Asosiy mavzular
13 iyun 2022

O‘zbekistonda jurnalistlarga munosabatda sovet merosi saqlanib qolmoqda

Xavfsizlik xizmatlari jurnalistlarga ba'zi mavzulardan qochish va ayrim xabarlarni o‘chirtirish uchun tahdid qiladi, qo‘rqitadi va bosim o‘tkazadi.

Bu maqola The Diplomat nashrining Davlat xavfsizlik xizmatining o‘zbekistonlik jurnalistlarga nisbatan kuchaytirgan qatag‘onlariga oid surishtiruviga asoslangan.

Tolib Rahmatov 2019 yilda “Shum bola” kafesiga Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) vakili bilan ilk uchrashuvga chaqirilganida mahalliy ommabop “Kun.o‘z” mediaplatformasi muxbiri edi. Zukko, o‘rta yoshli Rahmatov kafeni shunday uchrashuvlar o‘tkaziladigan mash'um joy, deb o‘ylardi.

Rahmatovning so‘zlariga ko‘ra, ular shunchaki uni yaxshiroq bilishni xohlashlarini aytishgan. “Kun.o‘z”dagi faoliyati davomida u bilan DXX xodimlari besh marta bog‘langan. Har safar zobitlar uni qo‘rqitishga urinayotganini his qilgan.

“Ular bilvosita tahdid qilmoqda, – deydi jurnalist. – Ular: “Siz o‘g‘lingiz yoki qizingiz bir kun kelib nogiron bo‘lib qolishini, ko‘chadan o‘tayotganga ularga biror narsa bo‘lishini xohlamaysiz”, deb aytardi”.

Rahmatovning DXX bilan bu tajribasi shu yilning mart oyidan iyunigacha O‘zbekistonda menga intervyu bergan 35 dan ortiq jurnalist, bloger, huquq faoli va ommaviy axborot vositalari kuzatuvchilari aytgan tajribalarga o‘xshash edi.

O‘zbekiston hukumati meni amerikalik jurnalist va Fulbrayt stipendiyasi sohibi sifatida qabul qildi. Bu grant AQSh Davlat departamenti tomonidan korruptsiya va hukumat suiiste'molliklari haqida yozayotgan jurnalistlar duch kelayotgan muammolarni o‘rganish uchun beriladi. Ilgari men sakkizda postsovet davlatda matbuot erkinligiga to‘siqlar borasida 100 ga yaqin jurnalistdan intervyu olganman.

Sobiq prezident Islom Karimovning 26 yillik repressiv rejimi davrida jurnalistlar qamoqqa tashlangan va qiynoqqa solingan. 2016 yil oxirida Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarlikka kelgach, O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari erkinroq bo‘ldi. Huquq himoyachilari va OAV kuzatuvchilariga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda 10 ta bloger qamoqda, biroq rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan birorta jurnalist panjara ortida o‘tirgani yo‘q.

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari hali ham ko‘ngilochar yangiliklar hukmron bo‘lgan va hukumat tsenzurasi o‘ta xavfli deb hisoblangan yozuvlarni o‘chirib tashlaydigan sovet davri matbuotini eslatadi. Ko‘plab jurnalistlar hukumatga tegishli va nazorati ostidagi televidenie, radio, gazeta va veb saytlarda ishlaydi. Yana bir qismi, shuningdek, ayrim blogerlar turli davlat tashkilotlari matbuot xizmatida faoliyat yuritadi. Hatto mustaqil ommaviy axborot vositalari ham norasmiy reklama uchun davlat tashkilotlaridan pul oladi.

Mamlakatda jurnalist etikasi yaxshi shakllanmagan, manfaatlar to‘qnashuvini tushunish cheklangan. Ommaviy axborot vositalari muharrirlari va egalari voqealar haqida xabar berishning turli usullarini yaxshi bilmaydi. Aksariyati yangiliklar tahlilini yoki surishtiruv hisobotini tushunmaydi yoki qadrlamaydi. Jurnalistika ta'limi juda oddiy. Bo‘lajak talabalar sovet davrida o‘qiganlardan saboq oladi.

Hukumatning “qizil chizig‘i”ni bosib o‘tayotganlar esa o‘qimagan blogerlardir. Ammo ayrim holatlarni yoritish uchun pul oladigan bu blogerlar OAV to‘g‘risidagi qonunlar bilan himoyalanmagan.

Mustaqil jurnalistlar birlashadigan va jurnalistlar guruhlari o‘z huquqlari uchun keskin kurashadigan Belarus va boshqa repressiv postsovet davlatlardagidan farqli o‘laroq, O‘zbekistonda jurnalistlar unchalik kollegial emas. Ko‘pchilik bir-birini va ularning vakili bo‘lishi kerak bo‘lgan uyushmani ochiq tanqid qiladi va shubhalanadi.

O‘zbekistonlik aksariyat jurnalistlar qo‘rquv bilan eng ko‘p tilga oladigan tashkilotlardan biri Davlat xavfsizlik xizmatidir. DXX jurnalistlarga tahdid qiladi, tazyiq o‘tkazadi, yozuvlarni o‘chirishni buyuradi, hukumat ichidagi yuqori korruptsiya, boy tadbirkorlar faoliyatiga oid mavzularni yoritishni to‘xtatishni talab qiladi. Qayta-qayta murojaatlarga qaramay, DXX vakillari men bilan uchrashishdan bosh tortdi.

Bunday tahdid va qo‘rqitishlar jurnalistlarni korruptsiya, islohotlarni amalga oshirish uchun yangi saylangan prezident bilishi kerak bo‘lgan muammolar haqida yozishdan to‘xtatadi. Natijada qo‘rqoq va o‘z-o‘zini tsenzura qiladigan ommaviy axborot vositalari, gapirishdan qo‘rqadigan aholi va erkin matbuot fasadi ortida aslida targ‘ibot bilan shug‘ullanadigan davlat ko‘z oldingizga gavdalanadi.

“Biz davlat odamlarining talablaridan kasalmiz, – dedi O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yagona mustaqil inson huquqlari tashkiloti bo‘lmish “Ezgulik” raisi Abdurahmon Tashanov. – Davolash shunday qattiqlashib boraversa, Shimoliy Koreyadagiga o‘xshab odamlarimiz qo‘rqoq va hokimiyat itoatkorlariga aylanadi”.

Men xohlagan narsasini yoza olishi va DXX bezovta qilmasligi mumkinligini aytgan faqat bitta jurnalistni topdim. Buning siri nimada ekanini so‘raganimda: “2015 yilda DXX akamni o‘ldirgan, yaqinlarimdan sakkiz nafari qamoqqa tushgan. Endi esa meni yolg‘iz qoldir”, dedi u.

Jurnalistlarning ta'kidlashicha, o‘tgan yil oktyabr oyida O‘zbekistonda o‘tkazilgan prezident saylovi, Qozog‘istonda yanvardagi namoyishlar va fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi kabi voqealar fonida DXXning OAVga bosimi kuchaygan.

“OAV erkinligi haqiqatan ham keskin pasayib ketdi, – dedi “Amerika ovozi” muxbiri, 20 yildan ortiq Markaziy Osiyo hayotini yoritib kelayotgan Navbahor Imomova. – O‘zbekiston 10 qadam orqaga qaytdi, deya olaman. Xavfsizlik xizmatlari ancha mustahkamlandi”.

“Kun.o‘z” saytidagi muammolar

Tolib Rahmatov Nazarbek qo‘rg‘onida vazir o‘rinbosarining ukasiga tegishli qurilish shirkatining yerni o‘zlashtirib olish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar haqida maqolalar yozgan. Sayt egasi Umid Shermuhammedovni bunday xabarlar tarqatishni to‘xtatish shartligi to‘g‘risida ogohlantirishgan.

Shirkatga oid ishni ko‘rib chiqish Oliy sudgacha yetib borgan. Rahmatov sud qarori haqida ham maqola yozgan.

“Men bu haqda yozish xavfsiz deb o‘yladim, – dedi Rahmatov. – Biz odatda ish mantiqiy xulosaga kelgandan keyin bu haqda nimadir yozamiz, degan tamoyilga amal qilamiz. Oliy sud qarori yakuniy natija bo‘ldi”.

Maqola e'lon qilinganidan to‘rt soat o‘tgach, u o‘chirildi. Ertasi kuni, 31 yanvarda esa Rahmatov ishsiz edi. Uning fikricha, hukumatdagi kimdir Shermuhammedovga bosim o‘tkazgan.

“Men hayratda qoldim, chunki ilgari Umid ancha erkin va ochiq edi. U doimo jurnalistikada mard bo‘lishga g‘ayratlantirardi, — dedi Rahmatov.  – Men juda xafa bo‘ldim”.

Shermuhammedov intervyu olish haqidagi qayta-qayta so‘rovlarga javob bermadi.

Oradan bir oy o‘tib, “Kun.o‘z” va boshqa mahalliy OAVlar Ukraina urushini yoritgani uchun DXXning tanqidi ostida qoldi.

“Urushning har ikki tomoni haqida ham ma'lumot berishga harakat qildik, – deb tushuntirdi “Kun.o‘z” muharriri Dilshod Abduqodirov oradan uch hafta o‘tib bergan intervyusida. – Hukumat biz neytralroq pozitsiyani egallashimiz kerakligini aytdi”.

26 fevral kuni Abduqodirov va Shermuhammedov Ukraina haqidagi maqolalar uchun DXXga chaqirtirilgani haqida xabarlar tarqalgan bo‘lsa-da, Abduqodirov buni rad etdi. Shermuhammedov uchrashuv haqida hatto o‘zining feysbukdagi sahifasida ham xabar qoldirgan, uni o‘nlab muxbirlar ko‘rgan. Keyinroq u postni o‘chirib tashladi.

Abduqodirov Shermuhammedov bilan bo‘lgan voqea yuzasidan savollarga javob qaytarishga va'da berdi. Nihoyat, ikki oy davomida ko‘plab telegram va elektron pochta almashinuvlaridan so‘ng Abduqodirov “Umid bu mavzuda gapirishni istamasligi”ni yozdi.

Rahmatov bundan ajablanmadi. “Ba'zi narsalarni inkor etish odatiy hol, – dedi u. – Ular rad etishlari, hamma narsa yaxshi ekanini aytishlari kerak. 2018 yilda hukumat bizni oflayn rejimga o‘tkazilib, saytimiz 11 kunga to‘sib qo‘yilganida, biz jamoatchilikka bu texnik muammo ekanini bildirgandik. Aslida u to‘silgan edi”.

Fevral oyi oxiridan beri “Kun.o‘z” ham boshqa mustaqil OAVlar singari telegramdagi kanalida urush haqidagi tajovuzkor materiallar joylashtirmoqda. Saytida esa neytrallik va Kreml targ‘iboti o‘rtasida chayqalish bor.

Dilshod Saidjonov Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi – hukumatning OAV monitoringi bo‘yicha idorasi direktorining birinchi o‘rinbosari. Uning aytishicha, vaziyat “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti nazariga ham tushgan bo‘lsa-da, “Kun.o‘z”ga Ukraina haqidagi xabarlarni o‘chirish va o‘zgartirish uchun DXX bosim o‘tkazganidan bexabar. O‘zbekiston yaqinda ChBMning so‘nggi Jahon matbuot erkinligi indeksida o‘zining reytingi bilan maqtanadi: 180 mamlakat ichida 133-o‘rin.

“Kun.o‘z” va “Gazeta.o‘z” juda kuchli ommaviy axborot vositalari, nega ular materialni o‘chirishga muhtoj bo‘ladilar?” Uning so‘zlariga ko‘ra, shaxsan bu saytlar muharrirlarini urush haqidagi hikoyalarda “muvozanatga” undagan. “Chunki biz do‘stmiz, – dedi u. – Biz birga futbol o‘ynaymiz”.

Saidjonov birorta jurnalistga DXX tomonidan bosim o‘tkazilayotganidan xabari yo‘qligini aytdi. “Ha, menga jurnalistlar qo‘ng‘iroq qilishdi, ular bu haqiqiy vaziyat ekanini aytishdi, lekin ular bo‘rttirib yuborishyaptimi, bilmadim”, dedi u.

Mirziyoevning sobiq matbuot kotibi, hozir Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi rahbari Komil Allamjonov “Kun.o‘z” voqeasidan xabardorligini va Shermuhammedovning feysbukdagi postini ko‘rganini aytdi.

“Ayrim xizmatlarning ayrim xodimlarida jurnalistlar bilan ishlashda nafislik va tegishli malaka yetishmaydi, – deydi Allamjonov. – Shunday ekan, Umid va Dilshod shunday taktika va uslubga duch kelgan bo‘lsa kerak”.

U qo‘shimcha qildi: “Xavfsizlik xizmatlari xodimlarining ko‘pchiligi sovet davridan qolgan eski an'analarga ega odamlardir. Ular bu qo‘pol eski usullarni meros qilib olgan”.

Allamjonov jurnalistika eng xavfli kasblardan biri, deb hisoblaydi. Ammo, uning aytishicha, O‘zbekiston jurnalistlari adolatga ishtiyoqli, mard va jasur bo‘lishi va “bu qora kuchlar”ga qarshi kurashishi kerak.

“Hech kim, – dedi u, – sizlarga ommaviy axborot vositalari erkinligini sovg‘a qilmaydi”.

Allamjonov o‘z lavozimida ulkan qudratga ega. Uning o‘rinbosari prezidentning qizi Saida Mirziyoevadir. Allamjonov jurnalistlarni OAV erkinligini siyosiylashtirishdan ogohlantiradi, chunki prezident fikrini o‘zgartirib, Singapurdagidek repressivroq ommaviy axborot vositalari siyosatini tanlashi mumkin.

“Ezgulik” raisi Abdurahmon Tashanov fikricha, agar erkinlik bir kishining kayfiyatiga bog‘liq bo‘lsa, O‘zbekistonda matbuot va so‘z erkinligi yo‘q. “Prezident ertami-kechmi fikrini o‘zgartirishi mumkin, – dedi u. – So‘z erkinligi qat'iy bo‘lishi va prezident xohishiga bog‘liq bo‘lmasligi kerak”.

Eski sovet usullari

Ba'zi hollarda DXX bosimi jurnalistlarni o‘z yo‘nalishi va mediaplatformasini o‘zgartirishga majbur qiladi. Alisher Ro‘zioxunov “Kun.o‘z”, “Gazeta.o‘z” va “Bugun.o‘z” kabi qator mediaplatformalarda ishlagan. Aytishicha, unga DXX bilan bir necha bor uchrashish taklif qilingan. Bir marta undan Toshkentdagi hukumat ko‘chirmoqchi bo‘lgan mashhur bozor haqidagi maqolasini chop etmaslikni so‘rashgan. Bozor, deydi u, DXX zobitining kuyoviga tegishli.

“Biz katta reportaj tayyorlagandik, – dedi u. – DXX bizdan odamlar nima ish bo‘layotganini bilgunlaricha maqolani e'lon qilmay turishimizni so‘radi”.

Keyinroq u Andijonda uylar buzilishi haqida maqola tayyorlagan. DXX maqola yumshoqroq bo‘lishi kerakligidan ogohlantirgan.

Ro‘zioxunov faqat DXX bosimidan qochish uchun yozadigan mavzularini siyosatdan iqtisodga o‘zgartirganini aytdi: “Men iqtisodiy yangiliklarni yoritishni afzal ko‘raman, chunki qizil chiziqlar yo‘q. Siyosiy yo‘nalishda prezident oilasini yorita olmaysiz. Agar buning uchun qandaydir chegara bo‘lsa, siz yaxshi jurnalist bo‘lishingiz dargumon”.

So‘nggi marta Ro‘zioxunov 2021 yilning dekabr oyida DXX tahdidiga uchragan. DXX xodimi uni kafega chaqirib, tayyorlayotgan maqolalari haqida ma'lumot olish uchun bosim o‘tkazgan.

“Agar hamkorlik qilmasam, hech qachon boshqa ish topolmasligim, akamning ishida muammolar paydo bo‘lishi mumkinligini aytib, menga tahdid qildi, – dedi u. – Men bunga ahamiyat bermasligimni aytganimda, pul taklif qildi. Pul kerak emasligini aytdim. U xohlagan narsani qilmasligimni tushungach, shunchaki hazillashayotganini aytdi. Lekin men ular jurnalistlarni qanday manipulyatsiya qilishlarini bilaman”.

O‘tgan yili 3 may – Jahon matbuoti kuni munosabati bilan Ro‘zioxunov va u ishongan yana bir necha jurnalist Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Timoti Torlotning uyiga taklif qilindi. Elchixonaning feysbukdagi sahifasida Torlotning uyida ko‘k kurtka kiygan Ro‘zioxunov va yana bir necha jurnalist o‘tirganining surati ham bor.

Shundan so‘ng, o‘zining aytishicha, DXX xodimi u bilan uchrashgan. “Xodim mening uchrashuvdagi gaplarimni o‘zimga aytib berdi, – dedi u. – Do‘stlarimdan biri eski sovet an'analari asosida men haqimda ma'lumot yetkazganini bilardim”.

Tag‘in o‘qing
28 oktyabr 2016
Shu yilning 11 dekabrida reportaj fotografi sifatida dunyoga tanilgan fotojurnalist Yuriy Abramochkin 80 yoshga to‘ladi. Uning axborotlarga bo‘lgan rasmiy ...
19 oktyabr 2015
Qudrat Bobojon, Eltuz.com Paxtada urushdagidek odamlar o‘limiga ko‘nikishgan. Shuning uchun 2 oktyabr kuni o‘zini paxta dalasidagi daraxtga osgan litsey ...
5 iyun 2017
Shafqatsiz kaltak jarohatlaridan vafot etgan Toshkent tibbiyot kolleji talabasi o‘limi aybdorlariga jazo so‘ralgan petitsiyaga 15 mingdan ziyod imzo to‘plandi. ...
29 sentyabr 2020
Davlat test markazi 25 sentyabr kuni e'lon qilgan natijalarga ko‘ra, ariza topshirgan salkam 1 yarim million abiturientdan 140 ming ...
Bloglar
10 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solix bilan may oyida o‘tkazilgan bu suhbat bevosita Eltuz ...
20 iyul 2022
O‘zbek xalqi kimga, qaysi rejimga qaram bo‘lib kelgan ediki, endi u o‘zini ozod, erkin millat ...
20 iyun 2022
1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Mamlakat ...