Asosiy mavzular
13 aprel 2022

Yozyovondagi klaster farg‘onalik amaldorlar va «Posco International”ni reyderlik harakatlarida ayblamoqda

Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan “Bahodir Log‘on Tekstil” qo‘shma korxonasi “Posco International” MChJni reyderlik harakatlarida aybladi.  

“Eltuz”ga kelib tushgan ma'lumotga ko‘ra, 2 aprel kuni viloyat hokimi o‘rinbosari Alibek Tursunov “Bahodir Log‘on Tekstil” bilan shartnomalari mavjud fermerlarga “Posco International” bilan yangidan shartnoma tuzishga ko‘rsatma bergan. 

“Eltuz”ga yuborilgan ma'lumotda keltirilishicha 2018 yilda tashkil etilgan “Bahodir Log‘on Tekstil” paxta-to‘qimachilik klasteri shu paytgacha sezilarli ishlarni amalga oshirgan. Klaster Farg‘ona tumanining Log‘on qishlog‘ida o‘z mablag‘lari hisobiga Turkiyadan xarid qilingan, qiymati 2 mln AQSh dollarga teng, kuniga 300 tonna paxta xom-ashyosini qayta ishlash quvvatiga ega korxonani ishga tushirgan.

Shuningdek, 2020 yilda qishloqda yillik quvvati 12 000 tonna paxta tolasini qayta ishlab, ip-kalava ishlab chiqarishga yetadigan korxonani foydalanishga topshirib, 2000 ga yaqin xotin-qizni ish bilan ta'minlagan. 

“Bahodir Log‘on Tekstil” 2022 yil boshida yillik quvvati 10 mln dona mahsulot tayyorlashga yetadigan yangi tikuv-trikotaj korxonasini ishga tushirib, 1500 ta ish o‘rni yaratganini aytadi.

“Eltuz”dagi ma'lumotda aytilishicha, “Bahodir Log‘on Tekstil” tashkil etilguniga qadar Yozyovon tumani paxta rejasini bajarmagan. Faqat klaster o‘z majburiyatlarini faol ado etgani bois, 2021 yilda fermerlar 50 tsentnerdan paxta hosili olgan va tuman viloyatda ilg‘orlar safiga ko‘tarilgan. 

2022 yil paxta hosili uchun klaster 2021 yilning oktyabr oyidayoq yerga ishlov berish ishlariga kirishgan. Yozyovon tumanidagi 151 ta fermer xo‘jaligidan 126 tasi bilan 2022 yil paxta xom-ashyosini yetishtirish bo‘yicha fyuchers shartnomalar tuzilgan va elektron tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 

Fyuchers shartnomaga asosan, “Bahodir Log‘on Tekstil” tumandagi fermer xo‘jaliklari uchun “Agrobank”dan 11 mlrd so‘m kredit olgan va fermer xo‘jaliklariga 50 mln so‘mdan 500 mln so‘mgacha, jami 13,3 mlrd so‘m mablag‘ bergan.

Klaster tomonidan 2022-2024 yillarga mo‘ljalangan, qiymati 100 mln AQSh dollariga teng bir qator loyihalar ustida ishlar olib borilayotgan bir paytda uning shuncha sa'y-harakatlari va barqaror biznesi puchga chiqish arafasida. 

Ma'lum bo‘lishicha, Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish respublika komissiyasining 2022 yil 18 martdagi yig‘ilishi bayoniga ko‘ra, Yozyovon tumanidagi paxta yetishtiriladigan yerlar “Posco International” MChJga biriktirilgan. 

“Farg‘ona rahbariyati Yozyovon tumanidagi fermerlarni “Posco International” bilan shartnoma tuzishga majburlamoqda. Holbuki, yangi tashkil qilinayotgan klasterda qishloq xo‘jaligi uchun zarur chigit va texnika to‘liq emas. Qolaversa, respublika komissiyasi yig‘ilishi bayonida “Bahodir Log‘on Tekstil” tomonidan shu kungacha qilingan xarajatlar qay tartibda qoplanishi ko‘rsatilmagan, bu bo‘yicha hukumat qarori qabul qilinmagan. Bu esa klasterlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizom talablariga tamoman zid. Nizomda “faoliyati tugatilayotgan paxta-to‘qimachilik klasteriga tugatilayotgan yildagi mavsum bo‘yicha paxta hosilini to‘liq yig‘ib (sotib) olishga ruxsat beriladi”, deb ko‘rsatilgan”, deyiladi “Eltuz”ga ixtiyoridagi ma'lumotda. 

“Bahodir Log‘on Tekstil”ning “Eltuz” bilan muloqotda bo‘lgan vakili so‘zlariga ko‘ra, klasterga Yozyovon tumaniga investitsiya kiritmaganlik aybi qo‘yilgan. 

“Vaholanki, klasterni tashkil qilganimizdan buyon yer so‘raymiz, berishmaydi. Masalan, klaster o‘zining Yozyovon tumanida 2022 yilgi investitsiya majburiyatini bajarish, ya'ni yangi ip-kalava korxonasi qurish maqsadida aholiga qulay hududdan yer ajratib berish so‘rab, tuman hokimiga murojaat qildi. Ammo tuman hokimi D.Jalilov 80 sotix yer ajratishini aytgan bo‘lsa-da, turli sabablar tufayli 

va'dasini bajarmay kelmoqda. Shu bois, klaster Yozyovonda yetarli darajada yangi ish o‘rinlari yaratmadi”, dedi “Bahodir Log‘on Tekstil” vakili.

U klaster milliardlab so‘mga olib kelgan texnika vositalari ham aslida investitsiya ekanini aytar ekan, tuman fermerlari yangi klaster bilan shartnoma imzolashga majburlanayotganidan norozi ekanini qo‘shimcha qildi. 

“Biz salohiyatli klastermiz. Boshqa tumanlarda hatto texnika olmagan, fermerlardan qarzdor klasterlar bor. Nimaga endi aynan biz? Yozyovon tumani hokimi va “Posco International” MChJ reyderlik harakatlari orqali bizni siqib chiqarmoqda”, dedi “Bahodir Log‘on Tekstil” vakili.

Mahalliy matbuot yaqinda xuddi shunday holat Namangan viloyatining Norin tumanida ham sodir bo‘lgani haqida yozgan edi.

“Tumandagi 140 ta fermer xo‘jaligi bilan uch yildan beri ishlab kelayotgan “Uztex Uchkurgan” klasteri o‘rnini bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniev imzolagan yopiq yig‘ilish bayoniga ko‘ra “Iftixor Kiyim Sanoat” klasteri egallamoqda”, deyiladi maqolada. Bu harakatlarga ham yuqorida aytilgan yig‘ilish bayoni asos bo‘lgan.

Fermer xo‘jaliklari g‘alla yoki paxta yetkazib berish bo‘yicha qaysi klaster bilan shartnoma tuzishni tanlash huquqi yo‘qligidan shikoyat qilib “Eltuz”ga maktublar yozishmoqda. Aksariyat tumanlarda faqat bitta klaster faoliyat yuritadi va boshqa klasterning yaratilishi raqobatni kuchaytirishi mumkin, biroq, bitta ishlaetgan klasterni amalda yo‘q qilish va uni boshqasi bilan almashtirish qarorining mantiqiy asosi nimada ekanligi noma'lumligicha qolmoqda.

Tag‘in o‘qing
3 may 2018
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston parlamenti tarixidagi ilk hukumat soati hukumat a'zolarisiz o‘tkazildi. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining ...
1 avgust 2017
Iyul oyida O‘zbekiston televideniesi hayotida ro‘y bergan eng muhim hodisa, shubhasiz, «O‘zbekiston 24» telekanalining faoliyat boshlagani bo‘ldi. Garchi mamlakat ...
12 aprel 2016
Bugun Eltuz.com sayti O‘zbekistonning og‘riqli muammolaridan biri, o‘zbek so‘mini horijiy valyutaga ayirboshlash masalasini aks ettirgan rassom Elsevarning hajviy rasmini ...
18 avgust 2018
Shveytsariya federal jinoyat sudi O‘zbekistonning birinchi prezidenti marhum Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova advokatlarining unga tegishli, mazkur mamlakat banklarida ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...