Document UZ
23 iyul 2018

Yirik tadbirkorga oid jinoyat ishidagi qing‘irliklar

Toshkent shahri IIBB narkotiklar tarqatish ishi bo‘yicha ayblanayotgan tadbirkor Jahongir Umarovga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

IIBBning bayonotiga ko‘ra, 2018 yil boshlarida hibsga olingan J.Umarovning kabinetidan 10 gramm opiy moddasi topilgan. Hibsga olish chog‘ida uning tanasida gematoma va tirnalishlar bo‘lgan.

Jahongir Umarov “Integral Invest” kompaniyasi rahbari bo‘lib, Toshkentdagi yirik tadbirkorlardan biri hisoblanadi. Huquq himoyachilari uning jinoyat ishi biznesini tortib olish maqsadida soxtalashtirilganini ta'kidlamoqda.

Internetda jamoatchilikka taqdim etilgan, tadbirkor ishiga bevosita aloqador bo‘lgan audiyozuvlardan birida, huquq himoyachilarining iddaolarida jon borligi seziladi.

Audioyozuvda Toshkent shahri IIBB jinoyat qidiruv boshqarmasi o‘ta maxfiy ishlar bo‘yicha katta tezkor vakili Fathiddin Nuriddinov ekani aytilayotgan shaxs va Abdurashid ismli yigitning o‘zaro suhbati muhrlangan.

Ma'lum bo‘lishicha, tezkor vakil Abdurashidning qamoqqa tiqilgan tadbirkorga qarindoshligini bilmagan va shuning uchun mavzu bo‘yicha ochiq suhbat bo‘lgan.

Audiyozuvda gap J.Umarovni ushlash jarayoni yashirin kameraga olingani, jumladan, narkotiklar ham unga atayin tashlab qo‘yilgani ham tasvirga tushgani haqida so‘z yuritiladi.

Suhbat mazmunidan tezkor vakilning yashirin olingan videotasvirlar borligi to‘g‘risidagi xabarlardan tashvishga tushgani bilinadi. “(Qamoqqa olish jarayonida) u (J.Umarov) voqeani yozib oladigan sharoitda emas edi”, deydi tezkor vakil.

Qolaversa, audioyozuvda tadbirkorni qamoqqa tiqish buyurtma asosida bo‘lgani, buning uchun F.Nuriddinovga tadbirkor qamoqqa o‘tiradigan har bir oy uchun 10 ming dollar va'da qilinganiga ishora bor.

Umuman, tadbirkor ustidan o‘tkazilayotgan sud jarayonidagi boshqa dalillar va savol-javoblardan ham “bu yerda nimadir toza emas”, degan xulosaga kelish mumkin.

Xususan, J.Umarov va uning mehmonini hibsga olishda tezkor guruhga boshchilik qilgan tezkor xodim Azim Mahmudovning sudda bergan ko‘rsatmalari bunga misol bo‘la oladi.

Jumladan, uning bildirishicha, tezkor tadbir davomida opiy moddasi qo‘shilgani aytilayotgan choy idishlaridan barmoq izlari, gumonlanuvchilarning qon, siydik tahlillari, so‘laklaridan namuna olinmagan.

Tadbirda ekspertlar ham ishtirok etmagan. Tezkor tadbir jarayonining o‘zi ham tasvirga olinmagan. “Shoshib qoldik”, deb izohlagan o‘z ishiga bunday mas'uliyatsizlikni A.Mahmudov.

Garchi Toshkent shahri IIBB J.Umarovga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilmagani haqida bayonot berayotgan bo‘lsa-da, ayblanuvchining yaqinlari shifoxonadagi ko‘rik xulosalari-yu sud tibbiy ekspertiza xulosalari ham Umarovga qiynoq qo‘llanilganini tasdiqlaganini aytmoqda.

Bundan tashqari, infarkt xuruji sababli sud zalidan shifoxonaga olib ketilgan J.Umarovda tekshiruvlar chog‘ida S virusli gepatit kasalligi aniqlangan.

Bu kasallikning yuqtirilishini esa tadbirkorning yaqinlari yana o‘sha katta tezkor xodim Fathiddin Nuriddinovdan gumon qilmoqda. Chunki u o‘z kabinetida J.Umarovga ukol qildirgan va oradan olti oy o‘tib tadbirkorda gepatitning xavfli ko‘rinishi aniqlangan.

O‘zbekistonda ichki ishlar xodimlarining qiynoqlar qo‘llashi taqiqlangan. Shuningdek, sudlarga qiynoqlar ostida olingan dalillarni qabul qilish ham qonun yo‘li bilan taqiqlangan.

Shunga qaramay, tadbirkor J.Umarov bilan sodir bo‘layotgan voqealar aslida huquq-tartibot va sud tizimida hammasi avvalgidek davom etayotganidan darak bermoqda.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
16 fevral 2022
Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevga tegishli “Diskover invest” qurilish kompaniyasi ishchilariga har yili an'anaviy ravishda to‘lab kelingan yillik rag‘batlantiruvchi ...
8 noyabr 2015
Navoiylik nogiron va ikki farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan Boymurodova Dildora pensionerlar haqini talab qilib norozilik aktsiyasida qatnashgani uchun jazoga tortildi. ...
15 fevral 2021
O‘zbekiston prezidentining kenja kuyovi Otabek Umarov 13 fevral soat 18lar atrofida Toshkent markazidagi ko‘chada yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Prezident davlat ...
16 iyun 2022
Telefon qo‘ng‘iroqlari, tuhmat kampaniyalari va shaxsiy tashriflar: Davlat xavfsizlik xizmati o‘zbekistonlik jurnalistlarni qanday qo‘rqitmoqda? Bu O‘zbekiston jurnalistlariga nisbatan DXX ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...