish orqali ta'lim va sog‘liqni saqlash sohalariga zarar yetkazmoqda.

Hamkasblari paxta terayotgan bir vaqtda o‘z ish o‘rinlarida qolayotgan xodimlar ketganlarning o‘rnini qoplash uchun belgilanganidan ko‘ra ko‘proq, ammo qo‘shimcha haq to‘lanmasdan ishlashga majbur bo‘ldi. Maktablar va shifoxonalar xodimlari muassasaning me'yorida faoliyat ko‘rsatishini ta'minlash uchun juda katta bosim ostida qoldi. Ko‘plab kollej va universitetlar talabalar paxta terimida ishtirok etishi uchun darslarni to‘xtatdi, boshqalari esa uchinchi kurs talabalari paxta terayotgan paytda birinchi va ikkinchi kurslar uchun nomigagina mashg‘ulotlar o‘tkazib turdi.

Sezilarli qo‘rquv muhiti paxta yig‘im-terimi mavsumiga ham o‘z ta'siri o‘tkazdi va majburiy safarbarlikka imkon yaratdi. Paxta terimi davrida biz bilan suhbatlashganlarning deyarli barchasi agar terimdan bosh tortsa, unga tahdid qilinishi haqida gapirdi. Eng keng tarqalgan ogohlantirish paxtaga bormagan kishi ishdan bo‘shatilishiga oid bo‘ldi. Qo‘rquv muhiti kishilarga Mehnat vazirligi va davlat tomonidan nazorat qilinadigan kasaba uyushmalari federatsiyasining ishonch telefonlariga shikoyat etishiga, shuningdek, XMT monitoring guruhi a'zolari bilan ochiq gaplashishiga to‘sqinlik qildi. Bu guruh tarkibida bitta xalqaro vakil va davlat nazoratidagi tashkilotlarning to‘rtta mansabdor shaxsi bor edi.

Hukumat majburiy mehnatdan foydalanilayotganini yashirishga urinib, mustaqil kuzatuvchilarga nisbatan misli ko‘rilmagan tahdid va ta'qiblar kampaniyasini amalga oshirdi. Shu bilan birga, keng tarqalgan majburiy mehnat aslida ko‘ngilli asosda ekanini ko‘rsatishga urindi. Ayrim holatlarda o‘qituvchilar, talabalar va tibbiyot xodimlari ular paxta terimida ko‘ngilli ravishda qatnashayotgani, agar paxta yig‘im-terimida qatnashmasa, intizomiy choralar ko‘rilishi, jumladan, ishdan bo‘shatilish va o‘quv yurtidan haydalishga rozi ekani to‘g‘risidagi arizani imzolashga majburlandi.

Yana boshqa holatlarda amaldorlar kishilarga kuzatuvchilarga yolg‘on gapirish, paxta terimiga o‘z xohishi bilan chiqqanini aytish to‘g‘risida ochiqchasiga ko‘rsatma berdi. Militsiya xodimlari majburiy mehnatdan foydalanilayotganini hujjatlashtirayotgan huquq himoyachilari, xususan, O‘zbekiston-Germaniya forumi uchun ma'lumotlar yig‘ayotgan faol fuqarolarni bir necha marta hibsga oldi, ularga hujum uyushtirdi va ularga qarshi soxta ayblovlar to‘qidi.

Hukumatning majburiy mehnatni yashirishga va samarali monitoring o‘tkazi lishiga to‘sqinlik qilishga qaratilgan amallariga qaramay, XMT majburiy mehnat muammosi saqlanib qolayotgani va islohotlar bo‘yicha sezilarli sa'y-harakatlar zarurligi to‘g‘risida xulosa berdi. Mana shu xulosalarga qaramay, O‘zbekiston hukumati Jahon bankidan mablag‘ olishda davom etmoqda.

Hukumat tomonidan mustaqil kuzatuvchilarning ta'qib etilishi Jahon banki, XMT va boshqa hamkor xalqaro tashkilotlarning chuqur tashvishiga sabab bo‘lishi zarur. Jahon banki va XMT vakillari bilan uchrashgan faollar bu tashkilotlar mustaqil kuzatuvchilarning xavfsizligini ta'minlashga, aftidan, ustivor vazifa sifatida qaramasligi to‘g‘risida gapirmoqda. Ularning bu yuzadan so‘rovlar jo‘natishi kam kuzatiladi, umuman, ommaviy bayonotlar qilmaydi, shuningdek, agar monitorlar hibsga olinsa, qo‘pol muomalalarga duchor bo‘lsa yoki boshqa muammolarga duch kelsa, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida biror amalga qo‘l urmaydi.

Hisobotning xulosa bobida O‘zbekiston-Germaniya forumi O‘zbekiston hukumatini paxta sektorini qamrab olgan majburlash va korruptsiyaga chek qo‘yishga, shuningdek, Jahon banki, AQSh, Yevropa Ittifoqi va XMTni O‘zbekiston hukumatini xalqaro majburiyatlarga muvofiq javobgarlikka tortishga chaqirishi ta'kidlangan.

Hisobotning to‘liq matni bilan ingliz tilida
http://harvestreport2015.uzbekgermanforum.org sayti orqali tanishish mumkin.

Tag‘in o‘qing
15 fevral 2022
Bor ekanda yo‘q ekan, och ekanda to‘q ekan. Bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan. Qarg‘a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ...
2 noyabr 2018
Vladimir Jirinovskiy boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi 2 noyabr kuni Buxoroga keldi. Rossiya Davlat dumasi deputatlaridan iborat delegatsiyani, O‘zA xabariga ko‘ra, ...
22 iyun 2018
Turkiyada 24 iyun kuni prezident saylovi o‘tadi. Unda prezidentlikka iqtidordagi Erdo‘g‘ondan tashqari Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP)dan Muharram Inja va ...
22 fevral 2023
O‘zbekiston Suriyaning zilziladan jabr ko‘rgan hududiga 50 tonnaga yaqin insonparvarlik yordam yukini jo‘natdi. Avvalroq Turkiyaga ham 170 tonna gumanitar ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...