Asosiy mavzular
7 sentyabr 2017

O‘zbekistonda paxtaga safarbarlik boshlandi

O‘zbek rasmiylarining mamlakatda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi, shifokor va pedagoglar terimiga jalb etilmasligi haqidagi iddaolariga qaramay, bu yil ham paxtaga ommaviy safarbarlik boshlandi.

«Eltuz» nashriga 6 sentyabr kuni toshkentlik hasharchilar Jizzax dalalarida paxta terishga olib ketilgani haqidagi ma'lumot kelib tushdi. Shuningdek, Jizzaxdagi barcha o‘qituvchi va tibbiyot xodimlari 7 sentyabrdan paxta terimiga chiqarilishi haqida ma'lumotlar bor.

Yig‘ilishlarda o‘qituvchi va shifokorlarga paxta bo‘yicha bosimlar kuchaytirilgani, hokimlar terimchilarni dalaga kunlik chiqish tarzida jalb etishni rejalashtirgani aytilmoqda.

Militsiya kuzatuvi va yo‘qlamasi asosida

5 sentyabr kuni Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida, eng avvalo, maktab o‘qituvchilari, maktabgacha ta'lim muassasalari va tibbiyot xodimlari uchun paxta yig‘im-terimi e'lon qilindi.

«Eltuz» muxbirining bildirishicha, bu haqda muassasalarga 4 sentyabr kuni kechga yaqin xabar berilgan.

Buyruq shahar hokimligidan bo‘lgani, shu asosda xalq ta'limi bo‘limi boshlig‘i topshirig‘iga ko‘ra, ta'lim muassasalariga va shifoxonalar rahbarlariga 5 sentyabr kuni ertalabga xodimlarini terimga tayyorlashi aytilgan.

Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri binosi yonida 5 sentyabr kuni tong sahardan barcha tashkilotlar xodimlari to‘plandi.

Xalq ta'limi bo‘limi, maktab direktorlari, shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda IIB xodimlari kuzatuvi va yo‘qlamasi asosida har bir tashkilotdan 30-40 foiz xodimlar safarbar qilindi. Ular soat 6:00 da avtobuslarda paxta dalalariga yo‘l oldi.

Terimning birinchi og‘ir kuni

Guliston shahridagi bolalar dispanseri hamshirasi «Eltuz» muxbiriga terimning birinchi kuni juda og‘ir kechgani, suv va oziq-ovqatda muammoga duch kelingani, daladagi ish vaqti uzoqligi to‘g‘risida bildirdi:

«Bu yildan umidimiz katta edi. Terim mavsumida o‘z ish joyimizda bo‘lishimizni kutgan edik. Ammo unday bo‘lib chiqmadi. Kecha kechqurun menga bo‘lim boshlig‘imiz telefon qilib, tonggi soat 5-30 da teatr binosi oldiga terimga shay holda yetib kelishimni talab qildi.

Dabdurustdan kelgan xabar meni va oila a'zolarimni dovdiratib qo‘ydi. Birinchidan, paxta bo‘lishini kutmagan edik, garchi bunga ishonish qiyin bo‘lsa-da. Ikkinchidan, dalaga chiqishga tayyor emasdim. Bolalarimni kimgadir tashlab ketishim yoki o‘rnimga dalaga chiqishga odam topishim zarur edi. Qo‘shnilarimga tayinlab, saharlab yetib bordim. Hattoki dalaga olib chiqishga ovqat qilishga ulgurmadim, natijada kuni bo‘yi och qoldim. Buning ustiga, dalaga suvni ham kech olib kelishdi va kun issig‘ida suvsizlikdan qiynaldim. Eng yomoni, avtobus ham bizni olib ketish uchun kech yetib keldi. Qorong‘uda soat 20-00 dan oshganda uyga yetib keldim. Juda uzoqdagi dalaga olib borishgandi. Bolalarim uyda ovqat-nonsiz qolib ketdi».

Ta'lim vazirining yolg‘oni

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida AQSh Senatining Xalqaro munosabatlar bo‘yicha qo‘mitasi vakillari ishtirokidagi uchrashuvda hukumat rasmiylari mamlakatda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi haqida gapirgandi.

24 avgustda aytilgan bu gaplarga ishongan maktab o‘qituvchisi «Eltuz» muxbiriga umidlari puchga chiqqanini aytadi:

«Nahotki, hammasi ertak edi. Oliy ma'lumotli o‘qituvchilarni aldab, ermak qilish yaxshi ishmi, axir?! Vazirimiz o‘z nutqida «o‘qituvchilarning hammasi oliy ma'lumotli, dalaga haydasa, majburlasa chiqib ketavermaydi-ku”,, degan ma'noda gapirgandi. To‘g‘ri, biz har kimga bo‘yin egavermaymiz. Ammo direktor “dalaga chiqmasang, arizangni yozda, ket!” deb tursa, qo‘limizdan nima keladi? Ishdan haydash bilan tahdid qilishgandan keyin majbur bo‘lamiz dalaga borishga».

U bu yilgi terim har galgidan keskinroq tartibda bo‘lishini taxmin qiladi. Holbuki, O‘zbekiston xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov Kun.uz nashriga bergan intervyusida: «So‘nggi 5-6 yilning ichida maktablar paxta yig‘im-terimiga umuman jalb etilmagan”, degan edi.

Oshkoralik davri tugadimi?

O‘zbekistonda Xalqaro press klub ko‘rsatuvlarida jonli efirlar orqali xalqning dardi, muammolari ochiq-oshkora aytila boshlagani necha yillardan beri bosh ko‘tara olmaydigan ziyolilarda umid paydo qilgan edi.

«Ammo natija nima bo‘ldi? Press klubning ishi vaqtincha to‘xtatildi va jonli efirlar bekor qilindi. Hammasi shu paxta muammosi sababli ekanligini eshitdik. Shunday ekan, davlat o‘zi majburiy mehnatga bosh bo‘lsa, biz oddiy xodimlar nima ham qila olardik?!» dedi gulistonlik o‘qituvchi «Eltuz» muxbiriga.

«Eltuz»ning Andijondagi mobil muxbiri bu yil paxta terimi sal kechroq boshlanishini, biroq vaziyat hamon avvalgidek ekanini bildirdi.

«Paxtani 15 sentyabrdan deyishyapti. Ammo allaqachon shtab tuzilib, terimchilarning ro‘yxati shakllanib bo‘lgan», deydi u.

Mobil muxbirning aytishicha, hukumat avvaliga paxtaga chiqarmaymiz deb va'da berib qo‘ygan, ammo endilikda o‘qituvchi va shifokorlarga o‘z tashabbusimiz bilan paxtaga chiqamiz, degan mazmunda tilxat berish majburiyati yuklangan.

Xalq ta'limi vaziri: Huquq buzilishiga faollarning o‘zlari aybdor

Xalq ta'limi vaziri o‘qituvchilar majburiy mehnatiga oid bayonotlarida o‘qituvchilarni hech kim majburlab ishlatmayotganini iddao qilgan.

«O‘zi uchun mablag‘ ishlashi – marhamat. Uyi dalaning oldida bo‘lsa, buning yomon jihati yo‘q. O‘zbekistonning boyligi uchun chiqib, o‘zining yana pul ishlab olish imkoniyati bor. Lekin majburan hech kim bu ishga jalb etilmaydi”,- degandi Inoyatov.

Xalqaro press klubning kuni-kecha bo‘lib o‘tgan tadbirida esa u pedagoglarning majburiy mehnatga jalb etilishiga hukumat yuritayotgan siyosatni emas, balki jamoatchilik, o‘qituvchining o‘zi, maktab rahbariyati, tumanlardagi faollarini aybladi.

«Ular o‘qituvchini himoya qilishmaydimi? Yoki u o‘z huquqini o‘zi himoya qilmaydimi, degan masala turibdi. Nima uchun o‘qituvchi o‘z huquqi buzilishiga o‘zi yo‘l qo‘yib beradi», deya savol tashladi go‘yoki dunyo bexabar vazir.

Majburiy mehnat aynan hokimiyat organlari tomonidan tashkil etilayotgani uchun o‘qituvchilarning huquqlarini hech kim himoya qilmasligiga bunday primitiv usulda ishontirishga urinish esa ko‘pgina amaldorlar hali ham yolg‘on siyosatdan voz kecha olmayotganini ko‘rsatadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 mart 2017
Andijonda ko‘pchilik oilalar kreditga olgan tovuqlarini qaytarib bermoqda. Yuzta tovuq boqishga qiziqib ko‘rgan andijonlik S.Xaydarovning aytishicha, odamlarga berilayotgan tovuqlarning ...
7 sentyabr 2020
Eri tomonidan ayovsiz kaltaklanib, bolasining axlati to‘la uch kunlik pampersni yeyishga majburlangan samarqandlik 25 yoshli Mustahkamning do‘pposlangani videosi tarqalganidan ...
2 aprel 2024
Salom qadrli muxlislar, Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta maktubni o‘qib eshittiramiz, ular O‘zbekistonning Jizzax, Namangan, Toshkent, Sirdaryo va Xorazm viloyatlaridan kelgan. Xatlar oqimi davom etmoqda, muammolar yechimini to‘liq ta'minlash uchun kanalimizga obuna bo‘lish, layk bosish ...
15 iyun 2022
30 yildan buyon Toshkentda ishlayotgan turkiyalik 56 yoshli tadbirkor Ug‘ur Aqin (Ugur Akin) “New Life Insurance” MChJdan ikki million ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...