Document UZ
7 dekabr 2015

O‘zbek bankiri Rustam Usmonovning «To‘xtatilgan parvozi»

Omadli biznesmen va O‘zbekistondagi ilk xususiy bankni tashkil qilgan Rustam Usmonov, o‘sha paytlarda hali Toshkentdagi eng oliy kabinetlarga kira olardi. U prezident Karimov bilan, ichki ishlar vaziri Almatov va boshqa oliymaqom mansabdorlar bilan shaxsan tanish edi.

Biroq u baribir O‘zbekistondagi hukmdor elitaga qo‘shilib keta olmas, chunki uning xamirturishi boshqa joydan olingandi. U yetarli darajada xudbin ham, yolg‘onchi ham emasdi, haddan tashqari mustaqil edi va uni o‘zlaridan deb bilishlari uchun o‘ta ochko‘z va vijdonsiz ham emasdi.

Biz qisman chop etishga ahd qilgan kitobida u shunday yozadi: «men, bizning zamonamizda, ishlash va pul topa bilishning kamlik qilishini tushinib yetdim. Tag‘in o‘z ishlab topganingni mansabdorlar bilan baham ko‘rishga ham o‘rganish lozim ekan. Biroq men bunday qilishni bilmas va istamasdim. Men soddalik qilib, o‘z ulushimning ulkan bir qismini soliq sifatida davlatga berarkanman, demak hukumat meni qolgan barcha o‘lponlardan himoya qilishi lozim deya o‘ylardim. Vijdonan yashash, xalol pul topish mumkin, ayni paytda shunchaki hayot kechirishmas, millioner bo‘lish mumkin deb o‘ylardim. Men bu maqsadga yetdim. Biroq bu juda, juda qiyin kechdi».

Usmonov o‘z rafiqasi va to‘ng‘ich o‘g‘li bilan egalik qilgan Rustambank Nizomiy qapitali, 1995 yili 1,2 mln AQSh dollarini tashkil etdi.

1998 yili, ellik yoshga to‘lishi arafasida, millioner Rustam Usmanovni hibsga olishdi va uni iqtisodiy jinoyatlarda ayblab 14 yilga ozodlikdan mahrum qilishdi. 2012 yili uning muddati turma qoidasini buzdi degan o‘zboshimchalik bilan uydirilgan ayblovga ko‘ra tag‘in besh yilga uzaytirildi. Nimaga hukumat biznesmen Rustam Usmonovni chiqarishni istamasligi bizga noma'lum. Biz 18 yildan buyon panjara ortida qolayotgan bu insonning achchiq qismatini eslashni istaymiz.

rasm578Rustam Usmonov
To‘xtatilgan parvoz

Muqaddima o‘rnida

YuBILYeY

Bugun men uchun yubiley. Roppa-rosa ikki yil muqaddam Toshkentda tadbirkorlarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi. Men unda uchinchi bo‘lib so‘zga chiqishim kerak edi. Bu esa o‘z-o‘zidan ancha faxrli hisoblanardi. Men minbarga qarab yo‘l olganimda prezident yig‘ilganlarga qarab gap qotdi:

  • Rustamjonni bilsalaringiz kerak. U O‘zbekistondagi birinchi xususiy bankning prezidenti. Bundan tashqari, hukumatimizning mashhur tanqidchisi. Eshitaylik-chi, u nima der ekan…

Prezidentning xayrixoh ohangi rejalarimni chalkashtirib yubordi. Do‘stlarimning maslahati bilan men prezident va uning jamoasini madh etuvchi ma'ruza tayyorlagandim.

Islom Karimov ma'ruzamning mazmunini bilmasligi mumkin emas edi, shuning uchun u qanday tayyorlangan bo‘lsa, shunday yangrashini kutayotgandi.
O‘z qudratiga ishongan rahbarning iltifotli ohangi menga ma'nodor ta'sir qildi. Ma'ruzaning dastlabki matnini butunlay unutib, darhol gapni tanqiddan boshladim.

Men davrimiz ruhidan kelib chiqib, bu uchrashuvga ijobiy ma'ruza tayyorlagandim. Biroq minbarga yo‘l olar ekanman, ma'ruza qilishga o‘ylanib qoldim. Menimcha, biz bu yerga boshqa narsa, ya'ni eng og‘riqli masalalar yuzasidan fikr almashishga yig‘ilganmiz. Shuning uchun agar fikrlarim keskin chiqsa, avvaldan meni ma'zur tutishingizni so‘rayman…

Bizning asalarichilik kolxozimizda yetishtirilayotgan asalning sifati xalqaro andazalarga mos keladi. Yaqinda Saudiya Arabistonidan yaxshi xaridorlar topdik. 1993 yilning boshidayoq shartnoma tuzib qo‘ygandik. Deyarli bir yil o‘tib qoldi, biz hali ham xorijdagi xaridorlarimizga asal jo‘nata olganimiz yo‘q. Byurokrat-bojxonachilar to‘sqinlik qilyapti. Mayli, agar asalni eksport qilish imkoniyati yo‘q ekan, uni o‘zimizda sotishga qaror qildik. Ammo bu yerda ham bir talay muammo, kolxoz darvozasidan chiqmasingdan OBXSS hoziru nozir. Bor-yo‘g‘imizni shilib oladi. Ularga asal sotsialistik mulk emas, balki jamoaniki ekanini tushuntirasan. Biz o‘zimizni o‘zimiz talon-taroj qilmaymiz-ku, bu mantiqsizlik-ku. Biroq hech qanday tushuntirish yordam bermaydi. Ilgari byurokratlar bilan kurashishdan charchasang, gazetaga yozish mumkin edi. Maqola chiqqandan keyin nafas olish yengillashardi. Endi buni ham qilish mumkin emas…

Shu joyda prezident so‘zimni bo‘ldi:

  • Nega bosishmaydi, kim yo‘l qo‘ymayapti?

Respublikada ommaviy axborot vositalari ustidan keskin nazorat tizimi borligini prezidentdan boshqa hamma bilardi. Har holda, u har doim O‘zbekistonda hech qanday tsenzura yo‘qligini aytib kelardi. U o‘zining son-sanoqsiz chiqishlarida Konstitutsiya va matbuot to‘g‘risidagi qonun hammaga o‘z fikrini aytish imkoniyatini berishi, hech kimning O‘zbekiston qonunlarini buzishga haqqi yo‘qligini takrorlashdan charchamasdi.

Endi men tsenzuraning ruxsatisiz respublika gazetalarida bir qator ham gap chop etib bo‘lmasligini hammaning oldida qanday aytsam ekan.
Men soddadil odam rolini o‘ynadim.

  • Jurnalistlar bu odamning nomi tsenzor ekanini gapiryapti…

Xavotirlarim asosli edi, buni prezidentning o‘zi ham tasdiqladi:

  • Begijon Rahmonovich! Iltimos, bu masalani hal qiling. O‘zbekistonda hech qanday tsenzura yo‘q.
    Prezident Respublika davlat nazorati raisi o‘rinbosariga topshiriq berib, xotirjam bo‘ldi va yana gaplarimni diqqat bilan eshitishga tayyorlandi. Men hokimiyatning yuqori organlari vakillari bilan munosabatda «odob» doirasidan chiqayotganimni anglab qoldim. Endi tugatish kerak. Biroq agar prezidentning luqmasidan keyin joyimga o‘tirsam, yig‘ilganlar ko‘z oldida qo‘rqoqqa chiqib qolaman.

Men hech narsa bo‘lmagandek gapimni davom ettirdim. G‘arblik hamkorlarning «Rustambank»ka katta kreditlar berishga tayyorligi, xorijiy valyutani konvertatsiya qilish zarurati, tovarlar sotib olish va keyin ularni eksport qilish haqida gapirdim. Doimiy qatag‘onlar, davlat foydasiga musodara qilish tahdidi, buyruqlar asosida boshqarishga asoslangan iqtisodiyot emas, faqat ochiq bozor iqtisodiyotigina yashashga haqli ekanini dalillashga urindim. Prezidentga murojaat qilib, go‘yo ochiq eshikka tomon intildim:

Yo‘limizni ochib bering – biz respublikamizni buyuk mamlakatga aylantiramiz. Tadbirkorlardan amaliy ishlar kutishyapti va talab qilishyapti. Ammo to‘siqlar qo‘yib, qonunlarni buzishga undashyapti. Hech kimga shikoyat qila olmaymiz. Gazetalarda tanqid berilmaydi, prezidentga jo‘natgan xatlarimiz esa yetib bormaydi. Sizning qabulingizga kirish esa Oyga chiqishdan ham qiyin. Kimdan himoya, ko‘mak izlashimiz kerak.
Karimov mening vaqtim tugaganini bildirib qo‘ymoqchi bo‘lib o‘rnidan turdi. Men minbarni tark etib, zal tomon yo‘naldim. U qo‘li bilan meni to‘xtatdi:

  • Bugundan boshlab mening eshiklarim siz uchun har doim ochiq.

Prezidentning e'tibori va meni tushunganidan juda ruhlangan holda go‘yo qanot bog‘lab joyimga qaytdim.

O‘sha daqiqalarda yarim yildan so‘ng o‘g‘lim turmaga o‘tirishini hatto tasavvur ham qilmagandim. Aynan tadbir bo‘lgan kundan roppa-rosa bir yil o‘tib meni ham hibs etishdi. Men o‘g‘lim o‘tirgan o‘sha yerto‘laga tushdim. Bularning barchasi hali oldinda edi.

Hozircha esa O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi majlislar zalining barcha burchaklaridan tanish va notanishlar menga xayrixohlik bilan qarar, o‘tirganlar qo‘limni siqib qo‘yardi. Kimdir chin ko‘ngildan, ezgu niyatda, yana kimdir hasaddan, kon'yuktura nuqtai nazaridan, har ehtimolga qarshi shunday qilardi. Men bu kunning qahramoni edim. Mendan keyin boshqa tadbirkorlar ham so‘zga chiqdi. Uchrashuv prezidentning uzundan-uzun ma'ruzasi bilan yakunlandi. U o‘z so‘zida respublika biznesmenlariga oltin tog‘lar va'da qildi.

1994 yil boshida bu uchrashuv respublika televideniesida ikki marta ko‘rsatildi. Men juda mashhur bo‘lib ketdim, desa ham bo‘lardi. To‘g‘ri, videoyozuvda mening tsenzura to‘g‘risidagi so‘zlarim kesib tashlangandi.

Shunday qilib, men oliy maqomdagi amaldorlarning ikkiyuzlamachiligiga birinchi bor to‘qnash keldim. Mening o‘sha paytdagi soddaligim, katta siyosat masalalariga yosh boladek chin ko‘ngildan qarashlarim bugun agar achinishga bo‘lmasa, g‘ururlanishga loyiq.
Ammo o‘shanda, 1994 yilning boshlarida, siyosiy ikkiyuzlamachilikning menga bergan o‘gitiga unchalik e'tibor qaratmagandim.

1994 yilning yanvari respublika hukumatining O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarni tubdan chuqurlashtirishga qaratilgan qator qarorlari bilan esda qoldi. Ularning eng asosiysi Prezidentning 1994 yil 21 yanvarda qabul qilingan «Respublikada xususiy tadbirkorlikni himoya qilish to‘g‘risida»gi farmoni bo‘ldi. Uni mamlakat taqdiridagi tub burilish desa ham bo‘lardi. OBXSS tugatildi, Bojxona qo‘mitasi ham tugatilib, Soliq qo‘mitasiga qo‘shib yuborildi. Farmon hokimiyat organlarining tadbirkorlarning ichki ishlariga aralashishini taqiqlardi. Xullas, men prezident bilan uchrashuvda ko‘targan masalalar hal qilindi. Har holda, e'lon qilingan farmon va hukumat qarorlari bo‘yicha ularning yechimini baholasa, shunday taassurot uyg‘onardi.

1994 yil fevralda Toshkentda Xalqaro iqtisodiy forum bo‘lib o‘tdi. Men ham unda ishtirok etishga taklifnoma oldim. Uchrashuv vaqtida prezident meni uzoqdan ko‘rib qolib, oldimga keldi. (Men uning oldiga yaqinlasha olmasdim. Qo‘riqchilarning ko‘pligi bunday imkoniyatni bermasdi). Qo‘l olib ko‘rishar ekan, qisqa qilib so‘radi: «Endi ko‘nglingiz to‘ldimi?». Bu respublikada iqtisodiy islohotlarga oid so‘nggi qarorlarni qabul qilishda mening fikrim ham inobatga olinganiga kinoyali ishora edi.

Kechqurun davlat rahbarining menga bo‘lgan e'tibori haqida faxr bilan gapirdim. Xotinim sekingina gap qistirdi: «Shohga yaqin yurmaslik kerak. Shohning qahriga uchrash mumkin. Shohdan uzoq ketib ham bo‘lmaydi – uning marhamatisiz qolish mumkin. Shohning yaqinidan ketib, atrofidagilarning nafratiga duchor bo‘lish hech gap emas. Shoh xuddi sovuq havodagi gulxanga o‘xshaydi. Yaqin kelsang – kuyasan. Uzoq ketsang – sovqotasan».

Xotinimning aytganlari bashorat bo‘lib chiqdi. 1994 yilning 24 dekabri hayotimda tub burilish sanasi bo‘ldi. Bunga o‘zim ham aybdorman.

Hamma bir gapni gapirardi: «Prezident senga boylik orttirish imkonini berdi. Seni shunchalik yuksakka ko‘tardiki, yaqin orada hech kim senga tega olmaydi. Don Kixotnikidek qiliqlaringni bas qil. Xalq saodati, mustaqil davlat manfaatlari to‘g‘risidagi gaplarning hammasi puch. Barcha zamonlarda dohiylar va siyosatchilar o‘zlarining beboshligi va qonunga bo‘ysunmasligini shunday so‘zlar bilan pardalab kelgan. Prezident sendan minnatdorlik bildirishingni kutyapti. Uning tizimini tanqid qilib, unga yordam beryapman, deb o‘ylama. Aksincha, unga va atrofdagilarga xalaqit beryapsan. Ular xalq saodati yo‘lida kurashish uchun hokimiyatga kelmagan. Ularning ham oilasi, bolalari bor. Ahmoq bo‘lma, imkon borida boylik yig‘ib qol. Seni yuksaltirganlar bilan bo‘lishishni ham unutma. Sen O‘zbekiston xalqiga emas, o‘z xo‘jayinlaringga xizmat qilishing kerak».

Men bu gaplarga ishonmadim. Zero, hayotga boshqacha qarardim. Bu qarashlarim bugun ham o‘zgargani yo‘q. So‘nggi kunlarimgacha o‘zgarmay qolishiga umid qilaman.

Men xalq saodati uchun kurashchi emasman. Oddiy odamman. Oddiy insoniy xislatlar – vijdon, g‘urur, or-nomus menga begona emas. Meni kamsitishsa, himoyalanaman. Bu kurash emas, balki o‘z-o‘zini saqlab qolish, himoya qilish hissi. Men kimgadir qarshi, nima uchundir kurashmaganman. Men himoyalandim. Agar faoliyatim kimgadir xalq saodati uchun kurashish bo‘lib tuyulgan bo‘lsa, bunda mening aybim ham, xizmatim ham yo‘q.

Har kim mavhum «xalq saodati» uchun emas, o‘zini, oilasini, yaqinlarini, do‘stlarini himoya qilish uchun kurashishi kerak. Ko‘pchilik bunday qila olmaydi. Ular bir burda oq non, lavozim, o‘tkinchi boylik uchun o‘z-o‘zining umrbod quliga aylanganlardir. Bularning barchasi uchun aksariyat odamlar o‘zining insoniy «men»ini, ko‘pincha o‘zida borligini ham anglamaydigan g‘ururini sotishga ham tayyor.
Alloh odamni yarata turib: «O‘zgalarga zulm qilma, o‘zingga zulm qilishlariga ham yo‘l qo‘yma», degan. Men bu qoidani muqaddas bilaman. Hech kimga zulm qilmayman, menga ham zulm qilishlariga yo‘l qo‘ymaslikka urinaman.

Muxoliflarim bosh chayqab: «Senga achinamiz. Seni sindirishadi. Changalzor qoidalari beshafqat», deyishardi. Na iloj, taqdirdan qochib qutulib bo‘lmaydi. Ammo mening hayotim – bu mening hayotim. Buning uchun men faqat o‘zim, o‘z yaqinlarim va do‘stlarim oldida javob beraman. Boshqa hech kim oldida emas.

Yozishga qaror qilgan kitobimda yo‘l qo‘ygan xatolarim haqida imkon qadar ro‘yirost, hech narsani yashirmasdan bayon etishga harakat qilaman. Balki kimgadir asqatib qolar.

Quyida bayon qilingan barcha voqealar haqqoniydir. Men yozuvchi emasman, bor faktlarga «badiiy ishtibohlar» qo‘shish uchun xudo menga iste'dod bermagan. Shuning uchun hamma narsa to‘g‘risida qanday bo‘lsa shundayligicha hikoya qilishga to‘g‘ri keldi…

Tag‘in o‘qing
17 mart 2020
O‘zbekistonga koronavirus pandemiyasi kirib kelgani bois joriy yilning 16 martidan karantin e'lon qilinishi bilan mamlakat bӯylab narx-navo oshishi kuzatildi. ...
19 dekabr 2019
Britaniyaning nufuzli The Economist  jurnali O‘zbekistonni «2019 yil mamlakati» deb e'lon qildi. Nashr so‘nggi yillarda mamlakatda muhim islohotlar amalga ...
1 noyabr 2016
Rossiyada Karimov nomidagi hiyobonning paydo bo‘lishi birinchi noyabrga, boshqacha aytganda jodugarlar kuni – Hellouinga to‘g‘ri keldi. Moskva meriyasi shuningdek, ...
30 oktyabr 2019
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoda paxta dalasida bir yigitning bir ayol bilan og‘zaki janjali aks etadi. Janjal davomida yigit ayolga ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...