Asosiy mavzular
22 iyun 2018

Erdo‘g‘on Turkiyasi Markaziy Osiyoga o‘rnak emas

Avvallari Turkiya bizning Markaziy Osiyo davlatlari va turk olami uchun siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy model bo‘lishini orzu qilardik.

Biz orzu qilgan model Mustafo Kamol Otaturk asos solgan milliy-modern jumhuriyat va rahmatli Turg‘ut O‘zol davridagi liberal siyosiy-iqtisodiy islohotlar bilan yanada rivojlangan Turkiya davlati edi.

Qardosh Turkiya modeli negizini tashkil qilgan demokratik tuzilmalar, jumladan ko‘p partiyavilik va erkin saylov sistemasi, parlamentar ko‘rinishdagi milliy majlis, erkin matbuot, nodavlat tashkilotlari, mustaqil adliya tizimi va milliy salohiyatga ega bo‘lgan qurolli kuchlar edi.

Mustaqillikka erishgan yosh davlatlarning o‘z yo‘lini belgilab olishida tili, dini va madaniyati mushtarak bo‘lgan Turkiya ideal o‘rnak sifatida ko‘rindi.

Lekin, tarix sayri, Yaqin sharqdagi siyosiy jarayonlar va Turkiyaning yangi “sultoni” darajasiga intilayotgan populist Toyyip Erdo‘g‘ondagi mansab, mutloq iqtidor hirsi sabab oxirgi 15 yillik davrda ideal davlat modeli teskari yo‘nalish tusini oldi.

O‘zimizning osiyo tipidagi qo‘lbola “podshohlik”larimiz va KGB idoralarida yetishgan Putinning avtokratiyaga asoslangan rejimi endilikda turk siyosat sahnasida o‘xshashliklar ko‘rsata boshladi.

Uzoq yillar davomida turk davlatchiligi rivojida asos solingan demokratik qurilmalardan Makiyavelistcha foydalangan, «mazlum» qiyofasidagi Toyyip Erdo‘g‘onning demokratiyani istalgan vaqt tushib qolish mumkin bo‘lgan tramvayga mengzashi aslida bugungi kunimizga bir ishorat edi.

Turk olami bilan Yevropa orasida siyosiy iqtisodiy bir ko‘prik bo‘lishi iddaosida bo‘lgan Turkiya butun dunyo ko‘zi o‘ngida kundan kunga demokratik qadriyatlardan uzoqlashib, Sharqni G‘arb dunyosi bilan bog‘lovchi rishtalarni bir-bir uzmoqda.

Ikki uch yil ichida yuz minglab davlat xizmatchilari ishdan haydaldi. Qamoqqa olingan jurnalistlar, harbiylar, muholif qarashdagi insonlarni soni sanoqsiz. Hatto Usmonli podshohlari davrida ham nisbatan erkin bo‘lgan matbuot, toqatsiz yangi «sulton” Erdo‘g‘on shaxsini tanqid qilishga jur'at eta olmaydigan holatga keldi.

Demokratik davlatning uch ustunidan biri bo‘lgan adliya tizimi, huquqning ustunligiga emas, balki siyosiy erkka ega bo‘lganlarga, iqtidorning kayfiyatiga tayanib hukmlar chiqara boshladi.

Bugun shov-shuvli bahslarga sabab bo‘layotgan, Turkiyadagi hurriyatsevarlar va ularga hayrixohlarni tashvishga solayotgan, parlamentar boshqaruv usulidan prezidentlik usuliga o‘zgartirilishi arafasida turgan Konstituttsiya ham faqatgina bir maqsadni kO‘zda tutadi.

U ham bo‘lsa prezident vakolatlarini kengaytirish, hokimiyatning barcha tizginlarini bir odam hukmiga berish, shundoq ham hozirda avtoritar hukmdor darajasiga evrilib bo‘lgan Erdo‘g‘on uchun taxtni 2029 gacha kafolatlash.

Tashqi dunyo bilan xalqaro aloqalarda ham ahvol havas qilarlik emas.

AKP iqtidorining ilk yillaridagi liberal reformalarga umid bilan qaragan, Turkiya iqtisodining o‘sishiga katta hissa qo‘shgan dunyo sarmoyasi hozirda sarosimada.

Ba'zi arab davlatlari va Putin rossiyasi istisno, o‘z yaqin qo‘shnilari dohil demokratik dunyoda Turkiyaga samimiy do‘st mamlakat qolmadi hisob.

Xullas, tashqi siyosatni o‘z yondoshlariga tashviqot, muridlariga nutq aytish bilan bir fahmlaydigan Erdo‘g‘on, asrlik turk davlati obro‘ e'tibori, salohiyatiga ta'miri qiyin bo‘lgan zarar yetkazdi.

Bu satrlarni Turkiya do‘sti va turklik olami uchun qayg‘urgan inson sifatida yozayapman, zero ko‘p yillik diktatura nima ekanligi biz o‘zbekistonliklarga yaxshi ayon.

Bahodir Fayz
O‘zbek muxolifati haqidagi kitob muallifi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 iyul 2017
O‘zbekiston hukumati davlat organlari raxbarlariga berilishi mumkin bo‘lgan qurol-yarog‘lar ro‘yhatining tahrirdagi loyihasini ochiqladi. “Qurol to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar ...
6 aprel 2022
Stokgolmdagi Rossiya elchixonasi oldidagi avtobus bekatida Ukrainada urush boshlangan kundan buyon rus (va ingliz) tilida yozilgan quyidagi e'lon baneri ...
28 mart 2023
Toshkent markazidagi muzeyda Rauf Parfi haykali tantanali ochilgani va Karimov davrida xor zor bo‘lgan Cho‘lpon portreti namoyish qilingani haqidagi ...
3 avgust 2016
Viloyat hokimi Shuhrat G‘anievning bug‘doydan bo‘shagan yerlarga mosh ekish haqidagi topshirig‘i, o‘z yerlariga boshqa ekinlar ekib, katta mehnat va ...
Bloglar
12 yanvar 2025
Turli mavzularga o‘z qarashi bilan farqlanadigan bloger Kirpi Prezidentning 380-sonli qarori asosida 1000ta kitobning o‘zbek ...
7 yanvar 2025
Ijtimoiy tarmoqlarda “1000kitob” loyihasi bo‘yicha turli gap-so‘zlar aylanib yuribdi. Mansab talashuvi, ziyolilarning guruh-guruh bo‘lib, bir-biri ...
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...