Asosiy mavzular
26 fevral 2018

Kalamushlarni ushlang!

Kalamushlar kema cho‘kayotgani uchun emas, balki ularga qarshi kurashishga bel bog‘lagani uchun qochish harakatiga tushib qoldi.

Bir necha kun oldin O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Rashid Qodirov hibsga olingani haqida xabarlar tarqatilgan va bu xabarlar zo‘r berib inkor etilayotgan paytda bir nashrning u mamlakatni tark etish chog‘ida ortiga qaytarilgani haqidagi ma'lumoti ko‘pchilikning nazaridan chetda qolgandi.

O‘sha xabarga ishonilsa, 22 fevral kuni xorijga chiqib ketishga otlangan Rashid Qodirov Toshkent xalqaro aeroportida chegara xizmati tomonidan to‘xtatib qolingan. Uning o‘g‘li Alisher Qodirov allaqachon O‘zbekistondan qochib ulgurgan.

Nihoyat, Bosh prokuratura vaziyatga oydinlik kiritdi va R.Qodirov hibsga olinib, Jinoyat kodeksining «tovlamachilik» (165-modda), «hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish» (205-modda) va «pora olish» (210-modda) moddalari bo‘yicha ayblanayotganini ma'lum qildi.

Shu o‘rinda sobiq bosh prokurorning o‘g‘li Alisher Qodirov haqida qisqacha ma'lumot berish o‘rinli ko‘rinadi.

OAVda tarqatilgan ma'lumotlarga ko‘ra, A.Qodirov «Konsul» xususiy advokatlik idorasi, konsalting firmalari, Bang&Olufsen, Choppard, Svarovski va Montblanc kabi lyuks toifadagi do‘konlar xo‘jayinidir. Uning advokatlik idorasi orqali prokuratura bilan bog‘liq masalalarni «hal qilish» narxi 250 ming dollardan 20 million dollargacha bo‘lgan.

Ya'ni boy tadbirkorlar uchun avvaliga prokuratura orqali «muammo yaratilgan», Rashid Qodirovning o‘g‘li ularga qudratli otasi soyasida «xolisona xizmat ko‘rsatgan».

Mazkur ma'lumotlarni keltirishimizga sabab shuki, O‘zbekiston boyligini chorak asrdan ko‘proq vaqt davomida talon-taroj qilganlar bu mulklarni o‘z nomiga emas, an'anaga ko‘ra, eng yaqin insonlari, oila a'zolari yoki ularga bo‘ysunuvchi kimsalar nomiga o‘tkazib qo‘ygan.

MXXning sobiq rahbari Rustam Inoyatov qudrati «soya»sida orttirilgan boyliklar uning yaqinlari nomiga dunyoning turli davlatlarida saqlanayotganiga oid ma'lumotlar haqida yaqinda «Eltuz» nashri e'lon qilgan ma'lumotlar ham so‘zimizni isbotlab turibdi.

Yaqin o‘tmishimizda xalqning qonini so‘rib, ulkan boylik orttirgan amaldorlarning bir qanchasi hozircha yurtni tark etib ulgurgani yo‘q.

Rashid Qodirovning qamalishi esa ularning kelajagi ancha qorong‘u ekaniga aniq ishora berayotir. Uning o‘g‘li allaqachon yurtdan chiqib ketgani esa katta kalamushlarning chetga chiqishiga qandaydir to‘siq qo‘yilgan bo‘lsa-da, kalamushzodalarning hali qochish imkoniyati borligini ko‘rsatib turibdi.

Bu ma'lumotlar yaqinda Shavkat Mirziyoevning ko‘cha jargonida «ichkariga olingan» deb aytilayotgan MXX amaldorlari «bulbuldek sayrayotgani» haqidagi gaplari ortidan yuzaga chiqyapti.

Demak, MXX yoki Bosh prokuratura himoyasida xalq boyligini talon-taroj qilganlar haqida ko‘plab ma'lumotlar tez orada yuzaga chiqadi.

Ayni shu xavfni his qilayotgan kalamushlar bugun kemadan qochish harakatiga tushib qolganini ishonch bilan aytishga asos bor.
Endigi vazifa ularning qochib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Ular vatan oldida, xalq oldida javob berishi kerak.

Biz ular deyayotgan odamlarimizning nomlari esa ko‘pchilikka ma'lum. Karimov davrida o‘zi xon, ko‘lankasi maydon bo‘lib, xalqimizning qonini ichganlar, yurtimiz boyligini tashmalaganlar o‘z qilmishlariga yarasha javob berishi adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishi lozim.

Ularning javobgarlikka tortilishi esa xalqning hukumatga nisbatan ishonchini oshirish bilan birga bugun mansab kursisiga o‘tirgan amaldorlar uchun ham saboq bo‘ladi.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 noyabr 2016
Bir guruh o‘zbek faollari Telekommunikatsiya sektoridagi korruptsion sxemalar yordamida to‘plangan aktivlarning musodara qilinishi va korruptsiya jabrdiydalariga qaytarilishi lozimligi haqida ...
18 mart 2023
Qrim yarim oroli Rossiya armiyasi nazorati ostida 2014 yilning 18 martida o‘tkazilgan referendum natijasiga ko‘ra Rossiya tarkibiga qo‘shib olindi. ...
23 noyabr 2021
Koson tumani hokimligi rasmiy veb saytiga ko‘ra, “so‘nggi 2 yil ichida Koson tumani markazi tanib bo‘lmas darajada chiroy ochgan”. ...
15 dekabr 2016
O‘zbek faollari bu pullarni korruptsiya jabrdiydalari bo‘lgan O‘zbekiston xalqiga qaytarilishini istashmoqda. Elektron petitsiyani shu yerda imzolashingiz mumkin. O‘zbekiston telekommunikatsiya ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...