Asosiy mavzular
23 may 2018

O‘zbekistonda majburiy mehnat: siyosiy iroda bordek, ammo yechim qiyin kechmoqda

O‘zbekistonda 2017 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida bolalar mehnatidan foydalanish juda sezilarli darajada kamayganiga qaramay, majburiy mehnatdan foydalanish ko‘lami kengligicha qolmoqda.

O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi tomonidan mazkur mavzuda o‘tkazilgan monitoring natijalari to‘g‘risidagi hisobot xulosalari shundan dalolat beradi.

Umuman, tashkilot hisobotidan hali mamlakatda majburiy mehnatni tugatish uchun qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘pligi anglashiladi.

Xalqaro hamjamiyatning bolalar mehnati va majburiy mehnatga chek qo‘yishga doir ko‘plab yillik chaqiriqlariga javoban O‘zbekiston hukumati so‘nggi yillarda bir qancha ijobiy ishlarga qo‘l urgani bor gap.

Xususan, aynan shu sababli mamlakatda bolalar mehnati avvalgi yillardagiga qaraganda keskin kamaydi.

Ammo hisobotda hukumatning majburiy mehnatga chek qo‘yishga qaratilgan chora-tadbirlari bo‘sh va yuzaki ekani ta'kidlanadi.

Bu xulosalarda jon bor. Jumladan, o‘tgan yili bosh vazir buyrug‘i bilan tibbiyot va ta'lim muassasalari vakillari paxta dalasidan qaytarilgan bo‘lsa-da, majburiy mehnatga asoslangan amaliyot hajmi kamaymadi.

Ayniqsa, byudjet tashkilotlari xodimlarini o‘z xizmat vazifalariga kirmaydigan jamoat ishlariga majburan jalb qilish 2018 yilda ham keng ko‘lamda davom etdi.

Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida o‘qituvchi Diana Yenikeevaning fojeali o‘limi sabablari bevosita majburiy mehnatga borib taqaladi. Bu voqea jamiyatda va ijtimoiy tarmoqlarda katta aks sado berdi.

Mazkur aks sadolar ta'siri, qolaversa, jahon hamjamiyatining talablari prezident Shavkat Mirziyoevni barcha bo‘g‘indagi rahbarlardan majburiy mehnatni to‘xtatishni talab qilib ochiq bayonot berishga majbur etdi, deyishga to‘la asos bor.

Shundan so‘ng joylarda mavzu bo‘yicha turli mashvaratlar bo‘lib o‘tdi, hukumat majlisida shu masala ko‘tarildi. Bu tadbirlar davomida vazirlar, viloyatlar hokimlari tibbiyot va ta'lim muassasalari vakillarini majburiy mehnatga jalb etmaslik haqida va'dalar berishga majbur bo‘ldi.

E'tibor qilinsa, bu majlislardagi va'dalar shifokorlar, o‘qituvchilar, talabalar va maktab o‘quvchilari bilan cheklandi. Boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini majburiy mehnatdan himoyalash haqida birorta so‘z aytilgani yo‘q.

Shunga qaramay, joriy yil 10 may kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorda barcha darajadagi rahbarlarga fuqarolarni majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, metall chiqindilari va makulatura yig‘ish, shuningdek, boshqa turdagi mavsumiy ishlarga jalb qilish holatlarining zudlik bilan oldini olish va bunga chek qo‘yish topshirildi.

Insonlarning hayotiga yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilishi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday joyda ixtiyoriy tashabbus bilan hasharlar va boshqa ishlarni o‘tkazish taqiqlandi.

Bosh prokuraturaga majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik uchun nazoratni kuchaytirish, bunga aybdor shaxslarga nisbatan tegishli javobgarlik choralarini qo‘llash topshirildi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida tibbiyot va ta'lim sohasi vakillarining majburiy mehnat bilan bog‘liq holatlari birmuncha yaxshilangan bo‘lsa-da, so‘nggi vaqtlarda majburiy mehnat boshqacha ko‘rinish ola boshlagani kuzatilmoqda.

Endi boshqa byudjet tashkilotlari, xususan, ilgari majburiy mehnat va uni nazorat qilishni tashkillashtirishga bilvosita hissa qo‘shib kelgan banklar, bojxona idoralari xodimlarining o‘zi majburiy mehnat qurbonlariga aylanayotir.

“Ozodlik” radiosi saytida e'lon qilingan quyidagi xabar ham bu fikrimizni tasdiqlaydi:

“Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l shahridan yozmoqdaman. Bank xodimiman. O‘qituvchi va shifokorlarni majburiy mehnatga jalb etish taqiqlangach, biz – bankirlar baloga qoldik. Mahalliy hokimiyatning topshirig‘i bilan uyma-uy yurib, noqonuniy qurilgan imoratlar va aholining yashash tarzini o‘rganib chiqmoqdamiz. Fermerlarga esa achchiq qalampir ekish bo‘yicha shartnomalar qildirmoqdamiz. Sho‘r va zax yerlarda qalampir yetishtirish imkonsizligi ma'lum. Ammo shuni ko‘ra-bila turib, vijdonimizga qarshi borib, fermerlarni bunga majburlamoqdamiz. O‘qituvchi va shifokorlarni himoya qilgan rahbariyat biz – bankirlarni ham himoya qilsin. Hamma o‘z vazifasini bajarishi kerak!”.

Shuningdek, “Ozodlik” radiosi Farg‘ona viloyatida bojxona xodimlari viloyat hokimi buyrug‘i bilan 10-11 may kunlari Farg‘ona-Oltiariq magistral yo‘lini supurish, yo‘l bo‘yidagi beton ariqlar ichini tozalash va daraxtlarni oqlashga jalb qilingani haqida ham xabar tarqatdi.

«Bojxonachi degan nomimiz bor, ko‘chada ariq tozalab yurish bizga yarashadimi? Boshqarma boshlig‘i Azimovning topshirig‘i bilan kecha va bugun “hashar-elga yarashar” degan shior bilan ariqlarni, yo‘llarni supurib, chopib, daraxtlarni oqlab yuribmiz. Shunisi qiziqki, biror bir shaxs, “Sizlar kimsizlar, qaysi tashkilotdan kelib ishlab yuribsizlar”, deb savol bersa, “Biz ko‘ngilli mahalla faollarimiz”, deya javob berasizlar, deb uqtirishdi. Formani yechib uyda kiyadigan kiyim bilan yurish buyurildi»,- degan bojxona xodimlaridan biri “Ozodlik” bilan suhbatda.

E'tiborli jihati shundaki, bojxonachilarga bunday ishlardan bosh tortsalar, ishdan haydalish bilan tahdid qilingan.

Yaqin-yaqingacha shifokorlar va o‘qituvchiyu talabalarni majburiy mehnatga undashga hissa qo‘shganlarning o‘zlari bugun shu illatning qurboni bo‘layotganini “qaytar dunyo” deya istehzo qilish inson huquqlariga hurmatsizlik, albatta.

O‘zbekistonda majburiy mehnatdan foydalanish davom etayotganiga yana bir isbot kuni kecha prezidentning Andijon viloyatiga safari davomida o‘qituvchilar odamlarni ko‘chaga chiqarmaslikni nazorat qilishga jalb etilganidir.

Novosti Uzbekistana” sayti bosh vazir Abdulla Aripov yaqinda o‘tkazgan videoselektorda ishchilarni hashar va dala ishlariga majburlagan rahbarlarga eng kam ish haqining 1 barobaridan uch barobarigacha (eng kam ish haqi – 172 240 so‘m) miqdorida jarima solinishini aytgani haqida yozdi.

Bu summa rahbarlarni majburiy mehnat borasidagi qonunbuzarliklardan qaytarishiga ishonch yo‘q. Chunki buncha pul ular uchun karnaychidan bitta pufdek gap.

O‘tgan yili mohiyatan majburiy mehnatga jalb etishga bag‘ishlangan yig‘ilishdagi haqoratlari uchun 5 million so‘mdan ortiq jarimaga tortilgan Andijon shahri hokimi hali ham ot ustida ekani va zo‘g‘umlarini davom ettirayotgani bunga misoldir.

Savol tug‘iladi, O‘zbekistonda majburiy mehnatni tugatish jarayoni nega bunchalik qiyin kechmoqda?

Nazarimizda, gap shundaki, majburiy mehnat tizimi mavjud siyosiy tuzumning o‘zining ayrim muammolarini hal qilish mexanizmiga aylanib ketgan.

Shuning uchun O‘zbekiston hukumati bu muammoga yechim topishda siyosiy iroda ko‘rsatishga urinayotganiga qaramay, uni birdaniga tugatishning imkoni topilmayotgan ko‘rinadi.

Sardor Azim
Eltuz.com

«Biz Kurkkanimizdan paxta teramiz» Hisobotni o‘zbek tilida yuklash

«Mы sobiraem xlopok iz-za straxa» Doklad skachat na russkom yazыke.

Tag‘in o‘qing
6 aprel 2016
Rassom Elsevar yana bir bor Eltuz.com mushtariylari e'tiborini O‘zbekistondagi hukumat amaldorlari tomonidan amalga oshirayotgan yovvoyilik, mamlakatning ekofondini yo‘qqa chiqarishga ...
5 noyabr 2018
Shu yil 2 noyabrga o‘tar kechasi Xorazm viloyatining Urganch shahridan Cholish posyolkasiga o‘tadigan ko‘prik quladi. Bu haqdagi xabar va ...
4 may 2018
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 30 aprel kungi tashrifi chog‘ida so‘zlagan nutqida O‘zbekistonni o‘z ota yurti deya ta'rifladi. «Ota ...
12 avgust 2019
Rassom Kirpieltuz.com
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...