Document UZ
14 dekabr 2018

Cotton Campaign: 2018 yilda O‘zbekiston paxta dalalarida majburiy mehnatdan foydalanildi

Dekabrning birinchi haftasida mamlakatning barcha hududlarida yakunlangan 2018 yilgi paxta yig‘im-terimi mamlakatda chuqur ildiz otgan majburiy mehnatni yo‘q qilishda katta muammolar borligini ko‘rsatdi. Markaziy hukumatning qishloq xo‘jaligidagi majburiy mehnatni kamaytirishdagi jiddiy harakatlariga qaramay, mahalliy va yuqori tabaqadagi amaldorlar tag‘in barcha aholini dalalarga chiqishga majbur qilishdi.

«Bizning kuzatuvchilarimiz viloyat va tuman rahbarlari davlat tashkilotlari va korxonalarga o‘z xodimlarini paxta terimiga jo‘natish yoki ular o‘rniga chiquvchilarga haq to‘lash va buni ko‘ngilli tarzda qilishlari haqida tilxat yozish ko‘rsatmalarini berishgani haqida bildirishdi, – deydi O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi (UGF) direktori Umida Niyozova. – Terimchilarning ba'zilari markaziy hukumatning ruxsatisiz o‘z xodimlarini jo‘natishlari mumkin bo‘lmagan respublika huquq-tartibot va respublika darajasidagi harbiy idoralari bo‘lishdi».

Masalan, UGF kuzatuvchilari Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari imzolagan hujjatni qo‘lga kiritishdi. Unda 82 ta davlat muassasasi, jumladan, banklar, kommunal xizmatlar, Yoshlar ittifoqi, soliq idoralari, turizm departamenti va viloyat kasaba uyushmalariga 2018 yilning 27 noyabriga qadar 760 tonna paxta hosili terib berish topshirilgan. Topshiriqda har bir tashkilotdan qancha odam chiqishi va qancha paxta topshirishi ko‘rsatilgan.

UGF mustaqil kuzatuvchilari, shuningdek, davlat xodimlarining qariyb 30 foizi paxta terimiga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni ham oldi. Paxta terish uchun metallurgiya zavodining 3200 ishchisi safarbar qilindi. Bu esa zavod ishchilarining 36 foizini tashkil qiladi (2018 yilning 19 sentyabrida UGF qo‘lga kiritgan hujjatga asosan). Hukumat amaldorlari harbiylarga murojaat qilib, paxta terimida bir necha tuman dalalariga askarlarni safarbar qilishdi, ayniqsa, mavsum oxirida ko‘ngilli terim to‘xtatilganidan so‘ng davom etdi. Masalan, Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida 10 ming askar 2018 yil 5 dekabrgacha paxta terdi.

2018 yilgi paxta mavsumida mustaqil kuzatuvchilar jamoasi quyidagilarni aniqladi:

Mahalliy mulozimlarni majburiy mehnatni tashkil qilishgani uchun jazolash haqida xabarlar bo‘ldi. Shunga qaramay, 2018 yilgi hosil uchun markaziy hukumat hududiy va mahalliy amaldorlarga paxta yetishtirish bo‘yicha kvota ajratish tizimini davom yettirdi. Natijada 100 dan ortiq mansabdor shaxs «paxta yig‘im-terimini tashkil etishdagi kamchiliklar» uchun jazolandi.

Hukumat terimchilarga to‘lanadigan ish haqini oshirdi, natijada ayniqsa paxta ko‘p va daromad qilish imkoni baland bo‘lgan terim mavsumining boshida ko‘proq ko‘ngilli terimchilar paydo bo‘ldi. Biroq dalillar shuni ko‘rsatadiki, dalada paxta miqdori kamayib, ob-havoning yomonlashuvi bilan terimchilarning ham ozaydi. Bu esa rasmiylarning kvotalarini bajarish va jazodan qutulib qolish uchun majburiy mehnatga qaytishlariga olib keldi.

Ko‘pgina terimchilar o‘z ixtiyorlari bilan ishlaganlar, ammo ko‘plab ko‘ngilli terimchilar qo‘shimcha haq evaziga o‘z o‘rinlariga terimchi yollashni ma'qul ko‘rishgan, bu esa yuqoridan belgilangan terim haqi hali ham past darajada ekanidan dalolat berardi.

Sog‘liqni saqlash va ta'lim sohasi xodimlari ommaviy safarbarlikka chiqarilmadi, garchi ularning ayrimlari yig‘im-terimning yakunida dalaga chiqishga majbur bo‘lishdi. Biroq yirik davlat korxonalari va muassasalari, jumladan, fabrikalar, kommunal xizmat shirkatlari, banklar, huquqni muhofaza qilish organlari va davlat idoralari ishchilari paxta terimiga yoki terimchilar haqini to‘lashga jalb qilindi. Minglab xodimlar ko‘ngilli terimchilar sifatida aholi kam yashaydigan hududlarga jo‘natildi, ular dala lagerlarida, jamoat binolarida yoki vagonlarda yashadilar.

«Biz umidbaxsh tendentsiyani ko‘rayotgan bo‘lsak-da, o‘n yillar mobaynida vujudga kelgan ommaviy majburiy mehnat asosidagi ishlab chiqarish tizimini sindirishda muvaffaqiyatga erishilgani haqida bildirishga hali erta, – deydi Bennet Freeman. – Hozirgi paytda sezilarli o‘zgarishlar ro‘y bermoqda, biroq majburiy mehnatni va kvota tizimini tugatishga yana bir necha yil kerak bo‘ladi, faqat ixtiyoriy mehnatdan foydalanishni rag‘batlantirish va majburiy mehnatga asoslangan faoliyat yuritgan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish kabi muhim tuzilmaviy islohotlarni amalga oshirish zarur. Umid qilamizki, O‘zbekiston hukumati va uning xalqaro hamkorlari tarixiy islohotlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan qizg‘in jarayonni qo‘llab-quvvatlaydilar va jadallashtiradilar. «

Paxta kampaniyasi faollarini uzoq vaqtdan beri davlat sektoridagi xizmatchilarning majburiy mehnatga jalb qilinishi davlat xizmatlari uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi tashvishlantirmoqda. Noyabr oyida «Ozodlik» radiosining bildirishicha, mas'ul hamshira paxta terimida bo‘lgani bois, yetti nafar bola noto‘g‘ri emlandi, noto‘g‘ri vaktsina ularning sog‘lig‘i uchun yomon oqibatlar keltirdi.

«Paxta va daladagi mehnat uchun kvota tizimi o‘zgarmas ekan, majburiy mehnat yo‘q qilinmaydi,- dedi Mehnat huquqlarini himoya qilish xalqaro forumining ijrochi direktori Judi Gerxart. – Ayni paytda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida normal mehnat munosabatlari tizimi mavjud emas. 2018 yil hosili bo‘yicha davlat ishlab chiqarish kvotalarining bajarilmagani bois fermerlarning jismoniy zo‘rovonlikka uchragan holatlari qayd etilgan».

Cotton Campaign guruhi va O‘zbekiston-Germaniya forumi (UGF)
«Eltuz» nashri tomonidan o‘zbekchaga o‘girildi 

Tag‘in o‘qing
20 noyabr 2021
Joriy yilning 19 noyabr kuni o‘zbekistonlik rassom, 33 yoshli graffiti ustasi Abdurahmonning benzin narxlari oshganiga oid  yangi asari paydo ...
29 mart 2022
“Usmonov AQSh va Yevropa Ittifoqidagi barcha aktivlarini do‘stlarining hisoblariga o‘tkazib qo‘ygan”. Gamburg rasmiylari asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovning yaxtasi ...
28 mart 2020
Mana o‘lmagan qul, hafta o‘tib yana siz bilan yuzlashdim. Hamma ishga bormay, uyidan ishlayotgan ekan. Men bo‘lsa, shakllangan introvert o‘laroq, ...
7 may 2021
Rassom Kirpi
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...