Document UZ
17 mart 2023

17 mart – SSSRni saqlab qolish referendumida O‘zbekiston haybarakallasi

1991 yilning 17 martida Islom Karimov boshchiligidagi O‘zkompartiya SSSRni saqlash uchun 93,7 foiz ovoz tashkil qilib bergan edi.

Referendumga oid hujjatlarda (Gruziya, Estoniya, Latviya, Litva, Moldaviya va Armanistondan tashqari) unga butun Ittifoq bo‘ylab jami 80 foiz, O‘zbekistondan esa 95,4 foiz saylovchi ishtirok etgani iddao qilinadi.

rasm943
«Xalq so‘zi», 1991 yil 16 mart soni

Karimov mafkurasi to‘qigan ikki afsona

Qo‘limizda 1991 yil 16 va 17 martda chop qilingan “Xalq so‘zi” gazetasi. Oradan 25 yil o‘tib gazetaning sarg‘aygan sahifalarini varaqlar ekanmiz, so‘nggi yillarda Karimov mafkurasi to‘qigan ikki afsonaning yo‘qqa chiqqanligini ko‘ramiz.

Bulardan biri o‘zbek nomenklaturasi va uning boshida turgan Karimovning “mustaqillik uchun kurashgani” haqidagi afsona bo‘lsa, yana biri mustaqillikdan oldin “Navro‘z taqiqlangani” haqidagi iddao.

Bundan 25 yil oldin chop qilingan “Xalq so‘zi” gazetasida ikki mavzu tilga olinadi. Bulardan biri “Buyuk SSSRni saqlab qolish” va ikkinchisi “O‘zbekistondagi Navro‘z shukuhi”.

«Xalq so‘zi» gazetasining 16 mart, shanba kuni chop qilingan 54-sonining birinchi varag‘ida “Buyuk Ittifoq davlatimizni saqlab qolaylik” sarlavhali bosh maqolaga ko‘zimiz tushadi.

Gazeta manjetida esa “Ertaga fuqarolik burchimizni bajaramiz. Lotinchada referendum – o‘zbekchada dil izhori”, degan shior o‘rin olgan.

Sahifaning o‘ng tarafida “O‘zbekiston SSR bilan Qirg‘iziston SSR o‘rtasida do‘stlik haqida»gi shartnoma matni berilgan.

Sahifaning qolgan yarmi esa “Navro‘z nafasi” va “Andijonning viloyat bo‘lganiga 50 yil to‘lgani” haqidagi maqoladan iborat.

“Bir tanu bir jon bo‘lib…”

rasm941
«Xalq so‘zi», 1991 yil 17 mart soni

Gazetaning 16 mart kungi soni o‘zbeklarni «SSSRni saqlab qolish referendumida “ha” deb ovoz berishga” targ‘ib qiladi.

17 mart kungi soni esa bu “targ‘ibot mevasi” sifatida ko‘rinadi. Obunachiga 3 tiyin (uch quti gugurt narxi), do‘kondan sotib olish uchun esa 18 tiyin deya narxlangan “Xalq so‘zi”ning 17 mart soni “Taqdir chegarasi” va “SSSR prezidenti ovoz beradi” sarlavhali maqolalar turkumi bilan ochiladi.

Xushnud saylovchilar suratlari ilova qilingan bu maqolalarda o‘zbeklarning SSSRni saqlash uchun “bir tanu bir jon bo‘lib ovoz bergani mamnuniyat bilan” qayd qilinadi.

“Xalq so‘zi” muxbiri O‘zkompartiya mulozimi Dilmurod Mahmudovdan iqtibos keltirib, referendum arafasida respublika rahbariyati SSSRni saqlab qolish uchun ulkan targ‘ibot ishlari olib borganini ta'kidlaydi.

Maqolalarda oddiy xalq vakillarining “SSSRni qanday sevishlari” haqidagi “insoniy» hikoyalarga ham keng o‘rin beriladi. “Bo‘linganni bo‘ri yer, ayrilgani ayiq yer” kabi shaklan milliy, mazmunan sotsialistik maqolu matallar qo‘llaniladi.

Maqolalardan birida to‘shakka mixlanib kasal yotgan o‘zbek kampirning SSSRni saqlash uchun ovozini qay tarzda bergani hissiy hikoya qilinadi.

Gazetaning oxirgi sahifasida O‘zbekiston SSR okruglaridagi referendum natijalari e'lon qilingan. Bu ma'lumotlarga ko‘ra, o‘zbek saylovchilarning 93,7 foizi “SSSRni saqlab qolish uchun» ovoz bergan.

«Erk» partiyasi SSSRga qarshi ovoz berishga chaqirgan

rasm953
«Erk» DP lideri Muhammad Solih, 1991 yil

1991 yil bahorida bo‘lgan referendumni boykot qilish borasida O‘zbekiston «Erk» demokratik partiyasi qator tadbir o‘tkazgan edi.

Eltuz.com tasarrufidagi ma'lumotlarga ko‘ra, 1991 yil O‘zbekiston parlamentida ozchilikni tashkil qilgan “Erk” demokratik partiyasi referendumda SSSRga qarshi ovoz berishga chaqirgan.

“Erk” demokratik partiyasi SSSRga qarshi varaqa chop qilib, aholi o‘rtasida tarqatgan.

1991 yilning 15 martida Urganch avtovokzalida «Erk»ning SSSR referendumiga qarshi varaqasini tarqatayotgan ixtisoslashgan matematika maktabi o‘qituvchisi Gulnora Qo‘shboeva militsiya va KGB zobitlari tarafidan qo‘lga olinib, varaqalar musodara qilingani haqidagi protokol Eltuz.com da mavjud.

Bu protokolga ko‘ra, Gulnora Qo‘shboeva SSSRga qarshi targ‘ibot yuritdi, deb qamab qo‘yilgan.

«Birlik» harakati va diniy idora SSSR tarafdori

rasm944
Marhum muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf boshchiligidagi O‘rta Osiyo musulmonlari idorasi SSSRni saqlab qolish tarafdori bo‘lgan

O‘zbekiston «Birlik» xalq harakatining referendum masalasidagi nuqtai nazari “Oldin demokratiya, keyin mustaqillik“ degan tezisda ifoda topgan edi.

Marhum muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf boshchiligidagi O‘rta Osiyo musulmonlari idorasi SSSRni saqlab qolish tarafdori, ya'ni Kreml tarafida bo‘lgan.

Bu referendumdan bir yil oldin O‘zbekiston parlamenti deputatlari davlat mustaqilligi deklaratsiyasini qabul qilgan edi.

Shunga qaramasdan, o‘sha paytda O‘zbekiston kompartiyasi birinchi kotibi Islom Karimov bu referendumni o‘tkazishning faol tashabbuskori bo‘ldi.

1991 yilning 17 martida O‘zbekiston SSRning referendumda qatnashgan fuqarolaridan 93,7 foizi «SSSR qolsin», deb ovoz berdi.

Olti davlat bosh tortgan referendumda O‘zbekiston hukumati «peshqadam» bo‘ldi

rasm951
Referendum byulleteni

Eslatib o‘tamiz, Gorbachev hurriyati mevasi o‘laroq, “mustaqillik paradlari” ortidan o‘tkazilgan SSSRni saqlab qolish referendumida Boltiqbo‘yi respublikalari qatnashishdan bosh tortgan edi.

SSSR Markaziy saylov komissiyasi e'lon qilgan referendum natijalariga ko‘ra, saylovda qatnashganlarning 76,4 foizi Sovet Ittifoqi saqlanib qolinishi uchun ovoz berdi, oltita ittifoqdosh respublika (Litva, Estoniya, Latviya, Gruziya, Moldaviya, Armaniston) bu referendumda qatnashmadi.

Bu respublikalar o‘z parlamentlari tarafidan mustaqillik bayonnomasi e'lon qilingani sababi bilan referendumni boykot qilishdi.

Referendumda eng ko‘p ovoz berishda o‘zbekistonliklar faqat Turkmanistondan orqada qolishdi, xolos.

O‘shanda Turkmaniston SSR fuqarolari 97,9 foiz ovoz berib, SSSR tarafdorligi bo‘yicha rekord qo‘yishdi.

Ammo oradan to‘rt oy o‘tib Sovet Ittifoqi quladi. O‘zbekiston parlamenti 1991 yil 31 avgustda mamlakat mustaqilligini e'lon qildi. Rahbariyat SSSRdan ajralish masalasini yana referendum vositasida aniqlashga ehtiyoj sezdi.

1991 yil dekabrida o‘tkazilgan prezident sayloviga ilova sifatida referendum ham o‘tkazildi. «Siz O‘zbekistonning SSSRdan ajralib mustaqil bo‘lishini istaysizmi?» degan savol qo‘yildi.

Oradan bor-yo‘g‘i 9 oy o‘tib endi o‘zbekistonliklarning 97 foizi SSSRga qarshi ovoz berishdi.

Xorazmda Qo‘shboevani «SSSRga qarshi» deb qamagan militsiya mulozimi o‘sha kuni SSSR tarafdorlari bosh ko‘tarmasin, deb tuni bilan postda turgan edi.

Botir Rajabov
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 oktyabr 2018
O‘zbekiston madaniyat jamg‘armasi va Frantsiyadagi Luvr muzeyi o‘rtasida 9 oktyabr kuni o‘zaro memorandum imzolandi. Madaniyat vazirligi saytida bildirilishicha,  ushbu ...
27 fevral 2021
26 fevral kuni tuzilajak «Haqiqat va taraqqiyot» sotsial- demokratik partiyasi tashabbuskori, iqtisod fanlari doktori Xidirnazar Allaqulov uyidan kuch ishlatar ...
4 dekabr 2019
Turkiyada yashayotgan atoqli adib va siyosatchi Muhammad Solih shu yilning 20 dekabrida 70 yoshga to‘ladi. Muhammad Solih hayoti haqidagi ...
19 mart 2021
Ey ahli vatan! Bosdi sani muncha g‘afolat,G‘arq ayladi muncha sani daryoi jaholat,Tushdiy sani boshing uza shum zallayu razolat,Boq! Holingga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...