Asosiy mavzular
30 dekabr 2020

Tezakdan najot topgan el

Xalq hukumatning isitish mavsumiga shu qadar sust tayyorgarlik ko‘rganidan g‘azabda. Rasmiylar esa bunga javoban vaziyat haqida xabar berishga urinayotganlarni to‘xtatish yoki tahdid qilish bilan band.

– Tezak bilan bog‘liq muammo shundaki, u ko‘mir kabi yonmaydi, – deydi Qashqadaryo viloyatidagi To‘rtog‘ayni qishlog‘ida yashovchi 59 yoshli Mavjuda Usmonova. – Cho‘g‘i uzoq vaqt turmaydi. Uzog‘i bilan yarim soatga yetadi. Shu bois, pechkaga tez-tez tezak tashlab turish uchun kechasi ikki-uch marta turaman, aks holda xona soviydi. Nabiralarim sovuqda qolishidan qo‘rqaman.

Bu yil qish mavsumi O‘zbekistonda ayniqsa qiyin kechmoqda. Noyabrdayoq harorat noldan pastga tushdi. Hali gaz tarmog‘iga ulanmagan qishloqlarda vaziyat juda og‘ir, bunga Usmonova yashaydigan joy misoldir. Tezak ular uchun najotdir.

Deyarli har bir qishloq oilasida sigir, qo‘y yoki echki bor. Sigirlar eng yaxshi yoqilg‘i manbasidir. Odatda tezak tayyorlash bilan ayollar shug‘ullanadi. Hozir tezakni g‘isht shaklida tayyorlash urf bo‘lgan. 

“Eng yaxshi go‘ng g‘ishtlarining o‘lchamlari 15 smdan 20 smgacha bo‘ladi. Bu pechka, o‘choq yoki tandir uchun mos keladi. Ba'zan ko‘mir bilan aralashtiramiz, agar bor bo‘lsa. Ammo ko‘pincha biz go‘ngni ko‘mirsiz ishlatamiz”, deydi Usmonova.

Bu yil oila uch tonnaga yaqin go‘ngdan tezak tayyorladi, bu juda yaxshi miqdor.

Usmonovaga yaqin joydagi Qishliq qishlog‘ida yashovchi 62 yoshli Abduvali Mingishevning aytishicha, uning oilasi g‘isht tayyorlash uchun qoliplardan foydalanadi.

“Biz hayvonlarning suv va somon bilan aralashtirilgan go‘ngini qoliplarga solamiz. Quriganidan so‘ng uni ishlatish tezak juda qulay”, dedi u Eurasianet nashriga.

Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida yashovchi 65 yoshli Qurbon Navro‘zov tezakni boshqacha usulda tayyorlaydi.

“Biz chorva mollari go‘ngini suvda pishitib, so‘ngra tsellofan paketlarga solamiz. 20-25 kun davomida quyoshda turadi. Keyin paketlarni yirtib tashlab, tayyor mahsulotni omborda saqlaymiz”, deydi Navro‘zov.

Navro‘zovga fermer xo‘jaligining burchagida chorva va parrandalar uchun og‘ilxona joylashgan. Undan sal naridagi kichik joyda tezak tayyorlanadi. Hudud go‘ng, somon, plastmassa idish va qoplar bilan to‘lib-toshgan. 

“Bizning tezak qiluvchilarimiz bor. Ular bizni ochlik va sovuqdan himoya qiladi”, dedi Navro‘zov xijolat tortib.

Ushbu ibtidoiy yoqilg‘ini yaratish san'ati Sovet Ittifoqi parchalanishi bilan qayta tiklandi.

“Sovet Ittifoqi yo‘q bo‘lgach, gaz ham yo‘q bo‘lib ketdi, – dedi Usmonova. –  Bungacha biz tezak nimaligini deyarli unutgan edik. Uning qanday yasalganini faqat ona va buvilarimiz aytib berishi mumkin edi. Men ajdodlarimizning bilimlariga qayta yuzlanishimizga to‘g‘ri kelishini tasavvur ham qilmagandim”.

Yoqilg‘i ishlab chiqarish mahorati bu yil, ayniqsa, zarur. Sovuq shamollar oktyabr oyining o‘rtalaridan Rossiyadan janub tomon yo‘naldi. Noyabr boshlarida sovuq shamol va to‘satdan kuchli qor yog‘ishi milliy gaz ta'minoti va elektr tarmog‘iga jiddiy ta'sir ko‘rsatdi. Ba'zi joylarda havo harorati -14 darajagacha tushdi.

Ko‘plab restoran va choyxonalarda gaz ta'minoti uzilib qoldi. Gaz bosimi pasayishi tufayli Ohangaron va Quvasoy shaharlaridagi yirik tsement zavodlari ishlab chiqarish faoliyatini to‘xtatdi. Bu esa tsement narxi 5 foiz ko‘tarilishiga olib keldi, deya xabar qildi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi.

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanilik tadbirkor Abdinabi G‘iyosov mahalliy OAVga bergan intervyusida uning 6000 ta jo‘jasi 20 noyabrgacha bo‘lgan uch kunlik vaqt davomida elektr ta'minotidagi uzilishlar tufayli nobud bo‘lganini aytdi. 

G‘iyosov rasmiylarga shikoyat qilganida uning o‘zi muqobil energiya manbalarini qidirib ehtiyot choralarini ko‘rmaganlikda aybdor ekanini aytishdi.

Elektr va gaz ta'minotidagi uzilishlar nafaqat ijtimoiy tarmoqlarda, balki ko‘chalarda ham ko‘plab noroziliklarni keltirib chiqarmoqda. Ba'zi hududlarda olomon tuman va shahar hokimligi binolarini piket qilishdi.

Mahalliy OAV bularning barchasi haqida xabar berganida ular davlat matbuotni tartibga solish organidan go‘yoki “bir tomonlama va hissiyotlar ta'siri ostida” yangiliklarni tarqatish to‘g‘risida dahshatli ogohlantirishlar oldilar. 

Tartibga solish organi agar shunga o‘xshash xabarlar yana tayyorlanadigan bo‘lsa, sanktsiyalar qo‘llanilishi mumkinligi haqida mavhum ishora qildi. 

Juda ko‘p va hech qachon yetmaydigan gaz

Davlat meteorologi Svetlana Sidorovaning ta'kidlashicha, oxirgi marta bundan besh yil oldin O‘zbekistonda bunday ob-havo kuzatilgan bo‘lib, o‘shanda sovuq eng yuqori nuqtasida havo harorati -10 darajagacha tushgan.

“O‘zbekistonda iqlim keskin kontinentaldir, shuning uchun bir necha kun ichida u noldan yuqori haroratga keskin qaytishi mumkin. Ammo biz sovuq ob-havoning boshlanishi haqida hukumat va aholini bir hafta oldin xabardor qildik”, dedi u.

Hukumat ham qattiq qishni kutayotgan edi. Sentyabr oyida prezident Shavkat Mirziyoev hukumat yig‘ilishida bu yil harorat odatdagidan 2-5 daraja past bo‘lishi kutilayotganini aytgandi. Keyin u qo‘shimcha 6 million tonna ko‘mir sotib olishni va oddiy aholini ta'minlash uchun ajratishni buyurdi.

Ayni paytda yonilg‘i bilan ta'minlash tizimining boshqa qismlari ishlamayapti. Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, yanvar-oktyabr oylarida tabiiy gaz qazib olish 40,4 milliard kubometrga yetib, bu 2019 yilning shu davridagiga nisbatan 9,7 milliardga kamdir.

Ammo hukumat gaz tanqisligi yuzaga kelishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirmadi.

Shunga qaramay, bu asosan shahar va obod joylar uchun muammo edi. Ammo aholining beshdan uch qismi, taxminan 20 million kishi qishloqlarda va chekka hududlarda yashaydi.

Usmonovaning qishlog‘i To‘rtog‘ayni har doim ham gaz tarmog‘idan uzilib qolmagan. Odamlar uylariga yoqilg‘i yetkazib berilganiga oid dalillarni hali ham zanglagan temir quvurlardan topish mumkin. Biroq ushbu infratuzilmaning aksariyati metallolom uchun sotilgan.

Yangi mustaqil bo‘lgan va naqd pulga muhtoj mamlakat o‘z gazining katta qismini Xitoy, Rossiya va Qozog‘istonga 90-yillarning boshlarida sotishni boshladi. Aholi esa o‘z holicha tashlab qo‘yildi. Ko‘mir uning o‘rnini bosuvchi edi.

2005 yilda marhum prezident Islom Karimov barchani Toshkent va Farg‘ona vodiysi o‘rtasida avtomagistral bo‘ylab joylashgan Angren ochiq konidan arzon ko‘mir bilan ta'minlash to‘g‘risida buyruq chiqargan edi. Ammo bu yoqilg‘i qishloqlarga yetib borguncha narx ko‘pchilikning imkoni yetmaydigan darajada oshib ketardi.

Ko‘mirga pul sarflash kerakmi yoki yo‘qligini hisoblash ba'zi asosiy buxgalteriya hisobini talab qiladi. 50 kilogramm qopdagi ko‘mirning narxi 120 ming so‘m (12 dollar) atrofida turadi. Bu odatiy ro‘zg‘or uchun uch-to‘rt kunga yetadi. Besh oyga yaqin davom etadigan isitish mavsumi 500 dollar atrofida xarajatlarni keltirib chiqarishi mumkin, bu o‘zbek standartlariga ko‘ra juda katta miqdordir.

Boshqariladigan iqtisodiyot

Isitish mavsumi bir necha o‘n yillar davomida O‘zbekiston rasmiylarini qiynab kelmoqda. Muammoni hal qilish uchun katta mablag‘ sarflanishi hamda keng qamrovli va ulkan islohotlar talab etiladi. Ammo mutaxassislarning aytishicha, tez orada ayrim o‘zgarishlar amalga oshirilishi mumkin.

Siyosatshunos Farhod Mirzaboevning ta'kidlashicha, gaz bozorini liberallashtirish, hech bo‘lmaganda, tarmoqda bo‘lganlar uchun ushbu muammoni yengillashtirishning bir yo‘li bor.

“Agar bizda gaz yetishmayotgan bo‘lsa va (davlatga qarashli) “O‘zbekneftgaz” uni boshqara olmasa, u holda ba'zi bir xususiy kompaniyalar Turkmanistondan olib kelingan gazni yetkazib berishlari va uni bozor narxlarida sotishlari kerak”, dedi u.

Rasmiylar tomonidan qabul qilingan pozitsiya qat'iy inkorga o‘xshab ko‘rinishi mumkin.

Ayni paytda mamlakat bo‘ylab va xonadonlarga gaz yetkazib berish uchun mas'ul bo‘lgan “O‘ztransgaz” korxonasi o‘zbekistonliklar yoqilg‘idan haddan tashqari ko‘p foydalanmoqda, degan fikrda. O‘tgan yili korxona vakili Erkaboy Aliev O‘zbekistondagi iste'molni g‘alati taqqosladi.

“Boshqa (ya'ni rivojlangan) mamlakatlarda bitta fuqaro o‘rtacha 90 kubometr gazdan foydalansa, O‘zbekistonda 400 kubometrga to‘g‘ri keladi”, dedi u jurnalistlarga.

Eurasianet “O‘ztransgaz” matbuot xizmatidan bu ko‘rsatkich qanday hisoblanganini so‘raganda ular javob bera olmadi.

Bularning barchasi Usmonova uchun katta ahamiyatga ega emas. U mamlakatda uning uyini ta'minlash uchun yetarli gaz yo‘qligini biladi, xolos. Uning qulayligi – bahorgacha yetishi kerak bo‘lgan omborda saqlanadigan uch tonna tezak.

“Agar biz gaz tarmog‘iga ulangudek bo‘lsak, men qishga tezak tayyorlash tashvishidan darhol xalos bo‘laman, – dedi u.  – Men shunchaki barcha go‘ngimizni fermerlarga dalalarda o‘g‘it sifatida foydalanishlari uchun beraman”.

Maqola originali Eurasianet  nashrida bosilgan. “Eltuz” tarjimasi

Tag‘in o‘qing
17 aprel 2017
Hurmatli taxririyat, Mushtumning izdoshi bo‘lgan Eltuz, men sizga o‘zim ishlagan «Mushtum» haqida o‘ylarim “Mushtum” kecha va bugun degan ma'nodagi ...
3 iyul 2016
Turkiya aeroportida 28 iyun kechasi uyushtirilgan bombali hujum paytida halok bo‘lgan namanganlik Abrorjon Ustaboev va toshkentlik Muxiddinov Samad Murodovichlar ...
7 dekabr 2015
Omadli biznesmen va O‘zbekistondagi ilk xususiy bankni tashkil qilgan Rustam Usmonov, o‘sha paytlarda hali Toshkentdagi eng oliy kabinetlarga kira ...
24 aprel 2017
So‘nggi ikki hafta davomida o‘zbek televideniesining bosh xabar dasturlari «Davr» va «Axborot»da sezilarli o‘zgarishni kuzatish mumkin. Teleko‘rsatuvlarda garchi, yangi ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...