Document UZ
8 yanvar 2016

Yopib qo‘yilgan bank

Biz sobiq bankir, mohir tadbirkor, endilikda esa siyosiy mahbus Rustam Usmonovning kitobidan parchalar e'lon qilishni davom ettiramiz. 1998 yilda, ellik yoshga to‘lishi arafasida millioner Rustam Usmonov hibsga olindi va iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, 14 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. 2002 yilda qamoqxona tartibini buzish uydirma ayblovi bilan uning muddatiga yana besh yil qo‘shib berildi. Hukumat uni nega ozodlikka chiqarishni istamayotgani bizga qorong‘u. Biz mana 17 yildan beri qamoqda qolayotgan kishining achchiq qismati haqida eslatib qo‘yish niyatidamiz.

rasm578Yopib qo‘yilgan bank

Men o‘z ishim bilan mansabdorlarga, oddiy kishilarga va o‘z-o‘zimga oddiy haqiqatni, ya'ni halol yashash, halol pul topish, bu orqali nafaqat kun o‘tkazish, balki millioner bo‘lish ham mumkinligini isbotlash niyatida edim. Men maqsadimga yetdim. Ammo bu juda va juda qiyin bo‘ldi.

Men zamonimizda faqat ishlash va daromad olishning o‘zi yetarli emasligini tushunib yetdim. Yana daromadni mansabdorlar bilan bo‘lishishni ham o‘rganish kerak ekan. Lekin men buni eplay olmasdim va xohlamasdim ham. Men agar ishlab topgan pulimning anchaginasini soliq sifatida davlatga berayotgan ekanman, demak davlat meni boshqa har qanday nohaq yig‘imlardan himoya qilishi kerak, degan sodda tushunchada edim.

200 so‘m pul bilan masalani hal qilish mumkin holatlar ham bo‘lardi. Lekin men pora jamiyatni inqirozga yetaklashi, bu gunoh, jinoyat ekanini, bunday qilish mumkin emasligini zo‘r berib isbotlashga urinardim. Ayniqsa, xizmat vazifasi poraxo‘rlikka qarshi kurashish bo‘lgani uchun maosh oladigan kishilarning pora talab qilishi mening qonimni qaynatardi.

Biz ishlardik, peshona teri bilan topganimizning 90 foizini soliq va boshqa to‘lovlar shaklida davlatga berardik. Qolgan 10 foizi xodimlarga uy va mashinalar sotib olish, kapitalizmga o‘tish sharoitida ularning durustroq hayot kechirishi uchun yetardi.

Dushmanlarim ko‘p, ammo do‘stlarim ham yetarli edi. Ularning ko‘magi bilan o‘z nomimdagi «Rustambank» bankini ro‘yxatdan o‘tkazish va ish boshlashga muvaffaq bo‘ldim. Buni oldingi bobda bayon qilingan voqealardan bir yil o‘tib amalga oshirdim. O‘sha vaqt shiddatli, ammo samarasiz ishlar bilan o‘tdi. Biroq alal-oqibat omad bizga, menga kulib boqdi…

Bankning ustav kapitali zalvorli, 150 million so‘m (1,2 million dollar) edi. Mendan tashqari xotinim va katta o‘g‘lim ta'sischi bo‘ldi.

Ikki yillik faoliyatimiz davomida juda ko‘p ish qildik. Ustav kapitali 100 barobar ko‘paydi. Bizni nafaqat O‘zbekistonda, balki uning tashqarisida ham taniydigan bo‘lishdi. Sobiq SSSRning totalitar tizimi deyarli o‘zgarishsiz qolgan mamlakatda xususiy bank qanday ishlayotgani hamma uchun qiziq edi.

Umuman, vaqti kelguniga qadar yaxshigina ishladik. Mening “jaljalkash” fe'l-atvorim sababli bizga hech kim xalaqit bermadi, hech kim katta-katta o‘lpon talab qilmadi. Bundan tashqari, bizni Islom Karimovning o‘zi qo‘llab-quvvatlab turardi.

1994 yilning oktyabr kunlarida meni davlat kotibi T.A.Ahmedov yo‘qladi. Toshkentga telefon qilib, uchrashuvni ertasi kuni ertalabga ko‘chirishni so‘radim. Chunki yaqin do‘stim Xonobodda to‘y qilayotgandi. Ammo Ahmedovning “shotir”lari uchrashuvni qoldirishga ko‘nmadi va menga 17.00 dan kechikmay Toshkentda bo‘lish tayinlandi.

Uchrashuv o‘sha kuni bo‘lib o‘tdi. Ahmedov meni juda iliq qarshiladi. Ishlarim bilan, Andijon viloyati ma'muriyati rahbari bilan mojaro bilan qiziqdi. Menga xalq deputatligiga saylanishni tavsiya qildi. Men siyosatchi emas, tadbirkor ekanimni bahona qilib, bu taklifni rad etdim.

Suhbatimiz oxirlab qolganda u o‘ziga 100 ming dollar naqd pul topishga yordam berishni so‘radi. 100 ming dollar evaziga Ahmedov kabi “tayanch”ga ega bo‘lish har qanday tadbirkor yoki yuqori martabali amaldorning ushalmas orzusi edi.

Nihoyat men “Rustambank”ning bir tekis va muvaffaqiyatli ishining haqiqiy sababini angladim va 15 noyabrgacha pulni topib berishni “va'da” qildim. Mendan ochiqchasiga pora talab qilingan edi.

Lekin men “gai”larga ham hech qachon bir tanga bermagandim. Hatto davlat kotibiga bo‘lsin, nega 100 ming dollar berishim kerak?

Bu orada amalda kelishuvga erishdik deb o‘ylagan Ahmedov meni respublika Oliy Kengashi deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga oldi.

Ammo saylovoldi kampaniyasi boshlanib, saylovchilar bilan birinchi uchrashuvdan so‘ng menda oshqozon yarasi kasalligi kuchli xuruj qilib qoldi. Qon keta boshladi. Ko‘rpa-to‘shak tartibiga o‘tib davolanishim esa saylovdagi bo‘lajak mag‘lubiyatimni oqlash uchun ayni muddao bo‘ldi. 1994 yil 15 dekabr kuni O‘zbekiston televideniesi orqali mening deputatlikka nomzodligim chaqirib olingani e'lon qilindi. Bu paytda Ahmedovga pul olib borishim kerak bo‘lgan kundan roppa-rosa bir oy o‘tgandi.

Xullas, hammasi belgilanganidek, dunyoda mo‘'jizalar bo‘lmaydi. Endi bundan ham ortiqrog‘ini kutish kerak.

Saylov davomida bunday keskin o‘zgarishlarga ko‘nikmagan saylovchilar uchun bu voqea musaffo osmonda chaqmoq chaqqandek bo‘ldi. Rossiyaning bir gazetasi: “Usmonovning nomzodikdan chaqirib olinishi butunlay noqonuniy. Usmonov jamoat tashkilotlariga murojaat etib, Markaziy saylov komissiyasi qarorini bekor qildirishi mumkin edi. Biroq u bunday qilmadi”, deb yozdi. “Nega?” degan savol tashladi gazeta.

Albatta, gazeta haq edi. Biroq u paytda men nomzodim chaqirib olinganining asl sababini ayta olmasdim. Men navbatdagi zarbani kutardim. Yozilmagan qonunlarga ko‘ra, endi men “yo‘ldan olib tashlanishim” kerak edi.

Saylovga bir kun qolganda ofisimda qorovul o‘ldirib ketildi. O‘g‘rilar faqat seyfni olib ketdi. Hujum qilinishidan oldin qorovul “02”ga qo‘ng‘iroq qilishga ulgurgandi. Militsiya naryadi esa ofis oldida mashinada bir-ikki aylanib, qanday kelgan bo‘lsa, shunday qaytib ketgan.

Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishidagi holatlar qotillik dushmanlarim tomonidan uyushtirilganini aniq ko‘rsatib turardi. Respublika gazetalarida rasmiy kanallardan olingan ma'lumot chop etildi. Unda fojeaning bosh aybdori… men ekanim ko‘rsatilgan edi.

Men Ahmedov bilan uchrashishga harakat qildim. Ammo nafaqat u, hatto mayda amaldorlar ham men bilan gaplashishni istamadi. Prezident nomiga xatlar yozdim. Javob bo‘lmadi. Men kunim bitgani, ketish kerakligini anglardim. Lekin qaerga? Bank firma emas, uni yopish oson bo‘lmaydi, bu xuddi katta tezlikda ketayotgan poezdni to‘xtatishdek gap.

Inqilobdan so‘ng bobom butun boyligini bolsheviklarga bergan. Shuning uchun uni omon qoldirishgan. Men ham xuddi shunday yo‘l tutishga qaror qildim, chunki boshqa biror chora yo‘q edi.

Prezident nomiga yana bitta xat yozdim. Javob bo‘lmadi. 1995 yil fevralda xuddi shu xatni “takroran” tamg‘asi bilan prezident qabulxonasi orqali yo‘lladim. Yana jimlik. Bu vaqtga kelib telefon orqali tahdidlar kuchaygandi. Bankka tekshiruvchilar kelmagan kun yo‘q edi.

Xuddi shunday taftishlar tashkilotchilaridan biridan taklif tushdi. Agar men 10 000 dollar to‘lasam, u taftishchilarni chaqirib oladi. Men o‘zimni 5 000 dollar to‘lashga rozidek qilib ko‘rsatdim. Narxga kelisha olmadik. Taftishchilar ishini davom ettirdi. Hech narsa topa olishmadi. Taftishchilarning 7 kishidan iborat yangi guruhi keldi. Bularning barchasi prezidentning “Xususiy mulkni himoya qilish to‘g‘risida”gi farmoni va boshqa qonunchilik hujjatlariga zid edi.

Qarshilik qilishga quvvatim qolmadi. Raqiblarimga hech narsa kerak emas edi. Ularni faqat men qiziqtirardim. Nima qilib bo‘lmasin, ular meni yo‘q qilishi kerak edi.

Men ochlik e'lon qilishga qaror qildim. Bu haqda gazetalar, hukumat organlari, prezident devoniga xabar jo‘natdim. Hatto sovet O‘zbekistonida ham bunday bayonotlar nafaqat komissiya tashkil etish, balki jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun-da asos bo‘lardi. Afsuski, mustaqil O‘zbekistonda endi boshqa davr shamollari esardi. Mening ochlik e'lon qilish to‘g‘risida mamlakat prezidenti nomiga, Oliy Kengashning 1-sessiyasiga, ommaviy axborot vositalariga yo‘llagan bayonotim yana javobsiz qoldi. To‘g‘rirog‘i, “Rustambank”dan bank operatsiyalarini o‘tkazish huquqini beruvchi litsenziya qaytarib olingani javob o‘rniga o‘tdi. Bankni yopishga ikki oy vaqt berildi. Men bankni yopish maqsadga muvofiq emasligi haqida darhol ma'lum qildim va bankka bo‘lgan mulkiy huquqlarimdan urush veteranlari foydasiga notarial tarzda voz kechdim.

Butun mulkdan voz kechib, bankni va uning jamoasini saqlab qolaman, deb sodda o‘ylagandim…

O‘sha mudhish kunlarni xotirlashni istamayman. Oilada xotirjamlik yo‘q. Har 2-3 kunda oilamiz a'zolari yashash joyini o‘zgartiradi. Hukumatdan har narsani kutish mumkin edi.

Biroq hamma ishni o‘z holiga tashlab ketib ham bo‘lmasdi. Bank bittasidan kredit olib, boshqalariga bergandi, uzoq muddatli kapital qurilishlarga mablag‘ tikkandi. Pulni kreditorlarga qaytarish kerak edi. Bu esa oson emas edi. Kredit zaxiralarining bir qismini biz savdo kelishuvlariga tikkandik, ularni ikki oyda qaytarish mumkin. Biz bir yil, hatto ikki yil muddatga bergan kreditlar ham bor edi. Ularni qanday qaytaramiz?

Men uzoq muddatli kreditlarni boshqa banklarga sotishga urinib ko‘rdim. Ammo hech kim men bilan ishlashni xohlamasdi. Shaharda Usmonov qattiq g‘azabga uchragani, hatto tez orada qamoqqa tushishi haqida gap tarqagandi.

Mish-mishlar o‘z ishini qildi. Atrofimda bo‘shliq paydo bo‘ldi. Hatto men beg‘araz, chin ko‘ngildan yordam berganlar ham g‘oyib bo‘ldi. Men faqat o‘z jamoam bilan qoldim. Nima bo‘lsa ham kreditorlarga pulini qaytarishga qaror qildik. Pul bo‘ladigan hamma narsani sota boshladik. Hatto xotinimning zeb-ziynatlari va qizimning sarpolari ham qolmadi. Ammo bizni navbatdagi g‘urbat kutib turardi – bizning nomimizga kelayotgan to‘lovlar to‘xtatildi. Ularni birorta bank qabul qilmay qo‘ydi. Bitta to‘lov hujjatini o‘tkazish uchun butun O‘zbekiston bo‘ylab yurib, biz yopilgan bo‘lsak ham amaldagi qonunchilikka ko‘ra bizga kelayotgan to‘lovlar to‘xtatilmasligi kerakligini isbotlashga urindik. Ustiga-ustak, respublika soliq qo‘mitasi bankdan kredit olgan barcha firmalarning omborlarini muhrlab qo‘ydi. Mahsulot bor, sotish mumkin emas. Tushum bo‘lmagandan keyin bankka qarzni qaytarish imkoniyati ham yo‘q.

Bankimizda hisob raqamiga ega bo‘lganlarning hammasi tekshirildi. Ularning sheriklari tekshirildi. Tekshiruvchilar ularga Usmonovga qarshi dalil-ashyolar kerakligini ochiq aytardi. Agar Usmonovga qarshi dalil berishsa, ularni tinch qo‘yishardi. Kimdir pora berib, kimdir o‘z aloqalarini ishga solib qutuldi. Bularning ikkisiga ham ega bo‘lmaganlar esa o‘z ishini tashlab, boshog‘riqdan uzoqroq ketish harakatiga tushdi.

1995 yil may oyi boshlarida yuzdan ortiq kishi O‘zbekistondan Qirg‘izistonga ko‘chib ketdi. Respublikada men bilan ishlashdek baxtsizlikka “musharraf” bo‘lganlarga qarshi haqiqiy terror boshlandi. Men keta olmasdim, o‘zimning peshona terim bilan topgan pullarimni qarzdorlardan undirishim kerak edi. Bolalarim men tufayli qiynalishini istamasdim. Ularning otasi o‘z qarzlarini o‘zi qaytarishini xohlardim.

Bu g‘urbatlarning hammasiga chidash og‘ir edi. Yilt etgan yorug‘lik ko‘rinmayotgani qiynardi. Hech kim bizni tushunishni istamasdi. Men T.Ahmedovning ta'magirligi haqida MXX raisi G‘.A.Alievga xat yozdim. Bu haqda MXXning imkon qadar ko‘p xodimi xabar topishi uchun xatimni MXXning Xonobod bo‘limi orqali jo‘natdim. O‘zim esa Bishkekka ketdim.

1995 yil 27 mayda Jalolobodga uchib keldim. Bu yerda mening Xonoboddagi uyim besh kundan beri kuzatuvda ekanini aytishdi. Meni kutishardi. Men Xonobodga borishga qaror qildim Ular meni nimada ayblashlari qiziqtirardi, chunki men butun umrim davomida qonunga eng itoatgo‘y fuqaro edim.

O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tayotganimizda mashinamiz to‘xtatildi. Mendan o‘zlari bilan Andijonga, viloyat IIB boshlig‘ining oldiga borishni so‘rashdi. Andijonga olib ketishdi. Uyimiz oldidan o‘tib ketayotib xotinim va bolalarimni ko‘rdim. Ular meni ko‘rmadi. Ular bilan xayolan vidolashdim. Andijondan to‘g‘ri Namanganga olib kelishdi. Bu yerda Toshkentga uchayotgan samolyot reysini men uchun to‘xtatib turishardi.

Samolyotda yo‘lovchilardan biri bilan bir-ikki og‘iz gaplashdim va undan uyimga qo‘ng‘iroq qilib, yaqinlarimga bo‘lib o‘tgan voqeani xabar qilishini so‘radim. Tashrif qog‘ozimni berdim.

Toshkent aeroportida meni mahbuslarni tashiydigan mashina – “voronka” kutib turardi. Tashrif qog‘ozimni olgan yo‘lovchini ham men bilan birga unga tiqishdi.

IIVga keldik. Hibsga olish bayonnomasi tuzishdi. Daromadni yashirish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda ayblashdi. Men e'tiroz bildirishga harakat qildim. Ikki yildan ortiqroq vaqtdan beri rahbar emasligimni, hech qanday hujjatga qo‘l qo‘ymaganimni aytdim. Agar men ta'sischisi bo‘lgan birorta firma soliq to‘lamagan bo‘lsa, bunda mening aybim yo‘qligini bildirdim. E'tirozlarim hech qanday ta'sir ko‘rsatmadi. Bayonnoma 1995 yil 27 may kuni tuzildi. Biroq meni 28 may sanasi bilan imzolashga majbur qilishdi.

Shunday qilib men IIVning vaqtincha hibsda saqlash izolyatori mahbusiga aylandim. U vazirlik yerto‘lasida joylashgandi. Bu yerda eng mashhur jinoyatchilar saqlanadi. Demak respublikada kichkina odam emasman, deya istehzo qilib qo‘ydim o‘zimcha.

Yerto‘lada ko‘rgan-kechirganlarim – alohida suhbat mavzusi…

1995 yil 31 may kuni meni qo‘yib yuborishdi. Meni ichki ishlar vaziri general Zokirjon Almatov qabul qildi. U men bilan oldin ham yaxshi muomalada edi. Birinchi marta uning o‘rinbosari bilan ikkalamiz o‘rtasida katta mojaro kelib chiqqanida u meni qo‘llab-quvvatlagandi. Ikkinchi marta esa boshqa o‘rinbosari qamoqqa tiqqan o‘g‘limni turmadan qo‘yib yuborgandi.

Uchinchi marta ham u meni iliq kutib oldi. Prezident Karimov mening qamoqqa olinganimni eshitib qattiq g‘azablangani va darhol ozod qilishni buyurganini aytdi.

Men Xonobodga jo‘nab ketdim. Bu yerda menga IIVning maxfiy hujjatlarini sotib olishni taklif qilishdi. Ularni ko‘zdan kechirib, so‘ralgan pul – 10 000 dollarni to‘ladim.

Rustam Usmonov 10 000 dollar evaziga sotib olgan hujjatlar “Eltuz” saytida e'lon qilinadi.

Tag‘in o‘qing
11 mart 2016
O‘zbekistonda reklamada pornodan foydalanish taqiqlanadi. Lekin bu qoida siyosiy reklamalarga joriy qilinmaydi. Kinoda o‘pishish mumkin, har ikki xolatda, – ...
25 mart 2024
O‘zbekistonlik xudkush hujumchi o‘zini Qandaxordagi Bank yaqinida portlatib yuborgani haqida Rossiya nashrlari xabar bermoqda. Asli o‘zbekistonlik xudkush-terrorchi Asadbek Madiyarov ...
25 fevral 2021
(Muhammad Solih audiokitobining davomi) Askarlikdan qaytganimda bir milliyatchi edim. Ammo ikki yil davomida o‘qiganim butun adabiyotlar rus tilida edi. ...
3 fevral 2022
Shvetsiyadan qochqinlik maqomini olgan o‘zbek faoli Muhiddin Qurbonov 2 fevral kuni  saraton kasalligidan vafot etdi. Bu haqda Eltuzga xabar ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...