Asosiy mavzular
26 aprel 2018

Ko‘zi ko‘rmay qolgan mahkum Akrom Malik hamon qamoqxona tibbiyot qismida qolmoqda

Ohak zarralaridan ko‘zlari shikastlangan, davlat to‘ntarishida ayblanib qamalgan 28 yoshli toshkentlik bloger va yosh olim Akrom Malik hamon qamoqxona tibbiyot qismida qolmoqda.

Mahkumning otasi Abdukarim Malikov «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda haqiqatan ham o‘g‘lining ko‘ziga ohak sachrab shikastlangani va tibbiyot qismiga yotqizilganini tasdiqladi.

Abdukarimning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘lining ahvoli ancha yaxshi, biroq hamon uni qamoqxonaning sanoat zonasiga ishga chiqarishmayapti. U oxirgi bor o‘g‘li bilan 12 aprelda ko‘rishganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir ham o‘g‘li qamoqxona shifoxonasida davolanmoqda.

«Ahvoli ancha yaxshi, lekin tibbiyot qismidagilar o‘g‘lingiz dam olishi kerak ekan, deb aytishdi», dedi Akromning otasi «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda.

Akrom Malikning otasi bu haqdagi xabarlarning matbuotga chiqib ketganidan norozi ekanini bildirdi.

«Iltimos, sizlar aralashmanglar. Kerak bo‘lsa, chiqamiz sizlarga. O‘g‘il meniki. Bu yerda men borman, hukumat bor», dedi u «Eltuz» muxbiriga.

Mahkumning ahvoli otasi o‘ylaganidan jiddiy bo‘lishi mumkin

Akrom Malikning ko‘zi ko‘rmay qolgani haqida ilk bor 22 aprel kuni xabar tarqatgan mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulova uning ahvoli ancha jiddiy bo‘lishi mumkinligini bildiradi.

«Aksincha bo‘lganida uni shuncha vaqt tibbiyot qismida ushlab turishmasdi. Keyin oxirgi bor uni otasi 15 kun burun ko‘rgan, voqea undan ham oldin sodir bo‘lgan», dedi Eshonqulova.

Malohat Eshonqulovaning bildirishicha, Malikning ko‘zi ko‘rmay qolgani haqida unga 22 aprel kuni telefon orqali Akrom Malikning amakisi xabar bergan edi.

Akrom Malik Navoiy shahridagi 64/29-koloniyasiga qarashli ishlab chiqarish zonasida ohaktoshlarni qoplash bilan shug‘ullangan, ohak zarralari sachragani oqibatida ko‘zi ko‘rmay qolgan.

Eshonqulova Akrom Malikning haqiqiy ahvolini bilishning yagona yo‘li uning oldiga mustaqil advokat kiritishdir, deb hisoblaydi.

«Yaqinlari unga qamoqda yana ham ko‘proq azob yetkazmasliklari uchun u yerda bo‘layotgan gaplarni tashqariga chiqarmaslikka harakat qilishadi», deydi u.

So‘zining isboti uchun 2016 yil hibsga olingan Akrom Malik haqida yaqin kunlargacha uning oila a'zolari indamay kelishganini bildiradi.

MXX tajovuzkorga aylantirgan yosh bloger olim

2018 yilning yanvarida davlat tuzumini ag‘darishda ayblanib, 6 yilga qamalgan Akrom Malikov boshqa bir o‘zbek blogeri Bobomurod Abdullaevga qarshi ochilgan mashhur jinoyat ishi figuranti hamdir.

Abdulloh Nusrat taxallusi ostida qator tanqidiy maqolalar yozgan bloger 2016 yilning 22 iyulida hibsga olingan, keyinchalik Jinoyat kodeksining 159-moddasi – konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish va 244-moddasi – jamoat xavfsizligiga xatar soluvchi materiallar tayyorlashda aybdor deb topilgandi.

Akrom Malik nafaqat bloger, balki yosh adabiyotshunos olim, Navoiy she'riyati bilimdoni hamdir.

O‘zbekiston Milliy universiteti magistri o‘laroq, u Navoiy ijodiga bag‘ishlangan bir qancha ilmiy asarlar yozgan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 yanvar 2024
Ko‘plab mutaxassislar, biznesmenlar va ekspertlar fikrini o‘rganib chiqqan Xalqaro Transperensi Interneshnl tashkiloti 30 yanvar kuni dunyoning 180 mamlakatini qamragan ...
9 fevral 2021
Bir odam oxirgi daraxtning ustiga chiqib, o‘zi o‘tirgan daraxtni arralayapti. Yo‘lda ketayotgan sayyoh unga qarab savol beradi: – Ilgari ...
5 oktyabr 2023
XIX asr o‘rtalariga kelib Turkistondagi uch mamlakat – Qo‘qon, Xiva va Buxoro xonliklarini uch yirik imperiya – Buyuk Britaniya, ...
10 dekabr 2018
O‘zbek matbuoti chop etayotgan maqolalarga ishonilsa, endi hamma g‘allasini davlatga topshirishga majbur bo‘ladigan dehqonning boshiga “baxt qushi” qo‘ngan. Mahalliy ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...