Asosiy mavzular
22 fevral 2021

O‘lat paytidagi bazm yoki O‘zbekiston prezidentining qarorgohlari haqida

Bosh vazirligida Qorasuv-1 mavzesi tomondagi kamtargina hovlida istiqomat qilgan prezident Shavkat Mirziyoev ayni paytda hashamatli qarorgohlarda yashashni afzal bilmoqda.

Bu haqda yozgan asiaterraning bildirishicha, 2016 yilda vafot etgan prezident Islom Karimov o‘rniga hukmronlikka kelgan Shavkat Mirziyoev negadir undan qolgan Ko‘ksaroy qarorgohida yashashni istamagan. Shundan so‘ng uning uchun yangi qarorgoh qurilishi boshlangan.

Islom Karimov va Shavkat Mirziyoev

Maqola muallifi Aleksey Volosevichning yozishicha, yangi qarorgoh 2017 yil 24 iyulda, Shavkat Mirziyoevning tug‘ilgan kunida ochilgan. U Qibray tumanining Baytqo‘rg‘on qishlog‘ida, poytaxtdan 12 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, maydoni taxminan 8,3 gektar keladi.

“Ozodlik” radiosiga ko‘ra, inshootning ichki pardozi uchun Argentinaning har kvadrat metri 500 dollar turadigan moviy marmari va Swarovski kristallari ishlatilgan. Devor va pol qoplamasining o‘zigagina 1,5 million dollarlik marmar va granit ishlatilgan.

Shavkat Mirziyoevning yangi qarorgohi

O‘sha yilning avgust oyida yangi qarorgoh uchun yo‘lni kengaytirish maqsadida o‘nlab uylar buzilgan, o‘rniga archa ekilgan. Qibray tumani ma'muriyati vakilining “Ozodlik”ka aytishicha, qurilish ishlariga prezidentning katta qizi Saidaning eri Oybek Tursunov rahbarlik qilgan.

Bir yildan so‘ng, 2018 yil iyulda Mirziyoev va bosh vazir Aripovning ko‘rsatmasiga ko‘ra, Toshkent-Chorvoq yo‘li bo‘yicha joylashgan 28 ta shaxsiy dala hovli va uy rasmiy ogohlantirishlarsiz buzilgan. Bu inshootlar hali Islom Karimov davrida Sijjak qishlog‘ida qurilgan, prezidentning Qaynarsoy dala hovlisiga olib boradigan yo‘l bo‘yini “tozalash” maqsadida vayron qilingan.

Karimovning, endilikda Mirziyoevning Sijjakdagi dala hovli qarorgohi

Asiaterraga ko‘ra, O‘zbekistonning ayni paytda qamoqda saqlanayotgan sobiq “malikasi” Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan, Chorvoq suv ombori bo‘yida joylashgan villa ham mamlakatning yangi hukmdori tasarrufiga o‘tgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yildagi qaroriga ko‘ra, bu villaga band solingan va tezgina o‘zlashtirilgan. Vazirlar Mahkamasining 2019 yildagi “O‘zbekiston Respublikasida triatlonni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi maxsus qarori asosida “Sijjak” dam olish zonasi nomi ostida bu villa atrofidagi inshootlar bilan birga imi-jimida shu tashkilot ixtiyoriga tekin o‘tkazib berilgan.

Sijjakdagi dala hovli rezidentsiyasi majmuasining bir qismi

Taqdir o‘yinini qarangki, bu qimmatbaho mulkka egalik qilayotgan Triatlon federatsiyasi rahbari prezidentning kenja kuyovi Otabek Umarovdir. Boz ustiga, hukumat bu o‘quv-mashg‘ulot bazasini moliyalashtirish va saqlab turish xarajatlarini ham davlat zimmasiga yuklagan.

Gulnora Karimova villasi

Asiaterra nashrida aytilishicha, 2020 yil may oyida Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom amaldagi prezidentni onasining boshqa aktivlarini ham o‘zlashtirganlikda ayblab, bu firma, kompaniya, restoran, do‘kon va aktsiya paketlarining ro‘yxatini keltirgan.

Jumladan, bular Perfectum mobile mobil aloqa kompaniyasi, MDS xususiy tibbiy klinikasi va yana boshqa yuqori texnologiyali ikkita xususiy klinika, Toshkentning eng yaxshi go‘shalaridagi 98 ta kvartira, Gabus (qurilish), Usell (mobil aloqa), Paynet (elektron to‘lov), Pepsi-Kola (yaxna ichimlik) kompaniyalari aktsiyalari, Levi’s, Benetton, Quicksilver, Mango kabi brendlar do‘konlari tarmog‘i, 5 ta restoran, zamonaviy jihozlangan 4 ta kinoteatr, 2 ta sport va spa klubi, 20 dan ortiq qurilish maydoni va hokazolardir.

Sijjak yaqinidagi Gulnora Karimova villasi. Aleksey Volosevich fotosi

“Biz dala hovlimiz va boshqa aktivlar xuddi qonunda ko‘rsatilgani kabi ochiq savdoga qo‘yilganini eshitmadik”, degan kichik Islom Karimov.

Bundan avvalroq Gulnora Karimovaning o‘zi 1,2 milliard dollarlik mulki davlat (xususiy emas!) foydasiga musodara qilinganini eslatgandi. U bu mulkning qiymati nega o‘zining faoliyati tufayli mamlakatga yetkazilgan zararni hisoblashda qo‘shilmaganidan taajjub bildirgandi.

Gulnora Karimova villasi

2019 yil iyunda O‘zbekiston Moliya vazirligi Karimovaning so‘zlarini inkor etishga urinib, 2018 yil va 2019 yilning birinchi yarmida bu mablag‘ davlat byudjetiga kelib tushmaganini ma'lum qilgandi va mazkur bayonoti bilan mavjud shubhalarni tasdiqlagandi, xolos.

“Bu mulk hozir kimga tegishli, nega u savdolarga qo‘yib sotilmay, tushgan mablag‘ byudjetga o‘tkazilmayapti? Buni tushuntirib berishga hech kim shoshilayotgani yo‘q.

Agar bu aktivlar davlat foydasiga o‘tkazilmagan,  foydani davlat banklari hisobiga o‘tkazish orqali ommaviy savdolarga qo‘yilmagan bo‘lsa, demak ular ikkinchi marta – bu safar prezident va uning ko‘p sonli yaqinlari tomonidan o‘g‘irlangan bo‘lib chiqyapti”, deb yozadi asiaterra.

Oqsaroy qarorgohi

Maqola muallifiga ko‘ra, Islom Karimovning ikkita qarorgohi – asosiy ish joyi bo‘lgan Oqsaroy va shahar tashqarisidagi Ko‘ksaroy uning vafotidan so‘ng belgilangan maqsadlarda foydanilmayapti.

Oqsaroyda ishlashni istamagan Shavkat Mirziyoev negadir Senatning Mustaqillik maydonidagi binosini ma'qul ko‘rdi. Oqsaroy esa Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy xotira majmuasiga aylantirilgan.

Ko‘ksaroyda esa Shavkat Mirziyoev har zamonda xorijiy davlatlar rahbarlari va mehmonlarni qabul qilayotgani haqida xabarlar bor.

Ko‘ksaroy qarorgohi

Amaldagi prezident ayni paytda o‘zining Baytqo‘rg‘ondagi qarorgohida, ba'zida Qorasuv-1 mavzesidagi uyida yashab keladi. Shu bois, yaqinda bu hovliga tutash to‘qqiz qavatli uyning beshinchi qavatidan yuqorida yashovchilar boshqa joyga ko‘chirilgan. Hovliga qaragan tomondagi derazalar esa yopilib, suvab tashlangan.

Mustaqillik maydonidagi prezident saroyi, ilgarigi Senat binosi (2000-fillar o‘rtalarida bu yerda Navoiy kutubxonasi bo‘lgan)

“Mana, O‘zbekiston prezidenti o‘z vatandoshlaridan xavfsirab, ulardan ana shunday to‘silib yashamoqda. Uning boshqa yaqinlarida ham alohida hashamatli uylar borligiga shubhalanmasa ham bo‘ladi, lekin bu haqda ishonchli ma'lumotlar yo‘q”, deb yozadi asiaterra.

Mirziyoevning Qorasuv mavzeyidagi hususiy uyi

Prezident va yaqinlari shunday kiborlarcha hayot kechirayotgan bir paytda oddiy o‘zbekistonliklarning hayoti maqtanarli emas. Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning yanvar-sentyabr oylarida mamlakatda o‘rtacha maosh 2577 ming so‘m yoki 250 dollarni tashkil etgan.

Hukumat bu uyda yashovchilarni ko‘chirishga qaror qilgan

2020 yil dekabrda O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi oylik iste'mol savati taxminan 2157 ming so‘m ($204 atrofida) ekanini hisoblab chiqdi.

Mamlakatda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori esa 747.300 so‘m ($70,9), yoshga doir pensiya va bolalikdan nogironlik nafaqasi 513.350 so‘m ($48,7), yetarli ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalar va mehnatga yaroqsizlar pensiyasi esa 315.030 so‘m ($29,9)dir.

Prezident qo‘rqmasligi uchun derazalari suvab tashlangan uy

“Nima bo‘lganda ham bu mablag‘ iste'mol savati miqdoridan ancha kam. Bunday holatda prezidentning hashamatli hayotini ta'minlash uchun davlat xarajatlari haddan ortiq ko‘rinadi”, deyiladi maqolada.

Uning muallifi: “Shunday qilib, agar hukmdor shunga o‘xshash qurilishlar qilsa va hech kim unga qarshilik ko‘rsatmasa, bu jihat mamlakatda korruptsion diktatura yoki, oddiy qilib aytganda, o‘g‘rilar hukmronligi o‘rnatilganini anglatadi”, deya xulosa qiladi.

Maqola originali Aziaterra nashrida bosilgan

Tag‘in o‘qing
26 mart 2016
Sud majlisidan chiqayotgan AQSh elchixonasi vakillarini tashqarida Jizzax viloyat televideniyasi muxbirlari Dilmurod Abduraximov va tasvirchi Umid Nosirovlar kutib olishdi. ...
31 dekabr 2018
Prezident Mirziyoevning tovuq, echki boqib, limon ekib daromad topish populistik iqtisodiy-siyosati 2019 yil arafasiga kelib butunlay yo‘qqa chiqdi. Oxirgi ...
23 avgust 2018
Internetda tarqalgan yosh qiz bilan jinsiy aloqa qilayotgan domla videosi tafsilotlari va shaxsi «Eltuz»ga ma'lum bo‘ldi. Video 2017 yili ...
24 oktyabr 2015
N. Imomov Eltuz.com … Musoqul chol har kungidek qirda qishloqni tomosha qilib o‘tirardi. – Buncha hansiraysan? – Qodirboy mallaning ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...