Tadbirkor Jahongir Umarov sud zalidan ozod etildi
“Integral Invest” shirkati rahbari, 18 oy hibsda qolgan yirik tadbirkor 51 yoshli Jahongir Umarov kassatsiya shikoyatidan so‘ng 15 sentyabrda sud zalidan ozod etildi.
Jahongir Umarov Toshkentning Olmazor tumani sudi tomonidan 25 avgust kuni narkotik (opium) saqlash va tarqatishda ayblangan hamda besh yil muddtaga qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Ilgari sudlanuvchining ayoli Nigora Umarovaning «Eltuz» nashriga bergan intervyusida erini bir yil burun yoniga narkotik tashlab qo‘lga olishganini aytgan edi.
Shuningdek, u erining bo‘yniga ayb qo‘yish uchun tergovda urib qiynashgani, qovurg‘alarini sindirishgani va go‘yoki ukol bilan S gepatiti virusini yuqtirishganini bildirgandi.
Shu yilning martida Umarovning advokati sudga audioyozuv taqdim etdi, unda Toshkent IIBB katta tezkor xodimi Fathiddin Nuritdinov opium moddasi tintuv payti tadbirkorning kabinetiga tashlanganini e'tirof etadi.
Jahongir Umarovning bildirishicha, narkotik moddalar uning biznesini tortib olish uchun tashlangan.
«Hamma yerda yotgan bo‘lgan. Moment, sekundda urib tashlaganman. Daje ular (sheriklari) ko‘rmagan, shunaqangi tez bo‘lganki, hech kim ko‘rmagan», deydi Nuriddinov audioyozuvda.
20 sentyabr kuni Jahongir Umarovning ozod etilgani haqida xabar tarqatgan huquq faoli Yelena Urlaeva uning endilikda reabilitatsiya uchun harakat qilish niyatida ekanligini, shuningdek, uni ozod qilish talabi bilan ommaviy aktsiyalarga chiqqan va unga yordam bergan huquq himoyachilaridan minnatdor ekanini bildiradi.
Eltuz.com