Document UZ
18 dekabr 2015

O‘ktam Pardaev ishi uydirma ekaniga dalil keltirildi

Malohat Eshonqulova
mustaqil jurnalist,
Eltuz.com

Jizzaxlik qonun idoralari xodimlari, xususan «Do‘stlik» tuman IIB katta tergovchi Orif Anorboev O‘ktam Pardaevga soxta jinoyat ishi ochib, huquqbonni “yumoloq-yastiq” qilib turmaga tiqishga urinishgan.

Huquq himoyachisi O‘ktam Pardaevni nimaga asoslanib jinoiy javobgarlikka tortishmoqchi edi?

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-, 168-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tovlamachilik va firibgarlikda ayblanayotgan Ruhiyo Boitovaning tergov jarayonlaridagi asossiz ko‘rsatmalari, quruq tuhmatlari asosida!

Biroq, shu kecha kunduzda Jizzaxlik qonun idoralarining Pardaevga qarshi qaratilgan kirdikorlari, tuhmat toshlarini inkor qilib bo‘lmas dalil o‘rtaga tashlandi.

“Odamlardan olgan pullarimni Pardaevga eltib berganman” deya O‘ktamga qarshi tuhmat toshini otgan Ruhiyo Baitovaning o‘z qo‘li bilan yozgan tilxati edi bu.

Ruhiyoning ikki iqrori

Huquq himoyachisi O‘ktam Pardaev, qilmishidan kasbi firibgarlik bo‘lgan Ruxiyo Boitova bilan bor yo‘g‘i ikki marta ko‘rishgan.

Allaqanday shikoyat va kimdandir pul olib kelganini bilib, O‘ktam undan hech qanday pul olmagani to‘g‘risida tilxat yozdirib olgan va ortiq bu ayol bilan ko‘rishishni bas qilgan.

Bu ish endilikda O‘ktam Pardaevga qarshi ko‘rsatma berayotgan Ruhiyo Baitovaning ustidan jinoiy ochilmasidan ancha oldinroq ro‘y bergan. O‘. Pardaev nomiga yozgan “Tilxati”ni keltiramiz. (Imlo xatolari saqlangan M.E)

RUXIYo BAITOVAGA O‘KTAMNING UYIGA NARKOTIKA TAShLAShNI TAKLIF QILIShGAN - 2 (1)
Ruhiyo Baitovaga O‘ktamning uyiga narkotik tashlash taklif etilgani haqidagi tilxat

“Men 1979 yil Bayitova Ruxiya Do‘stlik tumanida tug‘ilganman. “?” (yozuv azboroyi uniqib qolganidan, 5 raqamimi, 6 mi va yo 9 raqamimi, tushunish mushkul – M.E) farzandning onasiman. Menga nisbatan noxaliklar bo‘lganligi sababi organ tomonidan xaq xuquqlarim paymol bo‘lganligi uchun xuquq ximoyachisi U. Pardaevga qonuniy yordam so‘rab borgan edim menga Do‘stli tuman IIbi da ishlovchi xodim Yodgor isimli ko‘k jiguli moshinasida 755(bu 5 raqami shoshib yozilgandagi 9 raqamiga ham o‘xshab ketadi -muallif) 933 SA davlat raqamli mashinada kelib uyimga U Pardaevning uyiga bir narkotikani qo‘ying sizga bir pachka Aqish dolirni beramiz. u pulga uylar solib olas deb aydi. Men ularga rad javobini berdim. Men o‘zimning momolarimni (muammolarimni demoqchi – M.E) rus tiliga o‘z xoxishim bilan pirivot (tarjima demoqchi – M.E) qilayapman. U. Pardaevga hech qanday pul(pora) berganim yo‘q. U. Pardaevga hech qanda davoyim, adovatim yo‘q. bu tilxatni o‘z so‘zim va o‘z qo‘lim to‘g‘ri yozdim. posport serio ST1641489.

Bayitova R. (imzo)

“Tilxat” mazmunidan ko‘rinib turibdiki, halolligi sabab O‘ktam Pardaevni badnom qilishga bo‘lgan urinish va fitna uyushtirish harakatlari anchadan buyon besamar davom etib kelgan va firibgar o‘z tuzog‘iga ilingan.

Imlo xatolari g‘ij-g‘ij bo‘lgan firibgar ayolning xatidan katta tergovchi Anorboevning ishi, ochiqrog‘i maqsadi jo‘n bir fitnaga asoslangani ochilib qolayapbdi.

Baitova, hususan IIB xodimlari unga bir pachka AQSh dollari evaziga huquq himoyachisining uyiga giyohvand modda tashlashni taklif qilishgani, bunga u hatto uylar solib olishi mumkin bo‘lgani haqida yozadi.

Ushbu hujjatga ko‘ra, Jizzaxli qonun idoralari xodimlarining O‘ktamni tuzoqqa tushirish, uyushtirish yo‘lidagi ilk urinishlari samara bermagan. R. Baitova organ xodimlarining taklifiga ko‘nmagan.

Ruhiyo Baratovaning O‘ktam Pardaevga o‘z qo‘li bilan yozib, imzolab bergan “Tilxat”ini o‘qirkan, tag‘in haqli savollar tug‘ilishi tabiiy:

Ruhiyo Baitovaning faqat og‘zaki ko‘rsatmasiga ko‘ra O‘ktamni tergov qilayotgan tergovchi Orif Anorboev nega endi jizzaxlik qonun idoralari R. Baitovaning o‘z qo‘li bilan yozgan “Tilxat”iga ishonishga oshiqmaydilar?

Nega ular Bayitovaga narkotik tashlash topshirig‘ini bergan ko‘k “Jiguli”da yuradigan Yodgor ismli IIB xodimini aniqlashga kirishishmaydi?

Do‘stlik tuman prokuraturasi, IIB idorasi R. Baitovaning O‘. Pardaev nomiga yozgan “Tilxat”i bexabarmi? Yo‘q. Xabardor bo‘lganda qandoq!

2015 yilning 16 noyabr kuni O‘ktam Pardaevning uyida o‘tkazilgan tintuv chog‘ida Ruhiyo Baitova tomonidan yozilgan yuqoridagi “Tilxat”ning asl nusxasi Do‘stlik tuman prokuraturasi va dastlabki tergov organ xodimlari tomonidan boshqa hujjatlar bilan birga olib ketilgan edi.

Mazkur “Tilxat” mazmunidan ogoh bo‘lsa-da Jizzaxlik qonun idoralarining sukut saqlaganlari beixtiyor shubha uyg‘otadi kishida.

Va umuman olganda Ruhiyo Baitovaning O‘ktam Pardaevni oqlash, huquq faolining foydasini ko‘zlash ruhi bilan sug‘orilgan “Tilxat”ti bittagina emas, ikkita.

«O‘nlab, xattoki yuzlab guvohlar so‘roq qilingan»

rasm623
Advokat Dilmurod Ahmedov iltimosnomasi

Shu bois ham bugun, 2015 yilning 15 dekabr kuni O‘ktam Pardaevning qonuniy himoyachisi, advokat Dilmurod Ahmedov Do‘stlik tuman IIB TB katta tergovchisi Orif Anorboevga inkor qilib bo‘lmaydigan “Iltimosnoma” kiritdi.

Unda “Hozirgi kunga qadar surishtiruv va dastlabki tergov organi tomonidan bir necha o‘nlab, hattoki, yuzlab fuqarolar so‘roq qilingani” biroq Pardaevga ayblov faqat Baitovaning ko‘rsatmasiga qo‘ra chiqarilgani aytilgan.

Katta tergovchi Orif Anorboevning huquq himoyachisiga ayb qo‘yishga bo‘lgan barcha urinishlari behuda ketganiga qaramay, amnistiyaga tushiramiz degan gap bilan O‘ktamning akalarini yetkazilgan “moddiy zarar” 3 yarim million so‘mni to‘lashga undashgan.

Do‘stlik tuman qonun idoralari xodimlari, hususan tergovchi Orif Anorboevning guvoh topishga behuda urinishlari ham “O‘. Pardaevning jinoyat ishi” deb nomlanuvchi “ijod mahsuli”ning o‘ta zaif, bo‘sh va puch, to‘qimalardan iborat, haqiqatdan yiroq “asar” ekanligini asoslaydi.

Tag‘in o‘qing
24 dekabr 2019
«Chet ellardan keltirib o‘rnatilgan unitaz va klozetlarda o‘tirvolib mazza qilib hojat chiqarish hatto ozodlikda yurganlarning ko‘pchiligi uchun ushalmas orzu-ku! Hattoki, ...
12 may 2021
Yoshlikdan kitob o‘qishga o‘ch bo‘lganman. Ko‘chada yurib ketayotib ham kitob o‘qigan paytlarim bo‘lgan. Kutubxona eng sevimli maskanim edi. Shaharga ...
19 aprel 2022
O‘zbekistonlik huquq faoli  69 yashar A'zam Turg‘unovning uyiga 19 aprel kuni ertalab 9.00 lar atrofida tintuv o‘tkazish qarori bilan to‘rt ...
19 mart 2019
Mayli, boshlab qo‘ydim endi, men ham xaypni davom ettiray. Qozoqlarda urug‘chilik tizimi bugungi kunga qadar yaxshi saqlanib qolgan. Urug‘ ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...