Boshqa maqolalar
9 iyun 2020

O‘sh voqealarini xotirlab…

Bu maqolani o‘tgan yili yozgan edim. Lekin hech qaerga jo‘natmadim. Sababi, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoevning tashabbusi bilan O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidaga muomala yaxshilanib bormoqda edi. Qilinayotgan ishlar hurmati, maqola jo‘natilmay qoldi. Biroq Qirg‘izistonda o‘zbeklarga nisbatan Atamboev tomonidan ishlab chiqilgan siyosat hozirgi kungacha mutlaqo o‘zgarmadi. Bugungi kundagi voqealar maqoladagi keltirilgan faktlarni omma bilishi zarur ekanligi meni uni yangi faktlar bilan to‘ldirib, OAV orqali chiqarishga undadi…

“Sanpa” paxta zavodi yonidagi haykalni S. Jeenbekov boshliq guruh ziyorat qilmoqda. 2017 yil 10 iyun

2017 yilning 10 iyun kuni Qirg‘iz Respublikasi bosh vaziri Sooronboy Jeenbekov So‘zoq qishlog‘i yonidagi “Sanpa” paxta zavodi yonida 2010 yilda “qurbon bo‘lganlar xotirasi”ga qurilgan yodgorlik poyiga gulchambarlar qo‘ydi. O‘sha kuni O‘sh shahrida ham shunday tadbir bo‘ldi, deb xabar beradi http://kyrgyztoday.org sayti.

Bunday tadbir 2010 yildan buyon birinchi marta o‘tkazilyapti. Tadbir davomida qatnashchilar xuddi qahramonlarni eslagandek nutq irod etdilar. O‘lganlar maqtaldi, 2010 yil voqealarini o‘zlari xohlagan tarzda sharhlab, intervyu berdilar. Lekin aslida shundaymi? Unday emas, albatta. Bu go‘yoki nemis fashistlari o‘zlari bosib olgan joylarga o‘lgan askarlari uchun yodgorlik tiklaganday gap.

Masalan, “Sanpa”ni olaylik: 2010 yilning 12 iyun kuni Jalolobodda A.Beknazarov o‘zining jamoasi bilan kelib, o‘zbeklarga qarshi urush rejasini ishlab chiqadi. Bu rejani tashkillashtirishga Tashiev juda faol ishtirok etgan. Beknazarov o‘sha paytda muvaqqat hukumat a'zosi sifatida huquq-tartibot yo‘nalishiga rahbarlik qilardi. Butun militsiya, harbiy qism safarbar etiladi. Jalolobod viloyati ichki ishlar boshqarmasining qurol-yaroqlari o‘lja ilinjida Qizilungur, Ko‘kolma, Barpi, Belterak, Oktyabrskoe, Achi kabi qishloqlardan kelgan qirg‘iz millatchilariga tarqatiladi. Qurolni Tashiev va IIBning boshlig‘i Bakirov olib kelishadi. Odamlarga ularning pasportini olib, AKM va uning o‘qlarini tarqatib, nima qilish kerakligi haqida ko‘rsatmalar beradilar. Ayniqsa, Tashiev haqida: «Zo‘r odam ekan, ichki ishlar boshqarmasining boshlig‘ini ikki-uch marta so‘kib ham qo‘ydi», deb o‘sha tadbirga qatnashgan qirg‘iz yoshlari bir oydan ko‘p gapirib yurdilar.

O‘sha kuni tunda Jalolobodda tinch yashayotgan o‘zbeklar yashayotgan mahallalar bosqinchilar tomonidan talandi, odamlar o‘ldirildi. Bosqinchilar bu muvaffaqiyatdan ilhomlanib, So‘zoqni bosib olishga harakat qiladilar. So‘zoqda mudofaa ishlari yurgizilgan, mudofaachilar o‘z yerlarini bosqinchilardan qo‘riqlash uchun o‘zbek milliy-madaniy markazi tuman bo‘limi raisi O‘.Ablazov atrofida mustahkam birikkan edilar. So‘zoqqa kiradigan asosiy yo‘lga gaz ballonlari uyulib qo‘yilgan, agar bosqinchilar bu yo‘lga kirsa, portlatilishi mo‘ljallangan. Bundan xavotir olgan talonchilar “Sanpa” paxta zavodi yonidan kiradigan yo‘l orqali So‘zoqqa hujum qiladilar. U yerda mudofaada turgan so‘zoqliklar hujumni qaytaradi. Bosqinchilardan bir nechtasi halok bo‘ladi.

Muvaqqat hukumat a'zosi A.Beknazarovning bevosita ko‘rsatmasi bilan Moylisuv va Novkent rayonlari ichki ishlar bo‘limidagi qurollar bilan qurollangan uning o‘g‘li Ruslan Beknazarov boshchiligidagi bosqinchilar o‘sha kuni kunduzi Bozorqo‘rg‘on qishlog‘iga bostirib kiradilar. 110 dan ortiq uy talanib, o‘t qo‘yiladi. Tinch yashayotgan aholidan 11 tasi o‘ldiriladi. Talonchilar tomonidan ham o‘lganlar bo‘ldi. “Sanpa” yonidagi fitnani yashirish va u yerda o‘lgan qirg‘izlarning sonini ko‘paytirish uchun Bozorqo‘rg‘on qishlog‘iga uyushtirilgan bosqinda o‘lgan talonchilarning murdalarini Bozorqo‘rg‘ondagi mahalla qo‘mitasi raisi G‘ulomjon Raimovning uyida turgan uning tanishlarining busigiga yuklab Sanpaga olib borib tashlashdi. Shunday qilib, ularning sonini 16 taga yetkazadilar. Bozorqo‘rg‘onda o‘lganlarning 3-4 tasini ilgari soliq inspektsiyasi bo‘lgan bino yonidagi uyning ichiga tashlab, o‘t qo‘yib yuboradilar.

Bozorqo‘rg‘on qirg‘iniga qatnashgan qizilungurlik bosqinchilar Bozorqo‘rg‘on qishlog‘idan talab olib kelingan mashina-mashina ko‘rpa-to‘shak, idish-tovoq, mebellar va kiyim-kechaklarni Qizilungur qishlog‘ining chekkarog‘idagi maydonda o‘zaro bo‘lishadilar. Shunisi ajablanarliki, bu tadbirga qishloq oqsoqollari, qari ayollar ham qatnashadilar. O‘lja taqsim qilinayotgan paytda bir ko‘rpacha orasidan go‘dakning jasadi chiqadi. U chiriy boshlagan ekan. Talonchilar uni o‘rmon ichiga tashlab yubormoqchi bo‘ladilar. Lekin oqsoqollarning orasida bittasi, ey, bu, axir, odam-ku, uni ko‘mish kerak, deb qabristonga qo‘yadilar. Bu voqea hozirgacha o‘sha qishloqning yaxshilari orasida talonchilarga nafrat bilan aytib kelinadi.

Bozorqo‘rg‘on qishlog‘idagi qirg‘indan 20 kuncha o‘tib, fuqaro Qahramon Nurmatovning soliq inspektsiyasi joylashgan bino yonidagi kuyib kul bo‘lgan uyi o‘rnini tozalayotgan uy egasining jiyanlari 3 ta kuygan jasadni ko‘radilar. Bosqin paytida o‘lgan bozorqo‘rg‘onliklarning hammasi tayin va ular yerga qo‘yilgan bo‘lsa, bular kim bo‘ldi, deb tuman ichki ishlar bo‘limiga xabar berishadi. Kuygan jasadlarni ko‘rib ketgan militsiya xodimlari ertasiga “Biror joyga ko‘mib qo‘yinglar”,- deb javob beradilar. Hech kim hech narsani tekshirmaydi. Bugungi kunda Bozorqo‘rg‘on atrofidagi Qizilungur, Ko‘kolma, Oqmon, Jo‘n, Ovuq, Shidir kabi qirg‘iz qishloqlaridan 2010 yil iyun oyida O.Tekeboev va S.Nishonovga o‘xshagan millatchi deputatlarning chaqirig‘iga ergashib, bosqinga qatnashgan o‘nlab yigitlar nom-nishonsiz yo‘qolgan. Ularni hanuzgacha ota-onalari izlab yurishibdi. Qahramon Nurmatovning uyiga talonchilar tomonidan tashlanib, yondirib yuborilgan jasadlar balki o‘sha aldangan va ota-onalari izlab yurgan yigitlarnikidir?

“Sanpa”da o‘lganlarning “qahramon”ligini abadiylashtirishga 2010 yili oktyabrda saylovda yutib chiqqan “Ata-Jurt” partiyasining a'zosi, Jogorku keneshning raisi bo‘lib saylangan ashaddiy millatchi A.Keldibekov jon-jahdi bilan kirishgan. Va shu yodgorlikni qurib, ochilishiga ham o‘zi qatnashgan.

O‘shdagi voqealar esa butunlay boshqa rejada amalga oshirilgan. 9 iyun kechki payt vertolyotda Oloydan kelayotgan millatchi yoshlarga muvaqqat hukumatning topshirig‘i bo‘yicha qurol-yarog‘ yetkazib berilgan. Ana shu qurollar bilan qurollangan to‘dalar O‘shning O‘n adir, Furqat dahalarida xunrezliklar uyushtirgan. Shu bilan 2010 yil iyun voqealari boshlangan. Bu haqda o‘sha paytda O‘sh viloyati ichki ishlar boshqarmasining boshlig‘i bo‘lgan Qulmatov aytib chiqdi. Uning og‘zini yopish uchun qamoqqa tiqdilar.

Iyun voqealari boshlangan kunning ertasiyoq prezident R.Otunboeva militsiya bilan askarlarga “to‘xta” degan buyruqqa bo‘ysunmaganlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri otishga ruxsat bergan buyruq chiqarib berdi. Ana shu buyruq asosida qirg‘iz millatchilari tinch yashayotgan o‘zbeklarning uylarini taladi, egalarini otib tashladi. O‘zbeklarning orasidan ham qarshi chiqqanlar bo‘ldi, bosqinchilar tomondan ham ancha-muncha halok bo‘lganlar bo‘ldi. Mash'um iyun voqealari oqibatida 500 ga yaqin kishi qurbon bo‘lsa, ularning 90 foizi o‘zbeklardir. Esdaliklar esa qolgan 10 foizga qo‘yilganligi ham iyun voqeasi oldindan rejalashtirilgan fitna ekanligini oydinlashtiradi. Fitnaning asosiy uyushtiruvchisi muvaqqat hukumat va uning joylardagi amaldorlari. Bajaruvchisi esa uyushgan jinoyatchi to‘dalar va ularga qo‘shilgan millatchi yoshlar hamda muvaqqat hukumatga bo‘ysungan huquqni himoya qilish idoralarining vakillaridir. Otishga buyruq bergan R.Otunboeva esa qirg‘iz millatchilari orasida maqtovga sazovor bo‘ldi.

Qirg‘izistondagi “vor v zakone” Kolbaev Atamboevning asosiy strategik sheriklaridan biri hisoblanadi. Kolbaev iyun voqealarini tashkillashtirgani uchun O‘shdagi o‘sha paytda 5000 yaqin avtomashina turgan mashina bozorini oldi. Mashinalarning eng qimmatlari mamlakat “elita”si o‘rtasida bo‘lib olindi. Arzonroq mashinalar esa qirg‘inga qatnashganlarga tarqatildi. 2011 yilning boshlanishida esa A.Keldibekov boshliq talonchi deputatlar shaxsiy mashinalarni ishonch qog‘ozisiz minishga qaror chiqarib, talonchilikni qonuniylashtirdilar. A.Atamboevning prezidentlik lavozimidan ketishidan oldin o‘z sheriklarini yo‘qotishga harakat qilgani ham bu jinoyatni A.Atamboev boshchiligidagi muvaqqat hukumat amalga oshirganiga dalildir.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, Atamboev tomonidan yaratilgan jinoiy mashina hamon ishlab turibdi. Bu haqda 2017 yil oktyabrda YeXHTmajlisida Q.Botirov takror-takror aytdi va Qirg‘izistondagi jinoiy to‘daning haqiqiy boshlig‘i prezident A.Atamboev ekanligini ta'kidladi. Botirovning chiqishidan keyin 2 kun o‘tmay Qirg‘iziston hukumati, Bosh prokuratura, sud hokimiyatlari orqasiga qalampir urilganday, og‘ziga kelgan tuhmatlarni rosa bir oyga yaqin vaysadilar. Hayot esa haqiqatni yuzaga chiqarmoqda. Qirg‘izistonda yuz berayotgan keyingi voqealar Q.Botirovning aytganlarini tasdiqlayapti.

BMT Bosh kotibi A.Gutteresh O‘shdagi yodgorlikka gulchambar qo‘ymoqda. 2017 yil 11 iyun

2010 yildan keyin o‘zbeklarning huquqini qo‘riqlaydigan birorta davlat tashkiloti ham, jamoat tashkiloti ham qolmagan hisobi. Chet elning huquqni himoya qilish tashkilotlari bir shirma ekanligini hayot o‘zi isbotlyapti. Hatto Birlashgan Millat Tashkiloti ham hech narsani hal qilolmaydi. Uning Bosh kotibi Antoniu Gutteresh ham 2017 yil 11 iyun kuni mehmondorchilikda qorinni yaxshilab to‘yg‘azib, maqtovlarni eshitib, S.Jeenbekov bilan birga 2010 yil voqealarida qatnashgan jallod-qotillarga atalgan yodgorlik poyiga gulchambar qo‘yib, ularning oldida boshini egdi va shu bilan BMTning qirg‘istonlik o‘zbeklar oldidagi obro‘sini bir pul qildi.

Nima, Portugaliya bosh vaziri bo‘lgan, o‘n yildan ko‘proq BMTning qochoqlar bo‘yicha komissari vazifalarida ishlagan, 2017 yil 1 yanvardan BMTning Bosh kotibi lavozimiga saylangan Antoniu Manuel de Oliveyra Gutteresh 2010 yil voqealarini bilmaydi, deb o‘ylaysizmi, biladi. Nima sababdan bo‘lganligini, kim amalga oshirganini, qancha o‘zbek o‘lganini, aslida O‘sh o‘zbeklarning shahri ekanligini, qirg‘izlarda ilgari shahar bo‘lmaganini ham juda yaxshi biladi. Lekin nimagadir Markaziy Osiyodagi eng og‘riqli vaziyatni hal qilishni emas, balki avj oldirishni xohlaydi. Xalqaro tashkilotlarning fikri qanday ekanligini Atamboev boshida turgan millatchilar ham biladilar va ana shuning uchun o‘zbeklarni istagan ko‘yga soldilar.

Atamboev Qirg‘izistondagi kriminal “boss”lar bilan tig‘iz aloqada. U o‘zi Qirg‘izistonda revolyutsiyani men qilaman, elni men ko‘tara olaman, deb maqtandi. 2005 va 2010 yildagi davlat to‘ntarishlarini amalga oshirganligini Atamboev katta yig‘inlarda takrorladi. U bu ishni kriminal yordamida qilganligi bugun ko‘pchilikka ayon bo‘lib turibdi. Hatto u 1000 odam o‘lsa o‘lar, hokimiyat bizning qo‘limizga tegsa bo‘ldi, deb ham aytgan. Atamboev uchun hokimiyat, boylik bo‘lsa bas, inson, uning huquqlari, taqdiri bir pul. Atamboev prezident bo‘lgan paytida Konstitutsiyaning talablari mutlaqo bajarilmagan, barcha muammolar tanish-bilish, qarindosh-urug‘chilik va milliy taalluqlilik asosida hal qilindi. Bunday iflos boshqaruv bilan Atamboev Qirg‘izistonda yashayotgan aholi o‘rtasiga katta nifoq soldi.

Bugungi qoida shunday: qirg‘izmisan, demak, sen haqsan. 2010 yil voqealarida hokimiyat tomonidan shubhaga olinganmisan, albatta, qamalishing kerak. Bu qoidani qirg‘izlarning 7 yoshidan 70 yoshigacha juda yaxshi o‘zlashtirgan. Bir misol aytaylik. Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘tgan yilda tuzilgan bitimga ilhomlanib, 2010 yildagi turli tazyiqlardan bezigan mamlakatdan chiqib ketgan o‘shlik Baxtiyor Ergashev Qirg‘izistonga qaytib keladi. U kelishi bilan qamoqqa tiqadilar va uni daraksiz yo‘qolgan qirg‘iz millatchilarining birini o‘ldirgansan, deb ayblab, 20 yilga ozodlikdan mahrum qiladilar. Sud shunday olib borildiki, hech kimni gapirtirmadilar. To Oliy sudgacha ahvol shunday bo‘ldi. Qirg‘izistondagi sud hokimiyati o‘zbeklar uchun 2010 yilning iyun oyidan keyin qanday bo‘lsa, hozir ham xuddi o‘shanday printsipda ishlamoqda.

Ayniqsa, ikki millat o‘rtasida bo‘lib o‘tgan har qanday jinoyatda qirg‘iz tomon aybdor bo‘lsa ham, albatta, boshqa millat vakili javobgar bo‘lishi huquqni himoya qilish idoralari va sud hokimiyatining asosiy qoidasiga aylangan. Bu holatni millatchilikning iflos g‘oyalariga sug‘orilgan yoshlar juda yaxshi biladilar va har qadamda o‘zbeklarni haqorat qiladilar, tahqirlaydilar. O‘z huquqini qo‘riqlab, qarshilik ko‘rsatganlarni esa o‘ldiradilar. Keyingi yilning o‘zida Jalolobod shahrida Abdulla Xolmatovning endi o‘n yettiga chiqqan o‘g‘lini bozorda yuragiga pichoq urib o‘ldirdilar. Bu yil 7 may kuni Bozorqo‘rg‘onda arslonboblik Qudrat To‘xtasinovtning 19 yoshdagi o‘g‘lini 7 joyiga pichoq urib nobud qilishdi. O‘shda, O‘zganda va o‘zbeklar to‘p bo‘lib yashaydigan boshqa joylarda bunday voqealar muntazam bo‘lib turibdi. Lekin amaldagi hokimiyat birorta ham ta'sirli chora ko‘rmayapti. Hokimiyatning bunday jirkanch faoliyati millatchilarni ruhlantirmoqda.

Qirg‘izistondagi 2010 yil iyunda bo‘lgan voqealar oldindan tayyorlangan va amalga oshirilgan o‘zbeklarga qarshi fitna ekanligini maorif sohasida Qirg‘izistondagi hokimiyat idoralarining amalga oshirayotgan siyosati ham yaqqol dalillaydi.

Atamboev muvaqqat hukumat amalga oshirgan jinoyatni xaspo‘shlash va bu yo‘nalishdagi o‘zining siyosatini oqlash uchun 2010 yil voqealarini separatizm oqibatlari sifati talqin qilishga ko‘rsatma berib, maktab dasturiga kiritgan. Bugungi kunda qirg‘izistonlik yoshlar o‘zbeklarga nisbatan nafrat tuyg‘usida tarbiyalanmoqda. Vaholanki, 2010 yilda o‘zbeklar va ularning liderlari separatizmga qarshi kurashganlar.

2010 yilning 22 aprelida o‘zbek liderlaridan biri Q.Botirov matbuot anjumani o‘tkazgan va unda “Azattыk” radiosi muxbiri Abdurayimov avtonomiya haqida savol bergan. Shunda Botirov: «Sizlardan iltimos, o‘sha vahima qilayotganlarga, oddiy fuqarolarga shuni yetkazib qo‘yingki, biz hech qachon avtonomiya haqida masala qo‘ygan emasmiz. Bundan keyin ham qo‘yish maqsadi yo‘q. Bizga qabul qilingan Konstitutsiya asosida yashashimizga va ishlashimizga shart yaratilsa, bas. Qolgan masalalar faqat ishlash bilan hal bo‘ladi», degan. Bu radio, gazeta orqali e'lon qilingan.

Q. Botirov o‘tkazgan matbuot anjumani. Chapdan “Amerika ovozi” radiosi muxbiri Hamidov, “Azattыk” radiosi muxbiri Abdurayimov, “Diydor” gazetasi bosh muharriri Abdusalomov

Keyinchalik 2010 yil voqealarini o‘rgangan Kilyunen boshchiligidagi xalqaro komissiya ham o‘zbeklar avtonomiya talab qilmagan, degan xulosani berdi. Bu Otunboeva, Atamboev, Tekeboev, Beknazarov, Isoqov va Keldibekov kabi millatchilarga yoqmadi. Kilyunen rahbarligidagi komissiyaning xulosalari rad etildi va Kilyunenning Qirg‘izistonga kirishi man etib qo‘yildi. A. Erkaboev boshchiligidagi komissiya ham o‘zbeklar jamoati avtonomiya talab qilmaganligi haqida xulosa berdi. Buning natijasida Erkaboev siyosiy maydondan surib chiqarildi. Qachon millatchi Tokonov, Joldoshovalarning komissiyalari separatizm haqida xulosa berganda Jogorku kenesh 2010 yil voqealarni ko‘rib chiqdi va qaror qabul qildi. Separatizm haqidagi uydirma kelajakda katta janjallarga sabab bo‘lishini hozirgi rahbarlar o‘ylashmayapti. Ular o‘zbeklarni o‘z yerlaridan surib chiqarishni rejalashtirgan va bu rejani amalga oshirish uchun butun kuch-g‘ayratini sarflashyapti. O‘zbeklar ham bora-bora ko‘zi ochilib, bir kun portlashi mumkin ekanligini millatchilar xayoliga ham keltirishmayapti.

Millatchilar o‘z niyatlarini amalga oshirish uchun harakatlarini kompleks ravishda olib bormoqdalar. Ayniqsa, bu holat maorif sohasida olib borilayotgan siyosatda yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Respublikada o‘tgan asrning 80-yillari oxirida 300 ga yaqin o‘zbek maktabi o‘zbeklarning bolalariga o‘z ona tilida ta'lim va tarbiya berardi. Hatto mamlakat shimolida joylashgan To‘qmoq shahrida ham katta bir o‘zbek maktabi bor edi. Mustaqillik yillarining ilk bosqichida juda ko‘p maktablar yiriklashtirildi va natijada darslar o‘zbek tilida olib boriladigan 256 maktab qoldi. Keyinchalik shunday siyosat yurgizildiki, hatto 1000 dan ortiq o‘quvchi o‘qiydigan o‘zbek maktablarida majburan 1-2 ta qirg‘iz yoki rus sinfi tashkil qilib, direktorini titul millatdan qo‘yib, aralash maktab qatoriga kiritadigan bo‘ldilar. Bu tadbir natijasida 2010 yilning boshida darslar to‘liq o‘zbek tilida olib boriladigan 128 maktab qolgan edi.

Iyun voqealaridan keyin millatchilarga qarshi turadigan o‘zbek milliy-madaniy markazlarining faoliyati deyarli to‘xtatib qo‘yilganligidan foydalanib, ular o‘zbeklarga asosiy zarba – ma'naviy ziyon yetkazish uchun maktablarni to‘la qirg‘izlashtirishga kirishdilar. 2017 yilning 14 sentyabrida Qirg‘iziston ta'lim va fan vaziri Gulmira Kudayberdievaning AKIpressga bergan axborotiga ko‘ra, respublikada 43 ta o‘zbek maktabi bor.  Qolgani esa qirg‘izlashtirildi.

O‘zbek maktablarining bitiruvchilariga oliy o‘quv yurtiga kirish yo‘llari ham to‘sib qo‘yilmoqda. Ta'lim va o‘qitish usullarini baholash markazining ma'lumoti bo‘yicha 2011 yili Umumrespublikaviy test (URT)ni o‘zbek tilida 2125 abiturient topshirgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich mingga ham yetmagan, degan bahona bilan, jurnalist Inna Valkovaning ma'lumotiga ko‘ra esa o‘zbek tilida test uyushtirish uchun hukumat 35 000 AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ ajratmaganligi uchun 2012 yil yanvar oyining oxirida Ta'lim va fan vazirligi oliy o‘quv yurtiga kirish uchun o‘zbekcha test topshirishni bekor qilgandi. Ota-onalar va jamoatchilikning talabi bilan to 2017 yilgacha ariza berganlarga o‘zbek tilida test topshirishga ruxsat berildi. Bu yildan esa bu ham to‘xtatildi.

Qirg‘izistonda 2010 yilgacha O‘sh qirg‘iz-o‘zbek universiteti, O.Botirov nomidagi Xalqlar do‘stligi universiteti, O‘sh davlat universiteti tarkibidagi Gumanitar institut va Jalolobod davlat universitetining o‘zbek tili va adabiyoti guruhida o‘zbek maktablari uchun o‘qituvchilar tayyorlangan. 2010 yildan so‘ng O‘sh qirg‘iz-o‘zbek universiteti, O.Botirov nomidagi Xalqlar do‘stligi universiteti faoliyati to‘xtatildi. O‘zbek maktablari uchun o‘qituvchilar tayyorlash parokandalikka uchradi. Ayniqsa, kimyo, fizika, biologiya, matematika fanlaridan o‘qituvchilar mutlaqo yetishmaydi.

Natijada o‘rta maktablarning 9-sinfini bitirgan o‘quvchilar ketib qolishyapti. 10-11-sinflar katta maktabda bitta, ikkitadan qolyapti. O‘rta ma'lumoti yo‘q yoshlar turli yot oqimlarning nazoratiga tushib qolmoqda. Buning oqibati nima bo‘lishi bugun ko‘pchilikka aniq bo‘lib qoldi-ku!

Qirg‘iziston ta'lim va fan vaziri Gulmira Kudayberdievaning bergan ma'lumotiga ko‘ra, o‘zbek maktablari 83,4 foiz darsliklar bilan ta'minlangan. Bu o‘sha 43 ta maktab hisobidan. Aralash maktablardagi o‘zbek sinflar haqida ma'lumot yo‘q. Qolaversa, bu ma'lumotga ishonish qiyin.

Sababi, darsliklar tayyorlash va uning sifatiga javob beradigan mas'ul tashkilotning o‘zi yo‘q. Bu holat ham qirg‘izistonlik o‘zbeklarning asosiy muammolaridan biridir…

Aytsang, gap ko‘p. Qisqasi, qirg‘izistonlik o‘zbeklarning ahvoli nochor. Ular qo‘rquvda yashaydi. Qirg‘izistonda o‘zbekning milliy bosh kiyimi – do‘ppi kiygan o‘zbekni ham onda-sonda ko‘rasiz. Qo‘rquv shu darajadaki, ko‘pchilik o‘zbeklar qalpoq kiyib olganlar, go‘yoki shu qalpoq ularni xavfdan saqlayotgandek. Har holda harna-da…. Sababi, bugun uning dardini eshitadigan odam ham, tashkilot ham, mamlakat ham yo‘q.

Baxtiyor  QIRG‘IZBOYeV,
erkin jurnalist

Tag‘in o‘qing
13 dekabr 2016
O‘zbekistonda Karimov o‘rniga prezident bo‘lib Shavkat Mirziyoevning saylanishi, jamiyatdagi oliy mansabdor shaxsini ulug‘lash ritorikasini o‘zgartirmadi. Bu og‘riqli muammoni aks ...
20 noyabr 2020
Bugun kechqurun gazim yonmadi, o‘zi shundoq ham past yonardi. O‘tin-ko‘mir g‘amlamagandim. Kichkina elektrpech o‘zini o‘zi zo‘rg‘a isitdi, aksiga olib ...
26 mart 2021
“Bilasizmi,” – deydi U sizga tikilib, – Nechun «Erk» deganda, Qushning nomin bog‘lab aytarlar, “Qushday erkinman”, deb aytarlar nega? ...
23 aprel 2018
Nukus ko‘chasiga burilishdagi, oldingi vinzavod ro‘parasidagi oziq-ovqat do‘koniga qarab ketyapman. Qarasam, bayramona kiyingan militsionerlar, bayroqcha ushlagan talabalar saflanib turishibdi. ...
Bloglar
3 yanvar 2023
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 20-qismida jurnalistning «Adabiyot nima?» degan ...
25 dekabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 18-qismidan 90-yillarda taniqli adabiyotshunos Ibrohim ...
20 dekabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih suhbatning 17-qismi muxolifat va hokimiyatning kelajagi haqida ...