Asosiy mavzular
30 may 2019

Aylanma eshiklar, ko‘rinmas qo‘llar: yangi O‘zbekistonda davlat va xususiy sektor qanday birlashmoqda?

Kristian Lasslet

Korruptsiyalashgani bilan tanilgan O‘zbekiston davlati o‘zini isloh qilishga urinayotgan bir paytda yangi surishtiruvlar davlat va xususiy sektor xususiylashtirish tashabbuslari doirasida qanday birlashayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa yuqori doiralardagi manfaatlar to‘qnashuvi borasida jiddiy xavotirlar uyg‘otadi.

2016 yilda prezident Islom Karimov vafot etib, uning o‘rniga Shavkat Mirziyoev kelganidan so‘ng O‘zbekistonning yangi hukumati iqtisodiy va siyosiy islohotlar yo‘lini tanladi va bu keng jamoatchilik e'tiborini qozondi. Mohiyatan, bu Karimovning 27 yillik qattiqqo‘l siyosati natijasida yuzaga kelgan tizginsiz korruptsiyani cheklashga urinish hisoblanadi.

O‘zbekistonda kompaniyalar an'anaviy ravishda o‘z egalarining siyosiy qudrati asosida imtiyoz yoki ta'magirlikdan himoyalanish imkoniyatidan foydalanib keladi. Go‘yoki barcha korxonalar bozor sharoitida teng ekani aytilsa-da, o‘zbek davlatining ko‘rinmas (yoki noshaffof) qo‘li ularning ayrimlari boshqalarga nisbatan “tengroq” bo‘lishini kafolatlaydi.

Shakllanib kelgan bunday an'anaviy amaliyot salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Chunki Karimovning merosxo‘ri bo‘lmish prezident Shavkat Mirziyoev Markaziy Osiyoning bu davlatidagi tadbirkorlik muhitiga yangicha qiyofa baxsh etmoqda.

Mirziyoev hukumati hozirgi kunda xususiylashtirishning jadal dasturini joriy etgan holda ma'muriy aralashuvlarni kamaytirmoqda va xalqaro moliya institutlarining investitsiyalarini jalb etmoqda.

Qator rasmiy farmonlar asosida O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy sektorlari xususiylashtirilmoqda, korxonalarga soliq ta'tillari, bojxona imtiyozlari, davlat aktivlarini nol qiymatda xarid qilish, kreditlarni subsidiyalash va monopol huquq kabilar taqdim etilmoqda. Shu bilan birga, bunday sezilarli imtiyozlar berishning mezonlari, muhokama yoki jarayonlari noshaffofligi bilan ajralib turadi.

O‘zbekistondagi mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi kompaniyalar ochiq hisobdorlikka oid minimal talablar va sust normativ nazorat ostida ishlayotgani, ular nazoratsiz qolish uchun offshor yurisdiktsiyadan qo‘shimcha chora sifatida foydalanayotgani vaziyatni yanada chigallashtiradi.

Mamlakat poytaxti Toshkentni Mirziyoev rejimi tajriba maydoni uchun asosiy joy sifatida tanlandi. Bu tajribani o‘tkazish shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev zimmasiga yuklandi.

Ortiqxo‘jaev va u yaratgan biznes imperiya Mirziyoev tasavvuridagi biznes uchun ochiq, tadbirkor va xalqaro darajaga chiqishga intilayotgan O‘zbekistonning timsoli hisoblanadi.

Aynan shuning uchun Power Briefs | Markaziy Osiyo muharrirlari ochiq manbalardan olingan ma'lumotlar asosida surishtiruv o‘tkazish uslubini qo‘llagan holda tayyorlangan yangi reportajlar seriyasining birinchi sonida Ortiqxo‘jaevga e'tibor qaratishga qaror qildi. Ushbu maqola mutlaqo ayni shu surishtiruvga asoslangan.

Boshidan boshlaymiz

«Akfa» va «Artel» kompaniyalari orqali faoliyat yurituvchi biznes imperiya ortida turgan Jahongir Ortiqxo‘jaev Mirziyoev davrida juda tez sur'atda siyosiy qudratga erishdi. Ortiqxo‘jaevning siyosiy iqtidori evaziga O‘zbekiston davlat apparatining sezilarli qo‘llovi ortidan «Akfa-Artel» guruhi kuch to‘play boshladi.

Bu biznes imperiya ortida mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi kompaniyalar, mas'uliyati cheklangan shirkatlar va Shotlandiyaning mas'uliyati cheklangan shirkatlaridan iborat ulkan transmilliy huquqiy tuzilma turibdi. Mazkur tarmoqning o‘ta noshaffofligi uning benefitsiar huquqiy egasini yoki ehtimoliy siyosiy ta'sirini aniqlash imkoniyatini yo‘qqa chiqaradi.

Power Briefs muxbirlari 2019 yil fevral-mart oyida o‘tkazilgan surishtiruvlar davomida ko‘p sonli ochiq ma'lumotlar va biznes portallardan olingan axborotlarni taqqosladi va tizimlashtirdi. Mazkur ma'lumotlar «Akfa-Artel» guruhining yaqin oylardagi qator yutuqlari asosi bo‘lib xizmat qilgan tuzilmalar va qonunlarning huquqiy ekspertizasini o‘tkazish imkonini berdi. Bu esa Mirziyoev hukumati oldida turgan og‘ir vazifalar asosida yotgan ko‘plab muammoli vaziyatlarni aniqlashtirdi.

Bu muammolar manfaatlarning jiddiy to‘qnashuvi va shaffoflikning sezilarli darajada yo‘qligiga bog‘liq. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti fikricha, bular O‘zbekistondagi antikorruptsion islohotlardagi to‘siqlardan biridir.

Ko‘p hollarda hokim Ortiqxo‘jaev o‘zi, xotini va biznes hamkorlari shaxsiy manfaatdor bo‘lgan davlat-xususiy tashabbuslarida vakolatlarga ega bo‘lgani aniqlandi. Bu loyihalar davlat tomonidan sezilarli darajada moliyalashtiriladi. Ayonki, bu holatlarda manfaatlar to‘qnashuvi inobatga olinmagan.

Bu davlat-xususiy kelishuvlari ochiq va raqobatli tender jarayonlarisiz tuzilgan. O‘zbekistonda axborot ochiqligi to‘g‘risida ajoyib qonunlar borligiga qaramay, hatto umumiy ma'lumot olish ham juda qiyin kechdi.

Ammo hammasi ham yomon yangiliklar emas. Surishtiruvlar natijalari aks etgan yozishmalar 2019 yil aprelda barcha asosiy manfaatdor tomonlarga jo‘natilganida davlat organlari va xususiy sektor sub'ektlari qiyin masalalarni o‘zaro hamkorlik ruhida hal etganiga oid uzoq kutilgan mujdalar bor.

Mazkur o‘zaro hamkorlik jarayoni asosida O‘zbekistonning ochiq (oshkora) davlat qurishga tayyorligi tobora kuchayib borayotgani yotadi. Bu esa yanada ishonchli dalillar to‘plashga imkon beradi.

Bu muhim yutuqdir va murakkab masalalar yechimini topish borasidagi keskin kurashni susaytirmagan holda uni qo‘llab-quvvatlash kerak.

Bu o‘rinda asosiy e'tibor Toshkentda avj olgan qurilishlar natijasida yuzaga chiqayotgan aniq muammolarga va hukumat sog‘liqni saqlash tizimini xususiylashtirish bo‘yicha ko‘rayotgan chora-tadbirlarga qaratilgan. Chunki har ikki holatda ham «Akfa-Artel» sezilarli ulushga ega.

Toshkentda avj olgan qurilishlar poydevor bo‘lgan mojarolar

So‘nggi ikki yilda Toshkent markazidagi ulkan qurilish ishlari shahar aholisi, olimlar va fuqarolik jamiyatining jiddiy xavotiriga sabab bo‘lmoqda. Bunday qurilishlardan biri – «Toshkent siti» o‘zining ko‘lami va yuzaga kelgan mojarolar sabab alohida e'tiborga loyiq.

Taxminiy qiymati 1,3 milliard dollar bo‘lgan “Toshkent siti” loyihasi ehtimol O‘zbekiston tarixida davlat homiyligidagi eng yirik ko‘chmas mulk qurilishidir. Toshkent markazidagi 80 gektardan ortiq maydonda amalga oshirilayotgan bu loyiha prezident Mirziyoev va uning hukumati tomonidan maxsus direktsiya orqali faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ushbu direktsiya sarmoyadorlarni jalb etish va loyihani qurilishidan boshlab to yakunlangungacha boshqarish uchun mas'ul hisoblanadi.

Fuqarolik jamiyati, jumladan, Open Democracy surishtiruvlari shubhali xorijiy investorlar, jamoatchilik uchun ochiqlikning yo‘qligi va mazkur loyihaning amalga oshirilishi oqibatida bu yerdan ko‘chirilgan aholining huquqlari jiddiy buzilganligiga oid dalillarni aniqladi. Umuman, bular Mirziyoev hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar obro‘siga putur yetkazdi.  

Jahongir Ortiqxo‘jaev, jumladan, “Toshkent siti” loyihasining amalga oshirilishi va keyingi mojarolarda markaziy o‘rin tutdi. 2017 yilda Ortiqxo‘jaev loyiha ijrosiga mas'ul direktsiya rahbarligiga, keyin esa Toshkent hokimligiga tayinlandi.

Open Democracy uchun avvalgi maqolamda hokimning ijtimoiy roli va «Akfa-Artel» guruhi bilan bog‘liq kompaniyalar va xususiy shaxslar orqali «Toshkent-siti» davlat-xususiy tashabbusi vositasida namoyon bo‘lgan shaxsiy manfaatlariga oid jiddiy masalalarga to‘xtalib o‘tgan edim.

Ma'lumotlarni to‘plashning yangi uslublari va tahlillaridan foydalanilganidan keyin bu shubhalar yanada kuchaydi.

Masalan, «Toshkent siti» qurilishida taklif etilayotgan sakkizta lot mavjud. Loyiha veb saytida 2018 yilda e'lon qilingan va keyinchalik bir qismi o‘chirib tashlangan ma'lumotlarga ko‘ra, 1, 5, 7 va 8-lotlar qurilishini boshqarish uchun bosh shartnomalar «Discover Invest» MChJ kompaniyasi bilan tuzilgan.

2019 yil mart oyida o‘rganilgan korxonalarning davlat reestridagi ma'lumotlariga ko‘ra, «Discover Invest» MChJ aktsiyalarining 86,18 foizi qonuniy asoslarda Abror G‘anievga tegishlidir.

O‘sha oydayoq Abror G‘aniev «Akfa» guruhi raisi etib tayinlandi.

O‘zbekiston korxonalarining rasmiy reestridagi korporativ ma'lumotlarga ko‘ra, Abror G‘aniev Jahongir Ortiqxo‘jaev bilan birgalikda to‘rtta kompaniyaga egalik qiladi. Bundan tashqari, reestrga ko‘ra, G‘aniev «Akfa-Artel» guruhidagi kamida uchta kompaniyaning xo‘jayinlaridan biri bo‘lishi ehtimoli bor.

«Discover Invest»ning yuridik manzili 100 foiz Toshkent hokimiga qarashli bo‘lgan «J-United Group» kompaniyasi manzili bilan bir xil. «J-United» Ortiqxo‘jaev tomonidan O‘zbekistondagi biznes manfaatlari uchun foydalanilayotgan asosiy vositadir.

Yana bir misol. Direktsiya tomonidan «Toshkent siti»ning 1-loti xorijiy investori sifatida taqdim etilgan investor «High Land City» MChJ hisoblanadi.

O‘zbekistonning biznes reestriga ko‘ra, bu kompaniyaning eng yirik aktsiyadori Ismoil Isroilovdir va u kompaniyaning 81,24 foiz aktsiyasiga egalik qiladi.

Biznes reestrda Isroilov «Akfa Engineering and Management» kompaniyasi menejeri sifatida ko‘rsatilgan. 2019 yil mart oyida o‘tkazilgan surishtiruvlar natijalariga ko‘ra esa bu kompaniya to‘liq Ortiqxo‘jaevga tegishlidir.

Bu surishtiruvlar Isroilov Jahongir Ortiqxo‘jaev bilan birgalikda kamida to‘rtta kompaniyaning xo‘jayini ekanini ham ko‘rsatdi. Shuningdek, u «Akfa-Artel» guruhi bilan bog‘liq oltita kompaniyaning yagona aktsiyadori va Abror G‘aniev bilan birgalikda kamida to‘rtta kompaniyaning egasi hisoblanadi.

O‘zbekiston biznes reestridagi ma'lumotlar xorijiy investorlar «High Land City» MChJda juda kam ulushga egaligidan darak beradi. «Xorijiy» minoritar aktsiyadorlar sirasiga «Techno Continental» (8,19%) va «Next Generation Product» (8,17%) kiradi. Har ikki kompaniya ham offshordagi noma'lum vositachi orqali rasmiylashtirilgan.

Masalan, «Techno Continental» yuz foiz Angliyadagi «Wynex Innovation» mas'uliyati cheklangan shirkatiga tegishlidir. 2015 yilda ma'lum qilinganidek, bu shirkat Artel  brendi ostida maishiy texnika ishlab chiqaruvchi «Infinity Electronics» bilan birga tashkil etilgan 2 million AQSh dollari qiymatidagi qo‘shma korxona hisoblanadi.

«High Land»ning boshqa bir minoritar aktsiyadori – «Next Generation Product»ning aktsiyalari Buyuk Britaniya va singapurlik offshor vositachilarga tegishli. «Next Generation Product»ning rasmiy elektron manzili – @artelgroup.org.

Uchta offshor kompaniyaning birortasi benefitsiar egalarini e'lon qilishga majbur emas. Shuning uchun bu kompaniyalar kimga tegishli ekanini aniqlash imkonsiz .

Toshkentda Isroilovning boshqa korporativ manfaatlari ham bor. «Durable Beton» mas'uliyati cheklangan shirkati (MChSh) bir yildan kamroq ishlayotganiga qaramay, davlat tomonidan moliyalashtirilayotgan juda ko‘p qurilish loyihalariga beton yetkazib berayotgani bilan faxrlanadi. Kompaniyaning reklama materiallarida «Toshkent siti» muhim o‘rin tutadi.

«Durable Beton» MChShning hujjatlari 2019 yil mart oyida biznes reestr orqali tekshirilganda kompaniyaning 100 foiz aktsiyalari Ismoil Isroilovga tegishli edi.

Agar «Toshkent siti»ning 5-lotiga e'tibor qaratsak, «Akfa-Artel» bilan yanada tig‘iz bog‘liqlikni ko‘ramiz. Hilton brendi ostidagi hashamatli mehmonxona ham kiradigan Toshkentdagi bu lotning aktsiyadori «Akfa Dream World» hisoblanadi.

Afsuski, kompaniyalarning biznes reestri profiliga kirish uchun soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami talab etiladi. Bu esa reestrdan O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan kompaniyalar to‘g‘risidagi asosiy ma'lumotlarni olishda jamoatchilikning imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklaydi. Ayrim holatlarda ochiq chiqish kodiga ega reestrlardan soliq identifikatsiyasi raqamini olish mumkin. Ammo yuqoridagi vaziyatlarda buning imkoni yo‘q. Qayd raqamini so‘rab “Akfa” guruhiga qilingan murojaatga javob olinmadi.

Shunga qaramay, bir aktsiyadorlik jamiyatining e'lon qilingan korporativ ma'lumotlari «Perfect Plast Profil» «Akfa Dream World»ning 20,4 foiz aktsiyasi egasi ekanidan darak beradi. «Perfect Plast Profil» ro‘yxatdan o‘tkazilgan manzil yuz foiz Jahongir Ortiqxo‘jaevga tegishli bo‘lgan «Techno Profil» kompaniyasiniki bilan bir xil.

Biroq «Perfect Plast Profil»ning aktsiyalari 2016 yil 13 aprelda ro‘yxatdan o‘tkazilgan Shotlandiyaning «Esperansa Group LP» mas'uliyati cheklangan shirkatiga tegishlidir.

Shaffoflikni oshirish maqsadida yaqinda amalga oshirilgan islohotlarga muvofiq, Shotlandiyaning mas'uliyati cheklangan shirkatlari sezilarli nazoratga (PSC) ega shaxslar yoki tashkilotlar haqida ma'lumot berishi shart (PSC tashkilotdagi 25 foiz yoki undan ortiq aktsiya va ovoz berish huquqini anglatadi). «Esperansa Group LP» bitta PSC – «Esperansa Incorporated LP» haqida e'lon qildi. Bu kompaniya Angliyaning 2017 yil 6 oktyabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan mas'uliyati cheklangan shirkatidir.

Angliyada mas'uliyati cheklangan shirkatlar PSC haqida ma'lum qilishlari shart emas. Oshkoralik islohotlari doirasida shirkat shaklidagi noshaffof tuzilmalarni PSC sifatida e'lon qilish noqonuniydir

Nihoyat, misol tariqasida 7-lot uchun investor sifatida tanlangan «Premium Village» MChJni olish mumkin. «Premium Village» MChJning ro‘yxatga olingan manzili 2019 yil mart oyida nazorat paketi (80,88 foiz) Jahongir Ortiqxo‘jaevga tegishli bo‘lgan «Artel Engineering and Management» MChJniki bilan bir xil.

«Premium Village»ning aktsiyadorlari Ismoil Isroilov (23,28%), shuningdek,  «Quality Electronics» (37,20%), «Asia Electron» (28,51%) va «Factory of Technologies» (9,30%) kompaniyalaridir. «Factory of Technologies» i «Quality Electronics»ning ro‘yxatga olingan elektron manzili – @artelgroup.org. «Asia Electron»ning hisobga olish yozuvi (uchetnaya zapis) esa hokim Jahongir Ortiqxo‘jaev egaligida bo‘lgan «Dream Production» foydalanadigan xuddi shunday yozuv bilan aynidir.

«Quality Electronics», «Asia Electron» va «Factory of Technologies»ning 50 foiz ulushi «MacMerry Management LP»ga, «Quality Electronics» va «Asia Electron» kompaniyalarining qolgan 50 foizi Singapurning «Commerce Standard Pte Ltd» firmasiga tegishli. «Factory of Technologies»ning boshqa 50 foizi esa «Singapore Syndicate Group International Pte Ltd»ga qarashli.

«MacMerry Management LP» va «Singapore Syndicate Group» ham 1-lot investori – «High Land City» MChSh mulkidagi tuzilmalarning bir qismi bo‘lgan.

«Macmerry Management LP», «Singapore Syndicate Group» va «Commerce Standard» “Akfa-Artel” guruhi offshor mulklari tuzilmalarining bir qismi hisoblanadi.

Buyuk Britaniya yoki Singapurda benefitsiarlarning to‘liq shaffof reestri bo‘lmagani sababli bu offshor tashkilotlar ortida turgan benefitsiarlarni aniqlashning imkoni yo‘q.

Shunday qilib, bizga «Toshkent siti»ning uchta o‘ta noshaffof asosiy investori ma'lum. «High Land City» va «Premium Village» misolida oladigan bo‘lsak, ularning asosiy aktsiyadorlari hokimning biznes sherigi va uning kompaniyalaridan birining menejeri bo‘ladi

Toshkent hokimligi investorlarni maxsus ma'muriy kengash tanlashini tasdiqladi. Tanlov mezonlari va qo‘llaniladigan jarayonga oid hujjatlarni qo‘lga kiritishga harakat qilganimizda bizga rad javobi berildi.

Toshkent shahri boshqarmasi bosh pudratchilar va ta'minotchilarni investorlar tanlashini ta'kidladi. Qo‘shimcha birorta ma'lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Tanlov va xarid qilish jarayonlari yopiq bo‘lgani uchun ushbu jarayonlar noqonuniy ta'sirlarga qanchalik duchor bo‘lganini aniqlashning imkoni topilmadi.

Milliy bog‘dan delfinariygacha

«Toshkent siti» qurilishining muqaddimasi davlat apparati rahbarligida o‘tkazilgan Navoiy milliy bog‘ini – O‘zbekiston poytaxtidagi ulkan yashil hududni rekonstruktsiya qilish bo‘ldi.

O‘zbek adibi va mutafakkiri Alisher Navoiy sharafiga nomlangan bu bog‘ Toshkentdagi eng mashhur ochiq (qurilishlardan xoli) hududlardan biri hisoblanadi. BMTning O‘zbekistondagi ofisi 2015 yilda uni Markaziy Osiyodagi ilk ekopark deb e'lon qilgan edi.

Shunga qaramay,  Navoiy milliy bog‘ining bir qismini yuqori toifali dam olish maskaniga aylantirish ishlari olib borilmoqda. Bu maskanda amfiteatr, savdo-ko‘ngilochar markazi, istirohat bog‘i va delfinariy bo‘ladi.

Uch yilga, 2020 yilgacha mo‘ljallangan rekonstruktsiyaning taxminiy qiymati 60 million AQSh dollarini tashkil etadi. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 4 sentyabrda qabul qilingan qarori asosida amalga oshirilayotgan bu loyiha davlat tomonidan moliyalashtiriladi.

Toshkent hokimi mazkur loyiha uchun mas'ul shaxs sifatida ko‘rsatilgan.

Ammo biznes reestrni o‘rganishlardan ma'lum bo‘ldiki, ushbu rekonstruktsiyani amalga oshirayotgan kompaniya – «Stargate Systems» MChSh 2017 yil 7 avgustda, ya'ni Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilinishidan ta'minan bir oy oldin ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

«Stargate Systems»ning aktsiyalari Jahongir Ortiqxo‘jaev (49,38%), Abror G‘aniev (14,94%) va «Preston Impex LP» (35,68%)ga tegishli. «Preston Impex LP» Shotlandiyaning mas'uliyati cheklangan shirkati bo‘lib, 2017 yil 25 yanvarda ro‘yxatga olingan. Bu shirkat to‘g‘risida uning boshlang‘ich kapitali 100 funt sterlingdan iborat ekanidan boshqa ma'lumotlar yo‘q hisobi.

«Stargate Systems LLC» kompaniyasi 60 million AQSh dollari miqdoridagi investitsiya evaziga maydoni 20,79 gektar bo‘lgan milliy bog‘ni 49 yilga ijaraga oldi. Hukumat qaroriga ko‘ra, kompaniyaga yana bojxona imtiyozlari va qurilishni tegishli loyiha hujjatlarini topshirmasdan boshlashga eksklyuziv ruxsatnoma berildi. Ushbu hudud va uskunalar ijara muddati tugagandan so‘ng davlatga qaytariladi.

Bu loyiha bo‘yicha ochiq tender o‘tkazilgani yo‘q.

«Biz o‘z kontseptsiyamizni shahar ma'muriyati va madaniyat bo‘limiga investitsiyalar hajmi va barcha bosqichlarni ko‘rsatgan holda taqdim etganmiz. Loyiha o‘rganildi va tasdiqlandi», degan edi Navoiy bog‘i loyihasi uchun mas'ul bo‘lgan «Akfa group»ning moliyaviy direktori Kamolat Mirzalieva 2017 yilda.

Mazkur loyihaning ekopark muhitiga ehtimoliy ta'siri jamoatchilikni xavotirga solgandi. Ammo «Akfa» bundan ta'sirni rad etib keladi.

Bu ham Jahongir Ortiqxo‘jaev Toshkent shahri hokimi lavozimini egallangan so‘ng mamlakatning manfaatlar to‘qnashuviga oid qonunchiligiga muvofiq o‘z rahbariyati oldida hisobot berishi kerak bo‘lgan loyihalardan biridir.

Hokimlik Ortiqxo‘jaev shaxsiy manfaatdor emasligini ta'kidlab keladi. Ammo O‘zbekistonning rasmiy biznes reestrida taqdim etilgan yozuvlar buni rad etadi.

Noshaffof ma'muriy jarayonlar natijasida tuzilgan, davlat va xususiy manfaat o‘rtasidagi bu bahstalab aloqa «Akfa-Artel» guruhining boshqa loyihalarida, ayniqsa, uning xususiy tibbiy xizmat taqdim etishdagi ulushi o‘sib borayotganini hisobga olganda, yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi.

O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasini xususiylashtirish

O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasidagi xususiy sektorning quvonishi uchun sabablar yetarli.

2016 yilda hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng Mirziyoev hukumati sog‘liqni saqlash tizimini jadal xususiylashtirish yo‘lini tanladi. Bu jarayon sog‘liqni saqlash milliy strategiyasining asosini tashkil etadi.

Xususiylashtirish maxsus davlat komissiyasi zimmasiga yuklandi.

Soliq va bojxona imtiyozlari, yer va infratuzilmalarning nol xarid qiymatida berilishi, kreditlarni subsidiyalash va majburiy shaxsiy sug‘urta tizimi sharofati bilan ehtiyojning tez o‘sib borishi – bular tarmoqning rivojlanishini rag‘batlantirish uchun qo‘llanilayotgan vositalarning ayrimlari, xolos.

Bu siyosat, mohiyatan, jamoatchilikni davlat tomonidan subsidiyalanadigan xususiy tibbiy xizmat iste'molchisiga aylanishga majbur qiladi. Chunki Mirziyoev hukumati sog‘liqni saqlash tizimini ko‘proq xususiy asosga o‘tkazishga intilmoqda.

Sektorda davlat tomonidan yuzaga keltirilgan bu tebranishlardan yaxshiroq foydalanish uchun bitta kompaniya – «Akfa Medlayn» ustuvor mavqeda turibdi.

«Akfa Medlayn» 2018 yil dekabrda, asosan, vazirliklar va yuqori martabali davlat xizmatchilaridan tuzilgan komissiya ishida ishtirok etish uchun tanlab olingan yagona xususiy kompaniya hisoblanadi. Bu komissiyaga O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tarmog‘ini rivojlantirishni jadallashtirishni ta'minlaydigan chora-tadbirlarni ishlab chiqish vazifasi topshirilgan. Bu esa «Akfa»ga o‘z sohasida o‘yin qoidalarini yaratishga ko‘maklashishda ustuvor imkoniyat taqdim etadi.

«Akfa Medlayn»ning komissiyadagi vakili Kamolat Mirzalievadir. U «Akfa Medlayn»ning aktsiyadori (38,36%) va menejeri hisoblanadi. Yuqorida Mirzalieva Alisher Navoiy nomidagi milliy bog‘ rekonstruktsiyasiga mas'ul bo‘lgan «Akfa»ning vakili sifatida ham eslatib o‘tilgandi.

Hukumat sog‘liqni saqlash sohasida imtiyozli sharoitlar taqdim etish uchun nega «Akfa»ni tanlab olgani tushunarsiz qolmoqda. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bizning bu haqdagi savollarimizni javobsiz qoldirdi.

Bu esa «Akfa Medlayn» hukumat dasturiga kiritilib, ustuvorlikka erishayotganiga yagona misol emas.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 fevraldagi qaroriga ko‘ra, «Akfa Medlayn»ga Toshkentdagi Shayxontohur tibbiyot kolleji binosidan tekin foydalanish huquqi berildi. Kompaniya bu ob'ektni tibbiyotga ixtisoslashgan yangi xususiy universitetga aylantiradi. Universitet uchun tekin yotoqxonalarga qo‘shimcha ravishda «Akfa Medlayn»ga soliq ta'tillari va bojxona imtiyozlari taqdim etildi.

Bu loyiha bo‘yicha ham ochiq tender o‘tkazilgani yo‘q. Milliy bog‘ni rekonstruktsiya qilish loyihasidagi kabi bu o‘rinda ham «Akfa» guruhi tashabbusi bo‘yicha cheklovlar mavjud edi va hukumat bilan muzokaralar xususiy tartibda bo‘lib o‘tdi.

«Akfa Medlayn» elektron pochta orqali quyidagilarni bildirdi:

«Iste'molchilar talabi va tibbiy xodimlarga yuqori ehtiyojni o‘rganish natijalari asosida «Akfa Medlayn» zamonaviy universitet tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi».

Jahongir Ortiqxo‘jaev rahbarligidagi Toshkent shahri hokimligi tibbiyot kollejini «Akfa University» uchun qayta rejalashtirishni nazorat qilishga yordam ko‘ratishga mas'ul edi.

Kompaniyaga oid ma'lumotlardan ko‘rinadiki, «Akfa Medlayn»ning majoritar aktsiyadori “Ortiqxo‘jaeva Nigoraxon Bahromxo‘ja» (61,64%)dir.

Nigoraxon Bahromxo‘ja Ortiqxo‘jaeva esa Toshkent hokimining rafiqasidir.

Hokimlik mazkur faktlarni tasdiqladi va bu manfaatlar to‘qnashuvi emasligini bildirar ekan, Vazirlar Mahkamasining «Akfa University»ni tashkil etish to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra, ushbu loyiha ijrosini ta'minlash uchun mas'uliyat O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari hamda sog‘liqni saqlash vaziri zimmasiga yuklanganini ta'kidladi.

Ammo normativ hujjatlarga ko‘ra, Toshkent shahri ma'muriyati loyiha uchun  muayyan darajada mas'uldir. Xususan, qarorning 10-bandida shahar ma'muriyati «Akfa University»ga universitet binolari va yotoqxonalarini ta'mirlash uchun loyiha hujjatlarini tayyorlash, shuningdek, 2019-2020 o‘quv yili boshlangunga qadar uni o‘quv va laboratoriya uskunalari bilan jihozlashga yordam ko‘rsatishga mas'ul ekani aytiladi.

O‘zbekistonda korruptsiyaga qarshi qonunning amaliyoti

Ushbu surishtiruv davomida ochiq hukumat hamda ayrim mansabdor shaxslar va kompaniyalarning murakkab masalalar yechimiga tayyorligiga oid bir qancha ajoyib misollarga ega bo‘lindi. Afsuski, bu e'tirof prezident devoni yoki Sog‘liqni saqlash vazirligiga taalluqli emas.

O‘zbekistonda nazariy jihatdan korruptsiyaga qarshi jiddiy islohotlar o‘tkazishni ko‘zda tutuvchi qonunlar, qaror va farmonlar soni ko‘payib bormoqda.

2017 yilda qabul qilingan Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun mohiyatini ham o‘zida aks ettiradigan 2016 yilgi Davlat xizmatchilarining obod-axloq qoidalarida aytilishicha, manfaatlar to‘qnashuvi «davlat xizmatchilarining shaxsiy manfaatlari ularning o‘z xizmat vazifalarini xolisona va beg‘araz bajarishiga ta'sir ko‘rsatadigan yoki ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlarda paydo bo‘ladi». Jumladan, u «davlat xizmatchilarining shaxsiy manfaatdorligi ularning shaxsan o‘zi yoki yaqin qarindoshlari, shuningdek, ular yaqin yoki ishbilarmonlik munosabatlarida bo‘ladigan boshqa shaxslar uchun har qanday naf ko‘rish yoki afzalliklarga ega bo‘lishni» o‘z ichiga oladi.

Manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda davlat xizmatchilari o‘z rahbarini darhol xabardor qilishi, bu haqdagi ma'lumotni olgan rahbar uni tartibga keltirish bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rishi shart. Afsuski, O‘zbekiston qonunlari bunday talablarning buzilishi oqibatlari masalasida juda mujmaldir.

Ushbu surishtiruvlar o‘tkazilgandan so‘ng biz 2019 yil aprelda bu xavotirlar bo‘yicha hokimga, uning mahkamasiga va «Akfa-Artel» guruhiga maktub yo‘lladik. Hokimlikning ushbu surishtiruvlarga oid batafsil hisobotida manfaatlar to‘qnashuvi yo‘qligi ta'kidlanadi. Ammo keyingi haftalarda hokimning «Akfa-Artel» guruhidagi aktsiyalari endi uning rafiqasiga, guruh menejerlariga va boshqa mavjud aktsiyadorlarga o‘tkazib berildi.

Aksariyat hollarda aktsiyalarning boshqalarga berilishi manfaatlar to‘qnashuviga oid huquqi me'yorlar kuchga kirishiga to‘sqinlik qilmaydi, chunki qonun oila a'zolari va biznes hamkorlarga ham taalluqlidir. Bu jihatlar retrospektiv samaraga ham emasligi tayin: bu davlat-xususiy tashabbuslarining aksariyati 2017 va 2018 yillarda, Jahongir Ortiqxo‘jaev «Toshkent siti» loyihasi rahbari, keyin esa Toshkent hokimi bo‘lgandan keyin qabul qilingan.

Ushbu surishtiruvlar korporativ axborotlar oshkor etilmaydigan sharoitda mulk tuzilmalari maxfiyligi saqlanib qolayotgan bozor muhitida noshaffof qarorlar asosida sezilarli darajada davlat ko‘magi ko‘rsatilayotganidan darak beradi.

Axborot erkinligi to‘g‘risidagi qonunlarga amalda rioya etilmaydi. Hatto muhim iqtisodiy qarorlar bilan bog‘liq mezonlar va jarayonlar haqidagi umumiy axborotlarni olish ham mushkul.

Yirik loyihalar ochiq va raqobatga asoslangan tenderlarsiz amalga oshirilayotgani muammoli vaziyatdir.

Hatto Mirziyoev hukumatining nisbatan ijobiy qadamlari ham manfaatlar to‘qnashuvi singari muhim jihatlarda korruptsiyaga qarshi talablar borasida cheklovlarga ega, qonunbuzarlar uchun huquqiy oqibatlar sezilarsiz qolmoqda.

Xususiylashtirish va bozor islohotlari tobora jadallashib borishi jarayonida nazoratning yo‘qligi bundan keyin ham maxfiy kelishuvlar yangi O‘zbekistonda kimlar g‘olib, kimlar mag‘lub bo‘lishini belgilashda davom etishi xavfini kuchaytiradi.

Tag‘in o‘qing
30 mart 2017
«Oila va jamiyat» gazetasini (29.03) varaqlar ekansiz, undagi maqolalarda bugungi o‘zbek jamiyatining ancha og‘riqli muammolari tilga olinganiga guvoh bo‘lasiz. ...
23 aprel 2023
Chimkentga o‘rnashib olgan rus bosqinchi generali Mixail Chernyaev 1865 yilning 23 aprelida Toshkentni ishg‘ol qilish uchun yo‘lga chiqdi. Sakkizta ...
8 may 2019
Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev shahar hududidagi avtobekatlarda savdo qiluvchi tadbirkorlarni bekatlarda kitob savdosini yo‘lga qo‘yish va kitob targ‘iboti ...
16 may 2022
Toshkentdagi gimnastikachi ayol suratiga yubka kiydirildi. Bu «ma'naviy tahrir» Toshkent shahar hokimligi «ijodi» bo‘lishi mumkinligi haqida mahalliy bloger Nikita ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...