Mirziyoevning O‘zbekistonda AES qurish taklifi qoralanmoqda
Prezident Mirziyoev 30 may kuni Toshkentda «Rosatom» atom energiyasi korporatsiyasi direktori Aleksey Lixachyov bilan uchrashuvida atom elektrostantsiyasini Navoiy viloyatida qurishni taklif qildi. Foto: Mirziyoevning «Rosatom» vakillari bilan uchrashuvi, O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati
Ijtimoiy tarmoqdagi chiqishlarida AES qurilishi g‘oyasini qoralab kelayotgan kinorejissyor Abdulaziz Mahmudov asosiy muammoni bu qadar muhim masalaning xalq muhokamasiga qo‘yilmaganida ko‘radi.
«Xalqim, xalqim degan prezident bir og‘iz xalqiga AES qurmoqchimiz, muhokama qilaylik, demadi. Rossiya nima desa, shunga ko‘nyapti. Ekologik zararsiz bo‘lgan quyosh energetikasi haqida hatto gapirmayapti ham», dedi u «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, Rossiya tomoni O‘zbekiston hukumatiga har biri 1,2 GVt quvvatga ega ikki blokli AES qurish loyihasini taklif qilmoqda.
«Germaniya o‘z AESidan voz kechayotgan va eng yuqori texnologiya darajasi bilan Yaponiya Fukusimada avariyaga yo‘l qo‘yganiga qaramay, O‘zbekiston AES qurish kabi xatarli loyihani ilgari surmoqda», deb yozdi londonlik tahlilchi Alisher Ilhomov o‘z feysbuk sahifasida.
AES uchun ko‘p miqdorda suv, yoqilg‘i, vaqt va milliard-milliard pul zarur
O‘zbekistonlik tadqiqotchi fizik Rustam Ashurov yadro reaktorini ishlatishda suvning ahamiyati katta ekani haqida yozadi.
«100 megavattlik bir AES 24 soat ishlashi uchun 78.5 million litr suv kerak bo‘ladi. Bu suvning 6-10 % qismi bug‘lanish oqibatida yo‘qotiladi. Biz esa teravattlik AESni orzu qilyapmiz», deydi u.
Yana bir muammo qurilish va reaktorni ishga tushirish muddatining uzoqligida. Masalan, Finlyandiyaning Olkiluoto shahrida 2018 yili bitkazilgan reaktor qurilishiga 13 yil kerak bo‘ldi. Bu vaqt ichida qurilish byudjeti bir necha bor o‘zgardi.
«Stantsiya qurilganidan keyin ham reaktorni ishga tushirish uchun yana 7-10 yil kerak. Demak, biz bugun harakatni boshlasak, mevasini 2025-2030 yillarda yer ekanmiz», deya yozadi 17 may kuni fizik olim Rustam Ashurov o‘zining «Atom elektrostantsiyasi raqamlarda» maqolasida.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, AES qurilishiga ajratiladigan 10 milliard dollar atrofidagi kreditdan tashqari, kundalik ehtiyojiga Rossiyaning «Rosatom»iga tegishli bo‘lgan «TVEL» shirkatidan atom yonilg‘isi xarid qilinadi.
O‘zbekistonda garchi uran qazib chiqarilsa-da, mamlakat ichkarisida bu ruda boyitilmaydi, ko‘proq Rossiyaga eksport qilinadi.
«Bir so‘z bilan aytganda, bundan faqat atom stantsiyasini O‘zbekistonga qurib berib, unga o‘zining rudasini yonilg‘iga aylantirib sotadigan Rossiya foyda ko‘radi», deydi Mahmudov «Eltuz» muxbiriga bergan intervyusida.
AES tugatiladi, lekin muammolar tugamaydi
Uzoq yillar ichida qurib bitkaziladigan reaktorni ekspluatatsiya qilish muddati nisbatan juda qisqa. O‘rtacha 30-40 yil ishlatilgan atom stantsiyasi maxsus komissiya xulosasi bilan tugatilishi kerak bo‘ladi.
Ekspluatatsiya muddati tugagan reaktorlar joylashgan hudud MAGATE komissiyasi qarori bilan uzoq muddatlarga konservatsiya qilinadi.
Bundan tashqari, atom stantsiyasi qurilishi quyosh energiyasi asosida ishlovchi elektrostantsiyadan besh barobar qimmatga tushadi.
Dunyo tajribasida AES katta suv havzalari, dengiz va okeanlar sohiliga quriladi. O‘zbekistondagi AESni esa Navoiy viloyatining shimolida, Qizilqumda qurish rejalashgan.
«Ishlatilgan radioktiv yadro chiqindilari keyin qaerda saqlanadi? Reaktorni sovitish uchun suv qaerdan olinadi? Xullas, javoblardan ham ko‘ra savollar ko‘p», deydi «Eltuz» bilan suhbatida Abdulaziz Mahmudov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, na O‘zbekiston hukumati va na rasmiy matbuot bu inshoot ishga tushirilgach, Chernobil yoki Fukusuma halokati kabi fojea kutilmasligi haqida og‘iz ham ochmayapti.
Eltuz.com