Asosiy mavzular
14 iyun 2020

Davlatning milliardi qanday qilib million bo‘lib qolgani haqida

Farg‘ona viloyatida davlatga qarashli mol-mulkning talon-taroj qilinishi, ya'ni atayin arzon narxlarda xususiy qo‘llarga o‘tishida viloyat hokimi Shuhrat G‘anievning ham bevosita ishtiroki bor.

Ayni shu iddao bilan “Eltuz”ga yo‘llangan murojaat egasining bildirishicha, bu talon-tarojliklar “Farg‘ona agrokimyohimoya” hududiy aktsiyadorlik jamiyati (HAJ) mulklari bilan bog‘liq.

Murojaatda aytilishicha, HAJga qarashli “Farg‘ona kimyo” sho‘'ba korxonasining mulkchilik shaklini MChJga o‘zgartirish vaqtida “Farg‘ona agrokimyohimoya”ning ulushi 67 foiz (281 205.0 ming so‘m), “Kimyo savdo Oltiariq” ixtisoslashgan savdo korxonasi ulushi esa 33 foiz (138 794.8 ming so‘m) etib belgilangan.

Yangi MChJga esa Karomat Mamatova, ya'ni “Farg‘ona agrokimyohimoya”ning hozirgi kundagi direktori rahbar etib tayinlangan.

Qing‘irliklar keyinchalik “Farg‘ona agrokimyohimoya”ning “Farg‘ona kimyo” MChJ ta'sischiligidan chiqarilishi davrida ro‘y bergan.

Ayni shu jarayonda HAJning Yangi Marg‘ilon shaharchasida joylashgan asl bozor qiymati 2 milliard so‘mlikdan ortiq bo‘lgan bino-inshootlari va asosiy vositalari qonunga zid ravishda baholatilmasdan Karomat Mamatova ta'sischisi bo‘lgan “Kimyo savdo Oltiariq” ixtisoslashgan savdo korxonasiga balans qiymati, ya'ni 77 205.2 ming so‘m hisobiga berib yuborilgan.

Buning evaziga esa “Farg‘ona agrokimyohimoya”ga 1 ta “Lasetti” va 1 dona “Gaz 53” avtomashinalari, kontselyariya va maxsus kiyim-kechak mollari olingani to‘g‘risida soxta qaror rasmiylashtirilgan.

2018 yil 24 oktyabrda bu qing‘irlik bo‘yicha Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qonunbuzarliklar oqibatida “Farg‘ona agrokimyoximoya” HAJ aktsiyadorlari manfaatlariga 373 mln so‘m miqdorda zarar yetkazilgani aniqlangan.

Shunga qaramay, davlat mulkini talon-taroj qilishda asosiy rolni o‘ynagan HAJning o‘sha paytdagi rahbari Nosirjon Qodirov nafaqat ko‘rsatib o‘tilgan zararni qoplamagan, balki ombor binosining davlat mulkiga qaytarilishi ham ta'minlanmagan. Prokuratura esa undan keyingi direktor Abbosxon Azizovni javobgar sifatida ko‘rsatib, ishni sudga oshirgan.

Farg‘ona shahri jinoyat ishlari sudi Karomat Mamatova noqonuniy o‘zlashtirib olgan ombor binolariga umuman e'tibor qaratmagan.

“HAJga Abbosxon Azizov rahbarlik qilayotgan davrda “Farg‘ona agrokimyohimoya”ning Buvayda tumani Jaloyir qishlog‘ida joylashgan ombori binolari 183.0 mlnga sotilgan. Ular Karomat Mamatova o‘zlashtirgan omborlardan hajmi va maydoni jihatdan bir necha bor kichik bo‘lishiga qaramay, 2-3 baravar qimmatga sotilgan.

Prokuratura esa Karomat Mamatovaning bosimi ostida Abbosxon Azizov davrida Dang‘ara tumanida xususiylashtilgan 2 ta omborni noqonuniy sotilgan, deb topgan. Holbuki, keyinchalik iqtisodiy ishlar bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining apellyatsiya instantsiyasida ular qonuniy sotilgani o‘z tasdig‘ini topdi”, deydi “Eltuz”ga murojaat etgan shaxs.

Uning bildirishicha, “Farg‘ona agrokimyohimoya”ning hozirgi rahbari Karomat Mamatova (o‘sha 2 milliardlik omborni 77 millionga o‘ziniki qilgan shaxs) hamon davlat manfaatlariga zarar yetkazishda davom etmoqda.

Karomat Mamatova o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, kimyoviy vositalarni bozor bahosidan bir necha barobar qimmat narxlarda sotib olishda davom etmoqda (“Eltuz”da bu kimyoviy moddalarning nomlari va ular uchun sarflangan mablag‘ning summasi to‘g‘risida ma'lumotlar bor). Birgina 2019 yilning 3-4 oyi mobaynida bu borada tuzilgan shartnomalar qiymatining o‘zi 10-15 milliard so‘mni tashkil qiladi.

“Bu yerda juda katta “otkat” bor. Eng yomoni, ehtiyojdan ortiqcha sotib olingani bois muddati o‘tib qolgan kimyoviy vositalarning summasi bir necha mlrd so‘mni tashkil etadi. Ammo Karomat Mamatovaga hech kim chora ko‘rayotgani yo‘q”, deydi murojaatchi.

Uning murojaatida davlat mulkini talon-taroj qilish bilan bog‘liq yana bir necha holatlar tilga olinadi.

Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, bu qing‘irliklarda ishtirok etgan “Farg‘ona agrokimyohimoya” HAJning sobiq direktori Nosirjon Qodirov viloyati hokimi Shuhrat G‘anievning “qo‘g‘irchog‘idir”.

“Farg‘ona kimyo” MChJ G‘anievlarga qarashli. Yangi Marg‘ilondagi ombor bino-inshootlarining o‘ta arzon narxda sotilishi ham G‘anievning ko‘rsatmasi bilan amalga oshirilgan”, deydi murojaatchi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 fevral 2020
O‘zbekistonning turizmni iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlaridan biriga aylantirish siyosati qo‘shni davlatlarda ham sayyohlar soni tobora ortib borishiga sabab bo‘lmoqda. ...
3 noyabr 2018
O‘z a'yonlari bilan 2 noyabr kuni Buxoroga kelgan Rossiyaning millatchi dohiysi Vladimir Jirinovskiy uni dabdabali ziyofatga taklif qilgan Buxoro ...
5 oktyabr 2023
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi beshta shikoyat maktubini o‘qiymiz. Ular O‘zbeistonning Jizzax, Andijon, Toshkent, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan kelgan. Dastlabki ...
28 noyabr 2020
Afu et meniTaqlid qilolmadim, kechir, Vatanim –Tosh kabi bardoshli bo‘lolmadim hech.Sapchib turgan esam, aybsitma meni,Afu et, axir men o‘lolmadim ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...