Document UZ
21 aprel 2021

Tomi uchgan namunali uylarni kim ta'mirlab beradi?

2021 yilning 19 mart kuni Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanidagi Yangihayot massivida namunali uylarning tomini shamol uchirib ketgan. Uylar qurilishi 2016 yilda boshlanib, 2017 yilda tugallangan va kredit asosida 2018 yildan fuqarolarga topshirilgan.

Massiv turg‘unlarining “Eltuz”ga aytishicha, namunali uylarning devorlari allaqachon yaroqsiz holga kelib qolgan. Yeri beunum. Dehqonchilik bilan shug‘ullanib bo‘lmaydi.

“Nishon tumani hokimligiga massiv muammolarini aytib chiqsak, bizni eshitgisi kelmaydi, – deydi ismini sir tutishni so‘ragan fuqaro. – Yer unumsizligini aytsak, 5-6 yil mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirsanglar, yerlaring unumdor bo‘ladi, deydi.

Foto: Yangihayot massividagi tomini shamol uchirgan namunali uy. Eltuz.com

Devorlarimiz nurab ketyapti, yorilishni boshlagan, desak, devor o‘zingizniki, odamlar o‘z uyini har yili ta'mirlaydi, bu yog‘iga o‘zlaringiz amallanglar, deydi. Biz har oyda kredit to‘lab qiynalyapmiz.

Hozirdan kanalizatsiya ishdan chiqqan, devorlar bu ahvolda. Shamol bo‘lsa, tomning bir qismiga zarar yetadi. Quruvchilar “bizdan ketguncha, egasiga yetguncha” qabilida ish qilgan”.

– Tumandagi Yangihayot massividagi uylar bir necha bor ta'mirlab berilgan, – dedi hokimlik vakili “Eltuz”ning murojaatiga javoban. – Tumanda katta-katta qurilish ishlarini ketyapti. Massivni bunyod etgan qurilish firmasi boshqa ishlar bilan band. O‘nlab murojaatchilarning tomi ta'mirlab berilgan. Uydagi kamchiliklar o‘rganilib, yordam ko‘rsatilgan.

Fuqaro Gulsanam Ravshanovaning so‘zlariga ko‘ra, uyining tomi shamolda uchib ketishi birinchi marotaba emas. Avval ham shu hol kuzatilganda mutasaddilar kelib, ta'mirlab berishgan. Ammo bu hol yana takrorlangan.

Foto: Yangihayot massividagi tomini shamol uchirgan namunali uy. Eltuz.com

– 2018 yildan beri shu uyda yashaymiz, – deydi Gulsanam Ravshanova. – O‘sha yilning o‘zida (11 may kuni) uyimiz tomini shamol uchirib ketgan. Hokimlikka arz qilganimizdan so‘ng qurilish firmasidagilar tomni yopib berdi. 2021 yil 19 mart kuni tomimizni yana shamol uchirib ketdi.

Uning bildirishicha, bu haqda bir oydan buyon murojaat etilayotganiga qaramay, hech qanday ish qilinmayapti. Firmadagilar pinagini buzmaydi. Hokim esa tabiiy ofat-da, deyishdan nariga o‘tmagan.

Gulsanam Ravshanova eri davlat ishida ishlashi, to‘rt farzandi borligi, ulardan orttirib uyni qayta-qayta ta'mirlashga oilada ortiqcha mablag‘ yo‘qligini ta'kidladi.

“Hozirdan yuragimga vahima tushyapti. Kredit to‘lab bo‘lgunga qadar uylarimiz qay ahvolga kelib qolar ekan?” dedi u.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
7 aprel 2020
Taniqli hofiz Rustam Hojimamedov Samarqandiy 6 aprel kuni AQShning Nyu-York shahrida koronavirusdan o‘lgani haqida yaqinlari ma'lum qildi. «Qurbon o‘lam» ...
21 fevral 2023
Jurnalist Rahimjon Rahmat yozadi: Shu,  kam ta'minlangan toifa allada aziz,  to‘rvada mayizga aylanib ketyapti.  Mayli,  kambag‘al toifalarga un, yog‘,  ...
6 oktyabr 2021
O‘zbekiston Rossiyadan 1 million gektar yerni ijaraga olishga harakat qilmoqda, bu 2,5 million tonna g‘alla olish imkonini yaratadi, deya ...
13 aprel 2024
10-aprel kuni Bo‘rijar kanalining Toshkent shahri Chilonzor tumanidan o‘tgan qismida uch kishi, jumladan 5 yoshli bola va uning onasi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...