Asosiy mavzular
16 noyabr 2021

Shavkat Mirziyoev fermerlar tanqid qilgan klasterlarga yashil chiroq yoqdi

Prezident saylovida g‘olib chiqqan Shavkat Mirziyoev 27 oktyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda paxta-to‘qimachilik klasterlariga yanada ko‘proq imtiyozli kreditlar, davlat grantlari, mustaqillik va boshqalar berishni va'da qildi.

Bu haqda prezident matbuot xizmati rahbari Sherzod Asadovning xabarnomasida ta'kidlandi.

Unda aytilishicha, klasterlarga biriktirilgan 1 mln gektar paxta maydonida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish, sug‘orishning yangi texnologiyalariga o‘tish, o‘simliklar himoyasi xizmatlari, zamonaviy laboratoriyalar barpo etish, fermerlarni o‘qitish kabi tadbirlar uchun har bir gektarga 1 million so‘mdan grant ajratiladi.

Klasterlar tomonidan ip-kalavani chuqur qayta ishlash kelgusi 2 yilda hozirgi 50 foizdan 70 foizga yetkaziladi.

Matoni bo‘yash va aralash mato ishlab chiqaradigan uskunalar xaridi uchun korxona quvvatiga qarab davlat hisobidan moliyaviy grantlar ajratiladi.

Bo‘yalgan mato va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarning eksportini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat tomonidan stavkasi 4−5 foizdan oshmagan 100 million dollarlik yangi kredit liniyasi ochiladi.

Bo‘yalgan mato va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi hamda ularning kamida 80 foizini eksport qiluvchi klaster va boshqa to‘qimachilik korxonalariga 3 yil muddatga ijtimoiy soliq stavkasi amaldagi 12 foiz o‘rniga 1 foiz qilib belgilanadi.

Klasterlarga mol-mulk solig‘ini 3 yil kechiktirib to‘lash imkoniyati beriladi.

2022 yildan boshlab  ip-kalavani qayta ishlaydigan klasterlarga kredit olishda paxta xomashyosi va tolasini garovga qo‘yish amaliyoti joriy etiladi.

Davlat ochiq tanlov asosida barcha klasterlar bilan 30 yil muddatgacha alohida shartnoma tuzadi.

Klasterlarga o‘g‘it, yoqilg‘i va texnika xizmatlari kabi masalalarni mustaqil hal qilish va ularni to‘siqsiz import qilishga ruxsat beriladi.

Paxtachilik fermerlari yerining ijara shartnomasi bekor qilingan taqdirda, bo‘shagan yerni qayta ijaraga berishda ushbu hududdagi klasterga tanlovda ustuvorlik beriladi.

Klaster tizimidan norozi fermerlar

Ammo O‘zbekistonda yillar davomida an'anaviy dehqonchilik formatida ishlayotgan fermerlar klaster tizimini tanqid qilib kelishadi.

«Eltuz» suhbatlashgan fermerlar esa yerga o‘zlari xohlagan ziroatni ekish huquqidan mosuvo bo‘lganidan shikoyat qilishadi.

Shu bilan birga, fermerlar o‘z yerining ijara shartnomasi bekor qilingan taqdirda bo‘shagan yerni qayta ijaraga berishda ushbu hududdagi klasterga tanlovda ustuvorlik berilishini ma'qullashmaydi.

Bu tanqidlarda O‘zbekistondagi klasterlar faoliyatida shaffoflikning deyarli yo‘qligiga e'tibor qaratiladi.

Chexiyadagi Bohemiya universiteti o‘qituvchisi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Xolnazar Omonovning «Eltuz»ga aytishicha, klasterlarda qo‘llanilayotgan yuqori texnologiya ularning davlat soliq idoralari uchun shaffofligini ta'minlamoqda.

Shovotlik fermer Ne'mat Eshjonov o‘z chiqishlarida klasterlarni tanqid qilib keladi. Matchonov hosilga minimal narx belgilashda klasterlarga yon bosilayotganini tanqid qiladi.

Fermerlar tanqidiga javob bergan iqtisodchi olim Omonovga ko‘ra, yer xususiy mulk bo‘lmagani bilan bog‘liq mavhumlik saba fermerlar o‘zlari faoliyat yuritayotgan soha istiqboliga pul sarflashmayapti:

“Men qashqadaryolik fermerni bilaman. U 20 yildan beri fermerlik qiladi, lekin bitta traktor sotib olmadi. U o‘z yeriga ekilgan mosh va bedani o‘ylaydi, xolos. Yerning meliorativ holatini yaxshilash yoki yerga ishlov beradigan texnikaviy park yo‘q. U faqat mavsumiy yollanma ishchilarga pul berib ishlatadi. Yer uchun olgan mineral o‘g‘itlarni  va yoqilg‘ini qora bozorda sotib yuboradi. Bu tizim bois sug‘oriladigan yerlardan keladigan samara juda kamaydi”.

Omonov mintaqaga xavf solayotgan qurg‘oqchilik va suv tanqisligi kabi ehtimoliy tahdidlarga tayyor turish uchun qilingan tadbirlar misolida ham fermerlardan ko‘ra klasterchilar oldinda ekanini ta'kidlaydi.

Omadi chopgan klasterchilar

Omonovning aytishicha, O‘zbekistonda  dehqonchilik bilan bog‘liq mehnat bozori va agrosanoat sohasida 4 yil oldin joriy qilingan klaster tizimi mavjud tanqidlarga qaramay o‘zining yashovchanligini ko‘rsata olgan va, eng muhimi, paxtani qo‘lda terishga barham berish maqsadida terim mashinalari sotib olingan.

“To‘rt yillik natija qanday? Ilk natija – klasterlar fermer xo‘jaliklari tomonidan paxta xomashyosini yetishtirish va uni keyinchalik o‘z quvvatlarida chuqur qayta ishlash uchun to‘qimachilik korxonasiga yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish asosida tashkil etildi.

Ikkinchi natija – qishloq xo‘jaligiga yangi agrotexnologiyalar joriy etildi, klasterlar tomonidan 1000 ga yaqin paxta terim mashinasi sotib olindi va shu bois majburiy mehnat kampaniyasiga deyarli chek qo‘yildi.

Uchinchi natija – 2017-2021 yilda sohada doimiy band bo‘lganlar soni 2 barobardan ko‘proq oshdi. Agar 2016 yilda sohada 200 mingga yaqin kishi ishlagan bo‘lsa, 2021 yilga kelib 400 ming kishiga yetdi.

To‘rtinchi natija – O‘zbekistonda moda industriyasi shakllanishiga zamin yaratildi. 2020 yilda qiymat 700 million dollar atrofida tayyor to‘qimachilik va kiyim-kechak eksporti qilindi, 2021 yilda bu ko‘rsatkichni 1,5 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Beshinchi natija- eksport hajmi oshdi. To‘rt yil ichida eksport 2,1 barobar o‘sdi: 2016 yildagi 900 million dollardan 2020 yilda qariyb 2 milliard dollargacha. Eksport salohiyati va Yevropa Ittifoqidan GSP maqomini olishga muvaffaq bo‘ldi, yiliga qariyb 300 million dollarlik mahsulot ko‘proq eksport qilish imkoni paydo bo‘ldi”, deydi professor.

Fermerlar va oddiy aholi tanqid qilayotgan klaster tizimi yashovchanligi uning ma'muriy resurslardan tayanch va qudrat olgani hamda hukumat imtiyozlari bilan bog‘liq emasmi?

Bu savolga javob bergan Omonov kolxoz tuzumidan keyin O‘zbekistonda paydo bo‘lgan fermerlik tizimi o‘n yillar davomida berilgan imtiyozlarga qaramay qoloq soha bo‘lib qolgani va qishloq xo‘jaligiga yangi agrotexnologiyalar joriy qilinmay faqat paxta xomashyosi sotadigan primitiv biznesdan nariga o‘tmaganini ta'kidladi.

“O‘zbekiston agrosanoati postsovet merosining yovvoyi o‘rmonidan global jarayonlar tomon qadam tashlashi kerak. Bu sohada islohot qilish jamiyat uchun ayni muddao bugungi kunda. O‘zbekistonda ilk bor 2017 yil fevralida qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoatida klaster tizimiga start berilgan edi.

O‘zbekiston prezidentining Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida klaster tizimini joriy etish taklif etilgan edi. To‘qimachilik klasterlari oldida mahalliy xomashyoni qayta ishlovchi sanoat zanjirini rivojlantirish va iqtisodiy o‘sishni oshirish uchun hududlarda resurslarni safarbar etish vazifasi turdi. Bu vazifaning muhimligini sohani isloh qilish zarurati belgiladi.

Sobiq SSSRdan O‘zbekistonga qashshoqlashuv, tobelik va majburiy mehnatga asoslangan paxta siyosati meros qolgan edi. Bu tutum o‘zgarishini vaziyat taqozo qildi. Globallashuv sharoitida milliy biznes madaniyati jamiyat rivojida muhim o‘rin tutadi.

Biznes nafaqat daromad olish, balki ilm – fan rivoji yoki madaniyat va san'at yuksalishiga ham katta hissa qo‘shadi va milliy madaniyat tuprog‘idan oziqlangan taqdirdagina keng miqyosda ro‘y berish imkoniyatiga ega. O‘zbekiston ishbilarmonlik madaniyatining asosiy tendentsiyasi oxirgi yillarda shakllanib bormoqda.

To‘qimachilik va kiyim-kechak sektori bugungi davrda rivojlanayotgan davlatlar uchun eng globallashgan tarmoqlar va ijtimoiy muammolarni, ya'ni ishsizlikni bartaraf etishning muhim manbai sifatida e'tirof qilingan. Haqiqatan ham, paxta va to‘qimachilik sanoati o‘ta muhim iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar guruhiga kiradi.

Iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatning barqarorligi uchun ustuvor islohot hisoblanadi, agar ushbu tarmoqdagi islohotlarga qat'iy yondashilgan bo‘lsa, kamida o‘nlab yondosh sanoat va savdo yo‘nalishlarni rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Hozir eng orqada qolayotgan qishloq xo‘jaligini o‘zgartirmasdan turib ijtimoyi islohotlarni amalga oshirib bo‘lmaydi.

Albatta, tushunish kerakki, iqtisodiy islohot yaqin yillarda ancha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan taqdirda ham uning ijtimoyi natijasi muhim hisoblandi, ya'ni bandlik va ish o‘rinlarini yaratish bugun ushbu tarmoq zimmasida katta mas'uliyat yuklaydi.

Masalan, sanoatda bitta uskuna bitta ish o‘rni yaratishi mumkin, lekin klaster tizimi o‘nlab ish o‘rni yaratishiga to‘g‘ri keladi Bu tarmoq tirikchilik manbai bo‘lgan ko‘plab qishloq ishchilarning ijtimoiy sharoitlariga ta'sir ko‘rsatadi. O‘zbekiston uchun paxta va to‘qimachilik sanoati mavjudligi, hech shubhasiz, muhimdir.

Bu odatda islohotlarni samarali amalga oshirish uchun lokomotiv vazifani bajarib beradi. Ish o‘rinlari yaratish, ayniqsa, ilgari hech qanday daromadga ega bo‘lmagan qishloq ayollari uchun daromad olish imkoniyati hisoblanadi.

Tan olish kerakki, O‘zbekistonda uzoq yillar davomida to‘qimachilik va paxta sanoatiga yetarlicha e'tibor berilmagan. Raqobat, yer-huquqiy munosabatlari, ishni tashkil etishning ilg‘or usullari, suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish yo‘q edi. Paxtani qayta ishlash tizimi va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish zaif bo‘g‘in sifatida qolmoqda edi. Sanoat esa bugun islohotlarga har qachongidan ham muhtoj”, deydi olim.

O‘zbekistonda paxta va g‘allachilik bilan shug‘ullanadigan fermerlarni klaster korxonalariga birlashtirish prezident Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan 2017 yilda  boshlangan edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 dekabr 2020
Ulug‘bek Mirzamuhammedov O‘zbekistonning elchixona va konsulliklariga rahbar tayinlash ishlariga muttasil ravishda aralashib kelgan.
7 iyul 2019
«Ozodlik ohanglari» audiokitobi o‘zbek modern she'riyatining asoschisi Rauf Parfi she'rlari bilan ochiladi. «Eltuz» nashri bu kitobdan o‘rin olgan she'rlarni ...
11 oktyabr 2018
Moskvaning Tver tumani sudi 24 oktyabrda Islom Karimovning birinchi xotinidan bo‘lgan o‘g‘li 52 yashar Pyotr Karimovning «O‘zbekiston havo yo‘llari» ...
29 aprel 2021
Feminizm deya og‘izlaringning ikki chetida tupuk yaltirab tirjayasizlar, o‘zlaringcha iyaklaringni ko‘tarib kinoya qilasizlar, go‘yo bizning jamiyatda qiz-ayollar tamom erkindek. ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...