Document UZ
16 mart 2018

Gulnora Karimovaning «cho‘ntagi» ozodlikka chiqarilmoqda

O‘zbekiston sobiq prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning yaqinlari orasida uning «cho‘ntagi» sifatida tanilgan shaxs – Jur'at Meliqulov qamoqdan butunlay ozod etilish arafasida turibdi.

Jur'at Meliqulov © eltuz.com

Bu haqda “Eltuz”ga xabar qilgan O‘zbekiston Bosh prokuraturasining yuqori lavozimli mulozimiga ko‘ra, 54 yoshli Jur'at Meliqulov fevral oyida Qarshidagi 64/49-jazoni ijro etish koloniyasidan Pskentdagi 64/75-manzil koloniyaga o‘tkazilgan.

Jur'at Meliqulov 2012-2013 yillar oralig‘ida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidan 100 million AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘ni o‘zlashtirishda aybdor deb topilib, 2014 yilning 20 avgustida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi tomonidan 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Bosh prokuratura xodimining aytishicha, xalq orasida FNPZ nomi bilan mashhur Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining sobiq tijoriy direktori Jur'at Meliqulov yaqin kelajakda butunlay ozod bo‘lish uchun bor imkoniyatlarini ishga solmoqda.

Uning ilova qilishicha, mart oyi boshida Pskentdagi manzil koloniya rahbariyati Meliqulovdan prezident nomiga kechirim nomasi yozdirib olgan.

Jur'at Meliqulovning davlatga yetkazgan moddiy zarari qoplangani yo‘q.

FNPZni o‘pirgan “ishbilarmon”

Toshkentdagi Meliqulovga tegishli ko‘chmas mulklar. © eltuz.com

“Eltuz” Meliqulov va yana besh nafar shaxs ustidan olib borilgan 1-472/2014 raqamli jinoyat ishi xulosasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Unga ko‘ra, Toshkentning Shayxontohur tumanida istiqomat qilgan Jur'at Meliqulov FNPZda mas'ul vazifalarni bajargan besh kishi bilan birga “jinoiy til biriktirgan va o‘z vazifalarini suiiste'mol qilgan holda… FNPZ pul mablag‘larini tizimli tarzda o‘marish, pora olish, O‘zbekiston iqtisodiy manfaatlariga zid ravishda bitimlar tuzish va yirik miqdordagi soliqlardan bo‘yin tovlash bilan shug‘ullangan”.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xodimiga ko‘ra, FNPZ tijoriy direktori bo‘lgan Jur'at Meliqulov 2012-2013 yillarda neftdan olingan daromaddan har oy Gulnora Karimovaning shaxsan o‘ziga 10 million AQSh dollari, shuningdek, Gulnora Karimovaning fuqaroviy eri Rustam Madumarovga 8 million dollardan yetkazib turgan.

Jinoyat ishi xulosasida Gulnora Karimova va Jur'at Meliqulov o‘rtasidagi hamkorlik haqida lom-mim deyilmagan, faqat Meliqulovning “tergov paytida ismi aniqlanmagan shaxslar” bilan hamkorlik qilgani qayd etilgan.

Ammo jinoyat ishi xulosasida Rustam Madumarov va Jur'at Meliqulov hamkorligiga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Unda bunday deyiladi:

“2012 yil oktyabridan R.Madumarov topshirig‘i bilan FNPZda ishlay boshladi. Buning uchun Madumarov undan har oy 8 million dollar to‘lab borishni talab qildi”.

Jinoyat ishi xulosasidan ma'lum bo‘lishicha, Rustam Madumarov Jur'at Meliqulov va uning sheriklariga ichki bozorni neft mahsulotlari bilan ta'minlash uchun FNPZ do‘konlarini ochishga topshiriq beradi.

O‘z navbatida, Jur'at Meliqulov xaridorlardan neft mahsulotlari uchun “shapka” olish tizimini yo‘lga qo‘yadi.

Jur'at Meliqo‘zievning «Eltuz» o‘rgangan jinoyat ishi xulosasi nusxasi. © eltuz.com

Jumladan, shamlarning bir tonnasi uchun 500-600 dollar, benzinning bir vagoni uchun 2000-2500 dollar, dizel yonilg‘isi uchun tonnasiga 200-250 dollar, ekstraktsion benzinning bir tonnasi uchun 100 dollar miqdorida “shapka” olingan.

“Olingan pul mablag‘larini u (Jur'at Meliqulov) o‘z shaxsiy avtomobilida Toshkent shahriga keltirib, R.Madumarovga yoki uning yordamchilariga topshirgan. Pulni berish joylari “Mersi” va «Sarbon» restoranlari, shuningdek, R.Madumarovning O‘zbekiston Respublikasi IIV yonidagi ofisi bo‘lgan,” deyiladi jinoyat ishi xulosasida.

Bundan tashqari, texnik moylardan olingan “shapka”ning bir qismi Rustam Madumarovga qarashli “Ta'minot Oyl MMP” (Ta’minot Oil MMP) ofshor shirkati hisobiga o‘tkazib borilgan.

2014 yil may oyida Rustam Madumarov odam o‘g‘irlashda aybdor deb topilib, O‘zbekiston Harbiy sudi tomonidan 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Gulnora Karimova ham 2015 yilda soliq to‘lashdan bosh tortish kabi ayblovlar bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgani haqida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ma'lum qilgan.

Bosh prokuratura Gulnora Karimovaga nisbatan ikkinchi alohida jinoyat ishi ochgan va ayni damgacha tergov ishlari nihoyasiga yetgani yo‘q.

“Cho‘ntak” yashirgan mol-mulk

Toshkentning Oybek metrosi yaqinidagi Meliqulovga tegishli ikkinchi ofis binosi. © eltuz.com

«Eltuz» bir oycha davom etgan tekshiruvi davomida Jur'at Meliqulovga aloqador shirkatlar va mol-mulklarning ba'zilarini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.

Ular quyidagilardan iborat:

  • Toshkent shahri, Oybek metrosi yaqinidagi 4 qavatli ofis;
  • Toshkent shahri, Taras Shevchenko ko‘chasidagi EVO ko‘p qavatli binosi;

  • Dubayning «Palma» orolidagi qimmatbaho villa;

  • Moskvaning «Malina Rosha» mavzesidagi 7 qavatli biznes markazi;

  • Stamford Capital Lnc ofshor shirkati (bu shirkatda Jur'at Meliqulovning qancha mablag‘i saqlanayotgani ma'lum emas)

FNPZ

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi yonilg‘i-moylash materiallarini chiqaradigan Markaziy Osiyodagi eng yirik korxonalardan biri hisoblanadi.

“O‘zneftmahsulot” aktsiyadorlik kompaniyasining “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” unitar sho‘'ba korxonasi neftni qayta ishlash sohasidagi yoqilg‘i-moy ishlab chiqarish bo‘yicha deyarli barcha turdagi neft mahsulotlari ishlab chiqarishga qodir bo‘lgan 35 texnologik qurilmani o‘z ichiga oladi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi o‘zining 55 yillik faoliyati davomida 60 xildan ortiq neft mahsuloti va xalq iste'mol molini ishlab chiqargan

Rustam Ahmedov
“Eltuz”ning Toshkentdagi muxbiri
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
27 aprel 2017
Prezident Mirziyoevning tabiiy gazni sotishni xususiy operatorlarga o‘tkazishga oid hujjatni imzolashi ortidan, o‘zbek matbuotida bu qarorni olqishlovchi materiallar paydo ...
23 yanvar 2024
2024 yilning 18 yanvarida Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin o‘tmishda Rossiyaga tegishli bo‘lgan, sovet ittifoqi qulaganidan so‘ng mustaqil mamlakatlar ...
7 fevral 2019
Rassom TuzEltuz.com
31 mart 2017
Toshkentdagi «Mirza Yusuf» masjidi imom xotibi, 42 yoshli, Rahmatulloh Sayfuddinovning erkaklarning doyalik qilishiga qarshi targ‘iboti ijtimoiy tarmoqda va turli ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...