Document UZ
26 aprel 2021

Andrey Kubatin: Pok nomim tiklanishini istayman

Zamonaviy o‘zbek turkshunosligining yirik vakili Andrey Kubatin 2020 yil 29 oktyabrda koronavirus xastaligidan vafot etgandi. 

2017 yilda olim Jinoyat kodeksining davlatga xiyonat qilishga oid moddasi bilan ayblanib, besh yilga (apellyatsiyagacha 11 yilga) ozodlikdan mahrum etilgan edi. 

Huquqni himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar bu ayblov uydirma ekanini aytib chiqishgandi. 

2019 yilda Kubatin sud qarori bilan oqlanib, vafotiga qadar Fanlar akademiyasining Milliy arxeologiya markazida faoliyat yuritgandi. 

Bosh prokuratura hibsga olingan Kubatinga dastlabki tergov davomida ruhiy va jismoniy tazyiqlar bo‘lgani haqidagi iddaolarni rad etib rasmiy bayonot tarqatgan. 

Shuningdek, marhum olimning opasi tomonidan Andrey Kubatin o‘limidan oldin shifoxonada yotganida unga noto‘g‘ri tashxis qo‘yilgani yuzasidan shikoyat berilganida ham prokuratura bu bo‘yicha jinoiy harakatlar aniqlanmaganini bayon etib, ish qo‘zg‘atishni rad etgandi.

Quyida «Eltuz» Andrey Kubatinning o‘zi ustidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining ob'ektiv tarzda ko‘rib chiqilishini va pok nomi tiklanishini so‘rab O‘zbekiston prezidenti administratsiyasiga 2018 yilda yozgan shikoyati xatini e'lon qiladi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga Respublika Harbiy sudi tomonidan 157-moddaning 1- qismiga asosan 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish uchun hukm chiqarilgan Andrey Viktorovich Kubatindan

ShIKOYaT XATI

Men yana bir bor menga nisbatan adolatni tiklashda yordam berishingizni, pok nomimni oqlashda yordam berishingizni so‘rab murojaat qilayapman. O‘n yil davomida men turkshunoslik, xususan, o‘zbek davlatchiligining dastlabki o‘rta asrlar tarixi sohasida tadqiqotlar olib bordim. Ilk o‘rta asrlarda Markaziy Osiyoning numizmatika va lingvistika tarixiga bag‘ishlangan 4 ta monografiya va 80 dan ortiq ilmiy maqolam nashr etilgan va mening ilmiy yutuqlarim dunyo miqyosida obro‘ga ega ushbu sohaning yetakchi mutaxassislari tomonidan yuqori baholangan. Faoliyatim davomida men 180 gigabaytdan ortiq bo‘lgan keng elektron kutubxonani to‘pladim. Unda turkiy xalqlar, jumladan, Markaziy Osiyo tarixi, lingvistikasi, arxeologiyasi bo‘yicha internet va O‘zbekiston kutubxonalarida erkin foydalanish mumkin bo‘lgan maqolalar va 4000 ga yaqin elektron kitob mavjud. Ular chuqur ilmiy akademik materiallardan iborat.

Shuni ta'kidlashni istardimki, men o‘zilmiy kutubxonamni boshqa olimlar bilan o‘rtoqlashganman va bu dunyo ilmiy doiralarida odatiy holdir. Shunday qilib, men o‘sha paytda Turkiya hamkorlik va taraqqiyot agentligining (TIKA) Toshkentdagi vakolatxonasini boshqargan turkiyalik olim tarixchi Sulayman Qiziltuproq (Suleyman Kiziltoprak) bilan muloqot qilganman. U bilan birga biz O‘zbekiston bo‘ylab tarixiy jihatdan turistik qo‘llanma yozishni niyat qilgan edik. Shuning uchun u mendan materiallar bilan yordam berishimni so‘radi va men unga elektron kutubxonamni bepul berishga rozi bo‘ldim.

Turkiya hamkorlik va taraqqiyot agentligi (TIKA) xodimi Muzaffar Joniev

O‘sha vaqtda TIKA xodimi Muzaffar Joniev suhbatimizda ishtirok etgan. Keyinchalik M.Joniev S.Qiziltuproqning o‘z davlati maxsus xizmatlari bilan aloqasi borligidan shubha qilgani va men  go‘yoki 1000 AQSh dollari evaziga unga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi (O‘zR MDA)  hujjatlari nusxalarini va Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti (O‘zR FA ShI) qo‘lyozmalarini berishni rejalashtirayotganimni bildirgan holda Milliy xavfsizlik xizmati (MXX)ga ariza bilan murojaat qilgan.

2017 yil 13 martda M.Jonievning o‘zi Toshkent davlat sharqshunoslik institutida ish joyimga go‘yo S.Qiziltuproq uchun ma'lumotlarni yozib olish maqsadida hard-diskni olib keldi. So‘ngra 2017 yil 21 martgacha bo‘lgan vaqt mobaynida u menga bir necha marta qo‘ng‘iroq qilib, diskni unga topshirishimga shoshiltirdi. 2017 yil 25 martda M.Joniev MXX xodimlari bilan kelishilgan holda menga qo‘ng‘iroq qilib, go‘yoki uni S.Qiziltuproqqa berishi uchun hard-diskni olish joyi to‘g‘risida men bilan kelishib oldi va unga berayotgan paytimda meni hibsga olishdi.

Xorijiy davlatlarning maxsus xizmatlari bilan hech qachon aloqam bo‘lmaganiga va ularga O‘zbekistonga qarshi dushmanlik faoliyatini amalga oshirishda yordam bermaganimga qaramay, garchi menda hech qachon kirish huquqi bo‘lmagan davlat sirlarini hech kimga bermaganim yoki oshkor qilmaganimga qaramay, mening harakatlarim Jinoyat kodeksining 157-moddasi 1-qismi bilan Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan asossiz ravishda va hech qanday sababsiz kvalifikatsiya qilingan. So‘roq va tergov davomida jiddiy qonun buzilishlariga yo‘l qo‘yilib, jumladan, MXX xodimlari mendan o‘zlariga ma'qul bo‘lgan va haqiqatdan yiroq ko‘rsatmalarni olish uchun menga bir necha bor jismoniy va ruhiy bosim o‘tkazdi. Natijada men 16 oydan ko‘proq vaqt qamoqda qoldim. 

Shunday qilib, meni 2017 yil 25 mart kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumani hududida MXX xodimlari hibsga olishdi. Keyin ular meni Mirzo Ulug‘bek tumani Ichki ishlar boshqarmasi binosiga olib borishdi. U yerda men boshliq o‘rinbosari xonasida deyarli bir kun davomida so‘roq qilindim. So‘roq paytida MXX xodimlari, xususan, Bekjon ismli shaxs bosh kiyimimga giyohvandlik moddalarini solib qo‘yib, menga nisbatan qo‘pol jismoniy kuch ishlatgan holda go‘yoki men S.Qiziltuproqqa O‘zR MDAdan olingan tarixiy hujjatlarni oldin berganman va topshirgan materiallarim uchun pul olishim kerak edi, deb yozishga majbur qilishdi. 

Garchi aslida men elektron kutubxonamni unga olimning olimga tuhfasi sifatida tekinga foydalanishga bermoqchi edim. Ular menga qarshi ayblovlarni darhol qo‘zg‘ata olmaganliklari sababli 2 hafta birgalikda uydirmalar to‘qishgach, ertasi kuni, 2018 yil 26 martda Milliy xavfsizlik xizmatining xodimlari meni  Mirzo Ulug‘bek tumani IIB zobiti mayor Hasan Abdullaevga topshirib, ular mayorning huzurida go‘yoki unga bo‘ysunmasdan va haqorat qilganim haqida tushuntirish xati yozishga majbur qilishdi. Xuddi shu kuni meni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudiga olib borishib, menga 15 kunlik ma'muriy qamoq jazosini tayinlashdi va bu muddatni Panel izolyatorida o‘tkazdim.

Shu vaqt ichida MXX tezkor xodimlari tergov izolyatoriga ikki marta kelib, meni so‘roq qilishdi. Faqatgina 2017 yil 10 aprelda 15 kunlik qamoqdan keyin meni Milliy xavfsizlik xizmati tergov izolyatori (SIZO)ga joylashtirishdi,  u yerda menga doimiy ravishda jismoniy va ruhiy bosim o‘tkazildi. Shunday qilib, MXX tergov boshqarmasi SIZO xodimlari kelishuvi bilan «loxmach» laqabli, o‘zini Kulaev Andrey Petrovich deya tanishtirgan  jinoyatchi kamerada men bilan birga o‘tirib, tergovchilar mayor Doniyor Abdullaev va katta leytenant Jobir Ro‘zievning ko‘rsatmalariga binoan, menga nisbatan jismoniy kuch va ruhiy zo‘ravonlikni qo‘llagan holda, meni Milliy xavfsizlik xizmati Tergov boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik O.V.Busigin nomiga iqrornoma yozishga majbur qilishdi. SIZO boshlig‘i bilan birgalikda hibsga olinganlarni urib, o‘zlari uchun kerakli ko‘rsatmalarni olish maqsadida «loxmach»ga barcha sharoitlarni yaratib berishgan.

Mening xulosamga asos sifatida ekspert Suhrob Yusupovning soxta ekspert materiali, ya'ni men S.Qiziltuproqqa berishni mo‘ljallagan materiallar xizmat qildi. Ekspertiza mutaxassis tomonidan emas, balki jinoiy-protsessual qonunchilik normalarini qo‘pol ravishda buzgan holda hamda yuzaki ravishda o‘tkazildi. Bundan tashqari, menga darhol u bilan tanishish va e'tiroz bildirish imkoniyati berilmadi. 2017 yil aprel oyida o‘tkazilgan tergov jarayonida men o‘z ishim bo‘yicha tergovchi D.Abdullaevning ish stolida tasodifan ekspertizani ko‘rib qolib, undagi jiddiy kamchiliklar va xulosaning asossizligini ko‘rsatdim. Ammo u xulosa bilan to‘liq tanishishga va e'tiroz bildirishga imkon bermadi. Bundan tashqari, ertasi kuni Milliy xavfsizlik xizmatining Aziz ismli (uning to‘liq ismi-sharifini aniqlay olmadim) xodimi oilamga shantaj qilish orqali bosim o‘tkazib, menga ekspertiza borasida jim turishni buyurdi. Men tergov tugashidan bir necha kun oldin, J.Ro‘ziev mening ishim bo‘yicha tergovchi bo‘lganidan so‘ng, ekspertiza bilan to‘liq tanishishga muvaffaq bo‘ldim. U meni ekspertiza natijalari bilan tanishganim to‘g‘risida eski sana bilan hujjat imzolashga majbur qilib, ultimatum tarzida menga ekspertiza haqidagi e'tirozimni rad etdi.

Tergov davomida barcha so‘roqlar menga tergovchi tomonidan tayinlangan va so‘roqdan keyin mening ishtirokimsiz imzo qo‘ygan advokatning ishtirokisiz amalga oshirildi. Bundan tashqari, tergov paytida MXX xodimlari va tergovchilar menga tergov va sud majlisida chin dildan iqror ekanimni tan olishimni ko‘p marta aytib, buning uchun sudga bosim o‘tkazib, O‘zR Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda, ularning yordami tufayli sudya menga 10 yillik qamoq jazosini tayinlashini va'da qilishdi. Istisno tariqasida, menga umumiy rejimdagi koloniya emas, balki alohida turar joyli koloniya beriladi. Amaliyot shuni ko‘rsatdiki, birinchi instantsiya sudi sudyasi U.Shokirov meni, shubhasiz, Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari ta'siri ostida 11 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Qizig‘i shundaki, birinchi instantsiya sudi jarayonida men ekspert S.Yusupovni sudga ekspertiza to‘g‘risida tushuntirishlar berish uchun kelib, bu boradagi mening e'tirozlarimga javob berishiga erisha olmadim. Advokatimning S.Yusupovni birinchi instantsiya sudiga chaqirishga bo‘lgan urinishlariga bosim o‘tkazildi. Noyabr oyida yuqorida aytib o‘tilgan Aziz mening oldimga – O‘zR Jazolarni ijro etish bosh boshqarmasi UYa631SI-1 («Toshturma»)ga kelib, men bilan shtab binosida suhbatlashdi. Suhbat davomida u menga yordam berishlarini aytib, faqat sud jarayonida chin dildan tavba qilishimni va aybni tan olishimni, bundan tashqari, advokatim va qarindoshlarim behuda harakat qilishayotgani, ularning barcha urinishlari foydasiz ekanini aytdi. Chunki sudya senga biz unga aytgan muddatni beradi va, ayniqsa, sening ozodlikka chiqishing  bizga bog‘liq, dedi u. Suhbat davomida men unga ekspert S.Yusupovning sud jarayonidagi ishtirokini ta'minlash va shunda yordam berishini so‘radim, lekin u javoban faqat kinoyali kuldi. Shunday qilib, tergov va sud jarayonida yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklarga, himoyachilar tomonidan keltirilgan barcha dalillarga qaramay, birinchi instantsiya sudi 2017 yil 1 dekabrda go‘yoki men 1000 AQSh dollari evaziga O‘zR MDA hujjatlari nusxalarini va O‘zR FA ShI qo‘lyozmalarini arizachi M.Joniev orqali S.Qiziltuproqqa bermoqchi  bo‘lganim material bo‘yicha ekspert xulosasi, shuningdek, unga nisbatan operativ ma'lumot asosida menga 11 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Shundan so‘ng men apellyatsiyayozdim. U 2017 yil 27 dekabrdan 2018 yil 8 maygacha ko‘rib chiqildi. Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoevning dono rahbarligi ostida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlarni hisobga olgan holda, ayniqsa, huquqni muhofaza qilish idoralari, sud tizimi sohasidagi islohotlar mening ishim ko‘rib chiqilishiga ta'sir qildi, albatta. Ammo baribir, garchi muhtaram Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoev sudyalarning javobgarligi, sud jarayonida adolatli bo‘lish to‘g‘risida ko‘p bor gapirgan bo‘lsa-da, men Respublika harbiy sudi sudyalari tomonidan adolatni topmadim. Arizachi M.Jonievning men S.Qiziltuproqqa pul olmaganim va olmoqchi bo‘lmaganligim haqidagi guvohliklari, men S.Qiziltuproqqa bermoqchi bo‘lgan materiallar ushbu tashkilotlarga tegishli emasligi to‘g‘risidagi O‘zR MDA va O‘zR FA ShI ma'lumotnomalari sud tomonidan hisobga olingan va ayblovning bu qismi mendan olib tashlangan. Shunga qaramay, 2018 yil 8 may kuni apellyatsiya instantsiya sudi men S.Qiziltuproqqa bermoqchi bo‘lgan materialni va u haqidagi operativ ma'lumotni o‘rganish asosida meni 5 yillik qamoq jazosiga hukm qildi.

Ekspertiza va ekspert xulosasi ham alohida mavzu. Men bermoqchi bo‘lgan ekspertiza materiali tez va kamchiliklar bilan ko‘rib chiqilgan. Mening barcha materiallarimning ilmiy nashri bo‘lishiga qaramay, unga siyosiy dasturlar, afisha va plakatlar hamda siyosiy va boshqa tashkilotlarning materiallarini tekshirish uchun tayinlanishi kerak bo‘lgan siyosiy ekspertiza tayinlangan, aslida ilmiy ekspertiza tayinlanishi kerak bo‘lsa-da. Ekspert o‘z xulosasida shunchaki hech qanday izoh bermasdan, 4000 ga yaqin kitob ichidan faqat bir nechtasiga ulardan panturkizmni targ‘ib qilish, millatlararo va dinlararo adovatni qo‘zg‘atish va mamlakatning geologik boyligi to‘g‘risida ma'lumot olish mumkinligi haqida xarakteristika bergan. Bu O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 30 noyabrdagi «Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquqlari va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga ziddir. Unga muvofiq, keng qamrovli ekspertiza o‘tkazilishi va dalillar keltirilishi kerak edi. Bu ishlar qilinmadi. Bu safar sud majlisida ekspert S.Yusupov paydo bo‘ldi. Himoyachining savollari shuni ko‘rsatdiki, S.Yusupov materialga to‘liq egalik qilmaydi. Jurnalist sifatida boshlang‘ich ma'lumotga ega bo‘lgan, siyosatshunoslik bo‘yicha magistraturani tugatgan, shuningdek, ilmiy darajaga ega bo‘lmagan odam bir-biridan uzoq bo‘lgan geologiya, tarix, tilshunoslik, arxeologiya va boshqa masalalar bo‘yicha xulosa berishi qiziq holat. Nima, u akademik-entsiklopedistmi? Buning uchun uning hech qanaqasiga qonuniy huquqi yo‘q. Shunday bo‘lishi kerak ediki, har bir yo‘nalish bo‘yicha o‘z sohalarining ekspertlari xulosa berishlari kerak edi, ammo bunday qilinmagan. Masalan, Jinoyat kodeksining 159-moddasi bo‘yicha oqlangan Bobomurod Abdullaevning ishi bo‘yicha, garchi uning barcha materiallari 200-300 sahifadan oshmasa-da, ekspertiza uchun siyosatshunoslik doktorlari jalb qilingan.

Tarix, arxeologiya, lingvistika, qisman geologiya bilan geografiyaga oid materiallarim – 4000 dan ortiq kitob va maqola ekspertizasi politolog magistr tomonidan o‘tkazildi. Nonsens! Shuning uchun men apellyatsiya sudidan tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda yangi ekspertiza o‘tkazilishini so‘radim. Sud rad etgan narsa shu. Shuni ta'kidlash kerakki, sud X.Sulaymonov nomidagi ekspertiza institutiga yangi ekspertiza o‘tkazish to‘g‘risida so‘rov yuborgan, ammo institut sudga ekspert xulosasini nega qanoatlantirmaganini asoslash talabini bildirgan javob yuborgan, ammo sud hech qanday fikr birdirmadi. Bunga javoban men va himoyachim ekspertiza xulosalari to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirishlari uchun O‘zbekiston Milliy universiteti, Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Davlat geologiya qo‘mitasi mutaxassislarini taklif qilishlarini so‘radik. Shunday qilib, professor, tarix fanlari doktori X.Sulaymonov, tarix fanlari nomzodi A.Malikov o‘z ko‘rsatmalarida  hard-diskdagi barcha kitoblar O‘zbekiston va dunyo kutubxonalarida, internetda erkin foydalanish uchun mavjudligini va ilmiy nashrlarga ega ekanini, shuningdek, ularni panturkizm uchun ishlatish mumkin degan ekspert xulosasi bema'nilik va haqiqatdan yiroqligini ta'kidladilar. 

Professor, siyosatshunoslik fanlari doktori, o‘z sohasining yetakchi mutaxassisi Z.Munavvarov ham dinlararo va millatlararo adovatni targ‘ib qilish, ekstremistik diniy materiallarini mustahkamlash uchun XIX asr rus mualliflarining asarlaridan foydalanish bema'nilik ekanini ta'kidladi. Davlat geologiya qo‘mitasi mutaxassisi 2014 yildan keyin topilgan konlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar maxfiyligini ta'kidladi, ammo mening materialim bular sirasiga kirmaydi. Bundan tashqari, S.Yusupovning geografik bilimlariga hayron qolish kerakki, u o‘z xulosasida Hisor va Vohidov domenlarining ma'lumotlarini Tojikiston hududida bo‘lishiga qaramay, O‘zbekistonga beradi. Ekspertizaning nomuvofiqligi akademik, taniqli tarixchi, arxeolog A.A.Asqarov tomonidan sudga yozma ko‘rsatmalarida ham ko‘rsatildi. Ammo sud ilmiy darajaga ega ekspertlarning fikrini inobatga olmadi va o‘z qarorini hech qanday darajaga ega bo‘lmagan «professional entsiklopedist» S.Yusupovning xulosasiga asosan chiqardi. 

Mantiq qani, sudyalarda adolat qani?!!! Bundan tashqari, ba'zi ma'lumotlarni olish va ba'zi tashkilotlarga so‘rov o‘tkazish uchun mening himoyachim ishimdagi «maxfiy» shtampni to‘liq yoki qisman olib tashlashni iltimos qildi. Ammo sud bu talabni rad etdi. Garchi mening ishim tafsilotlari deyarli butun dunyoga ma'lum bo‘lsa ham. Shuningdek, suddan Milliy xavfsizlik xizmatining tezkor bo‘linmasiga S.Qiziltuproq bo‘yicha tezkor bayonnoma tuzilgan materialni taqdim etishini so‘radim. Bu ham rad etildi. Birinchidan, shuni ta'kidlash kerakki, na ularning tergovi va na ikkala instantsiya sudi mening biron bir davlatning maxsus xizmatlariga aloqador ekanimni isbotlagani yo‘q.

S.Qiziltuproqning o‘z mamlakati maxsus xizmatlari bilan aloqadorligi to‘g‘risida to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalillar yo‘qligi sababli, eng ko‘pi bilan 8-10 ta jumladan iborat bo‘lgan operativ ma'lumotnomada u haqida internetdan ham olish mumkin bo‘lgan ma'lumotlar keltirilgan. Shuningdek, u panturkizmning antagonisti bo‘lgan neo-usmonizm tarafdori ekani va uning g‘oyalariga qarshi, shuningdek, TIKAning Anqaradagi sobiq rahbari, ya'ni ushbu tashkilot prezidenti Turkiya milliy xavfsizlik xizmati (MIT) rahbariga aylangan hamda S.Qiziltuproq Turkiya elchixonasining ba'zi xodimlari, go‘yoki ularning maxsus xizmatlari bilan aloqador bo‘lgan Turkiya fuqarolari bilan uchrashgan. Ammo TIKA prezidentining MIT rahbari lavozimiga tayinlanishi hech nimani anglatmaydi. Shuningdek, S.Qiziltoproq o‘zining elchixonasi xodimlari bilan TIKA vakolatxonasi rahbari vazifasidan kelib chiqib hamda shunchaki vatandoshlari sifatida ham aloqada bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, arizachi M.Joniev instantsiya sudlarida bergan ko‘rsatmalarida tasdiqlaganidek, S.Qiziltuproq mendan TIKA ehtiyojlari uchun emas, balki o‘zining shaxsiy ilmiy maqsadlari uchun material so‘radi. Shu bilan birga, men hibsga olingandan keyin nima uchun O‘zR MXX tezkor xodimlari S.Qiziltuproqqa qarshi hech qanday choralar ko‘rmagani qiziq fakt. 2017 yil 25 martda hibsga olinganimdan so‘ng so‘roq paytida men MXX tezkor xodimlariga agar S.Qiziltuproqhaqiqatan ham O‘zbekistonga qarshi harakat qilayotgan bo‘lsa, u holda men MXX xodimlari uchun qulay bo‘lgan joyda unga hard diskni shaxsan o‘zim berib, uni hibsga olishlari uchun tutib berishimni aytdim. Lekin ular bu taklifni rad etishdi. Bundan tashqari, men hibsga olinganimdan so‘ng S.Qiziltuproq vakolat muddati tugaguniga qadar uch oy davomida bemalol O‘zbekistonda yurdi.

Garchi mantiqan, agar u aybdor bo‘lsa, diplomatik maqomga ega shaxs sifatida persona non grata deb e'lon qilinishi va 24 soat ichida O‘zbekistondan chiqarib yuborilishi kerak edi. Buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining faqat bitta notasi yetarli bo‘lar edi, lekin bu ham amalga oshirilmadi. Qiziq, nega?!!! Javob yo‘q. Shuni ta'kidlash kerakki, men va himoyachim birinchi instantsiya sudining qarorini rad etgan bo‘lsa-da, bu safar apellyatsiya instantsiyasi O‘zbekistonga qarshi dushmanlik faoliyatini amalga oshirishda yordam berganlikda va Jinoyat kodeksining 57-moddasiga ko‘ra ayblab, meni besh yilga ozodlikdan mahrum qildi. Sud 2018 yil 8 mayda yana ekspert Yusupovning xulosasi, ya'ni taklif qilingan ekspertlar tomonida nomuvofiqligi ko‘rsatib o‘tilgan xulosa va operativ ma'lumotlar asosida qaror chiqardi va qarorda A.Kubatin TDShI xalqaro munosabatlarda Xitoy tarixi, siyosati kafedrasi o‘qituvchisi deya yozilgan bo‘lsa ham, ammo u yetkazmoqchi bo‘lgan materialning barchasi turkologiya bilan bog‘liq ekan. Sud mening turkologiya sohasida 10 yildan ortiq vaqt davomida izlanishlar olib borayotganimni va bu yo‘nalishda ilmiy yutuqlarga erishganim, ular dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan e'tirof etilib, ushbu sohada ishlaydigan dunyoga taniqli olimlar muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoevga yozgan ochiq xatlarida bular aytib o‘tilganini unutib qo‘yishdi.

Ammo nima uchun sud ham buni hisobga olmaganini bilmayman. Qizig‘i shundaki, agar biz sud qaroridan kelib chiqadigan bo‘lsak, unda TIKA O‘zbekiston hududida bizning davlatimizga qarshi dushmanlik harakatlarini olib bormoqda. Agar shunday bo‘lsa, unda nima uchun hali ham O‘zbekistonda faoliyati taqiqlanmadi, buning uchun yil oxirida Tashqi ishlar vazirligi tomonidan akkreditatsiya bermaslik kifoya. Ammo bu amalga oshirilmagan. Aksincha, TIKA O‘zbekistonda 1993 yildan beri ishlaydi. Shunday qilib, 2017 yil 19 dekabr kuni uning prezidenti Serdar Cham Prezident Sh.M.Mirziyoev tomonidan qabul qilindi va u bilan 60 million dollarlik, 2 yil ichida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan grantlar imzolab, shu yilning may oyida 10 kun davomida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining 100 dan ortiq liderini o‘qitdi va respublika hududida boshqa loyihalarni amalga oshirmoqda. Sud bu savolga ham javob bermadi. Shunday qilib, men «Nega qamoqda o‘tiribman?» degan savolga hech qachon tushunarli javob olmadim. Qariyb 4 oydan ziyod vaqt apellyatsiya shikoyati mobaynida biror odam Jinoyat kodeksining 157-moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortilganini eshitmadim yoki MXX nomi Davlat xavfsizlik xizmati nomiga o‘zgartirilganidan keyin Sh.M.Mirziyoevning dono rahbarligi ostida amalga oshirilgan sud-huquq tizimidagi islohotlaridan so‘ng, «davlat xoini»lari ko‘chirildi. Katta ehtimol bilan ko‘chirilishi sababi Davlat xavfsizlik xizmati o‘z ish statistikasini yangi begunoh qurbonlar bilan to‘g‘rilay olmaydi. U endi mutlaq kuchga ega emasligi sababli qiynoqqa solish, urib ko‘rsatmalar olish, shantaj qilish kabi eski usullardan foydalanishning iloji yo‘q. Ko‘rib turganingizdek, eski usullardan faqat yolg‘on va aldov usuli qolgan. Hukm e'lon qilinganidan keyin 2018 yil 11 may kuni ertalab meni UYa 64 CI-1 maxsus bo‘limiga chaqirishdi va kompyuterda mening huzurimda ular men uchun afv etish va tavsifnoma anketasini to‘ldirishdi. Nega bunday bo‘lganini so‘raganimda, ular «yuqoridan» so‘rashayotganligini aytishdi. UYa 64 CI-1 maxsus bo‘limi xodimlaridan anketa nima bo‘lgani haqida so‘raganimda, ular manzilga yuborishganini aytishdi. Ammo qarindoshlarimning Jazolarni ijro etish bosh boshqarmasiga qilgan so‘rovi, shuningdek, mening shaxsiy ishimda afv etish uchun hujjatlarning yo‘qligi, ehtimol, Davlat xavfsizlik xizmati operlari yana men bilan yolg‘onga asoslangan komediya o‘ynaganligini ko‘rsatmoqda. Va agar men yozmagan bo‘lsam, qanday qilib anketani ruxsatsiz yuborishlari mumkin. Voqealar mantig‘ining barchasi shuni ko‘rsatadiki, mening ishim bilan bog‘liq bo‘lgan Davlat xavfsizlik xizmatining ayrim xodimlari mening ishimni sud majlisida ko‘rib chiqishda oxirigacha aralashgan, chunki mening oqlanishim ayrim shaxslar uchun haqiqiy mahrum etish muddatini anglatadi.

Umid qilamanki, men Milliy xavfsizlik xizmati statistikasining so‘nggi qurboni bo‘lib qolaman va bunday statistika Davlat xavfsizlik xizmatida bo‘lmaydi. Umid qilamanki, muhtaram Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoev va xalqimiz faqat idora o‘zgarib, metodlar eskiligicha qolib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Men qayta va qayta adolatli bo‘lishga chaqirib, ishimning ob'ektiv tarzda ko‘rib chiqilishini so‘rayman. Pok nomim tiklashingizni yana bir bor so‘rayman. Agar mening kimligimni bilmoqchi bo‘lsangiz, men haqimda hamkasblarimdan, talabalarimdan, qarindoshlarimdan, men tug‘ilib o‘sgan mahallamda yashovchi aholidan so‘rang, mening asarlarimni o‘qing. Men har doim Vatanimga sodiq bo‘lganman, sodiqman va sodiqligimcha qolaman. O‘zbek xalqini sevganman, sevaman va sevishda davom etaman va hatto yuragim urishdan to‘xtab, o‘zim tug‘ilgan yurtimning zarrasiga aylansam ham bu muhabbat va sadoqat vujudimda so‘nmaydi. Menga nisbatan adolat qaror topishi uchun barcha sinovlarga tayyorman, chunki Yaratgan oldida vijdonim toza va vaqt o‘tishi bilan adolat g‘alaba qozonishiga ishonchim komil. “Mol – jonimning sadaqasi, jon – orimning sadaqasi” degan naql bejizga aytilmagan.

Hurmat bilan, Kubatin Andrey Viktorovich.

28.08.2018

Tag‘in o‘qing
29 noyabr 2023
Milliy gvardiya o‘z xodimlariga qilingan hujumlar uchun jinoyat olamidan qasos olgani aytilmoqda. Salom Qadrli muxlislar bugun 29 noyabr  Eltuz ...
12 noyabr 2015
Bugun 12 noyabr kuni ertalab 21 yil qamoqda bo‘lgan, 4 marta raskrutka qilingan taniqli muxolifatdagi siyosatchi Murod Jo‘raev ozod ...
9 may 2018
O‘zbekistonda bu yilgi 9 mayni eski sovet an'analariga xos nishonlashga har yilgidan oshiqcha g‘ayrat ko‘rsatilmoqda. Bu tadbirlardan, «Eltuz» nashri ...
20 avgust 2019
Asakalik tadbirkor Sirojiddin Najmiddinov tuman markazida tashkil qilgan «Tasanno Omad Lyuks» savdo majmuasini sherigi Anvar O‘rinboev tortib olinganidan shikoyat ...
Bloglar
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...