Document UZ
21 may 2018

Andijonda institutlar bittaga kamaydi

«Eltuz»ning Andijon shahridan olgan ma'lumotlariga ko‘ra, viloyatda institutlar soni bittaga kamaydi. 4 ta oliy ta'lim dargohidan biri – Andijon qishloq xo‘jaligi instituti endi Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filiali sifatida faoliyat yuritadi.

Yangi o‘quv yiliga qabul universitet filialining qishloq va suv xo‘jaligi sohasi mutaxassisliklari uchun amalga oshiriladi. Andijon qishloq xo‘jaligi institutida ishlovchi xodimning «Eltuz»ga ma'lum qilishicha, rahbariyat o‘tkazgan yig‘ilishda shtatlar keskin qisqarishi va xodimlar bunga tayyor turishlari kerakligi aytilgan.

«Hozir hamma shokda. Chunki xodimlarning aksariyati ko‘p yillar ishlagan, umri shu yerda o‘tgan, institutga ko‘p mehnati singgan, masalan, men 30 yildan beri ishlayman, pensiyaga shu yerdan chiqmoqchi edim.Qisqartirishga tushib qolsam nima bo‘larkin, degan vahimada yuribman», deydi institut xodimi.

Andijon qishloq xo‘jaligi instituti Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti filiali sifatida 1960 yildan faoliyat ko‘rsata boshlagan. 1964 yilda esa filial o‘rnida Andijon paxtachilik instituti tashkil etilgan. 70-80-yillar institutning nufuzi juda yuqori bo‘lgan, chunki u soha bo‘yicha sobiq ittifoqda yagona oliy o‘quv yurti hisoblanardi. 1992 yilda prezident I.Karimovning farmoniga asosan, Andijon paxtachilik instituti Andijon qishloq xo‘jaligi instituti deb o‘zgartirildi. Oliy ta'lim dargohida 6 ta fakultet bo‘lib, 14 yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Institutda 500 dan ziyod ishchi-xodim bor, shundan 200 ga yaqini o‘qituvchi, qolgani texnik xodimlardir.

O‘z ismi-sharifini oshkor etishni istamagan o‘qituvchilardan biri institutda kuchli bilim va tajribaga ega mutaxassislar borligi, biroq ayovsiz qisqartirish kutilayotganini «Eltuz»ga bildiradi.

«Ammo o‘rmonga o‘t ketsa, ho‘lu quruq baravar yonarkan, hozir hatto malakali o‘qituvchilar orasida ham qisqartirish ketyapti. Qabul rejasi ham o‘zgardi. Filialga atigi 500 talaba qabul qilinarkan. Institutga esa mingdan ziyod talaba olinardi. Demak, teng yarmiga qisqaryapti. Dars soatlari ham shunga yarasha bo‘lsa kerak. Chunki 6 ta fakultetdan 3 tasidagina qabul amalga oshirilarkan. Shu kunlarda yangi rahbarimiz (universitet rektori!)ning kelishini kutyapmiz.

«Eltuz» muxbiri bilan suhbatlashgan yana bir xodimning ta'kidlashicha, institutning tugatilishiga mazkur dargohni tamomlagan mutaxassislarning samarasiz faoliyati, olgan bilim va tajribalarni oqlamagani, umuman, yangilik yaratuvchi olimlarni yetishtirib chiqarish zarurati sabab bo‘lgan.

Andijon shahrida yashovchi O.Yo Andijon qishloq xo‘jaligi institutining a'lochi, iqtidorli talabalaridan biri bo‘lgan. Ammo u o‘qigan sohasi bo‘yicha ishlab ketolmadi. O. hozirda bozorda savdo-sotiq bilan shug‘ullanadi.

«Diplom sandiqda, chang bosib yotibdi, chunki soham bo‘yicha ish yo‘q. Arzimagan maoshli ish erkak kishiga to‘g‘ri kelmaydi. Shunday bo‘lgach, kim jon kuydirib ishlab, yangilik yaratadi? Shuncha yildan beri biror olim arzirli ixtiro qilgani yo‘q. Zararkunandalarga qarshi dorilarni hamon chetdan olib kelamiz. Ko‘pchilik institutni bitirgach, menga o‘xshab o‘z sohasi bo‘yicha ishlamaydi. Ayrimlar faqat oliy ma'lumot, diplom uchun qishloq xo‘jaligi institutini tanlashadi.

Ma'lum qilishlaricha, ayni kunlarda institut ma'muriyati muhr va tamg‘alarni almashtirish ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Tez orada institut peshtoqidagi yozuv ham Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filiali deb o‘zgartiriladi.

Ma'lumot uchun: O‘zbekistonda Toshkent davlat agrar universitetining yangi tashkil etiladigan Andijon filialidan tashqari Termiz va Nukus filiallari faoliyat yuritmoqda.

Shohida Saidova
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 mart 2020
Ota o‘g‘liga telefonda: «Damasga pulim yetmadi, bolam. Yana o‘n million yubor». Rassom Kirpi
11 avgust 2018
Namangan viloyatining Uychi tumani markazida hokimlik ishchilari kesgan katta chinor daraxti yo‘lovchilardan birini bosib o‘ldirdi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Vazirlar ...
21 fevral 2022
O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Jumasafar Dadaboevni boshqa davlatlarda ishlash uchun josuslikka yollashga uringan Qoraqalpog‘istondagi turkman qishlog‘ida tug‘ilgan faol va ...
24 oktyabr 2018
22 oktyabr kuni Andijon viloyati televideniesida viloyat hokimi Sh.Abdurahmonovning paxta yig‘im-terimida qatnashganligi yuzasidan ko‘rsatuv tayyorlandi. Unda 19 oktyabr kuni ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...