Asosiy mavzular
25 aprel 2020

Fuqarolik jamiyati rivojlanishi jiddiy cheklangan joyda mahalliy aholi o‘z taraqqiyotini o‘zi boshqarishi mumkinmi?

So‘nggi yillarda O‘zbekiston matbuotda keng aks sado berayotgan, mamlakatga milliardlab dollar xorijiy investitsiyani jalb etayotgan islohotlar o‘tkazish yo‘liga kirdi.

Ammo mamlakat ko‘plab jiddiy muammolarga duch kelishda davom etmoqda. Bu muammolar keng ko‘lamli korruptsiya avj olgani, hayotiy muhim xizmatlar va infratuzilmalarga investitsiya kiritilmaganiga uyg‘un ravishda hukumatning o‘nlab yillik e'tiborsizligi oqibati hisoblanadi.

Toza ichimlik suv, elektr energiyasi va isitish tizimiga ega bo‘lish kabi insonning asosiy huquqlari O‘zbekistonning ko‘plab fuqarolari uchun hamon sarobligicha qolmoqda.

Prezident Mirziyoev boshlagan islohotlar yo‘li foydali biznes imkoniyatlar, shuningdek, o‘ta zarur ish o‘rinlari yaratish uchun katta salohiyatni yuzaga chiqaradi va o‘zbek xalqi farovonligiga xizmat qilishi mumkin.

Ammo islohotlarni amalga oshirish jarayoni aksar hollarda hozircha mahalliy aholi va fuqarolik jamiyatining faol ishtirokini ko‘zda tutmayapti.

Umuman, oddiy kishilar hali ham bu jarayondan chetda qoldirilgan. Yaqinda bo‘lib saylov (unda YeXHT kabi xalqaro tashkilotlar kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi) O‘zbekiston demokratiya sari hali uzoq yo‘lni bosib o‘tishi kerakligini ko‘rsatgani ham buni tasdiqlaydi. 

Biroq bu holatlar mamlakatga taraqqiyotga ko‘maklashuvchi banklar tomonidan investitsiyalar kiritilishiga to‘siq bo‘la olmayapti. Erta ogohlantirish huquq himoyasi tizimi (Early Warning System) ma'lumotlariga ko‘ra, 2019 yil yanvardan buyon oltita bank O‘zbekistonga qo‘shimcha 5,5 milliard AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish niyatini bildirgan.

Bu sarmoyalar energetikadan tortib transport infratuzilmasi, suv ta'minoti va melioratsiya kabi turli tarmoqlar uchun mo‘ljallangan.

Investitsiyalarning katta qismidan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonning bozor iqtisodiyotiga o‘tishi jarayonida foyda ko‘rib qolishga qaratilgan.

Aftidan, ushbu loyihalarning kamroq qismi mahalliy aholi va fuqarolik jamiyati vakillarining taraqqiyot jarayonida ishtirokini kuchaytirishga, ularning barqarorligi va samaradorligini yaxshilashga ko‘maklashishga yo‘naltirilgan.

Mahalliy aholi va fuqarolik jamiyatini taraqqiyot loyihalariga jalb etish bo‘yicha jahon tajribasining ko‘rsatishicha, loyihalarni bu kishilar ishlab chiqsa va amalga oshirsa, ular mahalliy tajriba va bilimlarni qo‘llashi mumkin. Bu esa salbiy oqibatlardan qochish va mahalliy aholi uchun ustuvor bo‘lgan masalalarni hal etadigan loyihalardan barqaror foyda olish imkonini beradi.

Boshqacha aytganda, maqbul muhitda mahalliy aholi ishtiroki va yetakchiligida amalga oshiriladigan taraqqiyot loyihalari inson huquqlari himoya qilingan va odamlarning o‘z istiqbolini qanday ko‘rishiga muvofiq keladigan hayotiy orzu-istaklarini amalga oshiradigan taraqqiyot modeli yaratilishini ta'minlashi mumkin. 

Taraqqiyotga ko‘maklashuvchi banklarning O‘zbekistondagi investitsiya loyihalarining juda kam qismida fuqarolik jamiyati ishtiroki mavjud.

Banklarning bu ishtirokni kengaytirishga qiziqishi mahalliy aholining o‘z taraqqiyoti jarayonlarini boshqarish salohiyatini kuchaytirish uchun qimmatli imkoniyatlarni taqdim etadi. 

2019 yil noyabrda Jahon banki O‘zbekistonning “Obod qishloq” dasturiga 100 million AQSh dollari miqdorida investitsiya ajratdi. Mamlakat infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan bu yirik dasturni hukumat 2018 yildan amalga oshira boshlagandi.

Jahon bankining “Obod qishloq” nomli bu loyihasi “mahalliy aholi ishtirokidagi va yetakchiligidagi taraqqiyot modeli” tamoyiliga asoslangan. Loyihaning maqsadi mahalliy aholi ishtirokidagi taraqqiyot jarayonlari uchun namuna yaratish va keyin undan O‘zbekiston hukumati o‘zining yanada keng ko‘lamli dasturlarida foydalanishi uchun zamin hozirlashdir.

Agar kutilganidek amalga oshirilsa, bunday loyiha issiqlik tizimi va toza ichimlik suvsiz yashayotgan minglab o‘zbekistonlikning hayot tarzini tubdan o‘zgartirishi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ishsizlik ko‘rsatkichlari o‘sib borayotgan mamlakatda juda ko‘p ish o‘rinlari yaratishga ko‘maklashishi mumkin. 

Xo‘sh, muammo nimada?

Afsuski, islohotlar o‘tkazish uzoq jarayon. Chunki eski odatlardan voz kechish qiyin. Buning ustiga, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati va mahalliy aholi faoliyati hali ham yo‘q yoki juda cheklangan.

Jahon banki kabi taraqqiyotga ko‘maklashuvchi moliya institutlari demokratik tamoyillarga rioya etilishi ustidan yetarlicha nazorat bo‘lmagan va yalpi korruptsiya urchigan mamlakatda biznes yuritish tavakkalchiligidan yaxshi xabardor.

2017 yilda O‘zbek forumi (o‘sha paytdagi O‘zbekiston-Germaniya forumi/UGF) va “Human Rights Watch” inson huquqlari tashkiloti qo‘shma hisobot e'lon qilgan edi. Unda Jahon banki guruhi investitsiyalarining majburiy mehnatdan foydalaniladigan paxta yetishtirish bilan bog‘liqligini ko‘rsatuvchi dalillar taqdim etilgandi.

Natijada muntazam axborot-targ‘ibot faoliyati va jamoatchilik bosimi ostida Jahon bankining o‘sha paytdagi prezidenti Jim Yon Kim prezident Mirziyoevni majburiy mehnatdan foydalanishga chek qo‘yishga chaqirgandi.

Tez orada 200 ming talaba va tibbiyot xodimi dalada ishlashdan ozod etilgan. Bu esa yirik moliya muassasalari vaziyatni yaxshilash uchun qanday ta'sir ko‘rsata olishini namoyon etdi. 

O‘zbekiston hukumati “Obod qishloq” dasturini amalga oshirishga kirishganidan buyon hashar bahonasida qurilish va ta'mirlash ishlarida majburiy mehnatdan foydalanilayotgani to‘g‘risida ko‘plab hisobotlar e'lon qilindi.

Jamoat ishlariga “hashar” tamg‘asini tushirgan mahalliy amaldorlar yangi va haq to‘lanadigan ish o‘rinlari yaratish o‘rniga davlat va xususiy korxonalar xodimlarini ko‘pincha og‘ir va xavfli sharoitlarda haq to‘lanmaydigan ishlarga majburan jalb qildi. 

Bugungi kunda yangi qurilish loyihalari uchun joy ajratish maqsadida aholini o‘z uyidan majburan ko‘chirish, tegishlicha ogohlantirmaslik va yetarlicha tovon puli bermaslik holatlari haqida ko‘plab xabarlar tarqalyapti.

2018 yilda Samarqand viloyatida yosh o‘qituvchi Diana Yenikeevaning fojeali o‘limi jamoatchilik orasida katta aks-sado berdi. Bu fojea Diana kabi byudjet sektori xodimlarini haq to‘lanmaydigan majburiy mehnatga jalb etish keng tarqalganini oshkor etdi.

Maktabda o‘z vazifalarini bajarish o‘rniga hamkasblari bilan katta yo‘l chetini tozalashga jalb etilgan Dianani yuk mashinasi urib ketgandi.

2019 yilda O‘zbek forumi va “Solidarity Centre” O‘zbekistonda, jumladan, “Obod qishloq” dasturida byudjet sohasi xodimlarining majburiy mehnatidan foydalanilayotganiga oid qo‘shma hisobotni e'lon qilgan edi.

“Obod qishloq” dasturini amalga oshirish bilan bog‘liq xavf aniq ko‘rinib turibdi, hujjatli guvohliklar bilan tasdiqlangan va ko‘pchilikka ma'lum. 

O‘zbekiston o‘z tarixining mazkur sahifasini yopishga intilayotganiga qaramay, bu amaliyot hokimiyatning viloyat, tuman va mahalliy darajasida, ya'ni Jahon banki o‘zining “Obod qishloq” yangi loyihasini amalga oshirish jarayonida tayanayotgan davlat apparatining o‘zida davom etmoqda.  

Jahon banki “mahalla fuqarolari yig‘inlari” yaratilishi ushbu loyiha ta'sirida bo‘lgan mahalliy aholining ehtiyojlari va muammolarini hisobga oladigan umumiy safarbarlikni ta'minlaydi, deb hisoblaydi.

Ammo mahalla o‘z mazmun-mohiyati bilan tarixan davlat hokimiyati bo‘g‘inlariga xizmat qilib kelgan mahalliy boshqaruv organidir. Garchi mahalla qo‘mitalari a'zolari rasman saylansa-da, ularning nomzodlari hokimlar yoki mahalliy amaldorlar tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Ular mahalliy aholi oldida qator majburiyatga ham ega. Masalan, pensiya va ijtimoiy nafaqalar to‘lashda mahalla qo‘mitasi ishtiroki borligi ularning mahalliy aholi ustidan sezilarli hukmronligiga sabab bo‘ladi. 

2019 yil dekabrda bo‘lib o‘tgan saylov natijalari bo‘yicha YeXHTning dastlabki hisobotida: “…mahalla qo‘mitalari a'zolarining saylovni va mahalliy aholining kundalik turmushini boshqarishning ko‘plab jihatlariga aralashuvi ularning mustaqil kuzatuvchi bo‘la olishini shubha ostiga qo‘yadi”, deyiladi. 

Hisobotda yana aytiladi: “Mahalladan bo‘lgan kuzatuvchilar ovozlarni sanash jarayonlariga aralashdilar va boshqardilar, ayrim holatlarda esa ovozlarni sanashda bevosita faol ishtirok etdilar”.

Aslida esa, 2020 yil fevral oyidagi ma'lumotlarga ko‘ra, “bu fuqarolar yig‘inlari” endi rasman Mahalla va oilalarni qo‘llab-quvvatlash vazirligining tarkibiy qismi hisoblanadi. 

Ushbu muammolar ildizi aynan shunda yashiringan. O‘zbekiston kabi avtoritar mamlakatda hokimiyat, nazorat va javobgarlikning mustaqil institutlari yo‘qligi fuqarolarni va mahalliy aholini ko‘pincha qonun talablari emas, pora bilan ish ko‘radigan mahalliy amaldorlar changalida qoldiradi.

Aynan shuning uchun Jahon banki va taraqqiyotga ko‘maklashuvchi boshqa banklar bu jarayonlarga davlat amaldorlari bilan bir qatorda fuqarolik jamiyati vakillarining real va samarali ishtirokini ta'minlashi muhim hisoblanadi.

Bu esa fuqarolik jamiyatining mustaqil tashkilotlariga halokatli ta'sir ko‘rsatadigan va norozilarni ovozini o‘chirishga majburlaydigan mamlakat uchun eng qiyin masaladir.

Bu fikrlar va tavsiyalar Osiyo taraqqiyot bankining rivojlanish jarayonlari samaradorligini ta'minlash maqsadida fuqarolik jamiyati ishtirokini kengaytirish bo‘yicha loyihasiga ham, kamroq ko‘lamda bo‘lsa-da, taalluqli.

Loyiha OTB faoliyatida fuqarolik jamiyati ishtirokini kengaytirish maqsadida texnik ko‘mak ko‘rsatuvchi grant shaklidadir. U OTBning boshqa loyihalarida “salohiyatni kuchaytirish” bo‘yicha faoliyat yuritish uchun fuqarolik jamiyatining ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotlari vositasida amalga oshiriladi.

Ammo O‘zbek forumi ma'lumotlariga ko‘ra, fuqarolik jamiyatining muhim mustaqil tashkilotlari hali ham ro‘yxatdan o‘tishda turli byurokratik to‘siqlarda duch kelmoqda, shuningdek, o‘z faoliyati uchun ko‘pincha ta'qib va tazyiqlar qurboniga aylanmoqda.

Bundan tashqari, loyiha hujjatlarida keltirilgan chora-tadbirlarda loyihaning aholi uchun oqibatlari haqida deyarli hech narsa aytilmagan yoki qisman eslatib o‘tilgan.

Masalan, Toshkent viloyatida suv ta'minoti tizimini rivojlantirish bo‘yicha ikkinchi loyiha doirasida 68 ta oila o‘zlariga tegishli yer uchastkalaridan butunlay ajraladi.

OTBning fuqarolik jamiyatini jalb etish bo‘yicha tadbirlari esa bor-yo‘g‘i “mahalliy aholining suv iste'moli va sanitar-gigienik me'yorlarga rioya etish masalalari bo‘yicha xabardorligini oshirish kampaniyasi” bilan cheklanadi.

Bu kabi holatlar fuqarolik jamiyati vakillarining loyihalarda faqat nomigagina ishtirok etishi hamda mahalliy aholining oxir-oqibat o‘zlarining hayotiga ta'sir ko‘rsatadigan rivojlanish jarayonlarini ishlab chiqish, ishtirok etish va boshqarishining real imkoniyatlari o‘rtasidagi tafovutni yaqqol namoyon etadi.

Taraqqiyotga ko‘maklashuvchi banklar O‘zbekiston fuqarolik jamiyatining rivojlanish loyihalarida ishtirokini nomiga emas, amalda ta'minlash uchun ba'zi ishlarni bajarishlari kerak.

Buning uchun, avvalo, hozir O‘zbekiston fuqarolik jamiyatining ta'qiblardan qo‘rqmasdan bu jarayonlar ishtirokchisi bo‘lish imkoniyati cheklangani va yo‘qligini ochiq tan olish, shuningdek, javobgarlikdan qochish uchun mavjud tuynuklarni bartaraf etish etish choralarini ko‘rish kerak.

Afsuski, tizimdagi kamchiliklar bilan bir qatorda taraqqiyotga ko‘maklashuvchi banklarning o‘zidan loyihalar haqida axborot olishda muammolar bor. Bu esa banklar loyihalarida fuqarolik jamiyatining samarali ishtirokini ta'minlashga to‘sqinlik qilmoqda.

Bugungi kunda Jahon bankining “mahalliy aholining ishtiroki va yetakchiligida” amalga oshirilishi aytilgan qishloqlarni obodonlashtirish loyihasi o‘zbek tilida hech qanday loyiha hujjatlarini ochiqchasiga taqdim etgani yo‘q. OTBda misolida ham xuddi shunday.

O‘zbek forumi va IAP ning bir necha so‘rovlariga qaramay, Jahon banki shu paytgacha o‘zbek tilidagi loyiha hujjatlarini ochiqlamadi. 

Mahalliy aholiga rivojlanish loyihalari bo‘yicha o‘z qarashlari va g‘oyalarini aytish va amalga oshirish imkoniyati berilishi, fuqarolik jamiyatining yanada keng ishtirokiga ko‘maklashish yo‘li bilan taraqqiyot jarayonlarini boshqarishni mahalliy aholiga o‘tkazishga qaratilgan qarorlar to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadamlardir.

Fuqarolik jamiyati yoki mahalliy aholi uchun hukumatni mas'uliyatga chaqiradigan huquqiy instrumentlar deyarli yo‘q yoki umuman mavjud bo‘lmagan, shuningdek, jarayonlarning samarali ishtirokchisi bo‘lish uchun qulay muhit, ko‘nikma va tajriba shakllanmagan mamlakatlarda taraqqiyotga ko‘maklashuvchi banklar loyihalarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyatiga ustuvorlik berish va inson huquqlarini himoya qilishdagi tavakkalchiliklarga jiddiy e'tibor qaratishi zarur.  

BMTning tinch yig‘ilish va uyushish erkinligi huquqi masalalari bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Maina Kiay 2019 yil iyul oyida quyidagi fikrlarni aytgan edi:

“Qo‘rquv va tahdid muhiti sabablimi yoki mustaqil guruhlarning moliyalashtirilishini cheklaydigan qonuniy me'yorlar tufaylimi, kishilarning yig‘ilish va uyushish huquqlariga to‘siq qo‘yilsa, jamiyatning qashshoq qatlami ehtiyojlarini haqiqatan ham qoniqtiruvchi taraqqiyot dasturlarini ishlab chiqishning imkoniyati yo‘q”.

Bu so‘zlar aynan bugungi O‘zbekiston uchun avvalgidan-da dolzarbroqdir. 

Ushbu maqola O‘zbek inson huquqlari forumi va Xalqaro mas'uliyat loyihasi (International Accountability Project (IAP) hammuallifligida erta ogohlantirish huquq himoyasi tizimi bo‘yicha loyiha (Early Warning System)ning bir qismi sifatida tayyorlandi. 

Tag‘in o‘qing
1 avgust 2024
Eltuz Portaliga navbatdagi beshta maktub O‘zbekistonning Curxondaryo, Toshkent, Andijon, va Sirdaryo viloyatlaridan kelgan. Dastlabki murojaat Surxondaryoning Sariosiyo tumanidan. Maktubdan ayon bo‘lishicha maktab direktori o‘qituvchilarning tinchini bermayotgan ekan.  “Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidan murojaat yo‘llayapmiz. 2-sonli ...
19 yanvar 2021
O‘zbekiston rasmiylarining bildirishicha, 2017 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda chaqaloqlarni sotish va sotib olish bilan bog‘liq 185 ta holat ...
11 yanvar 2021
Surxondaryoda hayvonot bog‘i xodimlari kiyik go‘shtini Yangi yil dasturxoniga tortmoqchi bo‘lishgani borasidagi ayblovlarni Termiz shahri prokuraturasi o‘rganmoqda.  Prokuratura “Eltuz” ...
3 noyabr 2023
Charx avzoyi bu dam avvalgilarg‘a o‘xshamas, Kotibu davru raqam avvalgilarg‘a o‘xshamas, Endi inson qadri ham avvalgilarg‘a o‘xshamas, Ko‘nglum ichra ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...