Document UZ
5 iyul 2019

Parpiev ketdi, lekin unga aloqador biznes gullab-yashnamoqda

“Yoshim yetmishdan oshdi. 50 yildan ortiq haydovchilik tajribam bor. Lekin peshonada bor ekan, nevaram tengilar bilan yana haydovchilikka o‘qiyapman”. Foto: avtotest.uz

Bu so‘zlar o‘g‘li xususiy firmasi nomiga olib bergan mashinani haydab yuradigan otaxonning aytganlari.

Hukumatning xo‘jalik sub'ektlariga tegishli avtotransportni boshqaradigan haydovchilarning har ikki yilda “Avtotest Report” MChJda malaka oshirishini belgilashi ortidan otaxon ham bir haftalik kurslarda o‘qimoqda.

O‘zbekistonda pensiya yoshidan o‘tgan bo‘lsa-da, qaysidir firma yoki tashkilotning mashinasini haydaydiganlar ko‘plab topiladi. Demak, butun umr mashina chambaragini qo‘ldan qo‘ymagan bunday kishilarni “Avtotest Report” kurslarida hali yana ko‘p bora uchratamiz.

Dunyoning hech bir mamlakatida hukumat xususiy tijoriy firmaga bunday huquqni bermagan bo‘lsa kerak.

Eng yomoni, turli aholi qatlamlarni, shuningdek, ayrim deputatlarning noroziligiga qaramay, hamon bu hujjat bekor qilingani yo‘q.

O‘z vaqtida bunday qarorning qabul qilinishiga sabab sifatida yo‘l-transport hodisalari ko‘payib borayotgani sabab qilib ko‘rsatilgandi.

Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, sodir bo‘layotgan bunday voqealarda yuridik shaxslarga tegishli avtotransportlarning ulushi 10 foizga ham yetmas ekan.

Mazkur hujjat qabul qilingandan so‘ng savollar ketidan savol paydo bo‘lavermoqda. Masalan, nega haydovchilarni qayta tayyorlash huquqi bitta firmaga berildi? Nega haydovchilar aynan har ikki yilda qayta malaka oshirishi kerak?

Yillar davomida mashina boshqarib kelayotgan minglab haydovchilarning malakasini shubha ostiga olishga qanday sabablar turtki bo‘lmoqda?

Afsuski, kundan kun ko‘payib borayotgan bu kabi savollarga hali aholi biror marta to‘liq javob olgani yo‘q. Aksincha, “Avtotest” kurslarida o‘qitishga majburlash tobora kuchayib borayotir.

Hozircha yuridik shaxslarga tegishli avtotransport haydovchilarida majburiy ravishda “Avtotest Report”ning sertifikatini bo‘lishi muddati 1 iyuldan 1 sentyabrga surildi.

Sentyabr oyidan boshlab transportni bunday sertifikatsiz boshqarayotgan haydovchilar jarimaga tortiladi.

“Avtotest Report” kurslari bir haftaga mo‘ljallangan. Unda o‘qish bahosi esa 345 ming so‘mni tashkil etadi.

Hozir har haftada qanchadan-qancha firma, korxona va tashkilotlar o‘z haydovchilarini “Avtotest Report”da o‘qitish uchun millionlab sarflamoqda. Lekin bu pul davlatning emas, korchalonlarning cho‘ntagiga tushmoqda.

O‘zbekistonda tarqalgan gap-so‘zlarga ko‘ra, “Avtotest-Report” MChJ Davlat soliq qo‘mitasining sobiq rahbari Botir Parpievning qudratli biznes imperiyasiga aloqador. Uning egasi esa B.Parpievning yaqin odami, prezident matbuot xizmati rahbari Komil Allamjonov ekani aytiladi.

Bugun Komil Allamjonov prezident orbitasiga eng yaqin odamlardan biri hisoblanadi. “Avtotest Report”ning mushugi oftobda yastanib yotishiga ham shu omil sababchi emasmikin?!

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 aprel 2020
Joriy yilning mart oyida Jeneva ko‘li sohilida joylashgan muhtasham Vilson saroyida (Wilson Palais) O‘zbekistondagi inson huquqlari masalalari muhokama qilindi. U yerda BMT Inson huquqlari ...
30 avgust 2016
Kecha, 29 avgust kuni, qator internet nashrlari, O‘zbekiston prezidentining o‘limi haqidagi xabarni chop qildi, jumladan biz ham. Hozirga qadar ...
3 sentyabr 2017
Pahlavon Sodiq 1973 yilda Namangan viloyatining Chortoq shahrida tug‘ilgan. Toshkent va Turkiyada jurnalistikadan tahsil olgan. «Ruhiyat nasimi» (1994) she'riy ...
19 noyabr 2018
Shotlandiyaning The Herald gazetasi O‘zbekistonning yirik kompaniyalari ustidan o‘z nazoratini o‘rnatayotgan sirli firma haqidagi navbatdagi surishtiruvini e'lon qildi. «Eltuz» ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...