Document UZ
16 fevral 2022

IPHR O‘zbekistonda ayollarni kamsitishni tugatishga oid bayonotini e'lon qildi

Inson Huquqlari Bo‘yicha Xalqaro Hamkorlik Tashkiloti (IPHR) Xotin-qizlarga nisbatan Kamsitishlarga Barham Berish bo‘yicha (CEDAW) Qo‘mitaning 2022 yil 15 va 16 fevral kunlari o‘tadigan 81-sessiyasi oldidan qo‘shma bayonotini e'lon qildi.

IPHRning 18 varaqdan iborat bayonotida O‘zbekiston tomonidan Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konventsiyaning bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston hukumatiga ko‘plab tavsiyalar berilgan.

Bayonotda Oiladagi zo‘ravonliklarga qarshi kurashishda O‘zbekiston xukumati ko‘rgan chora tadbirlar, zo‘ravonliklar va ularning sabablari, ko‘lami, qonunchilikdagi kamchiliklar va asosiy muammolar haqida so‘z boradi.

Shuningdek, bayonotda O‘zbekiston Davlat organlari va sudlarida patriarxal munosabat hamda xato tushunchalar saqlanib qolgani, hukumat tomonidan mavjud illatlarning yashirilishi kabi xolatlar aks etgan.

Oilaviy zo‘ravonliklar ko‘lami

IPHR bayonotiga ko‘ra, Hukumat ko‘rayotgan chora-tadbirlari va chiqargan qonun hujjatlariga qaramay, O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik tashvishlidir va stigma, uydagi zo‘ravonlik haqidagi johil fikr keng tarqalganligicha qolmoqda.  O‘zbekistonlik huquq faoli so‘zlaridan shunday iqtibos keltirilgan:

“Oiladagi zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayol ko‘pincha zo‘ravonlik haqida gapirishdan uyaladi, chunki u yaqinlari, oilasi, do‘stlari, hamkasblari yoki qo‘shnilari tomonidan ta'na qilinishidan yoki rad etilishidan qo‘rqadi. Qo‘rqadiki hech kim unga ishonmaydi va yordam bermaydi, eri esa buni oshkor qilmoqchi ekanligi haqda bilgach, jahli chiqib, qattiqroq uradi”.

Bayonot mualliflari jumladan O‘zbekistonda keng tarqalgan tushunchalar, ko‘pincha oiladagi zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar “mazoxistlar” deya sanalishi va er-xotin o‘rtasidagi “janjal” esa tabiiy hol deya qabul qilinishi, shu kabi stereotipdagi qarashlar ijtimoiy tarmoqda ham keng tarqalganiga e'tibor qaratadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlik, jumladan, jinsiy zo‘ravonlik haqidagi muhokamalar ko‘pincha shaxslarning (jumladan, hukumat amaldorlari va davlat universitetlari rahbarlari) stereotipli izohlarini keltirib chiqaradi, ular ham ko‘pincha jabrlanuvchini ayblashga qaratilgan bo‘ladi, maktablar, universitetlar va rasmiy akademiyalardagi ta'lim dasturlarida gender stereotiplari, oiladagi zo‘ravonlikni oldini olish va mavjud himoya choralari masalalariga etibor qaratilmaydi, deya ta'kidlanadi bayonotda.

O‘zbekistonda mansabdor shaxslar, jumladan, militsiya, prokuror va sudyalar orasida patriarxal munosabatlar va gender rollari haqidagi stereotiplar chuqur ildiz otgan.

Hukumat amaldorlari va davlat ommaviy axborot vositalari ayollar va qizlarni «nazorat qilish» kerak degan g‘oyani mustahkamlovchi gender tengsizligi va stereotiplarni tarqatishda davom etmoqda.

Bayonotda Ichki ishlar vazirligi xabaridan iqtibos keltirilishicha, 2021-yilning yanvaridan noyabrigacha ayollarga nisbatan 35 994 ta zo‘ravonlik, jumladan, psixologik zo‘ravonlik (16 982 ta), jismoniy zo‘ravonlik (12 215 ta), iqtisodiy zo‘ravonlik (208 ta), jinsiy zo‘ravonlik (90 ta) va shilqimlik (6 513 ta) holatlari qayd qilingan.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, 25 807 kishi 30 yoshdan oshgan; 9 835 nafari 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar, 352 nafari esa 18 yoshgacha bo‘lganlardir.

Biroq, IPHR ekspertlari ta'kidicha,  ko‘p xollarda ayollar jazolanishdan qo‘rqib, eriga iqtisodiy va moddiy qaramlik yoki huquqlarini bilmasliklari bois, ko‘pincha ichki ishlar organlariga murojaat qilmaslikni afzal ko‘rishadi.

Zo‘ravonliklarga barham berish yo‘lidagi to‘siqlar

O‘zbekiston qonunlaridagi ayrim ijobiy o‘zgarishlarga qaramay, bayonot mualliflariga ko‘ra, O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonlik aybdorlari ko‘pincha jazosiz qolishmoqda, chunki qonunchilikda hamon jiddiy bo‘shliqlar va kamchiliklar mavjud.

Asosiy muammo shundaki, O‘zbekiston qonunchiligida jabrlanuvchi va huquqbuzar o‘rtasidagi munosabatlar, shuningdek, zo‘ravonlikning tizimli xususiyatini nazarda tutgan “oiladagi zo‘ravonlik” tushunchasining aniq ta'rifi ham yo‘q. Jinoyat kodeksida oiladagi zo‘ravonlik alohida jinoyat sifatida mavjud emas.

Masalan: eri yoki uning qarindoshlari tomonidan ayolning ota-onasi uyiga borishini yoki ishga borishini taqiqlash; va psixologik tazyiqga teng bo‘lgan og‘zaki haqorat, kabi ko‘plab xolatlar mavjud. Shu bois IPHR va o‘zbekistonlik xotin-qizlar huquqlari faollari Jinoyat kodeksiga oiladagi zo‘ravonlik kabi alohida jinoyatni qo‘shishni talab qilishmoqda.

Iqtisodiy va psixologik zo‘ravonlik Ma'muriy Kodeksda ham, Jinoyat kodeksida ham tartibga solinmagan, garchi zo‘ravonlikning bunday turlari Xotin-qizlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunda e'tirof etilgan bo‘lsada.

Oiladagi jinsiy zo‘ravonlik uchun jazo yo‘q

Bayonot mualliflari shuningdek, “an'anaviy” patriarxal qarashlardan kelib chiqib oiladagi zo‘ravonlik Jinoyat kodeksida alohida jinoyat hisoblanmasligiga alohida e'tibor qaratishgan.

Jinoyat kodeksining 118-moddasi 3-qismi “b” bandida “yaqin qarindosh”ni zo‘rlaganlik uchun jazo nazarda tutilgan, biroq Jinoyat kodeksida “yaqin qarindosh” tushunchasi, ro‘yxatdan o‘tmagan diniy nikohda bo‘lgan ayollar tushunchasi yo‘q.

Jinoyat kodeksida nikohda zo‘rlash jinoyati aniq ko‘rib chiqilmagan va qoida tariqasida, sudlar stereotipik qarashlar tufayli nikohda zo‘rlash holatlarini ko‘rib chiqmaydi.

Oliy sud Plenumining 2010 yildagi qarorida zo‘rlash yoki jinsiy zo‘ravonlik «ayolning irodasiga qarshi, zo‘ravonlik, tahdid yoki jabrlanuvchining nochor holatidan foydalangan holda tabiiy shaklda jinsiy aloqa qilish» deb ta'riflangan.

Jinoyat kodeksida O‘zbekistonda keng tarqalgan jinsiy shilqimlik uchun jazo nazarda tutilmagan. Jinsiy shilqimlik qurbonlari ko‘pincha jinoyatchiga qaram bo‘ladi va ishini (agar jinoyat ish joyida sodir etilgan bo‘lsa); uy yoki oilasini (agar jinoyat uyda sodir bo‘lsa) yoki o‘qishini (agar u ta'lim muassasasida sodir bo‘lsa) yo‘qotish xavfi ostida bo‘ladilar.

O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonlik ishlari kamdan-kam hollarda sudgacha boradi. Jinoyat protsessual kodeksiga ko‘ra, Bosh prokuratura o‘rtacha yoki og‘ir tan jarohati yetkazish yoki o‘limga olib kelgan ishlar bo‘yicha faqat lavozimi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Boshqa barcha holatlarda jabrlanuvchi xususiy ayblov qo‘zg‘atishi kerak, bu esa jabrlanuvchilar uchun adolat yo‘lidagi jiddiy to‘siqdir.

Oiladagi zo‘ravonlik qotillik yoki badanga og‘ir shikast yetkazish kabi og‘ir jinoyatlarda og‘irlashtiruvchi holat hisoblanmaydi. Bu jinoyatchilar tomonidan o‘ch olinish qo‘rquvi bilan birgalikda oiladagi zo‘ravonlik qurbonlari kamdan-kam hollardagina huquqni muhofaza qilish organlariga yoki sudlarga shikoyat qilishlarini bildiradi.

Bepul yuridik yordamning yo‘qligi

Xotin qizlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun ruhiy, jismoniy, jinsiy va iqtisodiy zo‘ravonlik qurboniga bepul yuridik maslahat olish huqukini ta'minlaydi. Biroq amalda ayollarning ushbu huquqdan foydalanish tartiblarini belgilovchi huquqiy mexanizm mavjud emas.

Amalda bu shuni anglatadiki, oiladagi zo‘ravonlik qurbonlarining aksariyati huquqiy yordamdan foydalana olmaydi, chunki ular turmush o‘rtog‘iga moddiy jihatdan qaram bo‘lishadi. Bepul yuridik yordam to‘g‘risidagi qonun loyihasida bunday huquqqa ega bo‘lgan shaxslar ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ariza bergan, jumladan zo‘ravonlik qurbonlari ham bo‘lishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Biroq, jinoyat protsessida zo‘ravonlik qurboni bepul yuridik yordamdan foydalana olmaydi, chunki jinoyat protsessual qoidalari faqat gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchilarga bepul yuridik yordam ko‘rsatishni kafolatlaydi. Bunday holatda, zo‘ravon bepul yuridik yordam olish huquqiga ega, ammo oiladagi zo‘ravonlik qurboni esa yuridik yordam olish huquqidan mahrum bo‘lib qoladi.

Jinsiy zo‘ravonlik qurbonlari

IPHR Bayonotida bevosita O‘zbekistondagi qonunchilikning ishlamasligi, amaldorlarning sub'ektiv munosabati tufayli jinsiy zo‘ravonliklarning yopiq qolishiga, ba'zan esa jinoyatchi qolib jabrdiydaning o‘zi jazo olganiga oid bir qancha misollar keltirilgan.

Masalan, 2021-yil fevral oyida tibbiyot xodimi Nigina Toshkentda uni o‘ldirish bilan qo‘rqitgan erini oshxona pichog‘i bilan pichoqlagani oqibatida og‘ir tan jarohati yetkazganlik (Jinoyat kodeksining 104-moddasi) uchun sudlangan edi.

Xolbuki, Niginaning eri nazorat qiluvchi xatti-harakatlar bilan ko‘p yillar davomida uni jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikka duchor qilardi. Erining undan tashqari to‘rtta xotini bo‘lgan. Jazo olishiga sabab bo‘lgan eriga yetkazgan jarohat esa, erining nojoiz harakati tufayli sodir bo‘lgan edi.

Boshqa bir misolga ko‘ra, Farg‘ona vodiysida yashovchi ayol zo‘ravon eri haqida bir necha bor ichki ishlar organlariga murojaat qilgan, biroq bu murojaatlar hech qanday natija bermagan. Eri uni yana kaltaklab, bolalari bilan ko‘chaga haydaganidagina himoya orderini olishga muvaffaq bo‘lgan.

Yana bir holatda esa, turmush o‘rtog‘ining muntazam zo‘ravonliklari va buning uchun avval jinoiy javobgarlikka tortilganiga qaramay, mahalla qo‘mitasi tomonidan ayolga uchta bolasi borligi ro‘kach qilinib, ajrashishga ruxsat berilmagan.

Yana bir voqea, uch yashar qizi kuyovi tomonidan muntazam jinsiy zo‘rlanib kelgan Safargulning bergan guvohligidir. Safargul bu yuzadan Shayxontur tumani IIB inspektoriga murojaat qilgan, u shikoyatni qaytarib olishini aytgan. Safargul rad javobini berib, jinoiy ish ochishni talab qildi. Shundan so‘ng, Shayxontur tumani IIB tomonidan taklif etilgan psixolog qiz bilan gaplashib, huquqbuzar uni qayta-qayta o‘z mashinasida ruliga o‘tkazib aylantirib, yechintirgani, teginib va jinsiy a'zolarini ko‘rsatgani haqida ma'lumot olgan. Biroq, militsiya faylida qizning ko‘rsatmalari topilmagan, psixolog ishtirokida o‘tkazilgan so‘roq paytida yozuv yuritishga mas'ul bo‘lgan xodim keyinroq onaning kuyoviga tuhmat qilganlikda ayblangan.

O‘zbekistonga tavsiyalar

Bayonot mualliflari yuqorida qayd etilgan holatlardan kelib chiqib O‘zbekiston hukumatiga bir qancha tavsiyalar berishgan.

Jumladan, milliy qonunchilikka o‘zgarishlar kiritish, zo‘rovonlikning aniq ta'rifini belgilash, jinoyatga mos jazoni nazarda tutuvchi xolatlarni kiritish, jumladan ayollar, voyaga yetmagaganlarga nisbatan jinoyatlar yuzasidan og‘irlashtiruvchi xolatlarni inobatga olinishini ta'minlash;

Shuningdek, odil sudlov yo‘lidagi to‘siqlarni yo‘q qilish: shaxslarning jins va yosh bo‘yicha ajratilishi, ayollar va erkaklarning roli va mas'uliyatiga doir kamsituvchi stereotiplar va patriarxal munosabatlarga barham berish;

Nikohda zo‘rlash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikni joriy etish va ro‘yxatdan o‘tmagan nikohda zo‘rlash uchun munosib jazolanishni ta'minlash.

Shuningdek bayonotda, O‘zbekiston huqumatiga NNTlar tomonidan boshqariladigan markazlar, jabrdiydalar boshpanalari kabi loyihalarni moliyalashtirish singari ko‘plab chora-tadbirlar tavsiya etilgan.

IPHR bayonotining to‘liq PDF matnini shu linkdan ko‘chirib olish mumkin

Tag‘in o‘qing
26 oktyabr 2021
Farida Sharifullina  O‘tgan yilning yozida O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida uylarni buzish paytida xususiy mulkni himoya qilish to‘g‘risidagi ...
20 avgust 2018
Toshkentga kelgan Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonni 17 avgust kuni aeroportda prezident Mirziyoev quchoq ochib qarshiladi. Imomali Rahmon xuddi Brejnev ...
25 avgust 2016
«Toshkent oqshomi» gazetasida (23.08.2016) O‘zA muxbirining ichki ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari bilan suhbati bosildi. Vazir o‘rinbosarining aytishicha, ichki ishlar ...
27 aprel 2022
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Jenevada bo‘lib o‘tgan tadbirdagi chiqishida Karimov davrida ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...