Ko‘zqarash
7 mart 2017

Qizi bor andijonliklar “ideal” yigitlarga sovchi qo‘ymoqda

Andijon shahrida yashovchi H. juda kelishgan, ko‘rkam yigit. Maxalladoshlari uni mashhur futbolchi Krishtianu Ronalduga o‘xshatishadi. Qo‘shnilarining aytishicha, H. aqlli, odobli bo‘lib o‘sgan. Chekmaydi-ichmaydi, ko‘cha-ko‘yda bemavrid yurmaydi. Institutning 3-kursida o‘qiydi.

Onasining aytishicha, keyingi paytlarda ularnikiga bir necha bor maxalladagi qizi bor oilalardan “sovchilar” kirishmoqda.

O‘g‘li borning nozi bor

-O‘g‘lim 22 ga kirdi, – deydi H.ning onasi.U oilani har tomonlama ta'minlay oladigan bo‘lganida uylanishni niyat qilgan. Ammo maxalladagilar qo‘yishmayapti. Shu paytgacha xali biron bir xonadon eshigini qoqib borganim yo‘q. O‘zlari kelishyapti(kuladi). Xudoga shukr, qiz istab kavushim yirtilmaydigan ko‘rinadi.

Lapashang kuyovlardan charchash

Andijonda keyingi paytlarda nafaqat yigitlar tomonidan, balki qizlar tomondan ham sovchi qo‘yish hollari urfga aylanmoqda. O‘qimishli, yoki tayinli kasb-kori bor, toparmon-tutarmon yigitlarning bozori chaqqon. Odamlar bunday holatlarning sababini ishsiz yigitlar ko‘pligi, yoshlarning uylanib olgach, ro‘zg‘or tebrata olmay Rossiyaga ketib qolayotganligi bilan izohlashadi.

-Yaqinda katta qizimni uzatdim, – deydi Andijon shahrida yashovchi ayollardan biri L.S. – Maxallamizdayam tayinli xunari bor, esli-xushli yigitlar ko‘p edi, lekin sovchi bo‘lib eshigingizni qoqib kelmasa qiyin-da. Taqdir nasib ekan, qizimni Marhamat tumaniga uzatdim. Yigit Rossiyada ishlar ekan. Uylangandan so‘ng qizimni birga olib ketar deb o‘ylagandim. Ammo yo‘q, bir o‘zi ketdi. Qizim xomilador bo‘ldi, tug‘di. Roddomdan ham o‘zimiz obchiqdik. Xullas rossa qiynaldi. Shunaqa taqdirga uchragandan ko‘ra, o‘zingga ma'qul bo‘lgan yigitning yaqinlari bilan bir og‘iz gaplashib ko‘rishning yomoni yo‘q. Buni endi sovchilik deb bo‘lmaydi-yu, bir kelishuvda.

Bokschi kuyov orzusi yoki Hasanboy qizimni olsin!

O‘zbek urf-odatlariga ko‘ra, odatda qizi bor xonadonga yigit tomonidan sovchi qo‘yiladi. Sovchilikka yigitning onasi biron bir ayol qarindoshi-amma yoki xolasini yetaklab boradi. Risoladagiday kuyovni orzu qiladigan zamonaviy o‘zbek oilalari esa qizlariga yaxshi joydan chiqishini kutib o‘tirmay o‘zlari harakatga tushib ketishgan.

-Men masalan, bo‘lajak kuyovim Hasanboy Do‘stmatovga o‘xshashini xohlayman, – deydi Malohat ismli ayol.(izoh: H.Do‘stmatov 2016 yil Braziliyada bo‘lib o‘tgan yozgi olimpiada o‘yinlarida boks bo‘yicha chempion bo‘lib mashhurlikka erishgandi) – Hasanboy ham qizimga o‘xshab ADU(Andijon Davlat universiteti) da o‘qirkan. Biram yaxshi ko‘rdim shu bolani. Xali uylanmagan ekan. Ota-onasi bilan gaplashsammi deb yuribman.

Yangi udum: «Bizda bir cho‘ri bor, sizda bir bo‘ri bor»

Oltinko‘llik S. ning yoshi 19 da. Qiz chiroyli va epchil bo‘lgani uchun ularnikiga ham ko‘p sovchilar kelishdi. Ammo uning ota-onasi qizlarini o‘qigan yigitga turmushga uzatishni istashadi. Kuyovlikka nomzodlarning birontasi ham ularning talabiga mos kelmadi. Shu sabab S. ning onasi tanish-bilishlariga o‘qimishli kuyov topsalar, o‘zi rozi qilishini aytgan.

-Qiz bolaning ishi qiyin. – deydi dasturxonchi O.M. – Kelin olsangiz, xohlaganingiznikiga sovchilikka borib,tanlab olasiz. Ammo qiz bola bor uyning eshigini shoh ham gado ham taqillatib keladi. Kelgan sovchini yaxshi-yomonligini esa bilib bo‘lmaydi. Yana bir tomoni, hozir zamon nozik, chet davlatga borib ishlab kelgan bir-ikkita yigitlar orasida xaliginaqa yomon kasallikni ilashtirib keganlariyam bo‘lyapti. Yana turli oqimlarga qo‘shilib ketganlar ham bor. Shunday ekan, yaxshi yigitni hammayam kuyov qilgisi keladi-da!

Kuyov defitsitga aylandimi?

Ayrimlar bu udumning paydo bo‘lishiga keyingi paytlarda qizlarning yigitlarga nisbatan ko‘payib ketganligi bilan ham bog‘lashmoqda.

-Bizzi Andijonda qiz arzon, – deydi xaydovchi N.I. – Ilgari qizlarga qalin puli berilardi, “qizi borning nozi bor” degan maqol boridi, lekin hozir qiz tomon kuyov tomonga yalinyapti, to‘y harajatlarining yarmidan ko‘pini qiz tomon qilayapti. To‘ydan keyin qiz uzatgan xonadon kuyovnikiga bir xafta uch maxaldan ovqat tashiydi. Qirq kun payshanba-yakshanba kunlari, bir yil davomida xayit-bayramlarda. Taom o‘zi bo‘lsa mayli-ya, somsa-patir, biron tansiq taom ustida sarpolari bilan kuyovnikiga jo‘natiladi.

O‘g‘li borlarning pichog‘i moy ustida hozir. Yana kamiga xuddi qizlari ersiz qolib ketadigandek, yigitlarnikiga borib, qizini taklif qilish, bu menimcha sharmandalik, deb o‘ylayman. Bizzi o‘zbekdi tarixida bo‘lmagan bo‘lsa kerak bunaqasi.

“Sovchilik” – norasmiy udum. Bordi-keldilar o‘zaro oilaviy bo‘lib hech qaerda rasmiylashtirilmaydi, shu sabab qancha yigitlarga qancha qizlar sovchi qo‘ygani borasida rasmiy ma'lumotlar yo‘q. Bu udum yanada ommalashadimi, yo‘qmi, hozircha bo‘ydoq yigitlarga juda yoqyapti.

Shohida Saidova
Andijonlik muallif tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 iyun 2020
2010 yilning 10-14 iyun kunlari Qirg‘iziston janubida etnik to‘polonlar avj oldi. 400 dan ortiq odam o‘ldirildi, deyarli ikki ming ...
13 yanvar 2016
Toshkentda mashhur o‘zbek xonandasi Kaniza (Ahmedova Shahrizoda Farhodovna)ning Porsche Cayenne avtomobili orqa oynasini sindirib, qimmatbaho sumkasi, undagi qimmatbaho buyumlar, ...
14 fevral 2018
Milliy xavfsizlik xizmatining Toshkent markaziy sayilgohida joylashgan bosh qarorgohi boshqa joyga ko‘chirilayotgani haqida «Eltuz»ga ma'lumotlar yetib keldi. U yerga ...
7 aprel 2016
O‘zbekistonliklar orasida so‘nggi kunlarda avj olgan 16 va 32 kilogrammlik polvontoshlarni qidirish vasvasasi mashhur «Oltin devor» p'esasini eslatadi, faqat ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...