Document UZ
21 yanvar 2020

Gulnora Karimovaga ayblov – Ko‘zguli uyga xush kelibsiz

Professor Kristian Lasslett

O‘tgan haftada Gulnora Karimovaga nisbatan «yopiq eshiklar ortida» yangi jinoiy ayblovlar bo‘yicha sud bo‘lib o‘tdi.

Karimovaning shveytsariyalik advokati Greguar Manjaning bildirishicha, Gulnoraga o‘z advokatlari jamoasidan foydalanish imkoniyati berilmagan.

Greguar Manja tviti: Advokatsiz, himoyasiz bu “sud” emas. Bu aslida hokimiyatning suiste'mol qilinishidir.

Ayni paytda Karimova Toshkent viloyatidagi umumiy tartibli koloniyada o‘n yillik jazo muddatini o‘tamoqda.

2015 yil avgustda Toshkent viloyati jinoyat ishlari sudi uni ta'magirlik, o‘g‘irlik, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash kabi jinoyatlarda aybdor deb topgandi. Ikki yildan so‘ng Karimova talon-taroj qilish va ta'magarlikda aybdor deb topildi.

Uning hamtovoqlari Rustam Madumarov va Gayane Avakyan ham harbiy sudda javobgarlikka tortildi hamda tegishlicha 7 va 6 yilga qamoq jazosiga hukm qilindi.

Tadqiqotchi Alisher Ilhomovning bildirishicha, Karimova va uning sheriklari ustidan barcha uchta sud majlisi yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan. Jamoatchilik ayblov xulosasi matni bilan tanishish imkoniyatiga ega emas, sud hukmi matnini hech kim ko‘rmagan, mustaqil kuzatuvchilar sud eshituvlariga qo‘yilmagan.

Karimovaga qarshi joriy jinoyat ishi

Karimovaga qarshi qo‘zg‘atilgan yangi ish davlat mulkini talon-taroj qilish va ta'magirlikka oiddir.

Mazkur ish asosida «Quvasoytsement» va «Bekobodtsement» aktsiyadorlik jamiyatlari faoliyati yotibdi.

Bosh prokurorning ta'kidlashicha, Karimova boshqa shaxslar bilan til biriktirgan holda ushbu tsement zavodlarining davlat aktsiyalarini pasaytirilgan narxda sotib olgan.

Keyin esa, ayblovda keltirilishicha, u aktsiyalarni xorijiy tadbirkorlarga sotgan va ularning noqonuniy faoliyatiga homiylik qilgan.

Karimovaga qarshi ishda nomi sir tutilayotgan xorijiy tadbirkorlar Qozog‘istonda joylashgan, oligarx Aydan Karibjonov bilan juda yaqin yirik konglomerat – Visor group ning aktsiyadorlari bo‘lishi mumkin.

Visor investorlari qonunbuzarliklarga oid har qanday bayonotni keskin rad etmoqda.

Biz bu faktni bilganimiz sababi shuki, Visor ning sheriklari, jumladan, Karibjonov hali 2013 yildayoq O‘zbekiston hukumatiga qarshi xalqaro arbitraj muhokamasini boshlagan edi.

Poraxo‘rlik va ekspropriatsiya ayblovi

Davom etayotgan ushbu arbitrajda qozog‘istonlik da'vogarlar Gulnora Karimovadan sotib olingan aktsiyalar 2010 yildan 2013 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston hukumati tomonidan tortib olinganini bildirgan.

Bugungi kunga kelib xalqaro arbitraj Karimovaga qarshi yangi jinoyat ishining asosiy qismi hisoblanayotgan mazkur tijoriy kelishuv haqida muhim ma'lumot beruvchi jiddiy hujjatni e'lon qilgan. Bu esa sudning sudda ko‘rishga tegishlilikka oid qaroridir.

Qarorda keltirilishicha, qozog‘istonlik investorlar O‘zbekistondagi «Bekobodtsement» va «Quvasoytsement» AJlarga qarashli ikkita tsement zavodini 33,98 million AQSh dollariga xarid qilgan.

Visor biznesmen Nurlan Buzakov bilan ham «Bekobodtsement» va «Quvasoytsement» aktsiyalarini xarid qilish imkoniyati bilan tanishtirishda vositachilik haqi uchun 3 million dollar qiymatga ega bitim imzolagan.

Bu AJlarning aktsiyalari Kiprning United Cement Group (UCG) kompaniyasi va uning Kiprdagi sho‘'ba komaniyalariga tegishli bo‘lgan.

Vizor xolding tizimi chizmasi (manba: ICSID 2017)

Ta'kidlanishicha, 2006 yildan 2010 yilgacha Visor «Bekobodtsement» va «Quvasoytsement»ning «ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash va takomillashtirish uchun 127 million AQSh dollaridan ko‘proq» investitsiya kiritgan.

Investorlar ushbu loyiha uchun «Qozog‘istondagi eng yirik Kazkommertsbankdan 320 million AQSh dollaridan ortiq miqdorda» kredit olganini ham aytmoqda.

Arbitraj ma'lumotlaridan investitsiyalarning, agar sarmoya kiritilgan bo‘lsa, qancha foizi o‘z kapitali va qancha foizi kredit hisobidan moliyalashtirilgani aniq emas. Biroq investorlarning «kamida 500 million AQSh dollari» miqdorida yetkazilgan zararni qoplash talabi Kazkommertsbank krediti va unga hisoblangan foizlarga asoslangan.

Visor bu «o‘zbek tsement sanoatiga kiritilgan halol investitsiya ekanligi, ammo u O‘zbekiston hukumati tomonidan ta'qibga olib olish kampaniyasiga sabab bo‘lgani»ni ta'kidlamoqda.

Ushbu ta'qiblar kompaniya hujjatlari va aktivlariga band solish va musodara qilish, shuningdek, da'vogar kompaniyalarga va ularning ayrim rahbarlariga nisbatan jinoiy va fuqaroviy ish qo‘zg‘ash» kabilarni o‘z ichiga olgan.

Arbitraj ma'lumotlariga ko‘ra, «Bekobodtsement» AJning 51 %, «Quvasoytsement» AJning 12 % aktsiyasi go‘yoki ekspropriatsiya qilingan.

O‘zbekiston hukumati bu da'voga qarshi chiqdi. Uning ta'kidlashicha, Visor o‘zining offshor sho‘'ba kompaniyalari orqali qimmatbaho qog‘ozlar bilan firibgarlik qilish, korruptsiya va boshqa noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan.

Korruptsiya borasidagi ayblov aynan Gulnora Karimovaga oiddir.

O‘zbekiston hukumati Visor kompaniyasi xarid qilingan tsement zavodlari aktsiyalari narxi niqobi ostida Karimovaga qariyb 8 million AQSh dollari miqdorida ortiqcha to‘laganini aytmoqda.

Bu esa, ko‘rsatilishicha, O‘zR JKning 211-moddasi buzilishi va pora hisoblanadi.

O‘zbekiston hukumati da'vogarlarning «Caspian Resouces” sho‘'ba kompaniyasi o‘zbek hukumatining ko‘plab amaldorlariga tizimli ravishda pora berishni muvofiqlashtirganini bildirgan.

O‘zining sudda ko‘rishga tegishlilikka oid qarorida arbitraj sud bu iddaolarni rad etib, Visor aktsiyalarni xarid qilgan 2006 yilda Karimovaning davlat mulozimi bo‘lgani to‘g‘risida dalillar yo‘qligini ta'kidladi. Bu korruptsiya isboti uchun muhim shart sifatida baholandi. Bundan tashqari, sudning bildirishicha, davlat Karimovaga to‘langan ortiqcha summa haqiqatan ham pora ekanini isbotlay olmagan.

E'tiborlisi shundaki, tribunalning ta'kidlashicha, O‘zbekiston hukumati: «a) bu vaqtda hukumat qamog‘ida bo‘lgan Karimova xonimning guvohlik ko‘rsatmalarini taqdim etmagan, b) nega buning imkoniyati yo‘qligini tushuntirmagan». Shuningdek, yana bildirishicha, hukumat «ushbu muhokama chog‘ida Karimova xonimning roliga oid o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan biror-bir hukumat tekshiruvining natijalarini… va Karimova xonimga uning biznes operatsiyalarida yordam bergani ma'lum bo‘lgan hamda javobgar tomonning qamog‘ida saqlanayotgan yoki qandaydir shaklda uning ixtiyorida bo‘lgan boshqa shaxslarning guvohlik ko‘rsatmalarini taqdim etmagan».

Satrlar orasini o‘qish: Karimovaga qarshi ish

Xo‘sh, bularning hammasiga qanday aniqlik kiritamiz?

Birinchidan, tan olish kerakki, yuqori mansabdagi amaldorlarning tijoriy ishlari va firibgarliklari haqida gap borganda ko‘pincha ommaga oshkor etilgan axborotlar hamda xususiy doirada aslida nima bo‘lganiga oid ma'lumotlar bir-biridan sezilarli farq qiladi.

Biz faqat ommaga oshkor etilgan ma'lumotlarda mavjud dalillardan kelib chiqadigan xulosalar qilishimiz mumkin.

Shu yondashuv asosida to‘rtta muhim nuqtani ajratib ko‘rsatish mumkin.

  1. Tsementga oid ish faqat tsementga tegishli bo‘lishi shart emas.

Arbitraj suddagi da'volar va qarshi talablarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish kerak.

Masalan, Visor ushbu ikki tsement zavodiga bevosita o‘z hisobidan qancha mablag‘ investitsiya qilgani noaniq.

O‘zbekiston hukumati kompaniya «o‘z xaridini moliyalashtirish uchun Kazkommertsbankning kreditlaridan foydalangani»ni ta'kidlaydi. U, aytilishicha, kredit olish uchun kapitali yoki aktsiyalarini garovga qo‘ymagan.

Ko‘rinishidan, qozog‘istonlik investorlar bu iddaoni rad etmaydi va «investitsiyalarni amalga oshirish uchun kredit mablag‘larga tayanish mutlaqo to‘g‘ri» ekanini ta'kidlaydi.

Albatta, ko‘rilgani aytilayotgan zarar miqdori Kazkommertsbankning 320 million AQSh dollari miqdoridagi kreditiga sezilarli darajada bog‘liq.

Biroq, investorlarning ta'kidlashicha, qarorda qo‘llab-quvvatlangan pozitsiya ko‘ra, kredit kapitalining yo‘qotilishi da'vo kiritish uchun to‘siq bo‘la olmaydi.

Ammo bu kredit qariyb 33,98 million AQSh dollari turadigan zavodlar uchun bir qarashda juda katta summadek ko‘rinadi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Jizzaxda 150 million AQSh dollariga quvvati 1,2 million tonna bo‘lgan yangi tsement zavodi qurilishi rejalashtirilmoqda.

Jizzaxdagi yana bir tsement zavodining qiymati 115 million AQSh dollari, quvvati 1 million tonnadan sal oshiqroq.

320 million AQSh dollari miqdoridagi kredit ta'minoti uchun Visor group ning sho‘ba kompaniyasi – «Caspian Cement» MChJ go‘yoki zayom kafolatini bergan.

Sud qaroriga ko‘ra, kredit ikki tsement zavodining ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish uchun ishlatilgan.

Ochiq tijoriy ma'lumotlar bu zavodlarning quvvati sezilarsiz o‘sganini ko‘rsatadi.

Shuning uchun biz 320 million dollar bilan nima yuz berganini ko‘proq bilishimiz kerak.

Bunday katta mablag‘ ikkita yangi ob'ektni noldan qurish uchun yetarli ekanini hisobga olganda, u «Bekobodtsement» va «Quvasoytsement»ning ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga nega kerak bo‘ldi?

320 million dollar O‘zbekistonda tsement zavodlari qurilishiga yo‘naltirilganiga oid dalillarni olish mumkinmi? Ekspropriatsiyadan so‘ng nima bo‘ldi? Visor fors-major e'lon qildimi? Bank «Caspian Cement» MChJdan garov talab qildimi?

Bu faktlarning barchasi O‘zbekiston hukumatiga nisbatan da'voga qanchalik asos borligini aniqlashga taalluqli.

Oddiy qilib aytganda, bu, xuddi Visor ta'kidlayotgandek, davlat tomonidan noqonuniy ekspropriatsiyaga duch kelgan haqiqiy investorning ishimi, biz buni bilmaymiz. Yoki, o‘zbek hukumati bildirayotgandek, xorijlik investorlar Kazkommertsbankning 320 million AQSh dollari miqdoridagi kredet liniyasini suiiste'mol qilish maqsadida O‘zbekistondagi nufuzli siyosiy shaxslar bilan kelishib, kichik avtivlarni xarid qilganmi?

Arbitraj eshituvlarining hajmidan kelib chiqib, bu savollarga umuman javob berilmasligi ham mumkin. Zero, bunday eshituvlarning juda cheklangan yozuvlari xulosa uchun yetarli emas.

  1. Karimovaga qarshi dalillar

Arbitrajning sud vakolatiga doir qarori bois Karimovaga qarshi navbatdagi ish bo‘yicha qator muhim masalalar yuzaga chiqadi. 2017 yilda ham O‘zbekiston hukumati arbitraj sudni bu haqiqatan ham poraxo‘rlik va qimmatbaho qog‘ozlar bilan firibgarlik qilishga doir ish ekaniga ishontira olmagandi.

Shunday ekan, oradan ikki yil o‘tib O‘zbekiston hukumatiga mazkur jinoyat ishi bo‘yicha ayblashda muvaffaqiyatga erishishga nima imkon berganini so‘rash kerak bo‘ladi.

Hakamlik sudi O‘zbekiston hukumati Karimovani guvoh sifatida chaqirmagani va ehtimoliy jinoyatlarga oid o‘z surishtiruvlari chog‘ida olingan dalillarni taqdim etmaganini bildirdi.

Bu esa ishonarli dalillar umuman yo‘qligining isboti bo‘lishi mumkin.

Yoki bunday dalillar haqiqatan ham bor, ammo ular oshkor etilgan taqdirda axborot sizishi (masalan, Toshkentdagi yopiq sud majlisidan) ehtimoli bois hamon hokimiyat tepasida qolayotgan davlat mulozimlarining hamtovoqligi borasida savollar uyg‘otishi mumkin. (Bunday bosh og‘rig‘i avvalroq Karimovaning telekommunikatsiya kompaniyalari bilan bog‘liq korruptsion mojarolari sabab ham yuzaga kelgandi).

O‘z navbatida, bosh prokuror joriy jinoyat ishi xalqaro kompaniya tomonidan taqdim etilgan yangi ma'lumotlar natijasi ekanini ta'kidlamoqda.

Bu kompaniyaning nomi sir tutilmoqda.

Shuning uchun ushbu xalqaro manbaning motivatsiyasi va nufuzini ko‘rib chiqish imkonsiz. Bu masala hozir ham batafsil o‘rganishga muhtojdir.

Shuningdek, agar ushbu rad etib bo‘lmaydigan dalillar qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, ulardan Visor kompaniyasi bilan sud muhokamasi chog‘ida davlat xazinasini himoya qilishda qanday foydalanilyapti, deb ham so‘rash kerak.

  1. Qonuniy g‘amxo‘rlik, noqonuniy yakun

Yuqorida aytilganlarning hech qaysisi Karimova aybsiz ekan, degan fikr uyg‘otmasligi lozim.

Uning O‘zbekiston xalqiga qarshi jinoyatlari sezilarli siyosiy ta'sirdan xoli bo‘lgan va sud amaliyotining yuqori standartlari asosida faoliyat ko‘rsatadigan Niderlandiya va AQShda o‘tayotgan sud jarayonlarida hujjatlar asosida isbotlangan.

Afsuski, O‘zbekistonda, ayniqsa, siyosiy ishlar bo‘yicha sud jarayonlari hali-hunuz turli noqonuniy ta'sirlar sabab korruptsiyalashgandir. Boylar ham, kambag‘allar ham, «yaramaslar» ham, «tozalar» ham sud tizimining siyosiy jihatdan nazorat qilinadigan qarorlari oqibatlaridan jabr ko‘radi.

Ushbu holatda mazkur sud jarayonida noqonuniy ta'sir muayyan rol o‘ynagan bo‘lishi mumkinligini shubha qilishga bir necha sabablar bor.

Gulnora Karimova bugungi hukmron doiralar uchun potentsial tahdid hisoblanadi.

U mazkur doiralarning uzoq tarixini yaxshi biladi. Karimova o‘zining axborotni qo‘lga kiritishga bo‘lgan keng imkoniyatidan foydalangan holda raqiblariga zarba berish ilinjida ushbu tarixlar haqida ommaga oshkor etishga tayyorligini bildirgan.

Shuning uchun turli kompromatlarga ega quvilgan elitani jim turishga majburlash maqsadida Karimova ta'qib qilinayotgan bo‘lishi ehtimoli bor.

Yana bir ehtimol mavjud.

O‘zbekiston hukumati tomonidan sud jarayonlari Karimova va uning oilasiga ular chet elda saqlanayotgan aktivlarini qaytarishga rozi bo‘layotgani uchun bosimni kuchaytirish maqsadida qo‘zg‘atilmoqda.

Bu poraxo‘rlikka oid ayblovlar asossiz ekanini anglatmaydi. Karimovada baribir shunday reputatsiya mavjud. Ammo, so‘zsiz, jinoiy ta'qib undan noxolis maqsadlarda foydalanish niyatida yaqqol siyosiylashtirilayotgani ehtimoli ham mavjud.

Bu esa so‘nggi, to‘rtinchi nuqtaga olib keladi.

  1. Zulmatda aktivlarni qo‘lga olish

Bugun O‘zbekistondagi siyosiy va iqtisodiy cho‘qqini egallab turganlar kuchlarning nozik muvozanati bilan tavsiflanadigan, «papa»ning o‘zi ertaga mahkumga aylanishi mumkin bo‘lgan tarqoq muhitda mavjud bo‘lib turibdi. Bunday voqea yuz bersa, aktivlar g‘olib guruhlar o‘rtasida taqsimlanadi va talon-taroj qilinadi.

Jamoatchilikka ma'lum cheklangan ma'lumotlar Karimovaning O‘zbekistondagi ichki aktivlari musodara qilingani va qayta taqsimlanganidan darak beradi. Kimga va qanday shartlar asosidaligi masalasi esa hozircha ma'lum emas.

Bunday bo‘lishi kerak emas. Agar bu mulk o‘zbek xalqiga qarshi jinoyatlar oqibati bo‘lsa, demak u xalqning mulki. Hukumat esa Karimova sodir etgan jinoyatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni qoplash uchun bu mulkdan qanday foydalanayotgani haqida hisobot berishi kerak.

Tahdid shundaki, bu mulklar turli chalkash yo‘llar orqali nufuzli siyosatchilar yoki ular bilan yaqin aloqadagi oligarxlarning yashirin aktivlariga taqsimlanadi.

O‘zbekiston hukumati Karimovaning taxminan 1,5 milliard AQSh dollariga teng offshor aktivlari borligini endi yashirib o‘tirmayapti. Bu har qanday ko‘lamda sezilarli miqdordagi mablag‘dir.

Ushbu aktivlarni qaytarish ular joylashgan mamlakatlar hukumatlari va sudlari bilan hamkorlik qilishni talab etadi. Bu esa oson emas.

Xalqaro maydonda aktivlarni mas'uliyat bilan qaytarish pretsedentlari soni ko‘paymoqda. Oddiy qilib aytganda, butun dunyoda hukumatlar o‘g‘irlangan mulklar korruptsionerlarning noqonuniy xatti-harakatlaridan aziyat chekayotganlar manfaati yo‘lida hisobdorlik va bag‘rikenglik tamoyillari asosida qaytarilishi shartligini tushunib yetmoqda.

Ushbu standartlarga tayanayotgan fuqarolik jamiyati vakillari o‘g‘irlangan aktivlar jabr chekkan aholiga foyda keltirishi hamda ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishini xohlayotir.

O‘zbek faollari muzlatilgan mablag‘larni O‘zbekistonga qaytarish jarayonida amal qilinishi kerak bo‘lgan jiddiy standartlar o‘rnatilishini talab qila boshladi.

Keyingi oylar va yillarda ushbu aktivlarni O‘zbekiston xalqiga qaytarish uchun kuchli tuzilmalardan foydalanilishi, shuningdek, ularni ochko‘z elitadan himoya qilish choralari ko‘rilishi juda muhim bo‘ladi.

Karimovaga qarshi yangi ishlar qo‘zg‘atilgani sari hushyorlik, shuningdek, OAVda chiqadigan ma'lumotlarga nisbatan sog‘lom skeptitsizm hissi talab etiladi.

Voqelik shuki, Karimova O‘zbekiston xalqiga zarar yetkazadigan noqonuniy faoliyat boshlagan davlat korporatsiyasiga yetakchilik qilganiga doir ishonchli dalillar mavjud. Shunga qaramay, elita guruhlar bir-birining aktivlarini talon-taroj qilishi va raqiblarini quvish uchun sud tizimiga ta'siridan foydalanishi sharoitida adolatga erishish kuchli siyosiylashgan konteksda juda nozik ish bo‘lib qolaveradi.

Maqola muallifi Kristian Lasslett Olcter universitetining kriminologiya fani professori. Professor Lasslett Jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha Xalqaro davlat tashabbuslari kengashi a'zosidir. U Markaziy Osiyo, Yevropa hamda janubiy Tinch okeanida korruptsiya va kleptokratiya sohasi tadqiqotchisi hamdir. Uning so‘nggi kitobi «Urbanizatsiya jinoyatchiligining fosh qilinishi» 2018 yil Routledge ilmiy nashriyoti tomonidan chop etilgan.

Tag‘in o‘qing
28 mart 2021
Muzrabot mahkamasi sud qilayotgan termizlik 41 yoshli Otabek Sattoriy Mirziyov boshqaruvi davrda qamalgan ilk blogeridir. Sattoriyga qo‘yilgan ayblar jiddiy. Bu ...
29 avgust 2022
Muhammad Solih bilan kechgan suhbatning 4-qismi she'riyat haqida. Biroq u yoshligida rassom bo‘lishni orzu qilganini aytadi. Shuningdek u maddohlik ...
2 fevral 2019
Oldinroq o‘zbek va tojik tillarining konvergent rivojlanishi haqida post yozgandim. Unda bu ikki til tarixan bir-biriga qanday ta'sir ko‘rsatgani ...
9 avgust 2016
Davlat tadbirlarida tor chalinmasligi lozimligi to‘g‘risida tavsiyalar berilganini aytgan Ozodlik radiosiga ko‘ra, O‘zbekistonda tor chalish bo‘yicha maxsus ta'lim to‘xtatilgan ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...