Asosiy mavzular
13 oktyabr 2021

O‘zbek faollari Britaniyadagi torilar partiyasi donorini sudga tortishni so‘ramoqda

O‘zbekiston fuqarolik jamiyatining bir guruh faollari Buyuk Britaniya hukumatini mamlakat fuqarosi Muhammad Amersiga nisbatan Telia-Takilant kelishuvi natijasida u ega bo‘lgan aktivlarni musodara qilish bo‘yicha fuqarolik da'vosi qo‘zg‘ashga chaqirdi.

Bu o‘rinda gap Shvetsiyaning TeliaSonera (Telia ilgari shunday nomlangan) kompaniyasi O‘zbekistonning o‘sha paytdagi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga Takilant Limited kompaniyasi vositasida pora berganiga taqaladi.

Keyinchalik TeliaSonera va Takilant o‘rtasidagi kelishuv Gulnora Karimova uchun 220 million AQSh dollari miqdorida pora olish kanali vazifasini o‘tab bergani aniqlangan.

Ma'lum bo‘lishicha, dastlab TeliaSonera 30 million dollar pora to‘lagan va  TeliaSonera Uzbek (Ucell) kompaniyasining 26% aktsiyasini Takilant Limitedga o‘tkazib bergan. Bu pora O‘zbekistonning yuqori daromadli mobil aloqa bozoriga kirish maqsadida berilgan.

TeliaSonera 2007 yil 24 dekabrda imzolangan kelishuv amalga oshgan taqdirda 2019 yil 1 yanvardan keyin Takilantdan TeliaSonera Uzbekning Gulnora Karimovaga o‘zi pora sifatida bergan 26 foiz aktsiyasini 112,5 million dollarga qayta sotib olish majburiyatini ham olgan.

BBC Panorama dasturida ko‘rsatilgan va 2021 yil 4 oktbyarda The Guardian gazetasida e'lon qilingan maqolada keltirilgan yangi ma'lumotlarga ko‘ra, aynan shu majburiyatning bajarilishida Muhammad Amersi bevosita ishtirok etgan.

O‘zbekiston fuqarolik jamiyati faollarining Britaniya hukumatiga yo‘llagan murojaatida aytilishicha, garchi Muhammad Amersi bu iddaolarni rad etayotgan bo‘lsa-da, mazkur ma'lumotlar huquq-tartibot idoralari tomonidan sinchiklab tekshirilishni talab etadi.

Zero, yangi ma'lumotlar u Karimovaning Takilant offshor kompaniyasi va Telia o‘rtasidagi kelishuvning amalga oshishiga vositachilik qilgani uchun sezilarli miqdorda haq olganidan darak beradi.

“Britaniya hukumati bunday shubhali kelishuvlarga professional xizmatlar ko‘rsatish orqali vositachilik qiladigan huquqshunoslar, buxgalterlar va konsultantlarga aniq ishora beradigan vaqt yetib keldi”, deydi murojaatni imzolanganlardan biri, Berlinda joylashgan O‘zbekiston inson huquqlari forumi direktori Umida Niyozova.

“Markaziy Osiyo kabi mintaqalardagi iqtisodiy va siyosiy tuzilmalarni yemiradigan keng ko‘lamli korruptsiyadan xoh bilib, xoh bilmay foyda olish yoki unga ko‘maklashishga umuman yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, deb ta'kidlaydi Umida Niyozova.

Telia va Takilant o‘rtasidagi kelishuvning korruptsion tusda ekanligi juda ko‘p yurisdiktsiyalarda o‘z tasdig‘ini topgan. Birinchidan, 2016 yil 20 iyulda Amsterdam okrug sudi Takilant kompaniyasini xorijiy davlat amaldorini sotib olishda va pora berish uchun hujjatlarni soxtalashtirishda ishtirok etganlikda aybdor deb topdi.

Bu qarordan so‘ng 2017 yilda sentyabrda Telia Niderlandiya prokuraturasi, AQSh qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi hamda Adliya vazirligi bilan xorijda pora berish ishini hal etish uchun o‘zaro murosa shartnomasini imzoladi.

BBC va The Guardian qo‘lga kiritgan hujjatlar Muhammad Amersining poraxo‘rlik aloqalaridagi ishtirokini tasdiqlaydi. U 2009 yil oxiri va 2010 yil boshlarida TeliaSoneraning Takilant oldidagi majburiyati bo‘yicha muzokaralarda faol qatnashgan.

Bu muzokaralar davomida TeliaSonera rahbariyati Takilant Limitedning TeliaSonera Uzbekdagi 20 foiz ulushini 220 million dollarga sotib olishga rozilik bergan. Bu esa 2007 yil oxirida imzolangan kelishuvdagidan qariyb 100 million dollar ko‘proqdir.

Bu kelishuv muvaffaqiyatli amalga oshirilgani uchun 2010 yilda Muhammad Amersi 500 000 dollar miqdorida gonorar olgan va pul Shveytsariya bankiga o‘tkazib berilgan. Bankdagi mazkur hisob raqami Amersining Britaniya Virgin orollarida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyasi tomonidan nazorat qilinadi.

“Biz janob Amersining aybdorligi masalasiga baho bermagan holda bu masalaga Buyuk Britaniya huquq amaliyoti doirasida aniqlik kiritish lozim, deb hisoblaymiz.

Ammo ko‘pgina yurisdiktsiyalarda jiddiy jinoyat sifatida tan olingan bu kelishuvdan u moddiy manfaat ko‘rgani haqida aniq dalillar mavjud. Shuning uchun janob Amersi bu kelishuvdan ko‘rgan foydani musodara qilish va uni O‘zbekiston xalqiga qaytarish lozim”, deyiladi O‘zbekiston fuqarolik jamiyati faollari murojaatida.

Ular britaniyalik huquqshunoslar, buxgalterlar, konsultantlar, korporativ xizmatlar ta'minotchilarining transmilliy korruptsion sxemalardagi rolidan jamoatchilik xavotirda ekanini ham bildirgan.

Shuning uchun bu professional xizmat ko‘rsatuvchilar noqonuniy kelishuvlardan bilib-bilmay olayotgan daromadlarini saqlay olmasligiga erishish muhimligi ta'kidlangan.

“Janob Amersi shunday yo‘l bilan qo‘lga kiritgan mablag‘ shaffof mexanizm orqali qaytarilsa, O‘zbekiston aholisining muhtoj qatlami ehtiyojlariga xizmat qilgan bo‘lardi”, deydi murojaatga imzo chekkanlardan biri, Olster universiteti aspiranti va UzInvestigations hamdirektori Dilmira Matyoqubova.

Tag‘in o‘qing
30 aprel 2019
O‘zbekiston Oliy sudi joriy yilning 16 aprel kuni jurnalist Bobojonovlarga tegishli uylarni tortib olish to‘g‘risidagi sud qarorlarini o‘z kuchida ...
24 may 2018
Muhammad Bekjonning ukasi Rashid Bekjon ham deyarli Toshkentdagi 1999 yil 16 fevral portlashi sodir bo‘lgan kuni qamalgan akasi Komil ...
26 mart 2019
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi joriy qilgan IIV xodimlarining yangi formalari eskisidan tubdan farq qiladi. Aksariyat atributlari kulrangda bo‘lgan militsiyaning ...
14 aprel 2016
O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmati buyurtmasiga ko‘ra tayyorlangan “GTA yohud o‘yinga aylangan xayot” xujjatli filmi Oliy o‘quv yurtlari, maktab va ...
Bloglar
23 noyabr 2021
Yangi milliy kutubxona qurilishi (yangi milliy teatr qurilishi ham) yangi va yap-yangi O‘zbekistondagi eng keraksiz ...
21 noyabr 2021
Siyosatchi bo‘lish¸ siyosatga kirish bugungi O‘zbekistonda boshni kundaga qo‘yish bilan barobar. Bu haqda Jahongirga yozuvdim ...
11 noyabr 2021
Xalqaro jurnalist «Agneshkaxon voqeasi» ko‘p savollarga javoblarni ochib berdi. Kelinglar, jonajon akkreditatsiyadan boshlaymiz. Aynan ularni ...