O‘zbek hukumati nemis quruvchilari haqini o‘n yildan buyon kechiktirmoqda
Nemis shirkatlari Toshkentdagi Xalqaro forumlar saroyi qurilishi uchun o‘n yildan buyon o‘z ish haqlarini kutishmoqda. Germaniya matbuotiga ko‘ra, federal hukumat O‘zbekiston prezidenti oldida bu muammoni ko‘tarishi mumkin, biroq o‘zini tiymoqda.
Berlinda chiqadigan yirik gazeta – Süddeutsche Zeitung (Zyuddoyche Tsaytung) 14 yanvar kuni Toshkentdagi hashamatli saroy qurilishida ishtirok etgan nemis shirkatlari shartnoma bo‘yicha 130 million miqdordagi haqlarini hanuz olisholmayotgani haqida yozdi.
Maqola muallifi Daniel Bryossler Toshkentdagi Xalqaro forumlar saroyi qurib bitkazilganidan o‘n yil o‘tib ham millionlab evro haqlari berilmagan o‘rtahol nemis shirkatlari bugunga kelib siyosatchilarning yordamidan umidvor ekanini bildirdi:
«O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Berlinga tashrifi kutilayotgan 20 yanvar kuni bunday imkoniyat yaratilishi mumkin. Biroq federal hukumat aftidan nemis kreditorlari qiyinchiliklari bilan O‘zbekiston rahbarini tashvishga solishni istamayotgan ko‘rinadi».
Gazetaning yozishicha, «Erkin demokratlar» partiyasidan parlament a'zosi Renata Alt (Renata Alt) Germaniya federal hukumatiga prezident Mirziyoev bilan uchrashuvda qarzlar masalasini ko‘tarish yuzasidan so‘rov jo‘natgan.
Federal hukumat so‘nggi oylarda bir necha bor «o‘zbek hukumatiga to‘lanmagan hisob-kitoblarni taqdim qilgani» haqida bildirgan. Natijada o‘zbek elchixonasi kreditorlar hamjamiyati bilan muzokaralarga kirishgan. Biroq muzokaralar hanuz tugamagan.
Maqolada yozilishicha, har qanday sharoitda ham O‘zbekiston prezidenti Berlinda do‘stona qarshilanishi kutilmoqda.
Nemis parlamenti a'zosiga yuborilgan javob maktubidan iqtibos keltirib maqolada yozilishicha, Germaniya iqtisodiyoti O‘zbekistondagi islohotlardan naf ko‘rmoqda: Masalan, 2017 yilda Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo hajmi taxminan 32 foiz oshgan va 607 million yevroga yetgan. Bu ko‘rsatkich 2018 yilning oktyabriga kelib avvalgi yilning shu davriga nisbatan tag‘in 16 foiz oshgan.
«Diktator Islom Karimov ta'biga mos muhtasham saroy qurilganidan so‘ng Toshkentda chindan ham ko‘p voqealar yuz berdi. Garchi 2016 yili uning o‘limidan so‘ng demokratik o‘zgarishlar haqida so‘z ham bo‘lgani yo‘q, yangi rahbariyat hech bo‘lmasa mamlakat iqtisodi zamondan orqada qolmasligi uchun tirishmoqda», deya yozadi nemis nashri.
Biroq O‘zbekistondagi islohotlar “Zeromaks” shirkati qurbonlari – nemis kreditorlariga hozircha yordam bergani yo‘q
«Zeromaks» Shveytsariyaning Tsug (Zug) shahrida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, O‘zbekistonda yirik neft savdosi bilan shug‘ullangan va 2009 yili ulkan qarzlar bilan bankrot bo‘lgan shirkatdir.
Garchi Gulnora Karimova 2009 yili “Zeromaks”ga aloqasi yo‘qligini bildirgan bo‘lsa-da, o‘tgan yilning oktyabrida Shveytsariya gazetalari «Zeromaks» Karimovaning 127 million frank miqdordagi to‘lovini amalga oshirganiga oid politsiya hisoboti kelib tushgani haqida yozgan edi.
Nemis gazetasining yozishicha, parlament a'zosi bo‘lgan Alt xonim Germaniya hukumatini «noadekvat harakatlar»da ayblamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, «nemis shirkatlari yo‘qotgan 130 million yevrodan kelib chiqib, bu tushunarsiz va yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holatdir».
Eltuz.com