UzPoster
10 yanvar 2022

O‘zbekistonga darcha ochildi, lekin uning qayta yopilmasligiga kafolat yo‘q

Inson huquqlari himoyachisi Umida Niyozova uzoq yillik hijratdan so‘ng vataniga qilgan safari va yangi voqeliklardan olgan taassurotlari haqida

O‘zbekistonda 2016 yildagi hokimiyat almashinuvidan so‘ng boshlangan ochiqlik va liberallashtirish siyosati siyosiy emigrantlarda hech bo‘lmaganda qisqa muddatga vatanga qaytib borish umidini alangalatmay qolmadi. Ularning ba'zilari tavakkal qildi va keyin chegaradan hech qanday muammosiz o‘tgani, borgan joyida oson ro‘yxatga qo‘yilgani, kuch ishlatar tuzilmalar ularga yaqqol e'tibor qaratmaganini ajablanib gapirib yurdi. Ularning hikoyalari boshqalarda ham nekbinlik uyg‘otdi va O‘zbekistonga yo‘l olgan dissidentlar va siyosiy qochqinlar soni asta-sekin o‘sa boshladi. 

2021 yilning dekabr oyi boshlarida inson huquqlari himoyachisi Umida Niyozova ham Toshkentda bo‘ldi. U Toshturmada to‘rt oy hibsda o‘tirgani o‘tirgani va sakkiz oylik sinov muddati ortidan uzoq 2008 yilda O‘zbekistondan chiqib ketgan edi. 

2006 yil dekabrda Niyozova qirg‘iz-o‘zbek chegarasini kesib o‘tayotganida noutbugi tekshirilganidan so‘ng ushlangandi. Noutbugida Andijon voqealari haqidagi materiallar bor edi. U paytda Umida “Hyuman rayts uotch” inson huquqlari tashkiloti bilan hamkorlik qilardi. O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Ommaviy kommunikatsiyalar sohasida monitoring markazining zudlik bilan chaqirilgan eksperti noutbukda O‘zbekistonning konstitsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlashga chaqirish ruhidagi, shuningdek, diniy-ekstremistik xarakterdagi materiallar borligini ma'lum qildi. Umida Niyozova to‘qqiz soat davomida so‘roq qilingandan so‘ng noutbugi va pasporti olib qo‘yilib, hech qaerga chiqib ketmaslik va tergov bilan hamkorlik qilish to‘g‘risida tilxat olinib, qo‘yib yuborildi. 

Chegaradagi bu voqea qanday oqibatlarga olib kelishini anglab yetgan Umida Qirg‘izistonga o‘tib yashirinishga qaror qildi. Ammo ko‘p o‘tmasdan advokat qo‘ng‘iroq qilib, unga nisbatan tergov tugatilgani, hech qanday xatar yo‘qligi va u O‘zbekistonga qaytishi mumkinligini xabar qildi. Advokatga ishongan Umida uyga qaytish chog‘ida 22 yanvar kuni Qirg‘iziston bilan chegara yaqinida qo‘lga olindi. Ma'lum bo‘lishicha, 6 yanvar kuni Niyozovaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va uni aldov yo‘li bilan O‘zbekistonga chaqirishgan ekan. 

Umidaga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining uchta moddasi – kontrabanda, chegarani noqonuniy kesib o‘tish, xavfsizlik va jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi axborot tarqatish bo‘yicha ayblov e'lon qilindi. Sud jarayoni yopiq o‘tdi va bor-yo‘g‘i ikki kun davom etdi. Niyozova umumiy tartibdagi koloniyada jazo muddatini o‘tash sharti bilan yetti yilga ozodlikdan mahrum etildi. Xalqaro tuzilmalar aralashuvi bilan jurnalist to‘rt oydan so‘ng ozodlikka chiqdi. 

— Sinov muddati davomida men oyiga bir marta tuman IIBga borib, navbatda turishim va so‘nggi oy davomida nima bilan shug‘ullanganim va hech qanday jinoyat sodir etmaganim haqida tushuntirish xati yozishim kerak edi. Bu juda og‘ir va tahqirli edi. Bu davr huquq himoyachilari va faollarga qarshi qatag‘onlar avjiga chiqqan depressiv vaqtlar edi. Menda mamlakatdan chiqib ketishdan boshqa tanlov qolmagandi va men chiqib ketdim, — deydi Umida Niyozova “Fergana”ga bergan intervyusida. 

Farzandini olib, Umida Germaniyaga uchib ketdi. Birinchi yili HRUning Berlindagi idorasida ishladi va keyin O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi (hozirgi O‘zbekiston inson huquqlari forumi)ni tashkil etdi. Tashkilotning asosiy vazifasi paxta sektorida bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish edi. Forum o‘z faoliyatini o‘zbek paxtasiga boykot e'lon qilish chaqirig‘i bilan boshladi. Bu O‘zbekiston hukumatini bolalar mehnatidan voz kechishga majburlashning yagona imkoniyati sifatida ko‘ringandi. Shundan so‘ng bolalar mehnati va majburiy mehnat bo‘yicha o‘n bir yil monitoring olib borildi. Ularning natijalari asosida tashkilot xodimlari ko‘plab hisobotlar tayyorladi. 

Toshkentdagi qarindoshlari bilan Umida telefon va messenjerlar orqali aloqa qilib turdi. Uch yilda bir marta Berlinga onasi kelib ketardi. 

— Odatda huquq himoyachilari bu haqda gapirmaydi, ammo masalaning insoniy jihatlari bor har doim: kishi qarindoshlari, aka-ukalari, singillarini quchgisi keladi, rejim almashgani uchun emas, o‘z uyiga qaytishni, yaqinlarini ko‘rishni istagani uchun yurtiga borgisi keladi, — deya tushuntiradi Umida Niyozova.

Suratda: Cotton Campaign katta koordinatori Allison Gil va Uzbek Forum inson huquqlari tashkiloti direktori Umida Niyozova

Siz uyga qaytish mumkinligini qachon his qildingiz? 

— Ikki yil avval Jenevada O‘zbekiston mehnat vaziri o‘rinbosari Erkin Muhiddinov bilan uchrashdim. U men paxta sektoridagi majburiy mehnatga oid ishlarimiz xususida bemalol gaplashgan ilk o‘zbek amaldori edi. Bu men uchun vaziyat o‘zgarganini anglatgan o‘ziga xos alomat bo‘ldi. Chunki menda taqqoslash uchun asoslar bor edi. O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan og‘ir dahmazalardan so‘ng sen kutilmaganda o‘zbek amaldori bilan gaplashasan, unga nega ishlayotganing, qanday muammolarni ko‘rayotganingni aytasan hamda  insoniy javob va hamkorlik to‘g‘risida taklif olasan. 

O‘shandan keyin biz ishimizga aloqador o‘zbek amaldorlari bilan munosabatlar qurishni boshladik. Ikki yildan so‘ng esa O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi taklifiga ko‘ra men va Cotton Campaign (paxta yetishtirishda bolalar mehnati va majburiy mehnatni bartaraf etishni maqsad qilgan inson huquqlari bo‘yicha NNTlar, biznes va investitsiya kompaniyalarining xalqaro koalitsiyasi – “Fergana” izohi)dagi hamkasblarim paxta sektorini yanada isloh qilish masalasida ko‘plab amaldorlar bilan uchrashish uchun O‘zbekistonga kelishga muvaffaq bo‘ldik. 

Sizni shaxsan taklif etishdimi yoki delegatsiya a'zolari ro‘yxatiga kirish uchun o‘zingiz harakat qildingizmi?

— Meni Cotton Campaigndagi hamkasbim taklif etdi. O‘zbekiston tomonidan javobni bir oy kutdik. Menga aytishlaricha, qandaydir noma'lum “to‘siqlar” bo‘lgan. Ammo keyin O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasiga borish va viza olishim mumkinligi to‘g‘risida tasdiq keldi. 

Ya'ni siz O‘zbekiston emas, Germaniya fuqarosi sifatida borgansiz…

— Mendan O‘zbekiston fuqaroligini 2014 yilda olib qo‘yishgan. Men buni 2017 yildagina bildim. Agar xabaringiz bo‘lsa, prezident Islom Karimov minglab faollar, jurnalistlar va dissidentlarni birvarkayiga fuqarolikdan mahrum etish to‘g‘risida farmon chiqargan. Ular qatorida men ham bor edim. Biz farmonning o‘zini ko‘rmaganmiz, ammo aytishlaricha, ro‘yxat juda katta bo‘lgan. Muayyan muddat men fuqaroligi yo‘q shaxs maqomida edim, keyin Germaniya fuqaroligini oldim. 

Xo‘p, siz Toshkentga uchib keldingiz va uzoq yillik hijratdan so‘ng o‘zbek tuprog‘iga qadam qo‘ydingiz. Ilk taassurotlar qanday edi? 

— Birinchidan, men baribir sal-pal hayajonlandim – pasport nazoratidan qanday o‘taman, meni ushlab qolishmaydimi, shu samolyot bilan yana Istanbulga qaytarib yuborishmaydimi, deb o‘yladim. Qachonki hamma jarayonlardan juda tez va bemalol o‘tganimdan so‘ng ko‘nglim joyiga tushdi. 

Toshkent menda qandaydir kuchli taassurot qoldirdi, deb ayta olmayman. Chunki shahar menga sal begonaroq tuyuldi. Biroq uyimga olib borib qo‘yishgach, men 13 yildan buyon ko‘rmagan ko‘p sonli jiyanlarim kelishdi. O‘sha paytlar ular yosh-yosh qizlar edi. Hozir esa hammasi turmush qurgan, har birida bir nechtadan farzand bor. Ular men bilan bog‘liq qandaydir xotiralarni eslashadi. Masalan: “Men maktabni tugatganimda sartaroshga olib borgansiz, sochimni chiroyli turmaklatgansiz, men eslayman”, deydi. Mening esa esimda yo‘q. 

Men shunday mehr dengiziga tushdimki, uni jisman his qildim. Bunday tuyg‘uni – yaqinlarim va qarindoshlarim mehrini ko‘pdan buyon tuymagan edim. Bularning barchasi, albatta, katta his-hayajon uyg‘onishiga sabab bo‘ldi. 

Sizningcha, O‘zbekiston aholisi avvalgiga nisbatan qanchalik o‘zgaribdi? 

— Zohiran deyarli hech narsa o‘zgarmagan. Ammo afsuski, men ko‘proq yurish va ko‘rish imkoniga ega bo‘lmadim. Uchrashuvlar ortidan uchrashuvlar bo‘ldi. Shuning uchun vaziyatni to‘liq kuzatish imkoniyati bo‘ldi, deya olmayman.

Lekin qo‘rquv kamayganini ko‘rdim. Masalan, men bilan uchrashuvga faollar, blogerlar, turli tuman va viloyatlardan o‘z muammolarini aytishni istagan fermerlar keldi. Ilgari bu narsa yo‘q edi. 

Ular kelganingizdan qanday xabar topdi? Ularga o‘zlaringiz xabar qildingizmi yoki mahalliy hokimiyat organlari xalqaro huquq himoyachilari kelganini qandaydir yo‘llar bilan aytishdimi? Bu xayolga sig‘maydigan tuyulishi mumkin, lekin nimalar sodir bo‘lmaydi deysiz? 

— Har xil. Kim bilandir uchrashish uchun o‘zim yozib xabar berdim, boshqalar uchrashuv ehtimolini ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda muhokama qildi. 

Ammo, bilasizmi, O‘zbekistonga kela olganim va odamlarda qo‘rquv kamligi, albatta, yaxshi. Biroq menda bu o‘zgarishlar ishonchsizligi tuyg‘usi har doim bor. Hatto hozir ham, amaldorlar bilan hech qanday muammosiz va muvaffaqiyatli uchrashuvlar va vaqtimni ajoyib o‘tkazishimga qaramay, yana darcha yopilmasligi va bu yerga bemalol yana kelishim mumkinligiga ishonchim yo‘q. O‘zbekiston ochilishda davom etishi, hech qanday qatag‘onlar bo‘lmasligi, so‘z erkinligi rivojlanishiga ishonch yo‘q. O‘zbekiston hamon arosatdadek, qaerga yurishni bilmayotgandek tuyuladi menga. Liberallashtirish yo‘li tanlanishiga kafolat ham yo‘q. 

Nega bunday tuyg‘u paydo bo‘ldi? Amaldorlar bilan muloqotlardan islohotlar zaifligi to‘g‘risida taassurot paydo bo‘ldimi? Yoki balki barcha o‘zgarishlar yuqoridan majburan qabul qildirilayotgandek, joylarda esa odamlar bunga tayyor emasdek, shuning uchun vaziyat istalgan vaqtda teskari ketishi mumkindek ko‘rindimi? 

— Meni syurrealizm tuyg‘usi umuman tark etmadi: xuddi bu xayolda yuz berayotgandek, xuddi hammasi g‘alatidek tuyulaverdi. Mendagi ishonchsizlik tuyg‘usi esa…

Masalan, men bilan uchrashishni xohlagan ikki kishi bunga qarshilik qilishganini aytdi. Bitta fermerga IIBning ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘limidan qo‘ng‘iroq qilishib, biz bilan uchrashish uchun Toshkentga bormaslikni talab qilishgan. Bizning boshqa bir hamkasb faolimizga Davlat xavfsizlik xizmatidan qo‘ng‘iroq qilishib, undan ham bormaslik talab qilingan. Bu holatlar hali quvonishga erta ekanini ko‘rsatuvchi yaqqol alomatlardir. Hammasi avvalgidek bo‘lishini istaydigan, nazorat qiladigan muayyan tuzilmalar, muayyan kishilar hali ham bor. 

Biz bilan uchrashgan amaldorlar – asosan, texnokratlar, G‘arb institutlarida o‘qiganlar. Ular bemalol gaplashishi mumkin, biror ortiqcha gap aytib qo‘yishdan qo‘rqmaydi, juda progressiv, liberal odamlar. Bu ham yangi zamon ko‘rsatkichidir. Ammo bunday progressiv kishilar mamlakat rahbariyatida eski maktab kadrlariga qaraganda ancha kam, deb o‘ylayman. 

Yana bir muhim omil – haqiqatda demokratik institutlar hali ham yo‘q. Avtoritar tuzumning mohiyati saqlanib turibdi. Prezident hokimiyatni parlament, mustaqil sud va fuqarolik jamiyati bilan bo‘lishishga tayyormi – bunisi hozircha tushunarsiz. O‘zbekistonda demokratik jamiyatning bu asosiy unsurlari umuman yo‘q, barchasi bir kishining, aytish joiz, nisbatan kamroq zolim prezidentning qo‘lida jamlangan. Aslida bunday mexanik boshqaruv juda samarasizdir. 

Siz faqat Toshkentda bo‘ldingizmi? 

— Toshkent va Toshkent viloyatida. Biz ishimizga aloqador idoralar – Mehnat vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat”, Paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi, “O‘zipaksanoat” uyushmasi vakillari bilan ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazdik. “O‘zipaksanoat” biz shug‘ullanish niyatimiz bo‘lgan tarmoqni nazorat qiladi. Chunki ipak qurti boqish ko‘p yillar davomida fermerlar uchun majburiy bo‘lib keldi. 2017 yilda biz bu haqda “Fermerlar uchun ipak dor” degan kattagina hisobot chiqarganmiz. Hozir bu tarmoq ham o‘zgaryapti, xususiylashtirilyapti va biz bu yo‘nalishda ishlashni davom ettiramiz. 

Bir guruh o‘zbekistonlik faollar va fermerlar bilan choy ustida suhbat

Nima sizda alohida taassurot qoldirdi? 

— Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida tomchilab sug‘orishni yo‘lga qo‘ygan paxta-to‘qimachilik klasterida bo‘ldim. Ilgari O‘zbekistonda bunday texnologiya bo‘lmagan. Suv taqchilligi – juda katta muammo. Ammo odatda unga ko‘p e'tibor qaratilmaydi. Klaster rahbariyati Isroildan mutaxassis olib kelgan. Endi, o‘zlarining aytishicha, 50 foiz suv tejalmoqda. Biz bu rezervuarni, ishlar qanday boshqarilayotganini ko‘rdik. Bu juda ajoyib hissiyotlarni uyg‘otadi. Bu juda muhim va kerak texnologiya. 

Paxta-to‘qimachilik klasterlarining o‘zi haqida, ular O‘zbekistonda qanday yo‘l bilan tashkil etilayotgani haqida nima deya olasiz? Iqtisodchilarning ta'kidlashicha, xo‘jalik va korxona yuqoridan kelgan buyruq asosida emas, ixtiyoriy ravishda birlashishi kerak.

— Ikki turdagi klasterlar bor. Birinchisi, to‘qimachilik korxonasi davlatdan yerni o‘zi ijaraga oladi, o‘zi paxta ekadi, o‘zi uni kalava ipga aylantiradi, o‘raydi, kiyim tikadi va o‘zi sotadi. Shunday yopiq tsiklda ishlaydi. Jarayonning barcha ishtirokchilari, jumladan, paxta ekadigan fermer yoki dehqon klaster ishchisi hisoblanadi va uning nazoratida bo‘ladi. 

Bizga aytishlaricha, O‘zbekistonda bunday klasterlar kam, ular bir yilda yig‘ib olinadigan paxtaning taxminan 15-18 foizini yetishtiradi. Boshqa klasterlar haqiqatan ham g‘alati tizimda ishlaydi. Ularda fermerlar to‘qimachilik korxonalariga bog‘lanib qolgan va ular uchun korxonalar va mahalliy hokimliklar istagan hajmda paxta yetishtirib berishga majbur. Bu esa mahalliy hokimliklar fermer qancha yerga qancha paxta yoki g‘alla o‘stirishini belgilab beradigan eski tizimning kasalligidir. Ular yerning hosildorligidan kelib chiqib, fermer qancha hosil topshirishini reja qilib beradi. Fermerda deyarli hech qanday tanlov yo‘q: u paxta ekishni xohlaydimi-yo‘qmi – ahamiyatsiz, u paxta yetishtirishi shart.

Yana bir masala – narx belgilash. Klasterlar yoki Qishloq xo‘jaligi vazirligi timsolida davlat fermerlardan sotib olinadigan mahsulotning minimal narxini belgilaydi. Fermerlarning o‘zi narx belgilashda ishtirok etmaydi. Xarid narxi ularni qoniqtirmasligi mumkin, lekin ular aynan shu narxda sotishga majbur. 

Avvalgi yillardagidan farqli o‘laroq, hozir bu masalani muhokama qilish va hal etishga urinib ko‘rish mumkin. Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jaev va boshqa amaldorlar bilan muloqotlar menda juda yaxshi taassurot qoldirdi. Men to‘qimachilik korxonalari va fermerlar bir davrada o‘tirib, o‘z muammolarini boricha muhokama etishi uchun konferentsiyaga o‘xshagan birorta tadbir tashkil etish taklifini berdim. Menimcha, shunday anjuman yetishmayapti. Agar bunday tadbir tashkil etilsa, bu barcha uchun foydali bo‘ladi. 

Men ta'kidlamoqchi bo‘lgan ijobiy jihat shuki, hozir nafaqat monitoring o‘tkazish, hisobot yozish va muammoni ko‘tarish, balki ushbu sektor rahbarlari bilan gaplashish, ular bilan masalalarni muhokama qilish va birgalikda hal etishga urinib ko‘rish ham mumkin. 

Men korruptsiya va qiynoqlar, sud islohoti kabi boshqa sohalarda ham shunday, deya olmayman. Men faqat o‘zimiz ishlayotgan sohadagi vaziyat haqida gapira olaman – bu yerda ijobiy o‘zgarishlarni ko‘ryapman. 

Siz Cotton Campaign tarkibida 2021 yil mavsumini xulosalash uchun bordingizmi? 

— Asosan, shunday – monitoringimiz natijalari haqida aytish va hukumat bilan agrar sektorni isloh qilish siyosatini davom ettirishni muhokama qilish uchun. Chunki terimchilarning majburiy mehnati O‘zbekiston paxta sektoridagi yagona muammo emas. Fermer va klasterlar o‘rtasidagi noteng munosabatlar, fermer xo‘jaligi yerlarini musodara qilish muammosi mavzulari bor. Biz bu masalalarning barchasini muhokama qildik va, umid qilamanki, muhokamalarni davom ettiramiz. Men eshiklar yopilmasligiga ham umid qilaman. Agar muloqotni davom ettirsak, bu faqat xalq uchun foyda bo‘ladi.

2021 yilda ommaviy majburiy mehnat haqida deyarli eshitilmadi. Ya'ni bu muammo hal etilganini bildiradimi? 

Ha, to‘la ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekistonda ommaviy tizimli majburiy mehnat barham topdi. 2021 yilda bunday holatlar bo‘lmadi. Men o‘zim uchrashgan deyarli barcha huquq himyaochilari, masalan, Yelena Urlaeva kabi eng murosasizlaridan ham bu haqda so‘radim va barchasi majburlash holatlari bo‘lmaganini tasdiqladi.

Buncha ko‘p, aytaylik, 2011 yildagi kabi hajmdagi paxtani ommaviy majburiy mehnatsiz terib olishga qanday qilib erishildi ekan? 

— Mana, mumkin ekan.

Ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy qochqinlar va tuzum tanqidchilarining O‘zbekistonga kelishi tanqidiy baholangan izoh va fikrlarni ko‘rdim. Vatanga qaytish imkoniyati berilgani uchun ulardan go‘yoki hukumatga sodiq bo‘lish va uni tanqid qilishni to‘xtatish so‘ralar emish. Siz bu fikrlarga nima deb javob berasiz? 

— Tuzum tanqidchilari xuddi uni tanqid qilmaydiganlar kabi O‘zbekistonga kelish hamda yaqinlari va qarindoshlari bilan ko‘rishish huquqiga ega. Ularning ham oilasi, yaxshi ko‘rgan insonlari bor. Men adabiy qurbon bo‘lish haqida ont ichmaganman, deb ko‘p aytaman. Men o‘z mamlakatimni, o‘z yaqinlarim va qarindoshlarimni ko‘rish uchun O‘zbekistonga keldim. Bu – masalaning bir jihati. 

Masalaning boshqa jihati – tanqidchilar O‘zbekistonga kelib, tanqid qilishni to‘xtatadilar, deganlarga kelsak, o‘zim haqimda aytishim mumkin: oldin qanday ishlagan bo‘lsak, shunday ishlashni davom ettiramiz. Faqat shart-sharoitlar o‘zgardi va buni tan olish kerak. Ilgari amaldorlar bilan uchrashish va gaplashish imkoniyati yo‘q edi, hozir esa bor va bundan foydalanish kerak. Balki ertaga bunday imkoniyat yana yo‘qolar. 

Dildora Ahmadjonova

Tag‘in o‘qing
24 mart 2018
Sil (tuberkulyoz) kasalligiga qarshi kurash xalqaro kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tashabbusi bilan har yili nishonlanadigan esdalik sanadir. Bu ...
22 sentyabr 2017
O‘zbekistonlik bir-birini tanimaydigan bir necha tadbirkorning “Eltuz” muxbiriga ma'lum qilishicha, 2010-2016 yillar davomida MXX Milliy havfsizlik va MX (SB) ...
22 noyabr 2016
O‘zbekiston rasmiy matbuoti Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning mamlakatga tashrifini yoritishda faqat O‘zA tomonidan berilgan rasmiy xabarlarga tayandi. Avvalo, ...
25 noyabr 2020
Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridagi Konstitutsiya mahallasida 500 xonadon bor. Uylardan chiqayotgan tutundan esa ko‘chada nafas olib bo‘lmaydi. «Hamma topganini ...
Bloglar
26 noyabr 2022
Nukusdagi voqealarni o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasi taklifi va Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi iltimosnomasiga ko‘ra, namoyishlarda qatnashib ...
3 noyabr 2022
1906 yilning 3 noyabrida Germaniyaning Berlin shahrida o‘tgan Xalqaro radiotelegrafiya anjumanida SOS signali halokatni bildiruvchi ...
1 noyabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 11-qismi Turk birligi g‘oyasi va ...