Catira
29 mart 2017

Dori narxini pasaytirish qarori ularning taqchilligiga olib keldi

Prezident Mirziyoevning 7 martdan kuchga kirgan qarori ortidan dori darmon taqchillashuvi bilan bog‘liq jiddiy muammolar kelib chiqmoqda.

Andijon shahridagi hususiy shifoxonalardan birida ishlovchi, ismi sharifini oshkor etishni istamagan shifokorning Eltuzga ma'lum qilishicha, ro‘yhatga kiritilgan dori-darmon vositalarining, go‘yoki, dorixonalardan topilmasligi oqibatida, ikki kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Uning aytishicha, bemorlarning yaqinlari xuruj vaqtida dorixonalardan kerakli dori vositasini topolmaganlar.

Shuningdek, shifokorning aytishicha, bemorlar hayotini saqlab qolish uchun topilmagan dorilarning biri, qandli diabet kasaliga chalinganlar uchun qonni suyultiruvchi «Geparin» ukoli, yana biri nafas qisganda sepiladigan  Salbutamol bo‘lganini aytadi. Har ikkala bemor o‘limi Navro‘zdan sal ilgari  yuz bergan.

“Qaror 7 martdan kuchga kirgan, biroq hozir eng asosiy dorilar aptekalarda yo‘q. Odamlar zarur paytda bu dorilarni topolmay sarson bo‘lishyapti. Shifoxonamizga yotgan bemorlarga retsept yozib beramizu, ammo bu dorilar qaysi dorixonalarda bor-yo‘qligini bilmaymiz” deydi shifokor.

Dorisi yo‘q dorixonalar

Andijonda xususiy dorixonalar juda ko‘p. Har 50 metrga, shahar markazlarida esa hatto har 10 metrga bittadan dorixona to‘g‘ri keladi.

Har bir dorixona egasi hukumat qarori bilan arzonlashtirilgan dorilar ro‘yxatini Iste'molchilar huquqlarini ximoya qilish jamiyatlari federatsiyasi majburiyati bilan ilib qo‘ygan, ammo dori-darmonlarning aksariyati arzonlashtirilgan narx tugul avvalgi narxiga ham topilmayapti.

“Avvallari qimmat bo‘lsa ham aptekalarda istagan dorimiz bor edi. Ro‘yhatdagi narxi arzon bo‘lgani bilan, yo‘q bo‘lsa, buning xalqqa nima foydasi bor?” – deydi fuqarolardan biri.

U ilgari narxi 55 ming so‘m bo‘lgan, 16 ming 296 so‘mga arzonlashtirilgan “Geparin” ukolini deb, qishloqdan shaharga kelganini aytadi.

“Ko‘pchilik so‘rab keladigan dori vositalari, masalan, Geparin, Salbutamol, Nitroksolin, bular aptekalarda fevraldan beri yo‘q.

Shahardagi bir-ikkita davlat aptekalarida bo‘lishi mumkin, o‘shandayam qolgan bo‘lsa” deydi dorixona sotuvchilaridan biri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, narxi chet elda ham arzon bo‘lmagan bu dorilarni arzon narxda sotishga majburlashmoqda, shu bois sotuvda bu dorilar kamyob bo‘lib qolgan.

Hususiy dorixonalarni yopish kerakmi?

Eng kerakli dori-darmonlarning bunday taqchillashgani odamlarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Ayrimlar xususiy dorixonalardan butunlay voz kechish tarafdori, chunki ularni baribir nazorat qilib bo‘lmayapti.

Ayrim dorixona egalari arzonlashtirilgan dori-darmonlar zararini boshqa turdagi dori vositalaridan qoplab olishga harakat qilishyapti.

Buning oqibatida esa dori-darmonlarning narxi yanada oshmoqda.

Mustaqil SA-News saytining sog‘liqni saqlash vazirligidan iqtibos keltirib bildirishicha, dori narxini oshirgani uchun 200 dorixona litsenziyadan mahrum qilingan va o‘n kun ichida tag‘in 255 dorixona yopiladi.

«Qora bozor”ga ko‘chgan dorilar

Andijon shahrida yashovchi Eltuz suhbatdoshlaridan yana biri, prezident qaroridan keyin, ro‘yxatga kirgan dorilar savdosi “qora bozor”ga ko‘chganini aytadi.

“Import dorilar o‘zi qimmat narxda kelgan. Ziyon ko‘rishni hech kim istamaydi, shuning uchun dorilarni fuqarolarga sotmay, dorifurushlarga pullashyapti”, deydi u.

Ayni kunlarda, Andijondagi dori bozor faoliyati yanada jonlangan.

“Qora bozor” Andijonning yangi shahar hududida joylashgan bo‘lib, bu yerdan hatto taqiqlangan dori-darmon vositalarini ham topish mumkin.

Dorifurushlardan birining e'tirof etishicha, import dorilarni zarariga sotishni istamagan dorixonalardan hamkorlik qilish takliflari ham tushmoqda.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
7 fevral 2019
Toshkentda prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida 5 fevral kuni «Buyuk kelajak» tashkiloti tashabbusi bilan «O‘zbekistan-2035» ikkinchi xalqaro forumi o‘z ...
10 dekabr 2022
Dunyo urush asoratlaridan qaddini endi tiklayotgan 1948 yilning 10 dekabr kuni Parijda jahonning ko‘plab davlatlaridan yig‘ilgan diplomatlar Inson huquqlari ...
15 yanvar 2020
Qashqadaryo viloyati Koson shahri ichki ishlar xodimlari tomonidan shafqatsiz kaltaklangan Rustam Hamroev ikki yildan buyon adolat izlamoqda. Toshkentlik huquq ...
25 fevral 2016
O‘zi bir xilu muallifi har xil maqolalardan bino bo‘lgan o‘zbek gazetalarida e'tiborimizga chalingan tendentsiya o‘zbek parlamenti Hisob palatasi hisobotiga ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...