Asosiy mavzular
29 oktyabr 2020

O‘zbekiston Qirg‘izistonning inqilob ortidan almashgan hokimiyatini vahimasiz qabul qildi

Qo‘shni mamlakatlarda bo‘ladigan inqiloblarni xushlamaydigan O‘zbekiston 2010 yil aprelda Qirg‘iziston prezidenti Qurmanbek Baqiev hokimiyatdan chetlatilishini ham sovuq qabul qilgandi. 

O‘zbekistonning marhum rahbari Islom Karimov Baqiev hokimiyatdan ag‘darilganidan ikki hafta o‘tmasdan Moskvaga tashrifi chog‘ida rossiyalik hamkasbini Qirg‘izistondagi tartibsizliklar “chegaradosh respublikalar manfaatlariga umuman to‘g‘ri kelmaydi”, deya xavotirga solgan edi. 

Karimov har doim o‘z aholisini barcha zaruriy choralar yordamida jilovlay olmaydigan hukmdorlarga nisbatan nafrat ko‘zi bilan qaragan.

Garchi bu safar Toshkent u qadar vahimaga tushmasa-da, hayron qoldi. 9 oktyabr kuni O‘zbekiston Qirg‘izistonni tinchlik va barqarorlikka chaqirgan Markaziy Osiyoning yana uchta davlatiga qo‘shildi.

Ammo 15 oktyabr kuni Sadir Japarov qirg‘iz deputatlari bilan janjallashib, o‘zini bosh vazir qilishga muvaffaq bo‘lganidan bir kun o‘tib, u o‘zbek hamkasbi Abdulla Aripovdan tabrik xati olgandi.

Hokimiyatni qo‘lga olganlar bilan ishlash niyatining ushbu tezkor ifodasi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ustuvor ahamiyat kasb etgan nihoyatda amaliy pragmatik yaxshi qo‘shnichilik siyosatining yaqqol dalilidir.

Iqtisodiy munosabatlar muhim ahamiyatga ega

Karimov vafot etgan 2016 yilda qirg‘iz-o‘zbek savdosi hajmi 50 million dollarni tashkil etgandi. 2019 yilga kelib bu raqam 818 millionga yetdi va davom etayotgan pandemiya inqiiroziga qaramay, O‘zbekiston ushbu ko‘rsatkichni saqlab qolmoqchi.

Chegara punktlarida vaqti-vaqti bilan mojarolar chiqib turgan bo‘lsa-da, murakkab hududiy muammolarni hal qilish uchun muhim qadamlar qo‘yildi. So‘nggi paytlardagi muloqot yangi aloqalar va transport yo‘nalishlarini yaratish bilan ko‘proq bog‘liq. 

O‘zbekiston hattoki Qirg‘izistonning yuqori qismida GESlar qurishda yordam berishi mumkinligi haqida taklif kiritdi. Bu Karimov davrida mutlaqo mumkin emas edi.

Tarixchi Nigora Hidoyatovaning “Eurasianet”ga aytishicha, mintaqadagi muloqotlarning kuchayayotgani o‘zaro dushmanlik o‘rniga hamkorlik masalasi tobora dolzarblashib borayotganini anglatadi.

“Yaqin kelajakda Markaziy Osiyo mamlakatlari suv tanqisligi muammosini hal qilishni boshlashadi”, dedi Xidoyatova.

Biroq Qirg‘izistonda rahbariyatning o‘zgarishi mamlakatdagi etnik o‘zbek jamoasi uchun nimani anglatishi mumkinligidan xavotir mavjud.

2010 yil aprel tartibsizliklaridan keyin o‘sha yilning iyun oyida Qirg‘iziston janubida yuzlab o‘zbeklar etnik zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan edi. O‘shning o‘sha paytdagi hokimi Melisbek Mirzakmatov bu voqeadan zarracha ham achinish his qilmadi. 

U etnik o‘zbeklar hamjamiyati ajralib chiqib, o‘sha hududning O‘zbekistonga qo‘shilishni xohlamoqda, degan yolg‘on da'volarga ishora qilib, keyinchalik “o‘zbeklar Qirg‘iziston suverenitetiga hujum qildi, ammo biz ularga qarshi kurashdik”, deyishgacha bordi.

Mirzakmatov 2013 yil oxirida ishdan bo‘shatilganidan keyin Qirg‘izistondan chiqib ketib, mansab vakolatini suiiste'mol qilish ayblovi bilan sirtdan yetti yillik qamoq jazosidan qochdi. Ammo shu oy boshlangan tartibsizliklarda yuzlab tarafdorlarini qahramondek qarshilash uchun sobiq mer O‘shga qaytib keldi.

Garchi 2010 yilgi sahnalar takrorlanishi mumkin emas, degan xotirjam fikr mavjud bo‘lsa-da, uning qaytishi o‘zbek jamoatchiligida bezovtalik to‘lqinini keltirib chiqardi.

“O‘ylaymanki, o‘zbeklar ham, qirg‘izlar ham O‘sh millatlararo mojaroning yana bir alangalanishidan omon qololmasligini yaxshi bilishadi”, dedi “Eurasianet” nashriga 2010 yilda 34 yoshda bo‘lgan o‘shlik Ibrohim Yangiboev.

Kichkina bosmaxonaga ega bo‘lgan Yangiboevning aytishicha, u vatani Qirg‘izistonda tinch yashashni istaydi. Biroq u fitnachilar tahdidini istisno qilish mumkin emasligini tan oldi.

“Biz shimol va janub (Qirg‘iziston) to‘qnashuvi va o‘z muammolarini o‘zbeklarga yuklamoqchi bo‘lgan fitnachilarni endi ko‘rayotganimiz yo‘q”, dedi u.

Bugun shunday to‘polon chiqsa, O‘zbekiston qanday munosabatda bo‘ladi, degan masala ko‘pchilikni qiziqtiradi. 

Karimov 2010 yil iyun oyida vatandoshlarining ahvoliga umuman befarq qarab, har qanday aralashuv va qon to‘kilishini to‘xtatishga bo‘lgan chaqiriqlarga qarshilik ko‘rsatgani aytiladi. Bunday aralashuv Qirg‘iziston xavfsizligi kafolati bo‘lgan Rossiyani harakatga keltirib, yanada noaniqlik tug‘dirishi mumkin edi.

O‘shandan beri o‘zgargani shu bo‘ldiki, O‘zbekistondagi ommaviy munozaralar biroz erkin tus oldi. Karimov aralashuv haqidagi har qanday suhbatga toqat qilmagan esa-da, bugun vaziyat u vaqtdagidan ancha farq qiladi.

Ammo tarixchi Ravshan Nazarovning fikricha, Mirziyoevning Karimovdan boshqacha harakat qilishi ehtimoldan yiroq.

“U qo‘shin yuborolmaydi. Ko‘ngillilarning kirishiga ruxsat berishiga kelsak, u buni ham uddalay olmaydi. Demak, biz yana qochqinlarni qabul qilamiz va tinchlikka chaqiramiz ”, dedi Nazarov.

Poraxo‘rlik daryosi

Qirg‘iziston muammolari ikki tomonlama hamkorlikning yana bir qiziqarli yo‘nalishiga e'tiborni tortadi, garchi u noqonuniy xususiyatga ega bo‘lsa ham.

7 oktyabr kuni raqib fraktsiyalar Bishkekda hokimiyat talashayotgan bir paytda O‘sh viloyatidagi Qorasuv tumani rahbari bo‘lgan Tilek Matraimov Qirg‘izistondan O‘zbekistonga o‘tayotganida chegarachilar tomonidan ushlandi. 

Yangilik ko‘pchilikning e'tiborini tortganiga sabab shuki, u keng ko‘lamli kontrabanda faoliyatidan olingan pulga hokimiyat va ta'sir kuchini sotib olgan sobiq yuqori lavozimli amaldor Raimbek Matraimovning ukasi edi.

Matraimovning biznesi O‘zbekiston bilan chambarchas bog‘liq. Chunki aynan uning ishtirokida Xitoy tovarlarini Qirg‘izistonga noqonuniy ravishda, bojsiz, pora evaziga olib o‘tish amaliyotlari bajarilgan.

Logistika kompaniyasiga tegishli bo‘lgan 600 ga yaqin mashina Toshkentdagi ulkan “Abu Saxiy” bozoridan chiqib, har oy Xitoyning Shinjon mintaqasidan Qirg‘iziston orqali yuk tashigan, deya xabar beradi jurnalistik surishtiruv guruhlari konsortsiumining asosiy guvohlaridan biri.

“Ozodlik” radiosining qirg‘iz xizmati, Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiya haqida xabar berish loyihasi va Bishkekning Kloop veb-sayti 2019 yil noyabr oyidagi hisobotida ta'kidlashicha, “(Abu Saxiy) bozorini boshqaradigan kompaniya marhum prezident Islom Karimovning qizi Lola Karimovaga uylangan shubhali tadbirkor Timur Tillaevga uzoq yillar davomida tegishli edi”.

Tillaev ham O‘zbekiston tomonining shubhasiga tushgan. 2018 yil mart oyida “O‘zbekiston 24” davlat telekanali “Abu Saxiy” 2016-2017 yillarda 55 million dollargacha miqdordagi soliqni to‘lashdan bo‘yin tovlashda ayblangan reportajni namoyish qildi.

Raimbek Matraimov shu hafta boshida Bishkekda hibsga olingan edi. Ammo tergovchilarning unga shu qadar oddiy munosabatda bo‘layotganini hisobga olsak, yaqin orada uning ishi yakun topadiganga o‘xshamaydi. Biroq manfaatdor guruhlar, ta'sir doiralar va klanlar atrofidagi dramalar, ehtimol, keng kartinaga unchalik ta'sir qilmaydi.

Siyosiy faol Po‘lat Oxunovning aytishicha, kadrlar almashinuvidan qat'i nazar, O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlarining yo‘nalishini jiddiy o‘zgartirish uchun hech qanday sabab yo‘q.

“Mirziyoev iqtisodiyot yoki chegara bilan bog‘liq har qanday muammolar  muzokaralar stoli oldida hal qilinishi mumkinligini anglaydigan siyosatchi”, dedi u.

Maqola originali Eurasianet nashrida bosilgan. “Eltuz” tarjimasi

Tag‘in o‘qing
11 fevral 2023
O‘zbekistonda paxta yetishtiruvchi fermerlar tuzgan mustaqil kooperativlar faoliyati amaldorlar amri va qonunni o‘zboshimchalik bilan qo‘llash yo‘li bilan to‘xtatilmoqda. 2019 ...
7 noyabr 2016
Vazirlar maxkamasining 7 oktyabr qaroriga asosan Toshkentda ko‘plab uy egalari va ijarada turuvchilar tekshirilayotgani bildirilmoqda. O‘zbekistonning rasmiy O‘zA agentligi ...
6 yanvar 2017
Farg‘ona viloyati bosh nashri “Farg‘ona haqiqati” soliq, oqava suv va elektr energiyasidan qarzdorlar ro‘yxati va mavzuga oid maqolalarni e'lon ...
27 aprel 2023
Xivada 1920 yilning 27 aprelida Xorazm Respublikasini tuzish bo‘yicha ta'sis qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoyda ko‘p yillardan buyon «Xiva» shaklida ishlatilib ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...