Asosiy mavzular
17 avgust 2021

«Tolibon»ning Afg‘onistondagi dahshatli g‘alabasi

The Economist nashri 15 avgust kuni «Tolibon»ning Afg‘onistondagi g‘alabasi va hukumatning tezda taslim bo‘lishi tahliliga bag‘ishlangan maqola chop etdi. Maqola hokimiyat ag‘darilishiga qadar mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani qasridagi mamlakat tashqarisida kechayotgan reallikdan yiroq osoyishta hayot tasviri bilan boshlanadi.

So‘nggi yillarda Kobuldagi prezident saroyi gavjum va asabiy shahardagi uning arki yoki qal'asi deb nomlanuvchi osoyishta bir hudud bo‘lgan. Unga kirish uchun tashrif buyuruvchilar o‘ta yaxshi qurollangan afg‘on askarlari ko‘rigidagi bir kilometrlik nazorat punktlarini kesib o‘tishlari lozim edi. 19-asrda qurilgan bu muhtasham saroydagi go‘zal bog‘lar bilan o‘ralgan qahvaxonada afg‘on hukumati amaldorlari latte ichishadi va tashqarida, haqiqiy Afg‘onistonda sodir bo‘layotgan siyosatni muhokama qilishadi.

Maqola muallifiga ko‘ra, oxirgi tashrifi chog‘ida unga Milliy xavfsizlik kengashi rasmiylari «Tolibon»ni ancha zaif deya hisoblashlarini bildirishgan.  Bu rasmiylarga ko‘ra, AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan afg‘on armiyasi mag‘lubiyatga uchrashi mumkin emas. Afg‘oniston hukumati hujumga o‘tmayotgani sababini esa ular tinch aholi hayotiga xavf solishni istamasliklari bilan izohlashgan. 

«Ular harbiy g‘alabaga erisha olmaydi, bizning maxsus kuchlarimiz juda kuchli, «Tolibon» faqat urib qochishi mumkin», deya iqtibos keltiradi o‘z suhbatdoshlaridan The Economist nashri muxbiri.

15 avgustda vertolyotlar ark atrofida ucha boshladi, shu tarzda o‘sha amaldorlar evakuatsiya qilindi.  Amerikaning qal'aga o‘xshash elchixonasidagi xodimlari maxfiy hujjatlarni yoqib yuborisharkan, tutun ko‘kka ko‘tarildi.  Prezident Jo Bayden 1975 yilda Saygonda, Amerika elchixonasi binosidan diplomatlarni aeroportga eltish chog‘ida  bo‘lganidek, vertolyotda «odamlarni tomdan olib ketish kabi holatlar bo‘lmaydi»,  deganidan bir oy ham o‘tmadi, deya sharhlaydi maqola muallifi Afg‘onistondagi so‘nggi voqealarni.

Ayni paytda «Tolibon»ning Qatar poytaxti Dohadagi diplomatik vakili Zabihulloh Mujohid taslim bo‘lish bo‘yicha muzokaralar davom etarkan, toliblar shahar tomon yurishini to‘xtatishini aytdi. 2014 yildan beri Afg‘oniston prezidenti bo‘lgan Ashraf G‘ani eng yaqin yordamchilari bilan birga mamlakatni tark etdi. Yigirma yil ichida trillionlab dollarlarga qurilgan Afg‘oniston davlati go‘yo havoga singib yo‘q bo‘lib ketgandek.

Qanday qilib dunyoning eng yaxshi qurollantirilgan va o‘qitilgan 350 ming askari bo‘lgan hukumat bu qadar tez ag‘darildi? Asosan, dushmanlaridan tortib olingan qurol-aslaha bilan qurollangan, askarlari soni 200 mingdan oshmagan «Tolibon» Afg‘onistonning barcha shahar markazlarini bir haftadan ko‘proq vaqt ichida deyarli hech bir qarshiliksiz egallashdi. “Ular mushaklarida yetishmagan kuch-qudratni aqli, qat'iyati va siyosiy zukkoligi bilan to‘ldirgandek tuyuladi”, deya yozadi maqola muallifi.

O‘tgan bir yil davomida Ashraf G‘ani hukumati diplomatlari «Tolibon» kuchlarni taqsimlash to‘g‘risida qandaydir bitimga rozi bo‘lish uchun Dohada muzokara o‘tkazishga majbur bo‘lishidan umid qilgandi.  “Aftidan qo‘zg‘olonchilar bundan ko‘ra G‘anining qo‘li ostidagilar bilan shaharma-shahar muzokaralar olib borish va shu tariqa gilamni shunchaki uning oyoqlari ostidan tortib olish afzalroq ekanini tushunib yetishgan», deya yozadi The Economist nashri muxbiri.

Masalan, Eron chegarasidagi marvarid shahar Hirotda 2001 yili «Tolibon»dan shaharni bosib olgan dala qo‘mondoni Ismoil Xon bir necha kunlik janglardan so‘ng «tinchlik so‘rab» taslim bo‘ldi va asirga olindi.  Ilk toliblar vatani Qandahorda esa hokimning «Tolibon» hamkasbiga hukumatni topshirayotgani manzarasi aks etdi.

Shahar oqsoqollari taslim bo‘lish haqida muzokara qilingach, toliblar Jalolobodga birorta o‘q otmasdan kirishdi.  Bir paytlar 90-yillarda «Tolibon»ga qarshilik ko‘rsatishning tayanch markazi bo‘lgan shimoliy shahar Mozori Sharif ham xuddi shunday taslim bo‘ldi.

Har bir holatda jangarilar taslim bo‘lish evaziga Amerika qo‘llab-quvvatlagan hukumatda xizmat qilganlarni «kechirish» haqida katta va'dalar berishgan.  Qandahorda taslim bo‘lgan sobiq askarlarga «Tolibon» nazorat-o‘tkazish punktlarida ko‘rsatish mumkin bo‘lgan hujjatlar berilgan. Juma kuni kechasi butun shahar bo‘ylab o‘q ovozlari eshitildi.  Aholining aytishicha, o‘qlar asosan bayram sharafiga havoga otilgan.

«Vashington post» gazetasi nima uchun o‘z askarlari «Tolibon»ga qarshilik ko‘rsatmaganini tushuntirgan afg‘onistonlik bir ofitserdan bunday iqtibos keltiradi: «Birodar, agar boshqa hech kim jang qilishni istamasa,  nega men jang qilishim kerak?”

Hukumatdagi moliyaviy inqiroz afg‘on harbiylari ruhiyatining cho‘kishiga olib keldi, davlat xizmatchilari va harbiylar oylab maosh olishmagan.

«Tolibon»ning hokimiyatni egallab olgani nimani anglatadi? G‘alabadan so‘ng rahm-shafqat ko‘rsatilishiga ko‘plab va'dalar berilganiga qaramay, Afg‘oniston intellektual elitasida o‘zlarini xotirjam tutayotganlar juda kam.  Jangarilar Pokiston chegarasida birinchilardan bo‘lib taslim bo‘lgan shahar – Spinboldaqni egallashganidan so‘ng,  iyul oyining oxirida hukumatning o‘nlab tarafdorlari yo‘q qilingani haqidagi ishonchli xabarlar tarqaldi. 

Iyul oyi oxirida Qandahorda jangarilar shahar chekkasini egallay boshlagach, mashhur komediyachi Nazar Muhammadni o‘g‘irlab ketishdi va o‘ldirishdi.  Qandahordan kelgan xabarlarga ko‘ra, qurollangan toliblar uyma-uy yurib, G‘arb hukumatlari uchun ishlagan odamlarni qidirishmoqda. 

So‘nggi haftalarda minglab qochqinlar Kobuldagi bog‘larga yig‘ilishdi. Yuzlab odamlar oxirgi daqiqalarda G‘arb davlatlari tomonidan uyushtiriladigan evakuatsiya umidida viza markazlariga to‘planishdi, deya yozadi maqola muallifi.

«Tolibon»ning Qatar poytaxti Dohada joylashgan siyosiy vakolatxonasi ular 1996 yildan 2001 yilgacha Afg‘onistonni boshqargan, Kobul futbol maydonlarida jinoyatchilarni, jumladan, zino qilgani uchun toshbo‘ron qilib o‘ldirgan qonli teokratlar emasligini aytib bayonot berishdi.  Muzokarachilar islomda, masalan, ayollarga ta'lim berishni taqiqlovchi hech qanday qoida yo‘qligini ta'kidlashdi. 

Biroq Qatar bayonotlari va «Tolibon» qo‘mondonlarining Afg‘onistondagi harakatlari o‘rtasidagi tafovut juda katta.  Xabar qilinishicha, talabalarining 60 foizi ayollar bo‘lgan Hirot universitetida allaqachon ularga uylariga qaytishga buyruq berilgan.  Ayol xodimalarga o‘z ish joylarini erkak qarindoshlariga bo‘shatib berish buyurilgan. 

«Tolibon» qo‘mondonlaridan biri BBCga bergan intervyusida qizlarning ta'lim-tarbiyasi haqida juda aniq gapirgan. «Bizning qishloqda va hududimizda birorta qiz maktabga bormagan…  bunga hech qanday sharoit yo‘q va biz baribir bunga yo‘l qo‘ymasdik», deya iqtibos keltiradi maqola muallifi.

Albatta, Afg‘onistonning ag‘darligan hukumati oddiy afg‘onlarning turmush sifatini yaxshilashda ozroq yutuqlarga erishdi. Korruptsiya hakalak otgan edi va bu, shubhasiz, toliblarning mamlakatni shu qadar samarali egallashlariga asosiy sabablardan biri bo‘ldi.

O‘zbekistonga qochgani aytilayotgan harbiy qo‘mondon va sobiq vitse-prezident Abdurashid Do‘stumning qo‘lga olingan hashamatli uyiga kirayotgan «Tolibon» askarlari tasviri hukumatning qanchalik chiriganini aks ettiradi. Shunga qaramay,  xalqaro yordamlar yomg‘iri ostida hukumat odamlarni o‘qitdi va och qolgan afg‘onlar kam bo‘ldi. 

Elchixonalar yopilib, chet elliklar qochib ketar ekan, mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlagan va bolalarni,  jumladan, qizlarni o‘qitishga yordam beradigan imkoniyatlar endi tugaydi. Buning ortidan tez orada gumanitar falokat kuzatilishi mumkin.

Amerika va uning G‘arbdagi ittifoqchilarining sharmandaligi bundan ortiq bo‘lishi mumkin emas.  O‘z fuqarolarini va chipta olish baxtiga muyassar bo‘lgan bir necha afg‘on ishchilarini evakuatsiya qilish tugagach, G‘arb hukumatlarining «Tolibon» hokimiyatda ekanini tan olishdan boshqa chorasi qolmaydi. 

1990 yillar oxirida «Tolibon» hukumati bir necha mamlakatlar,  xususan, Pokiston va Saudiya Arabistoni tomonidangina tan olingan. Keyin «Shimoliy alyans» – Afg‘oniston shimolida to‘plangan kuchlar ittifoqi «Tolibon» bilan to‘qnash kelgan edi.  Bu safar «Tolibon» birinchi bo‘lib mamlakat shimolini zabt etishni uddalagan edi.

15 avgustga kelib «Tolibon» vakillari allaqachon bir qancha boshqa davlatlar diplomatlari bilan uchrashishga muvaffaq bo‘lishdi. Iyul oxirida toliblar delegatsiyasi Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan uchrashgan edi.  Rossiya elchixonasi Kobuldan evakuatsiya qilinmasligini bildirdi.  Yevropa Ittifoqi toliblar hukumatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olsa,  «izolyatsiya» qiliinishiga va'da bergan edi. Minut sayin bu gaplarning bari ishonib bo‘lmaydigandek tuyulmoqda, deya xulosa qiladi The Economist nashrida chop etilgan maqola muallifi.

Tag‘in o‘qing
5 mart 2020
Samarqand tumani ichki ishlar bo‘limi sobiq tergovchisi, militsiya katta leytenanti 34 yashar Shokir Ashurov DXX xodimlari unga qarshi tuhmat uyushtirib, ...
13 yanvar 2020
Uchko‘prik tumanidagi bir guruh fermerlar prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan klaster tizimi o‘zlarini xonavayron qilayotganidan shikoyat etishdi. Bu muammoni ...
16 dekabr 2015
Ulug‘bek Ashur Eltuz.com Taniqli xonanda Yulduz Usmonova 12 dekabr kuni o‘z tavallud kunida prezident Islom Karimovga bag‘ishlab qo‘shiq yaratgani ...
13 dekabr 2015
2015 yilning 13 dekabrida, Jasliq turmasi mahkumi, huquq himoyachisi A'zam Farmonov 37 yoshga to‘ladi. 2006 yilning aprelida uni hibsga ...
Bloglar
13 oktyabr 2021
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 35-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi ...
5 oktyabr 2021
XIX asr o‘rtalariga kelib Turkistondagi uch mamlakat – Qo‘qon, Xiva va Buxoro xonliklarini uch yirik ...
3 oktyabr 2021
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 33-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi ...