Asosiy mavzular
19 mart 2018

SSSRga qarshi kurashgan Mirtemir Mirabdullaev olamdan o‘tdi

1972 yilda O‘zbekiston mustaqilligini talab qiluvchi uyushma tuzgani, Sovet Ittifoqiga qarshi kurashgani uchun KGB tarafidan qamoqqa tashlangan Mirtemir Mirabdullaev 5 mart kuni 78 yoshida Toshkentda olamdan o‘tdi.

1940 yil Toshkent shahridagi Beshyog‘och mahallasida tug‘ilgan Mirtemir Mirabdullaev o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida sovetlarga qarshi kurashgan birinchi qaxramon sifatida tarixga kirdi.

2000 yili nashr etilgan «O‘zbekistonning yangi tarixi» kitobining ikkinchi tomida Mirtemir Mirabdullaev tuzgan yashirin tashkilot haqida ma'lumot berilgan.

«…Respublikada mustaqillik, ozodlik uchun harakat to‘xtamadi. 60-yillarga kelib bunday harakat tashabbuskorlaridan biri ToshDUning siyosiy iqtisod kafedrasi o‘qituvchisi Mirtemir Mirabdullaev edi. U o‘zining bir necha hamfikrlari bilan «Ozod uyushma» deb nomlangan norasmiy, yashirin tashkilot tuzadi. Uyushma a'zolari O‘zbekistonning SSSRdan ajralib chiqishi va mustaqil davlat barpo qilish, o‘zbeklar boshqalarning yordamisiz ham o‘z iqtisodiyotini rivojlantirishga, mamlakatni o‘zlari boshqarishga qodir, degan g‘oyaga asoslangan edi.

Biroq «Ozod uyushma» oyoqqa turmasdan, uning tashkilotchilaridan biri M.Mirabdullaev mustabid tuzum tomonidan qamoqqa olinadi va 1971 yili 31 avgustda Toshkent shahri sudi tomonidan unga «millatchi» tamg‘asi bosilib, jinoiy javobgarlikka tortiladi. Faqat O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritganidan so‘ng adolat qaror topib, 1992 yil bahorida M.Mirabdullaev oqlandi».

Rus shovinistlarining yerlik aholiga past nazari

Mirtemir Mirabdullaevning BBS o‘zbek xizmati muxbiri bilan 2016 yil avgust oyidagi suhbatiga ko‘ra, O‘zbekistonni SSSRdan ajratib olish g‘oyasi, 1960-yillar boshida shakllana boshlagan. Mirabdullaev universitetda o‘qib yurgan vaqtlari «o‘zbek millati ruslarga qanchalik qaram», «O‘zbekiston davlatchiligi formal-(nomiga)» kabi tushunchalar haqida fikr yurita boshlaydi.

Universitetdagi kommunist rus o‘qituvchilari yerlik aholiga past nazar bilan qarashi, o‘zbek millati tarixini yerga urib kamsitishlari Mirabdullaev dunyoqarashi shakllanishiga turtki bergan omil sifatida eslanadi.

«1963 yilning yozida Issiqko‘lga dam olgani borgan edim, – deb xotirlaydi qahramon. – Eski nomi Frunze, hozirgi Bishkek shahri aholisi o‘sha paytda deyarli 90 foiz ruslashgan edi. Avtobusda ketayotgan edim. Rus millatiga mansub 40-50 tacha yo‘lovchi bor. Yo‘ldan ikkita qirg‘iz chiqishdi. Yo‘lovchilar va qirg‘izlar o‘rtasida janjal chiqdi. Ruslarning hammasi bir bo‘lib qirg‘izlarni ura boshladi. Men qirg‘izlarni himoya qilib janjalga qo‘shildim, oxir-oqibat biz uchovlonni avtobusdan tushirib yuborishdi. Men hech qachon shovinistik qarashdagi millatchi bo‘lmaganman», deb xotirlaydi qahramon.

Atrofda bo‘layotgan ochiq va yashirin shovinistik qarashlar bizlarda millatchilikni uyg‘ota boshladi. Universitetdagi kafedra mudiri Viktor Nikolaevich Malenin ochiqchasiga shovinistik qarashlarni o‘rtaga tashlardi.

«1966 yil… Siyosiy iqtisod kafedrasida ishlar edim. Seminar mashg‘ulotlarini o‘tkazib turaman. O‘zim ham boshqa mutaxassislar seminarlarida qatnashaman… Bir kuni kafedra mudiri o‘rinbosari, dotsent, erudit mutaxassis Dmitriy Stolyarov seminarni olib bormoqda edi. O‘zbekiston byudjeti masalasi seminar mavzularidan biri edi. Bir guruh talabalar doklad o‘qishdi. Adashmasam, Markov degan talaba edi. Respublika dotatsiya bilan kun ko‘rar ekan, bu millat 3 sortdagi ekan, shunday ekan, bu respublikani tarqatib yuborish kerak, degan shovinistik kayfiyatdagi gaplarni vaysab ketdi.»

Yashirin milliy tashkilot

Bu voqealar ortidan Mirtemir Mirabdullaev mustaqillik g‘oyasini ro‘yobga chiqarish uchun hamfikrlar izlay boshlaydi. Avvaliga kelajakdagi tashkilotning boshqaruv yadrosini eng ishongan odamlar bilan to‘ldirish kerak edi. U akasi Mirbotir Mirabdullaev va ToshDUning tarix fakultetida tahsil olgan Sodir Salimov bilan 1964- 1966 yillar oralig‘ida ko‘rishadi: mustaqillik g‘oyasi haqida gurunglar tashkil qilib turadi.

Asosiysi, ularni ruhan bu g‘oyaga tayyorlash kerak edi.

Nihoyat, 1966 yilning 21 avgustida Shofayz mahallasining Behzod ko‘chasida joylashgan Mirtemirning xonadonida uchovlon uchrashishadi. Yashirin tashkilotning umumiy rahbari etib Mirbotir Mirabdullaevni saylashadi. Tashkilot mafkurasini shakllantirish bo‘yicha mas'ul etib Sodir Salimov tayinlanadi. Mirtemir Mirabdullaev esa tashkilotga nomzodlarni qabul qilish bilan shug‘ullanishni zimmasiga oladi.

«Men, – deydi Mirtemir Mirabdullaev,- tashkilotning boshqaruv yadrosi 5 kishidan iborat bo‘lishi kerak, degan taklifni kiritdim. Bu yadrodan tashqari yana boshqa 5 kishidan iborat avtonom guruh tashkil qilinadi. U guruh orqali yana boshqa 5 kishidan iborat avtonom guruh paydo bo‘lib, zanjirday bir-biriga bog‘lanib ketaverishi kerak edi. Ammo ma'lum vaqt kelguncha, har bir guruh boshqa guruhdagi tashkilot a'zolarini shaxsan bilmasliklari lozim edi. 66-yilning oxiri 67-yil boshida Sodir va Botir tashkilotimizga xayrixoh ikki kishini jalb qilishdi. Bu ikki kishidan biri Mahmud Mag‘rupov edi. Keyinchalik fizika-matematika fanlari doktori. U 1991 yilning dekabr oyida 57 yoshida qazo qildi».

Mirtemir Mirabdullaev milliy mustaqillik harakati haqida bunday degan edi:

«Ko‘k burgut hurlik va botirlik timsolini beradi. Bu burgut tog‘ ustida uchayotgan vertolyotga ham hujum qilib, uni ishdan chiqarishi mumkin hatto. Sovet Ittifoqining eng qaynagan davrida bizning mustaqillik g‘oyasini ilgari surishimiz, albatta, jinnilikday tuyuladi. Lekin ko‘rayapmizki, ko‘k burgutga o‘xshab qilgan harakatimizni yaqin tarix xato bo‘lmaganini isbot etdi».

Tashkilotning fosh etilishi

Mirtemir Mirabdullaev o‘zi bilan birga o‘qigan kursdoshlarini ham bu g‘oya ostida birlashishga da'vat qilib boshlaydi.

M.Mirabdullaev talabalik davrida o‘zbek guruhida o‘qiyotgan kursdosh tengdoshlarining fikrlarini kuzatib boradi. Bahodir Bahriddinov va Qahramon Haydarovga ham mustaqillik g‘oyasini targ‘ib qiladi. Bahodir Bahriddinov armiya safiga chaqiriladi.

Shuningdek, armiyada boshqa o‘zbek yigitlarini o‘rganib, ularni tashkilot ishiga jalb qilish topshirig‘ini oladi. Bahodir 3 yillik harbiy xizmatdan qaytadi. Xizmatdoshi, andijonlik Obidjon Rustamovni Mirtemirga tanishtiradi. M.Mirabdullaev O.Rustamov bilan yakkama-yakka uchrashadi. U ham alohida besh kishidan iborat guruh tuzib, tashkilotning buyruqlarini kutishi lozim bo‘ladi.

Abdulla Hojiboev 1941 yilda tug‘ilgan, til-adabiyot fakultetini tamomlagan. Tashkilotning eng ishonchli a'zolaridan biri bo‘lgan. M.Mirabdullaev uni haqiqiy vatanparvar deb biladi.

Shu bilan birga, hamfikrlar ichida KGBning «quloq»lari ham bor ekan. 1971 yilning 28 mayi, juma kuni kunduzi soat 12 atrofida Davlat xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari M.Mirabdullaevni «Volga» mashinasida o‘tirg‘izib, so‘roq qilish uchun mahkamaga olib ketishadi.

Mirabdullaev 1971 yil yozini KGB yerto‘lasida o‘tkazadi. Har kun so‘roq-dashnom. Kechki vaqt uxlash oldidan esa shaxsan qo‘mita raisining o‘rinbosari Levon Melkumov uni so‘roq qiladi.

Mirabdullaev o‘shanda bu so‘roqlarni o‘zicha tahlil qiladi. Uni ancha yillardan beri kuzatib yurishganini bilib qoladi. U «odamzotning 99,9 foizi sotqinlik tabiatiga ega, duch kelganda sotib ketishi mumkin», deydi-yu afsus chekib, «Yo, Xudo, adashgan bo‘lay bu xususda», deydi umid bilan.

KGB kamerasida Mirabdullaev bilan birga qrimtatar millatiga mansub shoir Lenur Ibraimov ham yotgan edi. U O‘zSSR Jinoyat kodeksining 4-qismi 191-moddasi bo‘yicha, ya'ni sovet tuzumini izdan chiqaruvchi varaqalar tarqatganlikda ayblanadi. Keyinchalik bu modda bo‘yicha ozodlikdan mahrum etiladi.

1971 yilning 31 avgustida Toshkent shahri sudi tomonidan O‘zSSR Jinoyat kodeksining 64 moddasi – millatlar o‘rtasida nizo chiqarish aybi to‘qilib, Mirabdullaev 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Qizig‘i shundaki, deydi M.Mirabdullaev,- roppa-rosa 20 yildan keyin O‘zbekiston mustaqillikka erishdi.

2016 yilning 21 avgust kuni O‘zbekiston mustaqilligi uchun tuzilgan yashirin tashkilotning faoliyat boshlaganiga 50 yil to‘lgan edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
14 sentyabr 2021
«Ota-ona bilan birga nonushta qilish, nevaralar qurshovida bo‘lish, bir piyola choy ustida suhbatlar... Siz-chi, bugun ota-onangiz, buva-buvingizga quchoq ochdingizmi?», ...
20 sentyabr 2017
Prezident Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 72 sessiyasida qatnashish uchun AQShga rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning Airbus A340-313 shaxsiy samolyotida bordi. ...
7 oktyabr 2020
Komil Alllamjonov tomonidan asos solingan, haydovchilarni o‘qitishga ixtisoslashgan Avtotest Report kompaniyasi 2017 yilda hukumat qarori bilan to‘la monopoliya huquqini ...
9 yanvar 2018
Mirziyoevning masjidlarda kino ko‘rsatish tashabbusi imomlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini «Eltuz» manbalari tasdiqladi. «Masjidlarda ham buni qo‘ysa bo‘ladi. Rahmat, shu yerga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...