Asosiy mavzular
25 may 2018

Gulnora Karimovaning noqonuniy pullarini O‘zbekistonga qaytarishga hali erta

Markaziy osiyolik bir guruh faollar O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga tegishli, kelib chiqishi korruptsion aktivlarning mazkur mamlakat hukumatiga shoshilinch tarzda qaytarilishi kutilayotganidan xavotir bildirdi.

Shveytsariya hukumati tomonidan muzlatilgan va musodara qilingan mablag‘ 800 million shveytsariya frankiga tengdir.

Faollar Shveytsariya hukumatini mazkur mablag‘larning o‘zbek xalqi manfaatlariga xizmat qilishiga to‘la ishonch paydo bo‘lgandan keyingina ularni qaytarishga chaqirmoqda.

Shveytsariya Tashqi ishlar federal departamentiga,
Shveytsariya Federal assambleyasi tashqi ishlar komissiyasiga

2018 yil 23 may

2015 yilda “Qozoqgeyt” mojarosi bo‘yicha ikkinchi transhning Qozog‘iston hukumatiga o‘tkazib berilishi oqibatlari tahlil etilmaguncha Shveytsariya hukumati o‘zbek xalqidan o‘g‘irlangan pullari O‘zbekiston hukumatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qaytarishi maqbul emas.

FUQAROLIK JAMIYaTI TAShKILOTLARINING ShVYeYTsARIYa HUKUMATIGA OChIQ XATI

Biz, o‘zbek xalqidan o‘g‘irlangan aktivlarning shaffof va mas'uliyatli repatriatsiyasi tarafdori bo‘lgan fuqarolik jamiyatining quyida imzo chekkan faollari, Shveytsariya hukumatini Gulnora Karimova tomonidan noqonuniy qo‘lga kiritilgan aktivlarni qaytarish o‘zbek xalqi manfaatlarini o‘ylab amalga oshirilishiga qat'iy chaqiramiz.

Biz Shveytsariya hukumatini aktivlarni qaytarish jarayonidan O‘zbekistonda islohotlarning yanada chuqurlashtirilishini rag‘batlantirish maqsadida, ammo avans sifatida emas, balki amalda korruptsiyaga qarshi mexanizmlarni o‘rnatish, haqiqiy odil sudlov, shuningdek, oshkoralik va hisobdorlik standartlaridagi muvaffaqiyatlar uchun mukofot tarzida foydalanishga da'vat etamiz. Aks holda shoshilinch repatriatsiya mazkur aktivlarning qayta o‘g‘irlanishiga olib kelishi hamda O‘zbekistonda davlat korruptsiyasi va inson huquqlarining buzilishini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.

O‘zbekiston hukumatining ushbu aktivlarni o‘ziga qaytarish to‘g‘risidagi talabi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2015 yilgi qaroriga asoslanadi. Bilishimizcha, agar xorijiy sudda inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa konventsiyasida bayon etilgan odil sudlov tamoyillariga rioya etilmagan bo‘lsa, Shveytsariya qonunlari uning qarorlarini tan olishni taqiqlaydi. O‘zbekistonda odil sudlov sohasida to‘laqonli ijobiy o‘zgarishlar yo‘qligini hisobga olib, biz hozircha aktivlarni hukumat qo‘liga topshirishga asos ko‘rmayapmiz.

Davlatda hamon yuqori lavozimlarda qolayotgan yuqori martabali amaldorlar ko‘magida o‘g‘irlangan aktivlarning shoshilinch tarzda hukumat ixtiyoriga qaytarilishi 2015 yilda 48 million AQSh dollari qiymatidagi xuddi shunday aktivlarning Qozog‘iston hukumatiga qaytarilishi bilan bog‘liq xatolarning takrorlanishi ehtimolini keltirib chiqaradi. Pul yuvilishi ishi bo‘yicha musodara qilingan o‘sha aktivlar Qozog‘istonga Jahon banki boshqaruvidagi ikkita loyihani moliyalashtirish yo‘li bilan qaytarilgandi. Bizda ushbu mablag‘lar manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda va grantlarni ko‘pincha yuqori mansabdagi shaxslar, jumladan, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboevning qizi Darig‘a Nazarboeva nazoratidagi tashkilotlar foydasiga noshaffof taqsimlash orqali sarflanayotgani to‘g‘risida ma'lumotlar bor.

Qiymati 48 million dollar bo‘lgan Qozog‘iston aktivlarining qaytarilishiga oid bu tajriba, shuningdek, Gulnora Karimova tomonidan noqonuniy qo‘lga kiritilgan aktivlarning bevosita O‘zbekiston hukumatiga qaytarilishi to‘g‘risida kutilayotgan qaror Shveytsariyaning korruptsiya va pul yuvish natijasida olingan daromadlarni repatriatsiya qilishda shaffoflik va hisobdorlik bo‘yicha olgan majburiyatlariga zid keladi.

Fikrimizcha, aktivlarning qaytarilishiga korruptsiyaga qarshi global kurashning ajralmas qismi sifatida qaralishi kerak. Bu o‘rinda noqonuniy qo‘lga kiritilgan aktivlarni nafaqat musodara qilish shart, balki kelgusida korruptsiya illatlariga yo‘l qo‘yilmasligiga kafolat bo‘lib xizmat qilishi uchun ularni tegishlicha repatriatsiya qilish ham lozim. So‘nggi vaqtlarda Shveytsariya hukumatining repatriatsiya borasida yuritayotgan siyosati, fikrimizcha, Shveytsariyaning korruptsiyaga qarshi kurash borasidagi majburiyatlariga ziddir va bu siyosat uning o‘g‘irlangan aktivlarni qaytarish masalalaridagi yetakchi davlat sifatidagi nufuziga putur yetkazadi.

Shveytsariya hukumati o‘z bayonotlaridan birida Bot jamg‘armasi modeli bo‘yicha repatriatsiya siyosatiga amal qilmasligi sababini: “Jamg‘arma orqali restitutsiya ma'muriy jihatdan juda og‘ir vazifa”, deya izohladi. Adolat va korruptsiya qurbonlari manfaatlari yo‘lidagi restitutsiya tushunchalari Shveytsariya tashqi siyosat mahkamasining aktivlardan minimal ma'muriy chiqimlar vositasida tejamkorlik bilan imkon qadar tezroq qutulishga intilish rejalari soyasida qolayotganidan bizning hafsalamiz pir bo‘ldi. Zero, Bot jamg‘armasi ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida ancha muvaffaqiyatli xizmat qilgan edi.

Biz Shveytsariya hukumatini quyidagilarga chaqiramiz:

  • qaytarilgan mablag‘lar yana o‘g‘irlanmasligi, balki o‘zbek xalqi farovonligiga hissa qo‘shishini kafolatlash uchun muayyan shartlar qo‘yish orqali aktivlar restitutsiyasiga mas'uliyatli yondashuvni qabul qilish. O‘zbekistonga aktivlarni qaytarish haqidagi har qanday kelishuv O‘zbekiston hukumatini islohotlar o‘tkazish majburiyatiga sodiq qolishga, korruptsiyaga qarshi kurash va qonun ustuvorligining samarali mexanizmlarini yaratish bo‘yicha jiddiy va o‘lchovli qadamlar qo‘yishga undashga xizmat qilishi kerak. Bu islohotlar aktivlarni qaytarishdan avval amalga oshirilishi kerak, chunki juda ko‘p bora islohotlar va'da qilinadi, lekin va'dalar har doim ham bajarilavermaydi;
  • Qozog‘istonga 2015 yilda qaytarilgan 48 million AQSh dollarining sarflanishidagi qonunbuzarliklarni tekshirishni boshlash;

  • Ushbu tekshiruvlar tugamaguncha O‘zbekistonga aktivlarni qaytarish qarorini qabul qilmay turish. Bu tekshiruvlar natijasi o‘g‘irlangan aktivlarni qaytarish sohasidagi siyosatni qayta ko‘rib chiqishga olib kelishi mumkin. Shveytsariya hukumati O‘zbekiston shaffoflik va hisobdorlik standartlari borasida, fuqarolik jamiyati tashkilotlari faoliyati, jumladan, mablag‘lar sarflanishini mustaqil monitoring qilish uchun shart-sharoitlar nuqtai nazaridan hatto Qozog‘istondan ham sezilarli darajada ortda qolayotganini tan olishi kerak;

  • O‘zbekistonga aktivlarni qaytarish masalalariga oid o‘z siyosatida global korruptsiyaga qarshi kurashga sodiqlikni o‘zining birinchi navbatdagi vazifasi qilib belgilash, korruptsiyadan kelgan daromadning o‘zbek xalqi va mamlakat taraqqiyotining uzoq muddatli manfaatlari yo‘lida yanada mas'uliyat bilan qaytarilishini ta'minlash uchun ko‘proq e'tibor, vaqt va resurslarni jalb etish.

MUHIM MA'LUMOTLAR:

O‘zbekiston aktivlari:

2012 yilda Shveytsariya prokuraturasi O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova benefitsiari bo‘lgan Takilant, LTD, Swisdorn LTD va boshqa offshor kompaniyalar bank hisob raqamlaridagi aktivlarning kelib chiqishi yuzasidan jinoiy surishtiruv boshlagandi. Shveytsariya prokuraturasi o‘shanda Gulnora Karimovaning bir necha eng yaqin sheriklariga qarshi pul yuvish aybi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atib, Shveytsariya banklari va boshqa joylardagi hisob raqamlarida saqlanayotgan 800 million frank qiymatidagi aktivlarni muzlatib qo‘ygandi. Tilga olingan 800 million shveytsariya franki miqdoridagi mablag‘ O‘zbekistonda o‘z biznesini yuritish uchun telekommunikatsiya kompaniyalari Gulnora Karimovaga bergan pora edi. Shveytsariya prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvlar Gulnora Karimovaning bir vaqtlar juda ko‘lamdor bo‘lgan moliyaviy imperiyasi tanazzuliga, uning yaqin sheriklariga jinoyat ishlari ochilishiga, Karimovaning quvg‘in va jinoiy ta'qib etilishiga va oxir-oqibat 2017 yilda qamoq jazosiga hukm qilinishiga olib keldi. Gulnora Karimova ustidan sud odil sudlovning barcha xalqaro standartlari buzilgan holda, noshaffof o‘tdi. Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, ilgari fuqarolik jamiyati guruhlari tomonidan bildirilgan xavotirlarga qaramay, Shveytsariya Tashqi ishlar vazirligi aktivlarni imkon qadar tezroq O‘zbekiston hukumatiga qaytarishni rejalashtirmoqda.

Qozog‘iston aktivlari:

Yaqinda 48 million AQSh dollari qiymatidagi aktivlarning Qozog‘istonga qaytarilishi “Qozoqgeyt” nomi bilan mashhur bo‘lgan mojaro bilan bog‘liq ikkinchi transhdir. 115 million AQSh dollari miqdoridagi birinchi transh uch mamlakat – Qozog‘iston, Shveytsariya va AQShga, shuningdek, Jahon bankiga hisobdor bo‘lgan direktorlar kengashi tomonidan boshqariladigan Bot jamg‘armasi orqali 2018 yilda repatriatsiya qilingan edi. Bot jamg‘armasi tajribasi o‘g‘irlangan aktivlarni mas'uliyat bilan qaytarishning shaffoflik va hisobdorlik standarlariga mos, jamg‘armadan qozoq xalqi manfaatlarida yo‘lida foydalanishda vazminlik va tomonlar manfaatlariga xizmat qilishni ta'minlaydigan modeli sifatida yuksak e'tirofga sazovor bo‘ldi.

48 million AQSh dollari miqdoridagi yaqinda qaytarilgan ikkinchi transh shaffoflik va hisobdorlik nuqtai nazaridan Bot jamg‘armasi modeliga butunlay zid keladi. 48 million dollarning kelib chiqish manbai 2011 yilda pul yuvishda ayblangan Qozog‘iston fuqarosidan musodara qilingan avtivlardir. Shveytsariya hukumati uning kimligini ochiqlagani yo‘q. O‘shanda Shveytsariya bu pullarni Qozog‘iston hukumatiga qaytarishga rozi bo‘ldi va buning uchun Jahon bankidan uni Qozog‘istonga berish, shuningdek, uning sarflanishi ustidan nazorat qilish kanali sifatida foydalanishga qaror qildi. Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) va Jahon banki o‘rtasidagi bu haqdagi kelishuv 2012 yil 20 dekabrda imzolandi. Ushbu mablag‘ning 21,76 million AQSh dollari “Yoshlar korpusi” nomli dastur uchun ajratildi. 2015 yilda Jahon banki va mablag‘larni sarflash bo‘yicha ijrochi agentlik sifatida tanlangan Qozog‘iston ta'lim va fan vazirligi o‘rtasida tegishli kelishuv imzolandi. Transhning 23,06 million AQSh dollari miqdoridagi ikkinchi qismi shu yili Investitsiya va taraqqiyot vazirligi tomonidan amalga oshiriladigan energotejamkorlik bo‘yicha loyiha uchun ajratildi.

Bizdagi ma'lumotlarga ko‘ra, ikkita loyihadan biri – “Yoshlar korpusi” dasturi pul yuvish sifatida baholash mumkin bo‘lgan qator qonunbuzarliklar bilan amalga oshirilmoqda.

Jahon banki mazkur loyihalar uchun mablag‘lar pul yuvishda ayblangan Qozog‘iston fuqarosining Shveytsariya hukumati tomonidan muzlatilgan va musodara qilingan aktivlari ekanini, bu fuqaro eng katta mansabdorlardan biri va uning sheriklaridan bo‘lishi ehtimoli yuqoriligini Qozog‘iston jamoatchiligiga ochiqlamadi. Buning o‘rniga bank Qozog‘iston jamoatchiligiga ushbu pullarni go‘yoki Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentiligi tomonidan davlat byudjetidan ajratilgan grant o‘laroq taqdim etdi. Shu tariqa Qozog‘iston jamoatchiligi mazkur mablag‘larning kelib chiqishi borasida chalg‘itildi. Natijada qaytarilgan aktivlar ushbu aktivlarni o‘g‘irlash va ularni yuvishga aloqador shaxslar qo‘liga qaytib kelgan bo‘lishi judayam mumkin.

Ikkinchidan, mablag‘larni sarflashda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yildi.

Mana bir necha misol:

  • Jahon banki nomidan “Yoshlar korpusi” loyihasi uchun mas'ul xodim bo‘lgan xodim Aliya Bijanovaning o‘zi “Yoshlar korpusi” loyihasidan grant olgan (grant № 140840014775) Ta'lim sohasida Qozog‘iston tadqiqotchilar jamiyatining hammuassislaridan biri hisoblanishi ma'lum bo‘ldi. Bijanova bir vaqtning o‘zida ikkita, bir tomondan mablag‘ ajratuvchi tuzilma, ikkinchi tomondan bu mablag‘ni oluvchi tashkilot vakili rolini o‘ynagani ko‘rinadi. Bundan tashqari, ushbu notijorat tashkilotning rahbari hisoblanadigan Aida Sagintaeva Qozog‘istonning hozirgi bosh vaziri Baxitjon Sagintaevning jiyanidir. Xabarlarga ko‘ra, Aliya Bijanova, shuningdek, “Yoshlar korpusi” loyihasidan grant olgan boshqa NNTlarning hammuassisi yoki egasi hamdir.
  • “Yoshlar korpusi” loyihasining 92 foiz mablag‘ini taqsimlashga mas'ul bo‘lgan muvofiqlashtiruvchi agentlikning o‘zi aslida uchta tashkilotdan tashkil topgan davlatga qarashli konsortsium hisoblanadi. Konsortsiumga Qozog‘iston yoshlari kongressi, yuzta tashkilotni birlashtiruvchi GONGO (davlat tomonidan tuzilgan va nazorat qilinadigan tashkilot) rahbarlik qiladi. Yoshlar kongressining raisi esa prezidentning qizi Darig‘a Nazarboevadir. Darig‘a Nazarboevaning Qozog‘iston yoshlari kongressi yetakchisi sifatidagi nufuzi tufayli uning o‘zi yoki agentlari muvofiqlashtiruvchi agentlik tomonidan mablag‘ning taqsimlanishiga ta'sir etishi ehtimoli juda yuqori. Yuqori lavozimli davlat mulozimining patronajlik qilayotgani “Yoshlar korpusi” loyihasidan targ‘ibot safsatalarini va davlat vatanparvarligini singdirish uchun siyosiy maqsadlarda foydalanilayotganini taxmin qilishga asos yaratadi. Shu tariqa Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi o‘zi istamagan holda sovet komsomoli uslubida yaratilgan va faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotga ko‘mak berish ishtirokchisiga aylanib qolishi mumkin.

  • “Yoshlar korpusi” loyihasidan grant olgan ayrim tashkilotlar o‘zlari ro‘yxatdan o‘tgan manzillarda mavjud emasligi to‘g‘risida ham ma'lumotlar bor.

  • O‘g‘irlangani uchun Shveytsariya hukumati tomonidan musodara qilingan va Qozog‘istondagi loyihalar uchun ajratilgan aktivlarning Jahon banki tomonidan qanday boshqarilayotgani ko‘rsatuvchi boshqa shu kabi muammolar ham qayd etilgan. Biroq bu mablag‘lar aslida qanday ishlatilayotganini Shveytsariya hukumatining o‘zi tekshirgani yanada yaxshiroqdir.

    Umida Niyozova, O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi, Berlin
    Nadejda Otaeva, “Markaziy Osiyoda inson huquqlari” uyushmasi, Le Mans, Frantsiya
    Yodgor Obid, Xalqaro PYeN klub a'zosi, sobiq vijdon tutquni, o‘zbek siyosiy emigranti, Avstriya
    Dilobar Erkinzoda, o‘zbek siyosiy emigranti, Shvetsiya
    Ulug‘bek Haydarov, o‘zbek siyosiy emigranti, o‘zbek siyosiy emigranti, Kanada
    Alisher Taksanov, uzbekskiy politemigrant, Shveytsariya
    Alisher Obidov, o‘zbek siyosiy emigranti, Norvegiya
    Rozlana Taukina, Teng huquqli jurnalistlar federatsiyasi, Qozog‘iston
    Irina Savostina, “Avlodlar” respublika harakati, Qozog‘iston
    Dametken Alenova, “Birlik” inson huquqlari mustaqil birlashmasi, Qozog‘iston

    Tag‘in o‘qing
    13 may 2016
    Andijon voqealaridan 11 yil o‘tib, Amerika Qo‘shma shtatlari, Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston hukumatini javobgarlikka tortish talablarini ...
    29 noyabr 2017
    28 noyabr kuni O‘zbekiston iqtisodiyot vaziri 61 yoshli Galina Saidova hamda O‘zbekiston tashqi savdo vaziri 57 yoshli Elyor G‘aniev ...
    3 yanvar 2024
    Eltuz portaliga kelgan navbatdagi beshta maktubni o‘qiymiz. Ular O‘zbekistonning Navoiy, Buxoro, Toshkent, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlaridan kelgan. Dastlabki shikoyat ...
    15 may 2016
    «Panama hujjatlari» deya nom olgan ma'lumotlarda o‘z mablag‘larini horijdagi ofshorlarga yashirgan 100 dan oshiq o‘zbekistonliklarning ham ism familiyalari, manzillarigacha ...
    Bloglar
    17 mart 2024
    Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
    14 fevral 2024
    «Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
    13 fevral 2024
    Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...